Haqiqiy mo‘min-musulmon shariatimizning har bir hukmiga sababini surishtirmasdan itoat qilgan kishi bo‘lsa kerak deb o‘ylayman. Negaki, Xadicha onamiz roziyallohu anho, Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu va ularning ortidan boshqa sahobiylar shunday qilganini tarixiy manbalardan o‘qiganman. To‘g‘risini Alloh taolo, to‘g‘rirog‘ini hurmatli olimlarimiz biladi, albatta.
Ammo inson bandaligiga borib, Muso alayhissalom aytganidek, qalbining xotirjam tortishi uchun ularning sabablarini, foydali jihatlarini qidiradi. Aslida buning hech yomon joyi yo‘q. Chunki bandasiga ota-onasidan ham mehribon bo‘lgan Parvardigorimiz unga zarar yetkazadigan amalni buyurishi mumkinmi? Aslo unday emas. Rabbimiz bizga nimani buyurgan bo‘lsa, o‘sha amrning zamirida bizning jismimiz, ruhiyatimiz, dunyomiz, oxiratimiz uchun hisobsiz foydalar bor. Biroq buni hamma ham bilavermaydi. Ataylik, ba’zilar sog‘ligi bilan bog‘liq arzimagan narsalarni bahona qilib ham ro‘za tutmaslikning payida bo‘ladi...
Ro‘zaning asl mohiyati so‘z boshlashdan oldin ko‘zimiz o‘ngida bo‘lgan bir necha nozik nuqtalarga to‘xtalib o‘tishini joiz topdik.
Ro‘zada kunduzlari yeyish-ichishga ehtiyoji bo‘la turib ulardan tiyilishning nima hikmati bor? Ushbu kezlarda sovuq bo‘lgan shimol o‘lkalarida insonlarning yetarlicha kaloriya va ozuqa olishlariga to‘siq bo‘luvchi ro‘za ibodatining sog‘likka zarari yo‘qmi?
Biologik tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, qor qalin yoqqan choqlarda vahshiy hayvonlar, hatto o‘txo‘r hayvonlar ham yeyishga biror narsa topa olmaydilar. Nailojlikdan qish uyqusiga kiradilar yoki vaqtlarini “ro‘za” tutish bilan o‘tkazish majburiyatida qoladilar. Bu holat ularni bahor yaqinlashgan pallada yashargan bir qiyofada harakatga keltiradi.
Daraxtlar ham xuddi shunday holatni boshdan o‘tkazadi. Daraxtlar qishda barglaridan ayriladi va uyquga ketadi. Bir necha oylik “ro‘za”dan so‘ngra ko‘klamda yasharib, burungisidan ham quvvatlanib olib, gulga kiradi va yaproq yozadi.
Hatto ma’danlarning ham “ro‘za”ga ehtiyoji bor. Motorlar va mashinalar... ularning harakatlanuvchi qismlari ham orada to‘xtab oladilar. Bu tin olish ularga yangi kuch bag‘ishlaydi.
Jami a’zolarda bo‘lgani kabi hazm qilish organlarining ham dam olishga ehtiyoji bor. Ro‘za ana shu ehtiyojni qondiradi. Lekin ro‘zaning asl maqsadi bunday tibbiy foydalar emas. Ular yo‘l-yo‘lakay ko‘riladigan foydalardir.
Inson Alloh taolo yaratgan eng ajoyib mavjudot. Uning jismida zidlar birlashgan: badan ila ruh, modda va ma’no bir-biriga chambarchas bog‘lanib ketgan. Insonning qanchalik baxtiyor bo‘lmog‘i bir-biriga tamoman zid bo‘lgan ana shu ikki unsurni teng tuta bilmog‘iga bog‘liq. Moddiy tarafimiz oshkora ko‘rinib turgani uchun ruhiy kuchlarimizga soya solib va unga bosim o‘tkazishga moyil bo‘ladi. Bu mayl davomiy va ta’sirli bo‘lsa, insonning ruhining yuksalishiga to‘siq bo‘ladi. Shu jihatdan, tananing ruhga tobe bo‘lishi uchun tana kuchini chegaralab ruhini yetiltirmoq kerak.
