Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar: “Har narsaning bir zakoti bor. badanning zakoti ro‘zadir” (Imom ibn Moja rivoyati).
Sayyoramizda o‘n bir oyning sultoni, muborak ramazon oyi kezmoqda. Islomning besh shartidan biri bo‘lgan ro‘za ibodati hayotimizni o‘zgartirdi. Rabbimizning rizoligini istab nafsimizga ham xush keluvchi narsalarga bir oy davomida kunduzlari yaqinlashmaymiz.
Ro‘zani niyat qilar ekanmiz, uning ma’naviy hayotimizdagi ma’no va ahamiyati haqida tafakkur etamizmi, nima deysiz?
Ajabo, Payg‘ambar alayhissalom “Ro‘za badanning ibodati” deganlarida nimani nazarda tutgan ekanlar?
Albatta, bu iboraning ilk aqlga kelgan ma’nosi aniq. Ehtiyojidan ortiqcha moli bo‘lgan kishining o‘sha molidan bir qismini zakot sifatida bermog‘i uning bandalik burchi bo‘lsa, sog‘lom bir tanali bo‘lgan odamning ham ro‘za tutmog‘i ayni shunday mas’uliyatlidir. Ya’ni ro‘za tutmoq bajarilishi shart bo‘lgan burchdir.
Oyati karimalarda va hadisi shariflarda zakoti berilmagan molning bir baloga uchrashi aytilgan. Modomiki, sog‘lom tananing zakoti ro‘za bo‘lsa-yu, bu burchni bajarmagan tana ham bir azobga giriftor bo‘lishi tayindir.
Shuning bilan birga, hadisi sharifning boshidagi “Har narsaning bir zakoti bor...” iborasining o‘zidanoq har bir ne’mat va imkondan uni bergan Alloh taologa shukr ma’nosida bir zakot berishimiz kerak bo‘lishini tushunamiz.
Demak, sog‘lom tananing shukrini ro‘za tutib ado etishga harakat qilganimiz kabi yoshlik, bo‘sh vaqt, zako, qobiliyatga o‘xshagan necha imkonlarni ham Alloh taoloning ne’mati bilib, ularga ham shukr etmog‘imiz va ulardan zakot bermog‘imiz darkor bo‘lar ekan.
Har ne’matning shukri va zakoti o‘zining jinsidan bo‘lmog‘i e’tiboriga ko‘ra, ulardan ham Allohning yo‘lida sarf etmoq uchun zakotlarini berishimiz lozim. Ramazon oyi bir haqiqat ustida tafakkur etmog‘imizni talab etadi. Ro‘za tufayli nafsning xizmatidan qutulganimiz bu barakotli oyda aqlimizni ilm va ma’rifat-la, ko‘nglimizni ilohiy ma’rifat-la, vaqtimizni solih amallar-la kechirib, hammasining zakotini berishga harakat qilamiz.
Omonatning asl sohibini unutmaylik!
Zakot berish bir yerda insonning nafsiga yuzlanib “Sohib bo‘lganing bu mol aslida seniki emas, faqat senga bir imtihon uchun muayyan vaqt senga berilgan bir omonatdir. Shunday ekan, bu omonatning asl sohibini unutma. hechqursa, bir qismini U amr etgan yerga ber”, demog‘i uchun vasiladir.
Ayni shaklda ro‘za tutmoq ham insonning nafsiga yuzlanib: “Sohib bo‘lganing bu badan senga omonat qilib berilgandir. Undan faqat haqiqiy Sohibining amriga uyg‘un shaklda foydalanish haqqing bor. Shunday ekan, Rabbingning amri ila shu bir oy davomida uni halol ne’matlardan uzoq tutganing kabi umring bo‘yi harom va shubhali taomlarning yoki amallarning lazzatidan uzoq tutajaksan”, deyishga vasila bo‘ladi.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ham shunga ishorat etib, “Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan Allohga qasamki, ro‘zadorning og‘zidan keladigan noxush hid Allohning huzurida mushku anbarning hididan ham sevimliroqdir. Ro‘zador odamga ikki marta sevinish nasib etadi: birinchisi, iftor qilganida; ikkinchisi, ro‘zadorlik savobi bilan Rabbisining qarshisida hozir bo‘lganida”, deganlar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Mo‘min uchun bu dunyo hayoti ro‘za tutishga o‘xshagan amallar bilan chegaralagan. G‘ofil insonlar dunyo hayotining zavqlarini asl g‘oya holiga keltirib olganlar, halol-harom demasdan to‘g‘ri kelgan ishni qilib ketaveradilar. Ammo mo‘minlar o‘zlarini nafslari yoqtirgan ba’zi narsalardan uzoq tutadilar. Buni ham faqat Rabbining rizosi uchun qiladi. Albatta, bunday qilish bilan ayni zamonda nafsini qiynaydi. Shundan ham zakot tushunchasining yana bir ma’nosi namoyon bo‘ladi.
Rabbimizning amrlarini bajarish va taqiqlaridan qaytishning ikki dunyoda mukofoti bor. Allohning amrlariga itoat etgan kishi ham oxirotda buyuk mukofotga erishadi hamda undan oldin bu dunyoda nafsini jilovlagani uchun turli razilliklardan va hayotini qadrsiz narsalarga sarflab qo‘yib keyin pushaymon bo‘lishdan qutulib qoladi.
Ro‘za bu ma’noda ham zakotga o‘xshaydi. Chunki ro‘za tutgan banda nafsini sabrga o‘rgatib, uni sabrsizlikdan va uning ortidan keladigan balo-qazolardan xalos qiladi.
Sabr – nafs xush ko‘radigan narsalardan uzoq turish va qiyin vaziyatlarda matonatli bo‘lmoqdir. Odatda nafsga yoqadigan narsalar har doim yer yuzida lazzatlanishlardan bo‘lgani uchun taqvoning va go‘zal axloq sohibi bo‘lishning yo‘li nafsning orzulariga qarshi sabrli bo‘lmoqdan bo‘ladi. Shuningdek, ma’naviyatimizni inkishof ettirgan ibodatlar va Allohning diniga xizmat kabi solih amallar ham nafsga yoqmagani bois nafsni sabr bilan tarbiya qilinadi. Nafsga sabrni o‘rgatish, zavq va orzularga ochiladigan “ishtaha”dan poklanmoq juda muhim bir zakotdir.
Nafsni itoatga o‘rgatish oyi
Tasavvuf istilohida nafs deganimiz badanimizning orzu-havaslarining markazi bo‘lgan xudbinlik moyasidir. Ana shu moyaning quvvati yegan-ichganimizdan keladi. Insonning qorni to‘q bo‘lsa, yana boshqa orzu-havaslarga navbat keladi. Yemoq-ichmoqni bir oz cheklaganimiz zahoti nafs ochlik dardiga tushadi, har kuni yeb-ichishning naqadar buyuk ne’mat ekanini anglab yetadi. Ana o‘shanda uzmirligi kamayadi va uni itoat ostiga olish osonlashadi.
Agar tanamizdan kelgan havas va ishtaha signallarini quvvatli bir iroda ostiga olib ularga hokim bo‘lmoqni istasak, buning eng samarali yo‘li ro‘za tutmoqdir. Chunki ro‘za ochlik va suvsizlik-la nafsning quvvatini kesadi, adashib-uloqishdan voz kechtiradi. Undan so‘ngra tanamizga hokim bo‘lib unga foydali ishlar va ma’naviy amallar qildirish mumkin bo‘ladi. Solih amallar qilish esa umrni barakasidir. Ana shu yerda zakotning yana bir turi ko‘zga tashlanadi.
Zakot ayni zamonda yuksalish, barakatlanish ma’nolarini ham anglatadi. Moldan berilgan zakot ko‘rinishda molni kamaytirgan o‘xshaydi, Ammo Rabbimiz o‘sha molni ko‘paytirib qo‘yishining xabarini bergan: “Alloh sudxo‘rlikni (foydasini) yo‘q qiladi va sadaqa (beruvchilarga boylik)larni ziyoda qiladi” (Baqara, 276).
Odam bolasi mol to‘plashga hirsli bo‘lgani bois zakot bersa, molim kamayib ketadi deb o‘ylaydi. Holbuki, unga o‘sha molni bergan Rabbimiz istasa bir falokat yuborib hammasin qo‘lidan oladi. Yoxud kishi molini qo‘riqlab umrini qorovullik bilan o‘tkazadi va merosxo‘rlariga tashlab ketadi. Asl yurtiga borganida qarasa qo‘lida bergan zakoti va sadaqalaridan boshqa hech narsa ko‘rmaydi.
Zakotni bergan mo‘min esa boqadiki, berganlarining o‘rnini Rabbisi yangilari bilan ziyod qilib to‘ldirib qo‘yibdi. Buni ko‘rib u yanada ko‘proq zakot berishni orzu qiladi. Va nihoyat dunyoda ham biror zarar ko‘rmaydi, oxirotda esa buyuk mukofotga erishadi. Chunki Rabbimiz amr etib: “...Biror narsani (muhtojlarga xolis) ehson qilsangiz, bas, (Alloh) uning o‘rnini to‘ldirur. U rizqlantiruvchilarning yaxshisidir” (Saba’, 39) , degan.
Ro‘zaning zakotga shu jihatdan ham o‘xshash tarafi bor. Ro‘za tutishni niyat qilishdan oldin shayton insonni: “Ro‘za tutish qiyin ish, chiday olmaysan. Ro‘zaga niyat qilish sening erkinligingni cheklab qo‘yadi, yeb-icha olmaysan, boshqa ko‘ngixushliklarni qila olmaysan... Ayniqsa, ro‘zangni ochib qo‘ysang, 60 kun uzmasdan ro‘za tutib berishing kerak bo‘lib qoladi”, deb vahimaga soladi. Vaholanki, inson Allohga tavakkal qilib ro‘za tutishni niyat qilganidan keyin Alloh taolo unga chidash uchun kuch-quvvat berib qo‘yadi hamda ma’naviyat va barakat nasib aylaydi.
Ro‘zador kishi boshqa ibodatlardan ham fayz oladi. Ochligi sababli qalbi yumshagani bois namozni o‘qiyotgan choqda xushu tuyadi. Faqirlarning holini anglagani va nafsning ochko‘zlik hissi so‘ngani uchun zakotini hech qiynalmasdan beradi. Qur’oni karim tilovatining lazzatini his qiladi. Zikr, tasbeh va duolar qalbidan keladi. Shu tariqa, ro‘za tufayli umrining haqiqiy g‘oyasini topadi va barakatga erishadi. Ana shu tushunchalar ro‘zaning ma’naviy ziyofatga da’vat ekanini namoyon etadi.
Ro‘za tutganga buyuk mujda!
Albatta, xuddi zakotda bo‘lgani kabi nafsga zo‘r keladigan tarafi ham bor. Chunki bu ibodatlar to‘g‘ridan to‘g‘ri nafsga daxl qilib unga zo‘r keluvchi vazifani yuklamoqda. Savobi ham shunga yarasha bo‘ladi.
Hammamiz bilamizki, ro‘za ibodatining savobi haqida Payg‘ambar solallohu alayhi vasallam juda ko‘p mujdalar berganlar:
“Alloh taolo: Ro‘zador odam Men uchun yeyishni, ichishni, jinsiy orzusini tark etadi. Ro‘za faqat Men uchundir. Uning mukofotini ham O‘zim beraman. Shuningdek, boshqa go‘zal amallarning hammasining savobi o‘n barobar ortadi”, deydi” (Imom Buxoriy).
Ushbu hadisi sharifni tasavvuf allomalaridan biri Abu Bakr Muhammad Qulabuziy rahmatullohi alayh bunday izohlagan: “Alloh taolo ro‘zani bandasining dushmanining shafqatsizligi va hisob-kitob vaqtida chalg‘itishga urinishidan himoya qilish uchun o‘ziga olgan. Mo‘minning amallarini raqiblari o‘zlashtirib olib uning hech bir amali qolmaganida Alloh taolo devonga uning O‘zi uchun tutgan ro‘zalarini keltiradi. Shuni asos qilib Rububiyatni haq ettiradi va unga mukofotini beradi. Chunki u ro‘zani Alloh uchun tutgandir, savobi ham Allohning qudratiga mos bo‘lib Unga oiddir”.
Binobarin, hech birimiz amallarimiz Allohning huzurida qabul bo‘lgan-bo‘lmaganini bilmaymiz. Balki nafs va shayton ularga bir necha xato va nuqsonlar qo‘shib yuborgan bo‘lishi mumkin. Masalan, namoz o‘qiganda uning vaqtiga rioya etmagan bo‘lishimiz, ko‘nglimizni xushu ila Allohga qaratmagan bo‘lishimiz mumkin. Agar Rabbimiz afv etmasa, ular bilan yuizmizga urishi tayin. Zakot va sadaqaga bergan pullarimiz ham shubhali bo‘lgani bois yoki ularni bergan choqdagi riyokorligmiz sabab bo‘lib rad etilishi mumkin.
Ana shu vaqtda Rabbimiz ro‘zamizning savobini keltiradi. Agar g‘iybat, yomon so‘zlar va boshqa gunohlar bilan zarar yetkazilmagan bo‘lsa. ro‘za ibodatining savobi boshi-yu oxiri ko‘rinmaydigan bir nur ummoni kabi keladi.
Rabbimiz “Uning mukofoti Menga oiddir”, dedimi, albatta u mukofot hisobsiz, chegarasiz bir mukofot bo‘ladi.
Ro‘zani ana shu shuur ila tutaylik va uning biz uchun buyuk bir ma’naviy ne’mat ekanini unutmaylik.
Muallif: Xadicha Kubro ERGIN
Tarjimon: Damin JUMAQUL
Hajga ketayotganlarga yoki hajdan qaytganlar haqqiga «Hajingiz mabrur haj bo‘sin!» deya duo qilinadi. Umuman, hojilarning o‘zlari ham o‘z hajlarining mabrur bo‘lishini istab, duoi xayrlar qiladilar. Nima uchun bunday duo qilinadi? Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mana bu hadisi shariflari bor: “Mabrur hajning mukofoti faqat jannat bo‘ladi!” (Imom Buxoriy, 3/1773; Imom Muslim, 2/1349).
Boshqa bir o‘rinda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan insoniyat uchun eng afzal amallar qaysiligini so‘ralganida, ul zoti sharif tomonlaridan bunday amallar qatorida hajji mabrur ham sanab o‘tilgan edi (Imom Buxoriy, 2/1519; Imom Muslim, 1/83).
Shunday ekan, hajning qay tariqada mabrur bo‘lishini bilib olish juda zarur ekan. Avvalo «mabrur» so‘zining lug‘aviy ma’nosi qanday?
«Mabrur» so‘zi lug‘atda yaxshilik qilingan, qabul qilingan degan ma’nodadir. Uning «xolis» degan ma’nosi ham bor. Demak, «mabrur» so‘zi «maqbul» so‘ziga ma’nodosh bo‘ladi.
Mabrur haj bo‘lishi uchun quyidagilar bo‘lishi lozim:
1) Imom Buxoriyning “Tarixi kabir” asarida bir rivoyat bor. Unda mashhur olim Hasan Basriy rahimahullohning bunday degani naql qilinadi: “Mabrur haj shuki, hajdan dunyoda zohid holda, oxiratga rag‘batli bo‘lgan holatda qaytmoqlikdir” (Imom Buxoriy, «Tarixi kabir», 3/808).
Demak, hojilar yurtga qaytar ekanlar dunyo borasida zohid, zuhdu taqvoga berilgan, oxirat borasida esa unga rag‘bat qo‘ygan, harom va shubhali narsalarga parhezgor bo‘lib, har dam va har qadamda oxiratini o‘ylaydigan bo‘lishlari kerak ekan. Agar ana shunday hojilar bo‘lsa, ularning hajlarining mabrur bo‘lganining alomati ana shudir.
2) Haj vaqtida gunoh ish va qiliqlar aralashmagan haj mabrur bo‘ladi. Bu haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislari bor: «Kimki haj qilsa, yomon gap va yomon ish qilmasa, o‘tgan gunohlari kechiriladi» (Imom Termiziy, 2/808).
Hadisi sharifda tilga olingan “rafas” so‘zi lug‘atda shallaqilik qilish, behayo gaplarni gapirish, buzuq, iflos ishlarni qilish ma’nosida ekani aytiladi. Qur’oni karimda u «xotini bilan jinsiy yaqinlik qilish» ma’nosida kelgan. Bu yerda esa u umumiy bo‘lib, yomon gap-so‘z, qabih ishlar ma’nosida qo‘llangan. Demak, hajda bu xildagi ishlar mutlaqo mumkin emas.
3) Hajdan ko‘zlangan maqsad faqat Allohning farz qilgan hajini ado qilish bo‘lishi kerak. Shundagina haj mabrur bo‘ladi. Bu to‘g‘ridagi Hazrati Umar roziyallohu anhuning mana bu gapiga e’tibor bering:
“Kim mana bu Uyni boshqa narsani iroda qilmasdan haj qiladigan bo‘lsa, gunohlardan xuddi onasi tuqqan kundagidek bo‘lib chiqadi” (Ibn Abu Shayba, 3/12785).
Inson hajga borar ekan, tijorat, savdo-sotiq va boshqa shunga o‘xshash dunyoviy va hajdan o‘zga diniy ishlar hajning bahonasi ila safarning birinchi maqsadiga aylanib qolmasligi kerak.
Hazrati Umar roziyallohu anhu bir xotinning hajdan qaytayotganini ko‘rib, «Sayru sayohat qilib, do‘konlarni aylanib yuribsanmi?» debdilar. Xotin tasdiq javobini berganida, unga Hazrati Umar roziyallohu anhu: «Unday bo‘lsa, qaytadan haj qilgin!» degan ekan.
Bir kuni Hazrati Umar roziyallohu anhu Ka’baga suyanib o‘tirganida, Iroqdan kelgan hojilar u yoqdan bu yoqqa o‘ta boshlabdilar. Hazrati Umar roziyallohu anhu ularni oldiga chaqiribdi. «Sizlar hajga keldinglarmi? Tavof qildinglarmi, Safo va Marva orasini sa’y qildinglarmi?» debdilar. Ular tasdiq javobini qilibdilar. «Hozir nima qilayapsizlar? Haj mavsumidan foydalanib qolyapsizlarmi?» debdi.
Hojilar fursatdan foydalanib, u yer bu yerlarni ko‘rib yurishganini, u yoqqa bu tomonga o‘tib, borib-kelib yurganlarini, boshqa xayrli amallar, ko‘proq zikr, ko‘proq nafl ibodatlar qilmayotganlarini aytishibdi. Shunda Hazrati Umar roziyallohu anhu ularga hajni qayta qilishlarini buyuribdilar (Ibn Abu Shayba, 3/12787).
Sahoba Abu Zarr roziyallohu anhu haj kunlarida Rabza degan joyni aylanib yurgan hojilarni ko‘rib, ularga hajlarini qayta qilishni burgan ekan.
Demak, inson haj kunlarini g‘animat bilishi, boshqa narsalarga, sovg‘a-salomlarga chalg‘ib ketib, ibodatlardan, zikrlardan qolib ketmasligi kerak. Shunda uning haji mabrur bo‘ladi.
4) Haji mabrur bo‘lganining alomati hoji haj qilib qaytganidan so‘ng uning holi yaxshi tarafga o‘zgarishidir. Har bir hoji o‘z holiga qarab ko‘rsin: ko‘proq ibodatlar qilayaptimi, o‘qiyotgan nafllari avvalgidan ko‘paydimi, odamlarga qilayotgan xayrli amallari ortdimi, og‘zidan chiqqan yomon gaplar endi yo‘qoldimi, yomon amallari yo‘qoldimi, hech kimga aytib bo‘lmaydigan gunohlari, aybu nuqsonlari ozaydimi?
5) Imom Qurtubiy rahimahulloh aytgan: “Haj mabrur bo‘lishi uchun haj arkonlari, manosiklari, amallari, farzu, vojibu sunnat va mustahablarining barchasi mukammal va to‘liq ado qilinishi kerak”. Bu juda muhim gap! Hojilar bunga e’tibor qaratishlari kerak bo‘ladi. Hajning amaliyotlarining birortasi qolib ketmasligi, amallarning ketma-ketligi, tartibi o‘zgarmasligi, shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ymasligi, birovlar gapiga kirib oson va qulay yo‘lga o‘tib olmasligi kerak.
6) Muhammad Yusuf Bannuriy rahimahulloh hajning mabrur bo‘lishi uchun u riyodan xoli bo‘lmog‘i kerak, deb ta’kidlagan. Zotan, riyo savoblar kushandasidir. Xo‘jako‘rsinga, odamlar hoji desin, hammaning e’tibori va obro‘-hurmatiga sazovor bo‘lish maqsadida hajga borsa; hamma hajga borayapti-ku, deb odamlar ko‘zi uchun hajga ketsa, uning haji mabrur bo‘lmasligi mumkin.
7) Umuman, mabrur haj deganda gunoh, ma’siyat aralashmagan hajga aytiladi. Chunki uning «xolis haj» degan ma’nosi bor. Bu gunohlardan xoli, deganidir. Tavof asnosida, odamlar tiqilinchida birovga turtilmaslikka, birovning oyog‘ini bosib olmaslikka ham e’tibor qaratish kerak bo‘ladi. Birovning ko‘ngliga og‘ir keladigan gaplarni gapirmaslik kerak. Buning uchun zikrga zo‘r berish kerak. Hajga borib, mehmonxonada oyoq uzatib yotib, umrida bir marta bo‘ladigan, atigi o‘n besh kunlik muborak safarida bu yoqdagi, yurtidagi dunyoviy ishlarini muhokama qilishning hech keragi yo‘q.
Barcha hojilarning hajlari mabrur, sa’ylari mashkur bo‘lsin!
Hamidulloh BЕRUNIY