Sayt test holatida ishlamoqda!
05 Iyul, 2025   |   10 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:12
Quyosh
04:56
Peshin
12:33
Asr
17:42
Shom
20:03
Xufton
21:39
Bismillah
05 Iyul, 2025, 10 Muharram, 1447

Xushu’ va Qur’on tilovat qila turib yig‘lash

22.04.2018   11438   6 min.
Xushu’ va Qur’on tilovat qila turib yig‘lash

Xushu’ va Qur’on tilovat qila turib yig‘lash 

«Xushu’» arabcha so‘z bo‘lib, «qo‘rqish, o‘zini past olish, ovozini pasaytirish» ma’nolarini anglatadi. Odatda bu so‘z namozga nisbatan ishlatiladi, lekin boshqa ibodatlardagi ixlosni ifodalashda ham qo‘llaniladi. Qiroatdagi xushu’ esa, ixlos bilan o‘zini kamtar olib, chin dildan tadabbur bilan tilovat qilishdir.

Qur’on odoblaridan yana biri qiroat asnosida qalbning qayg‘uli bo‘lishi (yig‘lashi)dir. Alloh taolo aytadi: «Agar Biz ushbu Qur’onni biror tog‘ga nozil qilganimizda, albatta, siz u (tog‘)ni Allohning qo‘rquvidan egilib-yorilib ketgan holida ko‘rgan bo‘lur edingiz. (Lekin ayrim insonlarning dillari tog‘ning toshidan ham kattiqroq bo‘lgani sababli ularga Qur’on oyatlari ham ta’sir qilmas). Biz bu misollarni odamlar uchun, shoyad ular tafakkur qilsalar, deb keltirmoqdamiz» (“Hashr” surasi, 21-oyat).

Yana bir oyati karimada Alloh taolo aytadi:  «Iymon keltirgan zotlar uchun Allohning zikri sababli va nozil bo‘lgan Haq – Qur’on (tilovat qilinishi) sababli qalblari erib, qo‘rqish (vaqti) kelmadimi? (Shuningdek, ular uchun) ilgari Kitob ato etilgan, so‘ng (ular bilan payg‘ambarlar o‘rtasidagi) muddat uzaygach, dillari qotib ketgan kimsalar (ya’ni, yahudiy va nasroniylar) kabi bo‘lib qolmaslik (vaqti kelmadimi)?! Ular (ya’ni, yahudiy va nasroniylar)dan ko‘plari fosiq-itoatsizdirlar» (“Hadid” surasi, 16-oyat).

Ushbu oyati karimada mo‘minlar sifatlanishi lozim bo‘lgan ikki fazilat haqida so‘z bormoqda: Alloh taoloning nomi zikr qilinganida va Qur’on tilovat qilinganida haqiqiy mo‘minning dili eriydi, qalbi qo‘rquvga tushadi va ko‘zlariga yosh keladi. Toshbag‘irlik va Allohning amriga itoatsizlik fosiqlarning xulqlaridandir.

Oyatning davomida Alloh taolo shunday marhamat qiladi: «(Ey mo‘minlar), bilinglarki, albatta, Alloh o‘lgan yerni tiriltirur» ((“Hadid” surasi, 17-oyat)

Ya’ni, Alloh qurib-qaqshab yotgan yerni yomg‘ir suvi bilan tiriltirgani kabi, sizlarning dillaringizni ham O‘zining zikri va Qur’on tilovati bilan yumshatadi.

Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar: «Qur’onni tilovat qilinglar va (bu bilan) ko‘zlaringiz namlansin. Agar yig‘lay olmasangiz, yig‘ini o‘zingizga lozim tuting» (Ibn Moja rivoyati, sanadi hasan).

Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: «Agar qiroat qilingan paytda ko‘zlaringiz yig‘lamasa, qalbingiz yig‘lasin. Qalbning yig‘isi g‘amginlik va Alloh taoloning azamatidan qo‘rqib turishidir».

Yig‘lashni o‘ziga lozim tutishning usullaridan biri qalbga g‘am-qayg‘u tushishidir. O‘sha g‘am-qayg‘u yig‘lashga, ko‘zdan yosh chiqishiga sabab bo‘ladi. Buning uchun o‘qilayotgan oyatlardagi tahdid (ogohlantirish), va’id (qo‘rqitish), amr va qaytariqlarni tafakkur qilib, so‘ngra o‘sha amallarda noqislikka yoki sustkashlikka yo‘l qo‘yayotganini o‘ylashi lozim. Shunda ham ko‘zi yoshlanmasa, sof qalb egalari kabi bo‘la olmagani, Allohning kalomi tilovat qilinganida yig‘lay olmagani uchun yig‘lasin.

Qur’onni oyatlar ma’nosiga mos holda o‘qish

Kishini tadabbur qilishga undaydigan sabablardan yana biri o‘qiyotgan oyatlarning ma’nolarini anglab yetish, qalbi sokin, o‘zi hushyor bo‘lib, xayoli faqatgina qiroatda bo‘lishidir. Agar qalb talaffuz qilinayotgan so‘z yoki jumlalarning ma’nolarini tafakkur qilish va aniq qaytariqlarini anglab yetish bilan mashg‘ul bo‘lsa, qiroatning ta’sirchanligi ortadi. Agar qori o‘qiyotgan oyatlarida zikr qilingan amr-buyruqlarni bajarishda noqislikka yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, Allohga istig‘for aytadi. Agar rahmat oyatini o‘qisa, xursand bo‘ladi va Alloh taolodan yaxshiliklar so‘rab duo qiladi. Agar jahannam va uning azoblari haqidagi oyatlarni o‘qisa, qalbi qo‘rquvga tushadi va panoh so‘raydi. Agarda Allohning ulug‘ligi, ayb-nuqsonlardan pok ekani ta’kidlangan oyatlarni o‘qisa, duo-iltijo qilib, Allohga tasbeh va sanolar aytadi.

Xuzayfa roziyallohu anhu aytadilar: «Bir kuni kechasi Nabiy sollallohu alayhi va hsallam bilan namoz o‘qidim. U kishi «Baqara»ni boshladilar va o‘qib tugatdilar. So‘ngra «Oli Imron»ni boshladilar va uni ham o‘qidilar. Keyin «Niso» surasini oxirigacha o‘qidilar. Ushbu suralarni birin-ketin shoshmay tilovat qildilar. Agar tasbeh zikr qilingan oyatdan o‘tsalar, tasbeh aytar, agar duo oyatidan o‘tsalar, duo qilar, agar panoh so‘rash oyatidan o‘tsalar, (barcha yomonliklardan Allohning) panoh berishini so‘rar edilar» (Imom Muslim rivoyati).

Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: «Agar Nabiy sollallohu alayhi vasallam «Sabbihisma robbikal a’la…» (A’lo surasi)ni o‘qisalar, uning ketidan: «Subhana robbiyal a’la», deb aytardilar» (Imom Ahmad va Abu Dovud rivoyati).

Agar Qur’on o‘quvchi mo‘minlarga ilohiy nido bo‘lgan «Ey iymon keltirganlar…» oyatidan o‘tsa, o‘sha yerda to‘xtab, Allohning amriga quloq tutadi. Ba’zilar ushbu nidodan so‘ng: «Labbayka robbiy va sa’dayka» (Ey Rabbim, men sening toatingdaman va amringga muntazirman) deb aytar, so‘ngra Alloh nimaga buyurib, qanday amallardan qaytarishini tafakkur qilar va qalban tasdiqlab, o‘z hayotlarida bunga og‘ishmay amal qilar edilar. Kishi shunday qilsa, Qur’onni to‘liq tartil qilgan bo‘ladi. Agar o‘qiyotgan oyatlarning ma’nolarini bilmay qolsa, uni biladiganlardan so‘rab oladi. Toki Allohning kalomini to‘g‘ri tushunib, unga chiroyli amal qilsin.

Agar o‘qilayotgan oyatda Alloh taolo o‘tgan qavmlarning qissalaridan xabar berayotgan bo‘lsa, ulardan o‘ziga ibrat olsin. Alloh ularga qanday hukm qilganini bilib, azobga giriftor bo‘lgan kofir – noshukr qavmlarning yo‘lidan saqlansin. Doimo Allohga shukr qilib, Uning toatida bo‘lsin. Agar o‘qilayotgan oyatda va’id (qo‘rqitish-ogohlantirish) kelgan bo‘lsa, qalbiga nazar solsin. Agar nahiy qilinayotgan biror illat topilsa, undan voz kechsin. Agar rajo (umidbaxsh) oyatlarni tilovat qilsa, Allohning rahmatidan noumid bo‘lmasin. Xavf oyatidan o‘tganda Alloh osiy bandalarni azoblashini fikr qilsin, toki uning qalbidagi xavf va rajo bir-biriga mutanosib bo‘lsin. Xuddi mana shu komil iymon belgisidir. Agar pand-nasihatlardan iborat bo‘lgan oyatlarni o‘qisa, ulardan o‘ziga o‘git olib, amal qilishga harakat qilsin. Agar yuqorida zikr qilinganlarni bajarsa, Qur’on odobi va haqlarini ado etgan bo‘ladi.

"Qur’oni karim fazilati va odoblari" kitobidan.

 

Muhammadsharif RUSTAMOV,

Marhamat tumani dagi “Ibrohim Halilulloh” masjidi imom-xatibi.

Manba: http://azon.uz

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Mo‘tadillik - saodat

04.07.2025   1933   2 min.
Mo‘tadillik - saodat

Islom dini biror shaxs, guruh, mol-dunyoga nisbatan va obro‘-e’tibor topish uchun qilinadigan har qanday mutaassiblik va firqalarga bo‘linishni qoralaydi, tarafkashlikni johiliyat holatiga o‘xshatadi.

Mutaassiblikning turli ko‘rinishlari bor bo‘lib, ular kishining o‘zi, mol-dunyosi, farzandlari, millatini boshqalardan afzal bilib, bu yo‘lda ashaddiy ravishda kurashishi demakdir. Mo‘tabar manbalarimizda ota-bobolari va o‘zining nasabi bilan faxrlanish tuyg‘usi kishini do‘zaxga tortadi deb ta’kidlangan.

Mutaassiblik turlaridan biri bu diniy mutaassiblikdir. Diniy mutaassiblik deganda, ma’lum bir dinda asos bo‘lgan, ushbu din vakillari amal qiladigan ta’limot va qoidalarga qarshi chiqish, diniy tushunchalarni shariat ko‘rsatmalariga zid ravishda o‘zicha talqin qilib, boshqalarni unga ergashishga chorlash nazarda tutiladi. Diniy mutaassiblikning eng katta xatarlaridan biri bu, dinlararo muloqotga rahna solishdir.

Dinda mutaassibona harakat, dinda chuqur ketish, haddan oshish, Qur’on va Sunnatda kelgan ta’limotlarga zid ravishda o‘z fikriga ergashishni qattiq qoralanadi. Dinda haddan oshish deganda shariat belgilab qo‘ygan chegaradan chiqib ketish tushuniladi. Bu ish aqidada bo‘lsin, so‘z yoki amalda bo‘lsin, baribir. Bu borada Alloh taolo Baqara surasida  “Ushbular Allohning chegaralaridir. Bas, ulardan tajovuz qilmang. Va kim Allohning chegaralaridan tajovuz qilsa, bas, o‘shalar, ana o‘shalar, zolimlardir”, deb marhamat qiladi.

Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam: “Dinda haddan oshishdan ehtiyot bo‘linglar. Chunki, sizlardan oldin o‘tganlarni dinda haddan oshishlik halok qilgandir” deb uqtirganlar. 

Shunday ekan, bugungi kundagi ko‘plab muammolarning ildizi mutaassiblik va haddan oshish ekanligini hammamiz chuqur anglashimiz lozim. Xulosa o‘rnida, bu kabi muammolarning yechimi sifatida Faqih doktor Vahba Mustafo Zuhayliy janoblarining ushbu so‘zlarini keltirish bilan yakunlaymiz: “Islom mo‘tadil din bo‘lib haqiqatlardan birortasida chetga chiqishga yoki haddan oshishga yo‘l qo‘ymasligini anglatadi. Islomda va boshqa dinlarda dinda haddan oshish ham, e’tiqodda bir taraflama va g‘ayritabiiy bo‘lish ham, haddan tashqari qattiq olish ham, juda bo‘sh qo‘yib yuborish ham yo‘q…”. 

Alloh ta’olo barchamizni haq yo‘ldan adashtirmasin.

Kosonsoy tumani "Sodod" jome masjidi imom-xatibi

Bahodir Mirfayziyev

Manba: @Softalimotlar

MAQOLA