Bu g‘oyaga yetishmoq uchun ochlik, suvsizlik, shahvatini chegaralamoq; til, qalb, fikr va boshqa a’zolarning nazorat ostiga olinmog‘i eng ta’sirchan yo‘ldir. Bu ish tajriba bilan sobit bo‘lgan.
Insonning mukarram bo‘lishining sabablaridan biri hayvoniy tabiatini aqliga va ruhiga buysundirmog‘idandir. Inson tabiati sarkash. Ba’zan asovlik, ba’zan halimlik ko‘rsatadi. Uning asovligini jilovlamoq uchun ro‘za kabi qat’iy chora ko‘rilmog‘iga ehtiyoj bor. Gunoh ishlardan tavba etishi va ro‘za bilan latoif yo‘lni tanlashi uning irodasini quvvatlantirgani kabi ruhini ham pishitib tasalli beradi.
Yemaslik va ichmaslik farishtlarga xususiyatlaridan. Inson bu ishga urinar ekan, farishtalarga o‘xshashga intiladi. Eng asosiysi, buni faqat Alloh taolo buyurgani uchun qilsa, Unga yanada yaqinlik hosil qilgan bo‘ladi. Shuning uchun iymonli insonning eng ulug‘ g‘oyasi bo‘lgan Alloh taoloning mamnunligi qo‘lga kiritiladi.
Ro‘zadan kutilgan maqsadning amalga oshishi uchun diqqat etish lozim bo‘lgan masalalar bor. Ro‘za – saharlik qilish va ro‘zani buzadigan harakatlardan uzoq bo‘lmoqdir. Komil iymon-la tutilgan ro‘za butun tana a’zolarining istaklaridan bir tekisda tiyilmog‘idir: oshqozon yemak-ichmoqdan tiyilgani kabi til ham yolg‘ondan, yomon so‘zlardan, behuda vaysashlardan tiyilmog‘i; ko‘z haromga, noo‘rin joylarga qarashdan, birovlarning aybini ko‘rishdan tiyilmog‘i; quloq g‘iybat, mish-mishlar va sharmsiz so‘zlarni tinglashdan tiyilmog‘i kerak.
Eng muhimi, ko‘ngil va aql yorug‘ narsalarni o‘ylamog‘i kerak. Ulug‘larimiz yolg‘on so‘zlash va qo‘pollik qilish ro‘zani buzishini aytadi. Tanasining barcha a’zolarini ro‘za tutishga jalb eta olmagan kishi go‘yoki ro‘za tutganga o‘xshab ko‘rinsa-da, aslida ro‘zador emasdir. Hazrati Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam “Necha ro‘zadorlar borki, ro‘zalari faqat ochlik va tashnalikdan iboratdir”, deya ularning holini ma’lum qilganlar.
Jami a’zolar ro‘zasiga diqqatli bo‘lganlar esa hatto jahlini chiqargan kishilarga ham “Men ro‘zadorman”, deya qattiq gapirmaydi. Bunday qilish Payg‘ambarimiz alayhissalomning tavsiyasidir. Ramazon oyida osoyishtalik bo‘lishida ana shunday insonlarning roli katta bo‘ladi. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, ramazon oyida musulmon mamlakatlarida avtohalokatlar boshqa oylardagiga nisbatan kamroq kuzatilar ekan.
Ayonki, ibodatda eng muhim hodisa ixlosdir. Ixlos – har bir ishni faqat Alloh rizosi uchun bajarmoq demakdir. Ro‘za tutdim degan kishining ro‘zador yoki ro‘zador emasligini hech kim aniq bilmaydi, buni faqat Alloh taolo biladi.
Alloh taolo bir hadisi qudsiyda: “Ro‘za Men uchundir, uning mukofotini O‘zim beraman”, deb marhamat qilgan. Shunday ekan, ro‘zador kishi uni qanchalik ixlos bilan qilayotganini Alloh taoloning o‘zi biladi. Agar ro‘zasida nuqsoni bo‘lsa, hadisi sharifda aytilganidek, faqat och va chanqab yurgani qoladi.
Xoslarning ro‘zasi avomning ro‘zasidan farq qiladi. Ular “zikri doimiy”dan chalg‘ib qolish ro‘zaga zarar beradi deb hisoblaydilar. Ya’ni ularning nazdida, qudsiy hadisda aytilgan “Ro‘za Men uchundir...” iborasining ma’nosi “Samadiyat Menga oiddir” demakdir. Alloh taolo go‘yoki: “Kim Mening axloqim ila axloqlansa, Men uni hech kim tasavvur eta olmaydigan shaklda mukofotlayman” demoqdadir.
