O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim markazi, Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda joriy yilning may oyi davomida “Hadislar bilimdoni” ko‘rik-tanlovini o‘tkaziladi.
Tanlovning asosiy maqsadi – islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib beradigan, insonlarni ezgulik, mehr-oqibat va hamjihatlik yo‘lida birlashishga da’vat etadigan g‘oyalarni o‘zida mujassam etgan hadislarni yoshlarning barcha qatlamlarida keng targ‘ib qilishdan iborat.
Tanlovda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy ta’lim muassasalari talabalari, yosh imom-xatiblar hamda hadis ilmiga qiziqishi bo‘lgan 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar ishtirok etishlari mumkin.
Tanlovda ishtirok etish istagida bo‘lgan fuqarolar 2018 yilning 26 aprel kuniga qadar O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi qoziyoti, Toshkent shahri va viloyatlar vakilliklarida ro‘yxatga olinadi.
Tanlovning birinchi bosqichi 2018 yilning 1-5 may kunlari davomida viloyatlar kesimida o‘tkaziladi.
Tanlovda ishtirok etish shartlari:
Tanlovda diniy ta’lim muassasalari talabalari, yosh imom-xatiblar hamda hadis ilmiga qiziqishi bo‘lgan kamida 40 ta hadisni (arabcha matni bilan) yoddan bilgan 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar ishtirok etishlari mumkin.
Tanlov uchta shartdan iborat:
– Imom Buxoriy va Imom Termiziyning hayoti va ilmiy faoliyatini yoritib berish;
– Berilgan hadisni sharhlab berish (hadisni tarjima qilish va undan olinadigan foydalarini bayon qilish);
– Hadisni arab tilidagi matnini roviylari bilan yoddan aytib (berilgan boblar bo‘yicha bittadan hadis aytish) berish.
Ishtirokchilardan quyidagi hujjatlar talab etiladi:
– Pasport yoki tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma nusxasi,
– Turar-joydan ma’lumotnoma,
– 2 dona 3x4 shaklda fotosurat.
O‘MI Matbuot xizmati