Go‘zal namuna
Yuz ming kishi ishtirok etgan vidolashuv hajida Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam ummatlariga quyidagicha vasiyat qildilar: “Ey insonlar, xotinlarning xaqlariga rioya etingiz. Ular bilan shafqat, mehr ila muomalada bo‘lingiz. Ularning haqlari xususida Allohdan qo‘rqingiz! Xotinlar sizga Allohning omonatidir”.
Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning go‘zal axloqi butun bashariyatga namunadir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni uzoqdan ko‘rgan kishi haybat, yaqindan ko‘rganlar muhabbat tuyg‘usini his etardi. U zotning chiroyli xulqlari turmush tarzida yaqqol ko‘zga tashlanardi.
Ul zot faqirona hayot kechirganlar, oilalarida kamtaronalik va samimiyat hukm surgan. Butun boshli bir davlatni boshqargan bo‘lsalar ham kiyimlarini o‘z qullari bilan yamar, arpa non yer edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutohharalari shunday sharoitda yashab, hech qachon nolimaganlar. Mo‘mina onalarimiz boshiga toj kiyib, yer yuzida xukmronlik qilgan qanchadan-qancha podshoh, qirol, imperatorlarning ayollari ko‘rmagan, butun umr xayollarida orzu qilib, yetisha olmagan oila baxtiga bir bo‘yra, loydan yasalgan bir ko‘za kabi oddiy ashyolaridan boshqa mulkni o‘ziga ravo ko‘rmagan zotdan ulkan bir muhabbat, cheksiz fidokorlikni ko‘rdilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zavjalariga o‘ta nozik munosabatda bo‘lganlar. Bir kuni Nabiy sollallohu alayhi vasallam onalarimiz bilan safarga chiqdilar. Ular o‘z ulovlariga minib olishgach, tuyakash tuyalarni qistab hayday boshladi. Shunda u zot o‘z xonimlarining nozikliklariga ishorat qilib: “Billurga diqqatli bo‘l, ehtiyot qil!”, deya ta’kidladilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam birinchi ayoli – Xadicha binti Huvaylid roziyallohu anho onamizni bir lahza ham eslaridan chiqarmay: “Albatta menga Xadichaning muhabbati berilgan” der va zikr qilinganlarida, uning haqqiga istig‘for aytishni kanda qilmasdilar.
Payg‘ambar alayhissalom ayollariga yordam berib, uy supurar, qo‘y sog‘ar va boshqa ishlarida ko‘maklashardilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Savda binti Zam’a onamiz roziyallohu anhoni din yo‘lida ko‘rgan mashaqqatlarini taqdirlab, o‘z nikohlariga olganlar. Savda binti Zam’a onamiz ahyonda Nabiy sollallohu alayhi vasallamni kuldirib turishni yaxshi ko‘rar ekanlar. Savda binti Zam’a onamiz sayyida, jamila va sharifa bo‘lishi bilan birga yirik jussaliklari sababidan uy ishlariga uringanidagi o‘ng‘aysizligini ko‘rib ul zot tabassum qilib qo‘yar edilar.
Hafsa binti Umar roziyallohu anho nubuvvat xonadonida go‘zal hayot ichra yashay boshladilar. Hafsa onamiz roziyallohu anho Qur’oni karimni to‘liq yod olgan va uning tafsirini yaxshi bilganlar. U kishining bu darajaga yetishlariga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan olgan saboqlari sabab bo‘lgan.
Zaynab binti Xuzayma roziyallohu anho ham mo‘minalarning onasi bo‘lishdek sharafga noil bo‘ldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Zaynab onamizning sabri, jasorati, Islom dini yo‘lidagi fidokorliklarini munosib taqdirlab “Ummul masokin” (miskinlar onasi) der edilar.
Ummu Salama roziyallohu anho onamiz ham Nabiy sollallohu alayhi va sallamning zavjasi bo‘lishdek sharafga noil bo‘ldi. Jabroil alayhissalom ularning uylariga vahiy olib kelganlar. Ummu Salama roziyallohu anho onamiz o‘ta zehnli, oqila va ilmga chanqoq bo‘lganliklari tufayli Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan turli masalalarni so‘rashdan zerikmas edilar va o‘z navbatida Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham bu savollarga alohida e’tibor bilan javob berar edilar.
Juvayriya binti Horis roziyallohu anho onamiz nubuvvat xonadoni ayollarining duru javharlari silsilasiga qo‘shildilar. Juvayriya roziyallohu anho onamiz qabila boshlig‘ining qizi sifatida nozu ne’matga ko‘millib, hoyu havasga berilib yashashdan ko‘ra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayoli sifatida boriga shukur qilib, kamtarona yashashni ma’qul ko‘rdilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha onamizning yoshliklarini e’tiborga olib, ul kishining darajalariga tushar, o‘zlariga yarasha sharoit yaratib berishga harakat qilar edilar.
Sofiya binti Huyay roziyallohu anho onamiz tuyaga minib olishlari uchun Nabiy sollallohu alayhi vasallam oyoqlarini ularga to‘g‘rilab turganlar. Shunda Sofiya binti Huyay roziyallohu anho onamiz ul zotning sonlariga oyoqlarini qo‘yishdan bosh tortib, tizzasini qo‘yib turib chiqqan.
Ummu Habiba roziyallohu anho onamiz uzoq muddat ko‘rishmay yurgan otasi mushrik bo‘lgani uchun Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ko‘rpachalarini ularning taglaridan tortib olishlari ul zotga bo‘lgan yuksak ehtiromlaridan edi. Albatta, Ummu Habiba roziyallohu anho uchun Nabiy sollallohu alayhi vasallamga zavja bo‘lishdan ortiq baxt yo‘q.
Maymuna binti Horis roziyallohu anho onamiz ham nubuvvat xonadoni ayollari qatoriga so‘nggi durdona bo‘lib qo‘shilishlarining ham o‘ziga yarasha hikmati bor edi. U zot ham Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga oilaviy sharoitda sodir bo‘lgan shar’iy ahkomlarni islom ummatiga yetkazishda yana bir yordamchi bo‘ldilar. Maymuna roziyallohu anho onamizning nihoyatda taqvodor va silai rahmga moyil ekanlariga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari guvohlik berganlar.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning mo‘mina onalarimiz bilan kechirgan turmushini kuzatar ekanmiz, ular orasidagi samimiyat, mehr-muruvvat, muhabbat, nazokatdan zavqlanib, tobora ularga havasimiz ortib, ularga o‘xshashga oshiqamiz! Zero, Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamning xotinlari pok ayollar, dunyodagi eng baxtiyor ayollar, “Mo‘minlarning onalari” degan yuksak unvonga munosib bo‘lgan onalarimizdir!
Gulobod QURBONOVA,
Xadichai Kubro ayol qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti yetakchi mudarrisasi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Masjidlar bo‘limi mudiri Muzaffar domla Kamolovning buvilari vafoti munosabati bilan u kishining oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhuma onaxonni O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlari va solih amallarini o‘zlariga hamroh aylasin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Haq taolo marhuma onaxonning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan marhuma onaxonning yaqinlariga, xususan, Muzaffar domla Kamolovga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda “Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz”, degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi