Tobeinning ta’rifi:
“Tobe’una” lug‘atda, “tobe’iyyu” yoki “tobe’un” bo‘lgan ismi foilning jamidir. U “tabi’a” fe’lidan olingan bo‘lib, o‘zbekchada “ergashdi”, “orqasidan yurdi” degan ma’nolarni ifodalaydi.
Istilohda esa, musulmon holida sahobaga uchrashib, musulmon holida vafot etgan kishiga “tobe’iy” aytiladi [1]. Ba’zilar esa, “u sahobaga hamroh bo‘lgan kishidir” [2], deb ta’rif berishgan [3].
Ba’zilar esa, “Mo‘min bo‘lgan holida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari bilan suhbatlashgan kishi tobe’indir” [4], deyishgan [5].
Bu ilmning foydalari:
“Tobeinlarni tanish” ilmining foydasi juda ko‘pdir. Inson bu ilmga beetibor bo‘lsa, sahoba bilan tobeinni va tobein bilan taba’ tobeinning o‘rtasini ajrata olmaydi. Shuningdek, bu ilmning foydalaridan yana biri “muttasil hadis” bilan “mursal hadis”ni ajratib olishdir.
Tobeinlarning tabaqalari:
Tobeinlarning tabaqalarining adadi haqida ixtilof qilingan. Ulamolar ularning tabaqalarini o‘z qarashlariga, ijtihodlariga ko‘ra taqsim qilishgan:
A). Ularning eng birinchi tabaqasi – Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jannat bashoratini bergan o‘nta sahobalarga uchrashgan tobeinlar bo‘lib, bunga Qays ibn Abu Horim rohimahullohni misol qilish mumkin. U kishi ularning barchasidan hadis eshitgan va rivoyat qilgan. Tobeinlar orasida undan boshqa birorta tobein bu o‘nta sahobaning hammasidan hadis rivoyat qilmagan.
B). Ularning eng oxirgi tabaqasi – Basra ahlidan Anas ibn Molik roziyallohu anhuga, Madina ahlidan Soib ibn Yaziyd va Abdulloh ibn Abu Avfo roziyallohu anhumolarga uchrashgan kishilardir. Bu sahobalar eng oxirgi vafot etgan sahoba bo‘lishgan [6].
Abu Hanifa rahimahulloh ham sahih so‘zga ko‘ra shu tabaqadan bo‘lgan.
Ilm kitoblarida keng tarqagan tobeinlarning uch tabaqasi quyidagilardir:
Eng avval vafot etgan tobe’in – Abu Zayd Ma’mar ibn Yaziyd (30-hijriy sanada o‘ldirilgan).
Eng oxirgi vafot etgan tobein – Xolf ibn Xoliyfa (180-hijriy sanada qazo qilgan) [8].
Yetti faqih bo‘lgan tobe’inlar:
Katta tobe’inlardan yetti faqih bo‘lib tanilgan kishilar quyidagilardir:
Sa’iyd ibn Musayyab, Qosim ibn Muhammad, Urva ibn Zubayr, Xorija ibn Zayd, Abu Salama ibn Abdurrohman, Ubaydulloh ibn Abdulloh ibn Utba va Sulaymon ibn Yasor.
Muxozramning ta’rifi:
Muxozram, lug‘atda “xozrama”, fe’lining ismi maf’uli bo‘lib, “ikki davrda yashagan”, degan ma’noni ifodalaydi.
Istilohda, u johiliyat va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zamonida ham yashab, musulmon bo‘lib, u zotni ko‘rmagan yoki mushrik bo‘lgan holida u zotni ko‘rgan bo‘lib, keyinroq musulmon bo‘lgan kishidir. Chunki, mushrik holida Rasulullohni ko‘rishligi e’tiborga olinmaydi [9].
Muxozramlarning hukmi:
Ba’zilar ularni sahobalardan deyishgan. Sahih gapga ko‘ra ular tobeinlardan sanaladi, ularning Rasulullohdan rivoyat qilgan hadislari mursal hadis deyiladi.
Muxozramlar haqida faqat Imom Muslim ibn Hajjoj (261-hijriyda vafot etgan) va Imom Burhoniddin Ibrohim ibn Muhammad al-A’jamiy (841-hijriyda vafot etgan) tomonidan muhozramlar haqida alohida kitob yozilgandir. Imom Muslimning bu kitobi haqida Imom Navaviy rahimahulloh Sahihi Muslimga bo‘lgan sharhida, uning kitoblarini zikr qilib, “Kitabul muxozromiyn”[10] ni ham zikr qilgan. Ibrohim ibn Muhammadning kitobi “Tazkirotut tolibi al-mu’allama liman yuqolu annahu muxozram” nomli bo‘lib, u nashr qilingandir.[11]
Tobeinlarning eng afzali:
Tobeinlarning eng afzallari haqida ulamolar o‘rtasida bir necha fikrlar bayon qilingan. Bu so‘zlarning eng mashhuri tobeinlarning eng afzali – Sa’iyd ibn Musayyab hisoblanadi, deyilganidir.
Abu Abdulloh Muhammad ibn Xofiyf Sheroziy bunday degan:
Tobe’in ayollarning eng afzali:
Abu Bakr ibn Abu Dovud bunday degan: “Tobein ayollarning sayyidalari Hafsa binti Siyriyn va Amro binti Abdurrahman va ulardan keyin (kichik) Ummu Dardodir”.
Tobeinlarning tanish borasidagi yozilgan eng mashhur kitob – Abu Mutorrif ibn Futoys Andalusiyning “Ma’rifatut tobe’iyn” kitobidir.
Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi Shokirjon MADAMINOV manbalar asosida tayorladi.
[1] Nuxba, 58-bet.
[2] Al-Kifoya, 22-bet
[3] Taysiru mustalahul hadis, 247-bet.
[4] Ma’rifatu ulumul hadis, 42-sahifa.
[5] “Mu’jamul mustalahotul hadiysiyya”, Sayyid Abdul majid al-G‘ovriy.202-sahifa.
[6] Manhajun naqd fi ulumil hadis, 148-sahifa.
[7] Manhajun naqd fi ulumil hadis, 148-sahifa.
[8] Mu’jamul mustalahotul hadiysiyya”, Sayyid Abdul majid al-G‘ovriy.203-sahifa.
[9] Mu’jamul mustalahotul hadiysiyya, Sayyid Abdul majid al-G‘ovriy.203-sahifa.
[10] Sharhun Navaviy ala Sahihi Muslim, 1/10. Tahziybul Asmo, Navaviy 2/397. Siyaru A’lamun Nubalo, 12/397.
[11] Mu’jamul mustalahotul hadiysiyya, Sayyid Abdul majid al-G‘ovriy.682-sahifa.
Bir kuni Fath ibn Xoqon xalifa Mutavakkilning huzuriga kirdi. Xalifa jim o‘tarar va bir narsa haqida chuqur o‘ylardi. Fath bu jimlikni buzib: “Nimalar haqida o‘ylayapsiz, ey mo‘minlar amiri?” – deya so‘radi. Xalifa: “Men yer yuzida turmushi eng farovon kishi kim ekan?” deb o‘ylayotgan edim”, dedi. Fath bo‘lsa: “Dunyoda eng faravon hayot kechirayotgan kishi siz-da! Allohga qasamki, u – sizsiz!” – dedi. Xalifa: “Yo‘q! Men emas. Keng hovlisi, soliha ayoli, qobil farzandlari va yetarli rizqi bo‘lgan kishi – hayoti eng faravon odamdir”, dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham: “To‘rt narsa baxtning belgisidir: soliha ayol, keng turar-joy, solih qo‘shni, yaxshi ulov. To‘rt narsa esa badbaxtlik belgisidir – yomon xotin, yomon qo‘shni, chatoq ulov, tor xonadon”, deganlar.
Ba’zilar baxtni mashhurlikda, molu davlatga ega bo‘lishda deb biladilar. Bu dunyoda Allohning muxlis bandalarigina his qiladigan saodat ta’mini totish baxtiga musharraf bo‘lmagan holda yashab o‘tadilar.
Oriflardan biri: “Podshohlar bizda qandayin baxt borligini bilganlarida edi, unga yetishish uchun bizga qarshi qilich ko‘tarib jang qilishardi”, deydi.
G‘alaba bilan saodat orasida katta farq bor. G‘alaba bu – o‘zingiz istab turganning ustidan zafar qozonish bo‘lsa, nening ustidan g‘olib bo‘lsangiz, u sizning xohishingizga mansub bo‘lmog‘i chin saodatdir.
Oskar Uayld[1]ning shunday gapi bor: “Baxt faqatgina unga bir nechta kishilar bilan birga yetishsang haqiqiy bo‘ladi. Og‘riq, azob ham faqatgina bir o‘zingning boshingga tushsa alamli bo‘ladi. Saodat – boshqa kishilarni baxtli qilishdir”.
Olmon fizigi Maks Plank: “Saodatni muhofaza qilish uchun uni boshqalar bilan bo‘lishishing kerak”, degan.
G‘arb mutafakkirlaridan yana biri: “Tajribamdan o‘tgan narsa shuki, eng buyuk baxt – yaxshilikni yashirincha qilganimdan keyin kutilmaganda bu yaxshiligim odamlar qulog‘iga yetib borishini ko‘rishim”, degan edi.
Ingliz yozuvchisi Uilyam Somerset Moem[2]: “Biz ulg‘ayib borarkanmiz saodat – olishda deb o‘ylardik, keyinchalik bildikki, baxt – berishda ekan”, deydi.
Baxt – boshqalarga tortiq qilish va yaxshi ishlarni amalga oshirishda mujassam. Baxt birovdan narsa olish va o‘zganing qo‘liga qarashda emas.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] To‘liq ismi: Oskar Fingal O’Flaerti Uills Uayld. 1854 yilda Dublin shahrida tug‘ilgan. Shoir, dramaturg, ssenarist. 1900 yil 30 noyabrda 46 yoshida Parijda vafot etgan.
[2] 1874 yil 25 yanvarda Fransiyada tug‘ilgan. 1965 yil16 dekabrda Nitssa shahrida vafot etgan. 1897 yilda chop etilgan “Lambetlik Liza” romani bilan mashhur bo‘lgan.