Ushbu qudsiy hadisning yana bir izohi bunday: ro‘zaning zohir ila aloqasi bo‘lmasligi va u boshqalardan sirli ibodat bo‘lishi hamda unda boshqalarning ulushi bo‘lmasligi nazarda tutilgan. Chunki Alloh taolo uning davomida “Uning mukofotini O‘zim beraman”, demoqda.
Uch xil ro‘za bor: ruhning ro‘zasi – ehtiroslardan uzoq bo‘lmoq va qanoat sohibi bo‘lmoq; aqlning ro‘zasi – hoyu havaslarga zid harakat etmoq; nafsning ro‘zasi – yemoq-ichmoq va haromga qarshi parhezkor bo‘lmoqdir.
Jaloliddin Rumiy hazratlari bunday deydi: “Ro‘za og‘izni yopib, ko‘ngil ko‘zini ochadi”. Jon ko‘zining ochilishi tana quvvatini ta’sirsiz holga keltirishi mumkin bo‘ladi. Ko‘ngil ko‘zi ko‘r bo‘lganlarning ibodati hech narsaga yaramaydi.
Hazrati Rumiyga ko‘ra, ro‘za ibodatlarning eng buyugidir. Insonni me’rojga ko‘taradigan Buroqdir, Qur’oni karimning sirlaridir, Insonlarning orzulari va nafslariga qarshi kurashidir. Ularni poklab mavqeini yuksaltiruvchidir.
So‘zlab o‘tganlarimizdan xulosa qilsak, ro‘zaning uch darajasi bor ekani ko‘zga tashlanadi. Avomning ishqi – sahardan oqshomga qadar yemoqdan, ichmoqdan va shahvatdan tiyilmoq; xoslar ishqi – ular tanasining barcha a’zolarini nazorat ostiga olgan ro‘zadorlar; siddiqlar ro‘zasi – ko‘nglini Alloh taolodan boshqalardan uzoq tutuvchi oshiqu oriflar. Avomlar ro‘zador vaqtida oshqozoniga hech narsa tushirmaydi; xoslar gunoh va yomon narsalarni tanasiga yaqinlashtirmaydi; siddiqlar, oshiqlar va komillar mosuvoni (Allohdan boshqa narsalarni) qalbiga yaqinlashtirmaydi. Ro‘zadan kutilgan maqsad asli shu o‘zi.
Rabbimiz barchamizga ramazon ro‘zasini ana shu zotlardek tutishni nasib aylasin!
Damin JUMAQUL tayyorladi.
O‘MI Matbuot xizmati
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Ummatimning sharaflilari Qur’onni (yodlab) olib yuruvchilar va kechasi qoim bo‘luvchilardir” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Anna roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Insonlar ichida Allohning xos bandalari bor”, dedilar. Ular kimlar, deb so‘rashdi. U zot alayhissalom “Qur’on ahli – Allohning ahli va xos bandalaridir”, deb javob berdilar (Imom Ibn Moja rivoyati).
Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Yo Ali, Qur’onni o‘rganib, uni o‘rgatgin. Shunda vafot qilsang, insonlar xuddi Allohning baytini tavof qilganlari kabi farishtalar qabring atrofini tavof qiladi” (Imom Abu Nuaym rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Sizlarning eng yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganib, Uni o‘rgatganlaringizdir” (Imom Buxoriy rivoyati).
Abu Harayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Qur’on boylikdir, undan so‘ng faqirlik yo‘q, undan boshqa boylik ham yo‘q” (Imom Abu A’lo, Imom Tabaroniy rivoyati).
Qur’oni karim ziyo, oydinlik sochgan bir nurdir. Qur’oni karimni yod olish musulmonlar zimmasidagi farzi kifoyadir. Ya’ni, bir shaharda Qur’oni karimni yod olmagan hofiz inson bo‘lmasa, shahar xalqining barchasi gunohkor bo‘ladi. Bir yoki bir necha insonning Qur’onni yod olishi bilan ularning ustidagi farz soqit bo‘ladi.
Kunlardan bir kun qorilarning sultoni Hofiz Is'hoq Mavlono Jaloliddin Rumiyning huzuriga keldi. Mavlono unga katta hurmat ko‘rsatib, o‘rnidan turdi va yuqoriga chiqib o‘tirishini iltimos qildi: “Mehmonni qanday izzat-hurmat bilan kutib, uni uy to‘riga o‘tqazish lozim bo‘lganidek, Qur’oni karim qorilarini ham xuddi shunday izzat-hurmat bilan kutib olib, eng yuqoriga taklif qilish lozimdir. Qalbida Qur’oni karim nuri bo‘lgan inson jahannam yuzini ko‘rmas! Bir qog‘oz parchasiga Qur’oni karim oyati yozilgan bo‘lsa, unga hurmat ko‘rsatib, uni olovga otmaslar, bunga Qur’oni karim yozilgan derlar. Qalbida Qur’oni karim nuri bo‘lgan, butun bir Qur’oni karimni o‘ziga jo qilgan bo‘lsa, uni qanday qilib, jahannamga otishadi?” dedi.
Qur’oni karimni qalbiga va hofizasiga naqsh etgan ilk inson Payg‘ambarimiz hazrat Muhammad mustafo sollallohu alayhi va sallamdirlar. Ulardan keyin to‘rt buyuk xalifa hazrat Abu Bakr, hazrat Umar, hazrat Usmon va hazrat Ali roziyallohu anhumdir. Sa’d ibn Abu Vaqqos, Abdulloh ibn Mas’ud, Abu Muso Ash’ariy, Abu Hurayra, Muoz ibn Jabal, Ubay ibn Ka’b, Abu Zarr G‘iforiy, Abu Dardo, hazrat Oisha roziyallohu anhum kabi sahobiylar Qur’onni yod olishgan.
Imom Buxoriy, Ibn Sino, Amur Temur kabi ulug‘ ajdodlarimiz, buyuk allomalarimiz Qur’oni karimni juda yoshliklaridayoq yod olganlar.
Hofiz faqat Qur’oni karim lafzini hofizasiga olib, yodlagan bo‘lishi emas, balki uning ma’nosini qalbiga jo qilgan, hukmlarini muhofaza etgan, uni yaxshi ko‘rgan, buyruqlariga itoat etib, qaytariqlaridan qaytgan bo‘lishi kerak. Qur’onni unutgan, Qur’onga amal etmasdan, dunyoning zeb-ziynatlariga aldangan insonni Qur’on ham unutadi va Mahshar kuni unga juda og‘ir bo‘ladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ummatimning eng sharaflisi Qur’oni karimni yod olganlardir”, deganlar.
Hazrat Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan kelgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qur’oni karim ahli (ya’ni, uni o‘qigan va unga amal qilgan insonlar) jannatga kirishi bilan “O‘qi va yuksal!” deyiladi. U esa o‘qib, yuksaladi. Har oyat uchun bir daraja beriladi. Shu usulda u bilgan oyatlarini oxirigacha o‘qiydi (va har biri uchun bir daraja yuksaladi)”, deganlar.
Muoz ibn Juhayniy roziyallohu anhudan keltirilgan rivoyatga ko‘ra, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Qur’oni karimni yodlab, unga amal qilsa, qiyomat kunida uning ota va onasiga bir toj kiydiriladi. U tojning ziyosi dunyoda uylardagi quyosh nuridan ham porloq”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Buyuk valiylardan biri Sufyoni Savriy “Kishi Qur’oni karimni o‘qigan paytda farishta uning ikki ko‘zi orasidan o‘padi. Ya’ni, o‘quvchiga hurmat va o‘qiganiga ta’zim uchun farishtalar Odam bolasidan Qur’oni karimni tinglashga ziyoda oshiqdir”, degan (“Ihyou ulumid din”dan).
﴿إِنَّ الَّذِينَ يَتْلُونَ كِتَابَ اللَّهِ وَأَقَامُوا الصَّلَاةَ وَأَنْفَقُوا مِمَّا رَزَقْنَاهُمْ سِرًّا وَعَلَانِيَةً يَرْجُونَ تِجَارَةً لَنْ تَبُورَ لِيُوَفِّيَهُمْ أُجُورَهُمْ وَيَزِيدَهُمْ مِنْ فَضْلِهِ إِنَّهُ غَفُورٌ شَكُورٌ﴾
«Allohning Kitobini tilovat qiladigan, namozni barkamol ado etadigan va Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan maxfiy va oshkora ehson qiladigan zotlar sira kasod bo‘lmaydigan tijoratdan (ajru savob bo‘lishidan) umidvordirlar. Zero, (Alloh) ularning ajrlarini komil qilib berur va O‘z fazlini ularga yanada ziyoda qilur. Albatta, U mag‘firatli va o‘ta shukur qiluvchidir» (Fotir surasii, 29-30).
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qur’onni o‘qigan va unga mohir bo‘lgan qorilar ulug‘ va mukarram farishtalar bilan birga bo‘ladi, Qur’onni tutilib-tutilib o‘qigan va qiroat unga mashaqqatli bo‘lgan kishi uchun ikki ajr bordir”, dedilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo bu Kitob (Qur’on) bilan ba’zi qavmlarning darajasini ko‘taradi va ba’zi qavmlarning darajasini tushiradi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Abu Umoma Bohiliy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qur’on o‘qinglar, zero u qiyomat kunida o‘z egalari uchun shafoatchi bo‘lib keladi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Faqat ikki narsada hasad (havas ma’nosida) qilish joiz: Alloh unga Qur’onni ato qilgan bo‘lib, kechayu kunduz uning tilovati bilan mashg‘ul bo‘ladigan kishiga va Alloh taolo unga mol dunyo ato qilgan bo‘lib, kechayu kunduz uni infoq qiladigan kishiga”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Alloh taoloning Kitobidan bir harf o‘qisa, buning barobariga u kishi uchun bir yaxshilik berilur. Alif, lam, mimni bir harf deb aytmayman . Balki alif bir harf, lom bir harf va mim bir harfdir”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bunday deganlari rivoyat qilinadi: “Alloh taolo aytadi: “Kimni Qur’on o‘qish va mening zikrim uni boshqa narsalarni so‘rashdan to‘sib qo‘ysa, men unga so‘raganlarga berganimdan ko‘ra ko‘prog‘ini beraman. Alloh taolo kalomining boshqa kalomlarga nisbatan fazli Alloh taoloning bandalarga nisbatan fazli kabidir” (Imom Termiziy rivoyati).
Ibn Abbos roziyallohu anhumo rivoyat qiladilar: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: “Qalbida Qur’ondan hech narsa bo‘lmagan inson xaroba uy kabidir” (Imom Termiziy rivoyati).
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Qur’on o‘qinglar zero, Alloh taolo Qur’onni yod olgan qalbni azoblamaydi. Albatta, bu Qur’on Alloh taoloning ziyofatidir. Kim unga tashrif buyursa, omonda bo‘ladi. Kimki Qur’onni yaxshi ko‘rsa, bas, u quvonsin”, dedilar (Imom Dorimiy rivoyati).
Abdulhamid ibn Hammoniy aytadilar: “Men Sufyon Savriydan: “Siz uchun g‘azot qiladigan kishi suyuklimi yoki Qur’on o‘qiydigan kishimi?”, deb so‘radim. Shunda u zot: “Qur’on o‘qiydigan kishi. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarning yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganib, uni (boshqalarga) o‘rgatganlaringizdir”, deb javob berdilar.
Oisha roziyallohu anho onamizdan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qur’on (qiroati)ga mohir kishi itoatkor ulug‘ farishtalar bilandir. Qur’onni tilovat qilib (tili) duduqlangan va bu unga mashaqqat bo‘lgan kishi uchun ikki ajr bordir”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Qur’oni karim tunlari bedor bo‘lib qiroat qilib chiqqan kishini Qiyomat kunida shafoat qiladi. Bu haqda Payg‘ambarmiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Qur’on va ro‘za Qiyomat kuni bandani shafoat qiladi. Ro‘za: “Ey Robbim, men (bandangni) kunduzlari taom va o‘zi qattiq xohlab turgan narsalardan to‘sdim, meni unga shafoatchi qilgin”, deb aytadi. Qur’on: “Robbim, men uni tunlari uyqudan qo‘ydim, meni unga shafoatchi qilgin”, deydi va ikkisi bandani shafoat qiladi”.