Bismillahir rohmanir rohim
Alhamdulillahi robbil a’lamin. Allohumma solli ala sayyidina Muhammad va a’la a’lihi va as’habihi ajma’iyn.
Shariatimiz doimo mutaassiblikka qarshi bo‘lib, uning asl manbalari bo‘lgan Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflarda bu bid’at ish juda qattiq qoralangan.
Mutaassiblik – biron e’tiqodga yoki dunyoqarashga o‘ta berilganlik, o‘z fikrida qat’iy turib olib, boshqalarning fikrini inobatga olmaslik hamda inkor qilish va hamisha o‘zini haq deb bilishdir. Hozirgi zamon tili bilan buni «fanatizm» ham deyiladi.
«Kashshofu istilohotil funun» kitobida: «Mutaassiblik – garchi dalil ko‘rinib turgan bo‘lsa ham, bir tomonga moyillik tufayli haqni rad etishdir», deb ta’riflangan. Ulamolardan Alloma Taftazoniy: «Mutaassiblik – haq zohir bo‘lsa ham uni tan olmaslikdir», deb aytgan. Shayx Alovuddin Buxoriy: «Dalil zohir bo‘lganda, aqidasi haqni tan olishdan to‘sadigan kishi mutaassib hisoblanadi», deb ta’rif bergan. Sodrush shari’a Ubaydulloh ibn Mas’ud al-Mahbubiy esa: «Bilingki, bid’at ikki ishning biridan paydo bo‘ladi; birinchisi mutaassiblikdan, ikkinchisi ahmoqlikdan. Bir inson aqli joyida bo‘lgan holida qalbidagi aqidasi buzuq bo‘lgani bois haqni tan olmasdan katta ketsa, ana shu kimsa mutaassib bo‘ladi», deb aytgan ekan.
Alloh taolo bunday kimsalarga tahdid qilib Niso surasining 15-oyatida:
ومن يشاقق الرسول من بعد ما تبين له الهدى ويتبع غير سبيل المؤمنين نوله ما تولى ونصله جهنم وساءت مصيرا
«Kim o‘ziga hidoyat ravshan bo‘lgandan keyin Payg‘ambarga xilof qilsa
va mo‘minlarning yo‘lidan boshqa yo‘lga yursa, ketgan tomonga qo‘yib qo‘yamiz va jahannamga kiritamiz. U qandoq ham yomon joy!», deb aytgan.
Xulosa qilib aytganda inson mutaassiblik illatidan saqlanishi bu ayni islom dinida sobit bo‘lishi demakdir. Alloh taolo barchamizni bunday illatlardan asrasin.
SALIMXON JAMOLIDDINOV
Mir Arab oliy madrasasi 2-bosqich talabasi
O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini hayotga tatbiq etish, milliy va diniy merosni chuqur o‘rganish hamda ma’naviy-ma’rifiy bilimlarni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar doirasida Farg‘ona, Qashqadaryo va boshqa hududlardan kelgan imom-xatiblar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldilar. Ular Markazdagi muzey ekspozitsiyalari, noyob qo‘lyozmalar, Renessans davrlariga bag‘ishlangan bo‘limlar va zamonaviy interaktiv yechimlar bilan tanishib, ushbu maskanni ilm, ta’lim va ma’naviyatni uyg‘unlashtirgan muhim milliy platforma sifatida baholadilar, xabar bermoqda iccu.uz.
Farg‘ona viloyati Buvayda tumani «Katta mahalla» masjidi imom-xatibi Rahmatulloh G‘oyibnazarov Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur Markazni yosh avlod uchun muhim ma’rifat maskani sifatida baholadi.
«Bu yerda Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy meros va mamlakatimiz taraqqiyoti haqidagi ekspozitsiyalarni ko‘rib katta taassurot oldik. Bu yerga kelgan har bir inson o‘z tarixini chuqurroq anglaydi, yoshlar esa ilmga va vatanparvarlikka yanada ko‘proq intiladi. Bu yerda olgan bilim va taassurotlarimizni xalqimizga yetkazishni o‘zimizga vazifa deb bilamiz», — dedi u.
Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani bosh imom-xatibi, «Muborak» jome masjidi imom-xatibi Otabek Xolmurodov Markaz kutubxonasida ilmiy izlanishlar uchun yaratilgan sharoitlarga e’tibor qaratdi.
Uning ta’kidlashicha, elektron kitoblar fondi, Brayl alifbosidagi adabiyotlar, maxsus tadqiqot xonalari va noyob manbalarning bir joyda jamlangani Markazni nafaqat muzey, balki keng qamrovli ilmiy resurs markaziga aylantirgan.
«Bu kutubxona ilmiy izlanish bilan shug‘ullanuvchilar uchun haqiqiy bilim maskani ekan. Bu yerda yaratilgan sharoitlar ilm ahlini yanada ko‘proq izlanishga undaydi. Biz bu imkoniyatlar haqida yoshlarimizga albatta targ‘ibot olib boramiz», — dedi u.
Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani bosh imom-xatibi Ahmadxon Nizomov esa Markazning ilmiy konsepsiyasiga alohida to‘xtaldi.
Uning fikricha, har bir ekspozitsiya ortida keng ko‘lamli tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar mujassam bo‘lib, bu yerdagi interaktiv muhit tashrif buyuruvchilarni faqat tomoshabin emas, balki izlanuvchiga aylantiradi.
«Bu yerga bir marta kelib barchasini to‘liq anglash qiyin. Har bir ekspozitsiya ortida katta ilmiy mehnat mujassam. Ayniqsa, allomalarimiz merosi, tadqiqot markazlari va interaktiv imkoniyatlar insonni yanada chuqur izlanishga chorlaydi. Bu maskan kelajak avlod uchun ulkan ma’naviy boylik va Yangi O‘zbekistonning ilm-fan taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim poydevordir», — dedi u.
Tashrif yakunida ishtirokchilar Markazda jamlangan boy ilmiy va madaniy meros, raqamli ekspozitsiyalar hamda ta’lim imkoniyatlarini keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish Uchinchi Renessans g‘oyalarini hayotga tatbiq etish, milliy o‘zlikni anglash va ilmiy merosga qiziqishni yanada kuchaytirishga xizmat qilishini qayd etdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati