Saudiya Arabistoni hukumati umra ibodatini oson va qulay ado etishlari maqsadida ramazon oyining boshidan oxiriga qadar tavof maydonini faqat umra ziyoratchilari uchun xoslashga ko‘rsatma berdi. Makkai mukarrama amiri va Haj oliy qo‘mitasi raisi Amir Xolid al-Faysal ramazonda hukumat rejalari va tayyorgarlik ishlarini o‘rganishga bag‘ishlab o‘tkazilgan Haj oliy qo‘mitasi yig‘ilishida shuni ta’kidladi.
Unga ko‘ra, tavof maydonida umra ziyoratchilariga shom namozidan so‘ng taroveh namozi tugagunga qadar umra tavofini qilishga ruxsat etiladi.
Shuningdek, mazkur ko‘rsatmaga muvofiq, namozxonlar Masjidul Haromning ichki xonaqohlari, ta’mirdan chiqqan binolar va Harami sharifning shimoliy tarafdagi keng maydonda taroveh namozini ado etadilar.
Xalqaro aloqalar bo‘limi xodimi
Ilyosxon Ahmedov tayyorladi.
Savol: Namozga “Allohu akbar”, deb quloq qoqishda “Allohu akbar” dagi “r” ga kelganda ikki qo‘lni bosh barmog‘i quloq yumshog‘iga tegiziladimi? Shunday deb, eshitdim.
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Namozga kirishda avval ikki qo‘lni yuqoriga ko‘tarib, bosh barmoqlarni quloqning yumshoq joyiga tegiziladi. So‘ng “Allohu akbar”, deb, namozga kirishiladi.
Bu haqida Faqih Abu Ja’far rahimahulloh bunday zikr qilganlar: “Ikki kaftini ichki taraflari bilan qiblaga yuzlanadi va panjalari yozadi hamda qo‘llarini yuqoriga ko‘taradi. Qachonki, ikki bosh barmog‘i ikki quloqlarining yumshoq joylariga tegsa, “Allohu akbar” deb namozga shuru’ qiladi.
Shamsulaimma Saraxsiy rahimahullohga ko‘ra, barcha mashoyixlar shunga ittifoq qilganlar (“Muhiyt” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.