Kecha, 23 may kuni “Xadichai Kubro” ayol-qizlar o‘rta maxsus Islom bilim yurtida Poshshaxon Eshonxon qizining “Ayol – mo‘tabar zot” nomli kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimotga Toshkent shahri ayrim tuman bosh otinoyilari, bilim yurti talaba qizlari hamda xodimalari va mehmonlar taklif etildi.
Taqdimot, taomilga ko‘ra, Qur’on tilovati bilan boshlandi.
Tadbirni bilim yurti mudirasi Nozima Ibragimova kirish va tabrik so‘zi bilan ochib berdi.
Taqdimot marosimida so‘zga chiqqanlar ushbu kitob ayollarga oid eng zarur fiqhiy masalalarni o‘z ichiga olgani bilan ahamiyatli ekani, shuningdek kitob keng ommaga, xususan, otinoyilar uchun ham muhim qo‘llanma bo‘lgani, ayniqsa, savol-javob tarzida yozilgani, kitobxonga juda manfaatli bo‘lishini aytib o‘tishdi.
Barcha yig‘ilganlar mudarrisa, kitob muallifi Poshshaxon Eshonxon qizining kelgusi ijodiga ulkan muvaffaqiyatlar tilashdi.
Taqdimot yakunida yig‘ilganlarga kitoblar ulashildi.
O‘MI Matbuot xizmati
Alloh taolo aytadi: “Kim Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur”, (Taloq surasi, 2-oyat).
Izoh:
- Ibn Abbos roziyallohu anhu oyati karimaning “chiqish yo‘li” qismini “dunyo va oxiratdagi har turli tashvishlardan uni qutqaradi”, deb tafsir qilganlar.
- Ali ibn Solihga ko‘ra, “chiqish yo‘li” Alloh taoloning o‘sha bandaga rizq berish bilan uni xushnud etishidir.
- Kalbiy oyatni bunday tafsir qiladi: “Kim musibat paytida sabr qilib, Allohdan qo‘rqsa, Parvardigor unga do‘zax otashidan jannat sari bir chiqish yo‘li ko‘rsatadi”.
- Abul Oliya oyatni: “Turli mashaqqat va tashvishlardan chiqish yo‘li”, deya sharhlagan bo‘lsa,
- Rabi’ ibn Haysam: “Odamni siqadigan hamma narsadan unga chiqish yo‘li ko‘rsatadi”, shaklida tafsir qilgan.
- Husayn ibn Fazlga ko‘ra, oyat tafsiri bunday: “Kim farzlarni ado etish borasida Allohdan qo‘rqsa, Alloh unga jazolanishdan qutulish yo‘lini ko‘rsatadi”.