Shu yil 1 iyun' kuni “Haj – 2023” mavsumini namunali o'tkazish yuzasidan navbatdagi majlisi bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari, Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Sodiqjon Toshboyev, ishchi guruhi va oshpazlar jamoalari ishtirok etdi.
Yig'ilishda Muftiy Nuriddin domla hazratlari haj qiluvchi inson Haq taoloning mehmoni ekani, haj amalini bajarayotgan kishiga ko'mak bergan, uning og'irini engil qilgan inson ulug' savob va darajotlarga noil bo'lishini so'zlab, har bir ishchi guruhi a'zosi ana shunday ulug' darajalarni maqsad qilib, Rahmonning mehmonlariga O'zi rozi bo'ladigan darajada sidqidildan xizmat qilishni alohida qayd etdilar. Shuningdek, ishchi guruhi jamoalarining har bir a'zosi mavsum davomida o'ziga yuklatilgan vazifalarni mukammal bajarishi haqida ham alohida ta'kidladilar.
Muftiy hazratlari ziyoratchilar bilan muntazam ulug' ibodat haqida suhbatlar tashkil etish, Fatvo markazi ulamolari bilan uchrashuvlar uyushtirish va ijtimoiy tarmoqlarda safarga oid ma'lumotlar joylashtirib borishni alohida qayd etdilar.
Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Sodiqjon Toshboyev ziyoratchilarning ibodatlari mukammal bo'lishi uchun ularga qulay shart-sharoitlarni muhayyo qilish borasida Makka va Madina shaharlaridagi haj ishchi guruhi a'zolari bir necha kundan beri faoliyat olib borayotgani, aviqatnovlar jadvali tasdiqlangani, viza rasmiylashtirish ishlari davom etayotgani, mehmonxonalar ziyoratchilarni kutib olishga tayyor holga keltirilgani, mutasaddi tashkilotlar bilan amalga oshiriladigan ishlar kelishib olingani, Mino, Arafot va Muzdalifadagi joylar ko'zdan kechirilgani haqidagi muhim ma'lumotlarni taqdim etdi. Shuningdek, joriy mavsumda “Haj – 2023” ishchi guruhi zimmasida juda katta mas'uliyat turganini aytib, har bir ishchi guruhi a'zosidan o'z vazifasini to'la bajarishi zarurligini ta'kidladi.
Avvalo haj safarini ado etish baxtiga muyassar bo'lgan yurtdoshlarimiz muborak zamindagi har bir onlarini mazmunli o'tkazishi, bu kunlarning har bir soniyasini g'animat bilib, undan foyda olib qolishlari yo'lida bor kuch-g'ayratni sarflashi darkorligi so'zlandi.
Tadbir yakunida har bir ishchi guruhiga belgilangan mehnat taqsimoti tushuntirildi.
Avval «Haj – 2023» mavsumiga tayyorgarlik ko'rish va uni tartibli o'tkazish yuzasidan videobayonot e'lon qilindi.
O'zbekiston musulmonlari idorasiMatbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ta’lim berayotgan barcha duolarning tub maqsadi shuki, qay holatda, qanday ishda mashg‘ul bo‘lsangiz ham, qalbingiz faqat Alloh tomonga qarasin. Bu qalbni Alloh taolo O‘zi uchun yaratgan. Ko‘z, quloq, til va boshqa a’zolar dunyoviy ishlar uchun, ular orqali dunyoviy maqsadlarga erishiladi. Lekin qalbni Alloh taolo xolis O‘zi uchun yaratgan. Toki, unda Allohning tajalliysi (nuri) bo‘lsin, Allohning muhabbati ila yashnasin, Allohning zikri ila obod bo‘lsin.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Eng afzal amal bandaning tili Allohning zikri ila nam bo‘lishidir», dedilar.
Tilni Alloh taolo qalbga tushadigan zina qilgan. Til bilan zikr qilaversang, inshaAlloh, u zikr qalbga naqshlanib boraveradi. Alloh taoloning yodi va muhabbati shu darajada jo bo‘lsinki, qalb Alloh taoloning tajalliygohi (nuri tushadigan joy) bo‘lsin. Tariqat, tasavvuf va sulukning asl maqsadi ham shudir.
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan