Abu Hurayra roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar. U zot alayhissalom bunday marhamat qildilar: «Kimki xolis Alloh yo‘lidagi ilmni dunyo moliga erishish yo‘lida o‘rgangan bo‘lsa, u qiyomat kunida hargiz jannat hididan bahramand bo‘lmaydi». Yana boshqa bir hadisda rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar: «Kimki olimlar oldida faxrlanish yoki tortishish yoxud ahmoqlar ila bahslashish, yo bo‘lmasa, odamlarni o‘ziga qaratish uchun ilm olgan bo‘lsa, uning joyi otashi do‘zaxdadir». Bu hadisni vatandoshimiz buyuk Imom Termiziy rivoyat etganlar. Bu haqda juda ko‘plab hadislar mavjud.
Ayrim salaf ulamolari aytishadi: «Odamlardan o‘lim oldida ko‘p afsus-nadomat qiladigani – bu haddan tajovuz etgan olim».
Biling! Olimning vazifasi amru-ma’ruf va nahiy munkar bilan mashg‘ul bo‘lishlikdir. U butunlay zohidga aylanib, muboh bo‘lgan narsalardan yuz o‘girmasligi lozim. Zero, u qodir bo‘lganicha dunyo moliga ziyoda muhabbat qo‘ymasligi kerak. Ammo shuni ham unutmaslik zarurki, har bir inson jasadi oz dunyoga sabr eta olmaydi, odamlar bir-biridan farqli.
Rivoyat etishlaricha, Sufyon Savriy rahimahullohi alayh chiroyli taomlarni tanovul etar ekanlar (Shu kabi Usmon ibn Affon roziyallohu anhu ham yumshoq yemaklarni xiyla xush ko‘rardilar… – tarj.).
Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayh ko‘p vaqt qattiq hayotga sabr etardilar. Ma’lum bo‘ladiki, insonlar tabiati turlichadir.
Oxirat ulamolarining sifatlari: ular dunyoni past deb biladilar, oxirat esa sharafli. Dunyo va oxirat bamisoli kundosh. Ular oxiratni do‘st tutadilar va uni afzal deb biladilar. O‘zlarini foydasi oz ilmlardan chetga oladilar, nafi ulug‘ ilmlarga intiladilar.
Shaqiq Balxiydan rivoyat etilishicha, u kishi Xotimga qarata deydilar: «Men bilan bir qancha vaqt birga bo‘lding. Nima o‘rganding?» Xotim javoban dedilar: «Sakkiz masalani o‘rgandim:
Birinchisi – barcha xaloyiqqa boqdim, har birining mahbubi borligini bildim. U vafot qilib qabrga yetsa, mahbubi undan ajraladi. Qabrimda men bilan birga bo‘lishi uchun barcha hasanotlarimni (yaxshi amallarimni) o‘zimga mahbub etdim.
Ikkinchisi – ulug‘ Allohning: «Nafsni orzu-havasdan, bekorchi narsalardan qaytardi» (Noziot surasi, 40-oyat), degan so‘ziga tahammum ila nazar soldim. Va nafsimni havoyi nafsdan himoya qilishda qiynadim. Natijada u Alloh toatida qaror topdi.
Uchinchisi – yana shuni bildimki, qimmati bor narsani hamma o‘zida saqlab turadi. So‘ng Parvardigorning: «Sizlardagi barcha narsa tamom bo‘ladi, Alloh huzuridagi narsalar boqiy» (Nahl surasi, 96-oyat), degan oyatiga nazar soldim, bas, har doim qo‘limga qimmati bor narsa tushib qolsa, uni darhol Alloh huzurida boqiy qolishi uchun O‘ziga yo‘lladim.
To‘rtinchisi – odamlar mol-dunyo, asl-u nasl, shon-sharafga mansubliklarini ko‘rdim. Menda ulardan birortasi ham yo‘q. Bas, men buyuk Allohning: «Batahqiq, Alloh huzurida eng mukarramingiz – eng taqvodoringizdir» (Hujurot surasi, 13-oyat), degan so‘ziga boqdim va Uning huzurida mukarram bo‘lish uchun taqvo bilan amal qildim.
Beshinchisi – insonlar bir-birlariga hasad qilishlarini bildim va ulug‘ Allohning: «Biz o‘rtalarida maishatlarni (turlicha) taqsimlab qo‘ydik» (Zuhruf surasi, 32-oyat), degan so‘ziga nazar tashladim va hasadni tark etdim.
Oltinchisi – odamlar bir-birlariga qarshi adovat etishlariga guvoh bo‘ldim. Shunda Parvardigori olamning: «Darhaqiqat, shayton sizlarga do‘st emas, uni dushman deb bilingizlar» (Fotir surasi, 6-oyat), degan so‘ziga qaradim, darhol odamlarga adovat etishni tark qilib, shaytonni yagona dushman deb bildim.
Yettinchisi – insonlar rizq-ro‘z talabida o‘zlarini xor-zor etayotganlarini ko‘rdim. Shunda men ulug‘ Allohning: «Yer yuzidagi barcha hayvonlarga rizqni faqat Alloh beradi» (Hud surasi, 6-oyat), degan so‘ziga nazar tashladim, bas, Alloh tomonidan menga yuklatilgan vojibotlarni ado etish bilan mashg‘ul bo‘lib, Uning huzuridagi menga tegishli narsalarni tark etdim.
Sakkizinchisi – odamlar o‘zlarining tijoratlari, kasb-korlari va sihhat-salomatliklariga bino qo‘yib betashvish ekanliklarini ko‘rib, men yagona ulug‘ Allohga tavakkal etdim.
Oxirat ulamolarining sifatlari shunday: ular sultonlardan g‘amda bo‘lib, ularga ixtilot – aralashishda ehtiyotkor bo‘ladilar.
Huzayfa roziyallohu anhu aytadilar: «Sizlar fitna o‘rinlaridan ehtiyot bo‘linglar». U kishidan: «Fitna o‘rinlari nima?» – deb so‘rashdi. U zot javob berib bunday dedilar: «Umarolar eshiklari. Sizlardan bir kishi amir huzuriga kirib yolg‘onni rostga chiqaradi, o‘zida yo‘q narsani so‘zlaydi».
Said ibn Musayyab roziyallohu anhu aytdilar: «Agar umarolar huzuriga borib-kelib yurgan olimni ko‘rsangiz, undan ehtiyot bo‘ling, bas, u (o‘g‘ri, qaroqchi) josusdir».
Ayrim salaf olimlari aytishdi: «Sen ularning mol-dunyolaridan biror narsaga erishmaysan, magar ular dunyo molidan afzal diningga shikast yetkazishadi».
Yana ularning sifatlaridan biri – hech qachon fatvo berishda shoshilmaydilar. Fatvoning to‘g‘riligiga ishonganlaridan so‘ng uni aytishadi.
Salaf olimlari fatvo berishni o‘zlaridan boshqalarga taqdim etishardiki, aylanib-aylanib yana avvalgilariga qaytib kelardi.
Abdurahmon ibn Abu Laylo roziyallohu anhu aytdilar: «Men bu masjidda (Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Madinadagi masjidlari) 120 sahobiyni uchratdim va ular bilan suhbatlashdim. Ulardan biriga hadis yoki fatvo to‘g‘risida savol berilsa, u sahoba o‘zidan boshqa sahoba javob berishini do‘st tutar edi. Hozirgi kunda fatvo berish ishlari ilmni da’vo qilgan odamlarga qoldi. Ular turli masalalar xususida darhol javob aytishga shoshiladilar, agar farazan ushbu masalalar xalifa Umar ibn Xattob roziyallohu anhuga arz etilsa, u zot Badr ahlini yig‘ib, ular bilan maslahatlashib, so‘ng javob aytardilar.
Yana bunday sifatlardan biri – ularning aksar bahslari amallar ilmi haqida bo‘lardi, uni nimalar buzadi, qalblarni nima qoraytiradi, nima vasvasaga soladi – bularni bilishga intilardilar, zero amallarning surati yaqin va osondir, ammo ularni tartibga solish qiyin va og‘ir ishdir.
Dinning asli – yomonlikdan saqlanish. Yomonlikni bilishga qadar undan saqlanish to‘g‘ri emas.
Ularning xislatlaridan yana biri – shar’iy amallarning sir-asrorlarini tadqiq etish, ularning hikmati to‘g‘risida mulohaza yuritish. Agar ularning illat-sababini bilishda ojiz bo‘lsa, shariat hukmi kifoya qiladi.
Yana ularning sifatlaridan biri – ular sahoba va yaxshi tobeinlarga ergashadilar hamda dindagi barcha bid’at va xurofotlardan saqlanadilar.
Munis SIROJOV,
Piskent tumanidagi “O‘smat ota” jome masjidi imom-xatibi
Ko‘pincha dengiz sathi tashqaridan qaragan kishiga go‘yoki ipakdan to‘qilgan mayin gilamni to‘shab qo‘ygandek, tinch va sokin ko‘rinadi...
Lekin o‘sha tinch va sokindek ko‘rinayotgan aldamchi manzara ostida tinimsiz kurash, hayot va mamot to‘qnashuvlari, halokatli nidolar yashirinib yotadi. Dengiz qa’rida kitlar, akulalar, ilonlar va suvsarlar suzib yuradi, bir-birlarini o‘ljaga aylantirish maqsadida tinimsiz ta’qib qiladilar.
Xuddi shu kabi sizning yuzingiz ham oyna qarshisida tinch, mehrli va musaffo ko‘rinadi. Ammo tanangizni ichida esa, xujayralar g‘alayon qiladi, nafs xohishlari alanga oladi, g‘arizalar avj oladi va adovatlar olovlanadi.
Agar siz dengizdagi o‘sha maxluqlar jang qilayotgan chegaralardan o‘tib, dengizning ulardanda qa’riga yetib borsangiz, u yerda sukunat hukmron ekanligini, sadaflar, marvaridlar va marjonlar yashayotganini ko‘rasiz.
Xuddi shuningdek, tanangizda ham agar nafsoniy hirslar hukmronlik qilayotgan chegaradan o‘tib olib, ruhiyat hududiga yetib borsangiz, u yerda sakinat topasiz, hikmat ziyosining nuridan bahra olasiz, Parvardigorning huzuridan oqib chiqayotgan muhabbat bulog‘idan qonasiz.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV