Qadrli yurtdoshlar, saytimizning aziz muxlislari!
O‘tib borayotgan har kunimiz, har soatimiz, har daqiqayu, har soniyamiz sizu bizni rahmat va mag‘firat, Qur’oni karim nozil bo‘lgan oy - Ramazoni sharif sari yaqinlashtirmoqda. Ushbu oy munosabati bilan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining «Madaniyat va Ma’rifat» telekanali Diniy idora bilan hamkorlikda «Qur’oni karim ma’rifati» nomli yangi ko‘rsatuvni efirga uzatishni rejalashtirmoqda. Hozirda ushbu ko‘rsatuvni tasvirga olish jarayonlari jadal davom etmoqda.
Ushbu ko‘rsatuvni bir oy davomida, har kun, saharlik va iftorlik paytida tomosha qilishingiz mumkin. Alloh kalomiga bo‘lgan muhabbatimizni ziyoda qilsin, ushbu ko‘rsatuv barchamizga muborak bo‘lsin.
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bir oqshom Umar ibn Abdulaziz rahimahulloh masjidga kirdilar. U kishi bilan birga askarlari ham bor edi. Yo‘lda o‘tirgan kishiga turtilib qoqilib ketdilar. U zot Umar ibn Abdulazizga karata: “Nima balo, ko‘rmisan?!” – dedilar. Umar ibn Abdulaziz: “Yo‘q”, dedi. Qo‘riqchilar uni urishga shaylanishdi. Umar ibn Abdulaziz ularni qaytarganicha: “Mendan savol so‘radi, men javob berdim”, dedi va bunga achchiqlanmadi ham, uni jazolagani ham yo‘q, aksincha, uni kechirib, ishni bosdi-bosdi qilib yubordi.
Bir kuni Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhuni birov haqorat qildi. U zot bo‘lsa xodimini chaqirtirib: “Bu kishidan so‘rang-chi, birorta ishi bo‘lsa bitirib beraylik”, dedilar. Shunda haligi odam boshini quyi solib, uyalib qoldi.
Abu Hanifa roziyallohu anhuning dars halqalarida o‘tirgan bir odam u zotni so‘kdi. Imom unga qaramadi ham, gapini ham bo‘lgani yo‘q. Atrofidagilarni ham uni quvib-solishlariga ruxsat bermadilar. Aksincha, Abu Hanifa rahimahulloh majlisni yakunlab hovliga chiqdilar va boyagi kishiga: “Bu mening hovlim, agar chalasi qolgan bo‘lsa, bemalol davom eting, yana ichingizda qolib ketmasin”, dedilar. Kishi uyalganicha uzr so‘rab ketdi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Birov sizda ma’lum bo‘lgan ayb bilan ayblab, sizni so‘ksa, siz uni o‘zingiz biladigan uning aybi bilan izza qilmang. Aytgan gapining balosi o‘ziga uradi[1]”, dedilar.
Imom Junayd namozga kelayotganlarida bir tentak u kishining ustidan yuvindi to‘kib yubordi. U kishi boshdan oyoq shalabbo bo‘ldi. Keyin esa: “Har bir yo‘l qo‘ygan kamchiliklarim va qilgan gunohlarim uchun Allohga istig‘for aytaman, Allohning lutfu inoyatiga hamdlar aytaman. Men birorta gunoh qilgandurmanki, Alloh taolo meni dunyoda jazolayapti, shuning uchun achchiqlanmasligim kerak”, deya uylariga qaytib borib kiyimlarini almashtirib, namoz o‘qish uchun masjidga qaytgan ekanlar.
Ibrohim ibn Adhamning oldidan it yetaklab olgan bir yahudiy o‘tib ketayotib: “Ey Ibrohim, sening soqoling tozami yo mana bu itning dumimi?” deb so‘radi.
Ibrohim ibn Adham rahimahulloh esa: “Soqolim jannatga kiradigan bo‘lsa, itingning dumidan pokroq va afzalroq bo‘ladi. Soqolim jahannamga kiradigan bo‘lsa, itingning dumi soqolimdan pok va afzal bo‘ladi”, deb javob berdi.
Yahudiy shahodat kalimasini aytishdan o‘zini tutib tura olmay: “Xudo haqqi, bu payg‘ambarlarning xulqi”, debdi. Ibrohim ibn Adham kamtarlik qilgan edi, u kishining huzurida bir yahudiy musulmon bo‘ldi. Ibrohim Adhamni takabburlik qilmagani, qizishib ketmagani uchun Alloh taolo u kishiga (qimmatbaho) qizil tuyalardan-da yaxshiroq in’om ato etdi. Zero, Nabiy alayhissalom bu borada: “Siz sababli Alloh taolo bir kishini hidoyat yo‘liga solishi sizda bo‘ladigan qizil tuyalardan-da[2] yaxshiroqdir”, deganlar.
Hasson Shamsiy Poshoning “Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati.
[2] Qizil tuya o‘sha zamonning eng yaxshi va qimmatbaho ulovi bo‘lgan. Unga har kim ham ega bo‘la olmagan.