“Kim birodarining obro‘siga yoki biror narsasiga zulm qilgan bo‘lsa dinor va dirham foyda bermaydigan kun (qiyomat) kelishidan oldin haqqini halollab olsin. U kunda agar yaxshi amali bo‘lsa yetkazgan zulmi miqdoricha savobi olinadi va agar savobi bo‘lmasa birodarining gunohidan olib uning bo‘yniga yuklanadi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Inson hali hayotlik vaqtida zimmasidagi ado etishi lozim bo‘lgan haqlarni halollashga imkoni bor. Oxiratda esa solih amallaridan boshqa hech narsasi bo‘lmaydi. Qiyomat kuni mazlumning haqqi zolimdan undirib beriladi. U kunda bandaning asosiy dastmoyasi bo‘lmish hasanotlari (savoblari)dan olinadi, agar u savoblarni jamg‘arishga ulgurgan bo‘lsa, albatta,..
Aks holda mazlumning gunohlari zolimning zimmasiga yuklab qo‘yiladi.
Mazkur hadisi sharifning zohiridan ma’lumki, inson biror birodariga nisbatan nohaqlik qilgan bo‘lsa, bu dunyoning o‘zida uni halollashi lozim. Hattoki o‘zi bilib-bilmagan holda birodarini sha’ni, obro‘siga tajovuz qilgan bo‘lsa ham…
Zulm qilish insonning yo joniga yoki moliga yoxud sha’niga bo‘lishi mumkin. Islom dini zulm qilishning barcha turini harom qildi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Musulmon kishiga har bir musulmon kishining qoni, moli va obro‘sini to‘kish haromdir” (Imom Muslim rivoyati).
Agar bir insonning joniga zulm qilingan, masalan, urish, jarohatlash, biror a’zosiga shikast yetkazish yoki o‘ldirish kabi jinoyat sodir etgan bo‘lsa, haq egasi qasos olishi, agar qasos olish imkoni bo‘lmasa, zolim zimmasidagi haqni to‘laligicha to‘lab berishi lozim.
Agar insonning moliga tajovuz qilingan bo‘lsa, molni egasiga qaytarib berish vojib bo‘ladi. Agar molning egasini topish imkoni bo‘lmasa, u molni savob umid qilmasdan biror muhtojga berib yuboriladi. Agar mol egasi vafot etgan bo‘lsa, uni merosxo‘rlariga berish lozim. Chunki kishi vafot etgandan so‘ng uning moli merosxo‘rlariga o‘tadi.
Agar bir insonning sha’niga tajovuz qilingan, masalan, bir insonni haqorat yoki g‘iybat qilgan bo‘lsa, uning oldiga borib undan kechirim (uzr) so‘rashi lozim. Agar uning uzrini qabul qilib, kechirsa, ularning xar ikkisi uchun Allohning ne’mati bordir.
“Bas, kimki afv etib (o‘rtani) tuzatsa, bas, uning mukofoti Allohning zimmasidadir. Albatta U zolimlarni sevmas” (Sho‘ro surasi, 40-oyat).
Agar kechirmasa, molidan biror narsa berib bo‘lsa ham, rozi qilishi lozim.
Alloh taolo dillarimizni mehr-shafqat, kechirimlilik tuyg‘ulari bilan to‘ldirsin!
I.SOBIROV,
Xonqa tumani “Xo‘ja Nuraddin bobo” masjidi imom noibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Fiqh ijtihod va fikrlar majmuasi bo‘lib, bu fikrlar nafsu havoga berilishdan kelib chiqmagan, balki Qur’on va Sunnatni anglashdan kelib chiqqan, Qur’on va Sunnatdan olingandir. Alloh azza va jalla bizga shu yo‘lni buyurgan. Agar Alloh fiqhga tegishli har bir masalaning hukmini bayon qilishni iroda qilganida, hozir millionlab oyatlar, millionlab hadislar turgan bo‘lardi. Lekin hammasi bo‘lib, olti mingdan sal ortiq oyat nozil bo‘lgan, muayyan adaddagi hadislar vorid bo‘lgan. Har bir masalaga oyat-hadis kelsa, shuncha oyatni, shuncha hadisni kim yod olardi? Nabiy sollallohu alayhi vasallamning o‘z zamonlarida avtomobillar haqida gapirishlarini tasavvur qiling! Unda u zotning so‘zlarini hech kim tasdiqlamagan bo‘lardi-ku!
Ijtihod qilish noto‘g‘ri desangiz, sahobalar ham ijtihod qilishgan. Keyin o‘sha o‘z ijtihodi bilan chiqargan hukmga amal qilishni odamlarga buyurishgan. Odamlar ularga taqlid qilishgan, ergashishgan. Mana shu yo‘sinda ularning yo‘llaridan yurib kelishgan.
Tahallul tarafdorlari orasida «Fiqh dinning bir qismi emas», «Mazhab egalarining aytganiga amal qilish shart emas», degan gaplar tarqalgan.
Tashaddud ahli ham mana shunga chaqiryapti. Ularning asl maqsadi fiqhiy mazhablarni yo‘q qilib, dinsizlikka yetaklash edi. Masalan, men dinni mahkam ushlasam-u, lekin na hanafiy, na shofe’iy, na molikiy va na hanbaliy mazhabini tutmasam, unda dindan nimani ushlayman? Menda fiqh degan narsa qolmaydi-ku! Fiqhni mana shu mazhablar tashkil qiladi-ku! Alloh bizga «Zikr ahlidan so‘rang» deb buyurib, ergashishimizga rozi bo‘lgan ilmlarni mujtahidlarning ijtihod va fikrlari tashkil qilmasa, nima tashkil qiladi?!
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan