Xushu’ va Qur’on tilovat qila turib yig‘lash
«Xushu’» arabcha so‘z bo‘lib, «qo‘rqish, o‘zini past olish, ovozini pasaytirish» ma’nolarini anglatadi. Odatda bu so‘z namozga nisbatan ishlatiladi, lekin boshqa ibodatlardagi ixlosni ifodalashda ham qo‘llaniladi. Qiroatdagi xushu’ esa, ixlos bilan o‘zini kamtar olib, chin dildan tadabbur bilan tilovat qilishdir.
Qur’on odoblaridan yana biri qiroat asnosida qalbning qayg‘uli bo‘lishi (yig‘lashi)dir. Alloh taolo aytadi: «Agar Biz ushbu Qur’onni biror tog‘ga nozil qilganimizda, albatta, siz u (tog‘)ni Allohning qo‘rquvidan egilib-yorilib ketgan holida ko‘rgan bo‘lur edingiz. (Lekin ayrim insonlarning dillari tog‘ning toshidan ham kattiqroq bo‘lgani sababli ularga Qur’on oyatlari ham ta’sir qilmas). Biz bu misollarni odamlar uchun, shoyad ular tafakkur qilsalar, deb keltirmoqdamiz» (“Hashr” surasi, 21-oyat).
Yana bir oyati karimada Alloh taolo aytadi: «Iymon keltirgan zotlar uchun Allohning zikri sababli va nozil bo‘lgan Haq – Qur’on (tilovat qilinishi) sababli qalblari erib, qo‘rqish (vaqti) kelmadimi? (Shuningdek, ular uchun) ilgari Kitob ato etilgan, so‘ng (ular bilan payg‘ambarlar o‘rtasidagi) muddat uzaygach, dillari qotib ketgan kimsalar (ya’ni, yahudiy va nasroniylar) kabi bo‘lib qolmaslik (vaqti kelmadimi)?! Ular (ya’ni, yahudiy va nasroniylar)dan ko‘plari fosiq-itoatsizdirlar» (“Hadid” surasi, 16-oyat).
Ushbu oyati karimada mo‘minlar sifatlanishi lozim bo‘lgan ikki fazilat haqida so‘z bormoqda: Alloh taoloning nomi zikr qilinganida va Qur’on tilovat qilinganida haqiqiy mo‘minning dili eriydi, qalbi qo‘rquvga tushadi va ko‘zlariga yosh keladi. Toshbag‘irlik va Allohning amriga itoatsizlik fosiqlarning xulqlaridandir.
Oyatning davomida Alloh taolo shunday marhamat qiladi: «(Ey mo‘minlar), bilinglarki, albatta, Alloh o‘lgan yerni tiriltirur» ((“Hadid” surasi, 17-oyat)
Ya’ni, Alloh qurib-qaqshab yotgan yerni yomg‘ir suvi bilan tiriltirgani kabi, sizlarning dillaringizni ham O‘zining zikri va Qur’on tilovati bilan yumshatadi.
Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar: «Qur’onni tilovat qilinglar va (bu bilan) ko‘zlaringiz namlansin. Agar yig‘lay olmasangiz, yig‘ini o‘zingizga lozim tuting» (Ibn Moja rivoyati, sanadi hasan).
Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: «Agar qiroat qilingan paytda ko‘zlaringiz yig‘lamasa, qalbingiz yig‘lasin. Qalbning yig‘isi g‘amginlik va Alloh taoloning azamatidan qo‘rqib turishidir».
Yig‘lashni o‘ziga lozim tutishning usullaridan biri qalbga g‘am-qayg‘u tushishidir. O‘sha g‘am-qayg‘u yig‘lashga, ko‘zdan yosh chiqishiga sabab bo‘ladi. Buning uchun o‘qilayotgan oyatlardagi tahdid (ogohlantirish), va’id (qo‘rqitish), amr va qaytariqlarni tafakkur qilib, so‘ngra o‘sha amallarda noqislikka yoki sustkashlikka yo‘l qo‘yayotganini o‘ylashi lozim. Shunda ham ko‘zi yoshlanmasa, sof qalb egalari kabi bo‘la olmagani, Allohning kalomi tilovat qilinganida yig‘lay olmagani uchun yig‘lasin.
Qur’onni oyatlar ma’nosiga mos holda o‘qish
Kishini tadabbur qilishga undaydigan sabablardan yana biri o‘qiyotgan oyatlarning ma’nolarini anglab yetish, qalbi sokin, o‘zi hushyor bo‘lib, xayoli faqatgina qiroatda bo‘lishidir. Agar qalb talaffuz qilinayotgan so‘z yoki jumlalarning ma’nolarini tafakkur qilish va aniq qaytariqlarini anglab yetish bilan mashg‘ul bo‘lsa, qiroatning ta’sirchanligi ortadi. Agar qori o‘qiyotgan oyatlarida zikr qilingan amr-buyruqlarni bajarishda noqislikka yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, Allohga istig‘for aytadi. Agar rahmat oyatini o‘qisa, xursand bo‘ladi va Alloh taolodan yaxshiliklar so‘rab duo qiladi. Agar jahannam va uning azoblari haqidagi oyatlarni o‘qisa, qalbi qo‘rquvga tushadi va panoh so‘raydi. Agarda Allohning ulug‘ligi, ayb-nuqsonlardan pok ekani ta’kidlangan oyatlarni o‘qisa, duo-iltijo qilib, Allohga tasbeh va sanolar aytadi.
Xuzayfa roziyallohu anhu aytadilar: «Bir kuni kechasi Nabiy sollallohu alayhi va hsallam bilan namoz o‘qidim. U kishi «Baqara»ni boshladilar va o‘qib tugatdilar. So‘ngra «Oli Imron»ni boshladilar va uni ham o‘qidilar. Keyin «Niso» surasini oxirigacha o‘qidilar. Ushbu suralarni birin-ketin shoshmay tilovat qildilar. Agar tasbeh zikr qilingan oyatdan o‘tsalar, tasbeh aytar, agar duo oyatidan o‘tsalar, duo qilar, agar panoh so‘rash oyatidan o‘tsalar, (barcha yomonliklardan Allohning) panoh berishini so‘rar edilar» (Imom Muslim rivoyati).
Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: «Agar Nabiy sollallohu alayhi vasallam «Sabbihisma robbikal a’la…» (A’lo surasi)ni o‘qisalar, uning ketidan: «Subhana robbiyal a’la», deb aytardilar» (Imom Ahmad va Abu Dovud rivoyati).
Agar Qur’on o‘quvchi mo‘minlarga ilohiy nido bo‘lgan «Ey iymon keltirganlar…» oyatidan o‘tsa, o‘sha yerda to‘xtab, Allohning amriga quloq tutadi. Ba’zilar ushbu nidodan so‘ng: «Labbayka robbiy va sa’dayka» (Ey Rabbim, men sening toatingdaman va amringga muntazirman) deb aytar, so‘ngra Alloh nimaga buyurib, qanday amallardan qaytarishini tafakkur qilar va qalban tasdiqlab, o‘z hayotlarida bunga og‘ishmay amal qilar edilar. Kishi shunday qilsa, Qur’onni to‘liq tartil qilgan bo‘ladi. Agar o‘qiyotgan oyatlarning ma’nolarini bilmay qolsa, uni biladiganlardan so‘rab oladi. Toki Allohning kalomini to‘g‘ri tushunib, unga chiroyli amal qilsin.
Agar o‘qilayotgan oyatda Alloh taolo o‘tgan qavmlarning qissalaridan xabar berayotgan bo‘lsa, ulardan o‘ziga ibrat olsin. Alloh ularga qanday hukm qilganini bilib, azobga giriftor bo‘lgan kofir – noshukr qavmlarning yo‘lidan saqlansin. Doimo Allohga shukr qilib, Uning toatida bo‘lsin. Agar o‘qilayotgan oyatda va’id (qo‘rqitish-ogohlantirish) kelgan bo‘lsa, qalbiga nazar solsin. Agar nahiy qilinayotgan biror illat topilsa, undan voz kechsin. Agar rajo (umidbaxsh) oyatlarni tilovat qilsa, Allohning rahmatidan noumid bo‘lmasin. Xavf oyatidan o‘tganda Alloh osiy bandalarni azoblashini fikr qilsin, toki uning qalbidagi xavf va rajo bir-biriga mutanosib bo‘lsin. Xuddi mana shu komil iymon belgisidir. Agar pand-nasihatlardan iborat bo‘lgan oyatlarni o‘qisa, ulardan o‘ziga o‘git olib, amal qilishga harakat qilsin. Agar yuqorida zikr qilinganlarni bajarsa, Qur’on odobi va haqlarini ado etgan bo‘ladi.
"Qur’oni karim fazilati va odoblari" kitobidan.
Muhammadsharif RUSTAMOV,
Marhamat tumani dagi “Ibrohim Halilulloh” masjidi imom-xatibi.
Manba: http://azon.uz
Adliya vazirligi Mikromoliya tashkiloti va bank faoliyatini o‘zgartirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi (ro‘yxat raqami 3656-1, 01.08.2026 y.), xabar bermoqda huquqiyaxborot Telegram kanali.
Mazkur idoraviy hujjat "O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida" 2026 yil 27 martdagi O‘RQ–1126-son Qonunga muvofiq ayrim kredit tashkilotlari faoliyatini o‘zgartirishning quyidagi tartib-taomillarini belgilaydi:
Shuningdek, o‘z faoliyatini faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi bankka o‘zgartirishga faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya banki haqli.
Mikromoliya bankini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va bank faoliyatiga doir tegishli litsenziya (litsenziyalar) olish uchun nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mikromoliya banki binolarida shaharsozlik normalari va qoidalarida belgilangan talablarga muvofiq qulay shart-sharoitlar yaratilganligi bo‘yicha Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining xulosasi mavjud bo‘lishi kerak.
Tashabbus Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan bo‘lib, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish iqtisodiyotga depozitlar va to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar ko‘rinishida taxminan 1 milliard dollar jalb qilishi mumkin. Mutaxassislarning prognozlariga ko‘ra, 2035 yilga borib O‘zbekiston ushbu tizim ishga tushirilgandan beri dunyoda islom moliyasining eng tez o‘sishini namoyish etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati