O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan do‘stona aloqalar ko‘p asrlik tarixga ega. Buyuk sarkarda Sohibqiron Amir Temurning Karl VI ga yo‘llagan maktubida: “Biz sizning davlatingiz gullab-yashnashini do‘stona tilab qolamiz”, degan samimiy istaklarni o‘qish mumkin. Yetti asr muqaddam bitilgan ushbu noma ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik naqadar mustahkam asosga ega ekanini yaqqol namoyon etadi.
Kuni kecha O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Fransiyaga tashrif buyurdi. Safardan ko‘zlangan asosiy maqsad Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, islom tamadduniga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalarimiz, aziz avliyolarimizning boy ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, tabarruk qadamjolarini obod etish borasidagi ishlarni xalqaro hamjamiyatga yetkazish, manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro tajriba almashishdan iborat.
O‘zA xabariga ko‘ra, Fransiya Islom fondida bo‘lib o‘tgan uchrashuv samiy ruhda kechdi. Unda O‘zbekistonning vijdon erkinligini ta’minlashdagi boy tajribasi, turli dinlarga e’tiqod qiluvchilarga o‘z ibodatlarini ado etishlari uchun yaratilgan sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
– Globallashuv jarayonlari shiddat bilan rivojlanib borayotgan hozirgi sharoitda turli millat va din vakillarining bir-birini tushunishi, qo‘llab-quvvatlashi, jamiyat taraqqiyoti yo‘lida hamkorlik qilishi o‘ta zarur, – deydi Fransiya Islom fondi prezidenti Jan Per Shevenman. – O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan ijtimoiy-siyosiy islohotlarni katta qiziqish bilan kuzatib borayapmiz. Shubhasiz, mamlakatingiz Markaziy Osiyo mintaqasida hal qiluvchi kuchga ega. Biz O‘zbekiston bilan madaniy-ma’rifiy sohada hamkorlik qilishdan manfaatdormiz.
Qayd etish kerakki, mazkur fond 66 millionlik Fransiya aholisi ichida 7 milliondan ziyod musulmonlarning o‘ziga xos o‘rni va mavqeini saqlash, ularning jamiyatga har tomonlama intergatsiyalashuvini ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli faoliyatni amalga oshiradi. Fond xodimlari O‘zbekistondagi islom tadqiqotlari markazlari bilan hamkorlikda islom dinining tinchlikparvar mohiyatini o‘rganish, birgalikda ilmiy loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
E’tiborli jihati, Fransiya Islom fondi 2021 yilda Fransiya madaniyat ishlari vazirligi, Luvr muzeyi bilan hamkorlikda Parij shahrida “Buyuk ipak yo‘li madaniyati” mavzusidagi xalqaro ko‘rgazmani o‘tkazishga hozirlik ko‘rmoqda. Fransiya tomoni ushbu ko‘rgazma doirasida “O‘zbekiston – islom sivilizatsiyasi markazi” nomli mamlakatimizning qadimiy va boy tarixiga oid ekspozitsiyalarni tayyorlashda hamkorlik qilishga umid bildirdi.
O‘zbekiston musulmonlar idorasi matbuot xizmati
Rossiya Federatsiyasida vaqtincha mehnat qilayotgan, ta’lim olayotgan va boshqa maqsadlarda borgan yurtdoshlarimiz bilan samimiy muloqot qilish, ular bilan dildan gaplashish, ma’rifiy suhbatlar qilib berish maqsadida ayni kunlarda Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov mazkur mamlakatda bo‘lib turibdi.
Dastlab Moskva viloyati Odinsovo shahridagi "Monotek" mas’uliyati cheklangan jamiyati qurilish shirkatida ishlayotgan vatandoshlarimiz bilan, so‘ngra Moskva shahridagi "AntYapi" mas’uliyati cheklangan jamiyati qurilish firmasida mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan samimiy muloqot qildi.
Vatandoshlarimiz ma’rifiy suhbatlar asnosida Abduqahhor domladan o‘zlarini qiziqtirgan diniy va boshqa mavzulardagi savollarga atroflicha javoblar oldi.
Bosh imom vatandoshlarimizga qayerda bo‘lsa ham yurtimiz sha’nini baland tutishni, aqidasi buzuq har xil oqimlarga qo‘shilib qolmaslik zarurligini alohida ta’kidladi.
Xizmat safari Sankt-Peterburg shahrida davom etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati