Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Iyul, 2025   |   15 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:17
Quyosh
04:59
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:02
Xufton
21:36
Bismillah
10 Iyul, 2025, 15 Muharram, 1447

Hayratlanarli xotimalar...

19.04.2018   3425   12 min.
Hayratlanarli xotimalar...

 وَعَسَى أَنْ تَكْرَهُوا شَيْئًا وَهُوَ خَيْرٌ لَكُمْ وَعَسَى أَنْ تُحِبُّوا شَيْئًا وَهُوَ شَرٌّ لَكُمْ وَاللَّهُ يَعْلَمُ

وَأَنْتُمْ لَا تَعْلَمُونَ

«Shoyadki yoqtirmagan narsangiz siz uchun yaxshi bo‘lsa. Va shoyadki yoqtirgan narsangiz siz uchun yomon bo‘lsa. Alloh biladi, siz bilmaysiz» (Baqara surasi 216-oyat).

Albatta, banda o‘z ishlarini barcha narsaning natijasini biluvchi zot Allohga topshirishi va unga ixtiyor etgan qazoi qadarga rozi bo‘lishi lozim.

Qur’oni Karimdagi qissalar va tarix sahifalarini varaqlagan yoki voqelikka teranroq nazar tashlagan kishi ko‘p ibrat va ma’no-mohiyatlarning guvohi bo‘ladi:

1) Bunga misol tariqasida, Muso alayhissalomning onalari o‘z farzandini dengizga tashlashlari haqidagi qissani keltirish mumkin.

Muso alayhissalomning onalari ko‘ngillariga Alloh taolo ilhom etgan buyruqni bajardilar. Go‘dakni sandiqqa solib, daryoga oqizib yubordilar.

«Bas, Fir’avn oilasi uni o‘zlariga dushman va g‘am-g‘ussa bo‘lishi uchun tutib oldilar. Albatta, Fir’avn, Homon va ikkovlarining askarlari xatokorlardan bo‘lgan edilar» (Qasas surasi 8 oyat).

Ichiga go‘dak Muso solingan sandiq daryodan oqib borib Fir’avn qasridagi boqqa kirdi. «Bas, Fir’avn oilasi uni o‘zlariga dushman va g‘am-g‘ussa bo‘lishi uchun tutib oldilar». Kelajakda Muso ulg‘ayib, Fir’avn oilasiga dushman va g‘am-g‘ussa bo‘lishini Alloh taolo iroda qilgan edi. Fir’avn dushman va g‘am-g‘ussadan qutulishning barcha chorasini ko‘rsa-da, Alloh O‘z irodasi ila dushman va g‘am-g‘ussani ularning ichlariga solib qo‘ydi. Muso hech narsaga, hatto o‘ziga kerak g‘izoni ham tanovul qila olmaydigan go‘dak holida dushmanning qoq o‘rtasiga kelib tushdi.

«Albatta, Fir’avn, Homon va ikkovlarining askarlari xatokorlardan bo‘lgan edilar». Ular xato ishni bila turib qilar edilar. Bunday odamlar hech narsadan qaytmaydilar. Shuning uchun ham Bani Isroilning yangi tug‘ilgan o‘g‘il bolalarini o‘ldirishdan ham qaytmadilar. Bunday odamlar huzurlariga daryoda oqib kelgan o‘g‘il bolani darhol o‘ldirishlari turgan gap edi. Shunday qilmoqchi bo‘ldilar ham. Ammo:

«Fir’avnning xotini: «(Bu bola) men uchun ham, sen uchun ham ko‘z quvonchidir. Uni o‘ldirmanglar. Shoyadki, u bizga foyda bersa yoki uni bola qilib olsak», dedi. Holbuki, ular sezmasdilar» (Qasas surasi 9 oyat).

Odatda, hech qachon yumshamaydigan Fir’avnni Alloh taolo eng nozik joyidan oldi. Uning xotinini ishga soldi. O‘sha xotinning qalbiga go‘dakning muhabbatini joyladi. Fir’avnning xotini: «(Bu bola) men uchun ham, sen uchun ham ko‘z quvonchidir», dedi. Juda ham istarasi issiq, murg‘ak go‘dak ekan, ko‘rgan odamning ko‘zi quvonadi, biz ham uni ko‘rib quvonib yuraylik, dedi.
«Uni o‘ldirmanglar», dedi. Tirik qolsin. Boqib, tarbiya qilib o‘stirsak, «Shoyadki, u bizga foyda bersa yoki uni bola qilib olsak», dedi». Boqib o‘stirganimizdan keyin u bizga foyda berishi mumkin, ehtimol, yaxshiroq bo‘lsa, o‘zimizga bola qilib olarmiz, dedi.

«Holbuki, ular sezmasdilar». Ular Musoni kelajakda o‘zlariga dushman va g‘am-g‘ussa bo‘lishini (xotinidan boshqasiga) sezmaydigan holatda edilar. Fir’avn xotinining gapi bilan go‘dak Musoni o‘ldirmay, boqib olishga qaror qildi.

Ushbu qissa haqida fikr yuritgan kishi biladiki, Muso alayhissalomning onalari ishning avvalida farzandlarini Fir’avnning qo‘liga tushib qolishidan qanchalar xavotirga tushdilar. Lekin natija yaxshilik bilan yakun topdi. Alloh taolo bejizga o‘zining kalomida,

وَأَنْتُمْ لَا تَعْلَمُونَ وَاللَّهُ يَعْلَمُ

«Alloh biladi, siz bilmaysiz». deb bayon qilmadi.

2) Yusuf alayhissalomning qissalarini mutolaa qilgan kishi Yusuf alayhissalom va otalari Ya’qub alayhissalom bilan bo‘lib o‘tgan voqeani boshida qanday iztirobli bo‘lib, nihoyasi naqadar go‘zal tugaganligining guvohi bo‘ladi.

Ushbu qissada Yusuf alayhissalomdan qutilish uchun uni quduqqa tashlashdi. Yo‘lovchilar quduqdan topib olgach, qul bozoriga olib chiqib sotishdi. Lekin Alloh aziz qilaman degan kishini hech kim xor qila olmaydi. Alloh Yusuf alayhissalomga Misr podshohini muhtoj qilib qo‘ydi va podshoh u kishini Misr azizi, ya’ni vazir etib tayinladi.

{وَقَالَ الْمَلِكُ ائْتُونِي بِهِ أَسْتَخْلِصْهُ لِنَفْسِي فَلَمَّا كَلَّمَهُ قَالَ إِنَّكَ الْيَوْمَ لَدَيْنَا مَكِينٌ أَمِينٌ}

Shoh: «Uni huzurimga keltiringiz, uni o‘zimga xos kishilardan qilib olay!» – dedi. U bilan so‘zlashgach (shoh): «Sen bugun(dan boshlab) bizning huzurimizda martabali va ishonchli (shaxs)dirsan», – dedi. (Yusuf surasi 54-oyat).

«Yusuf huzuriga kirgan chog‘larida u otasi va onasini o‘ziga yaqinlashtirdi va: «Allohning xohishi ila Misrga omonlikda kiringlar!» dedi» (Yusuf surasi 99-oyat).

Ya’ni, Yusuf alayhissalom ota-onasini o‘ziga xos ehtirom va izzat ila qarshiladilar. Ularga alohida muomalada bo‘ldilar. Izzat-ikromlarini joyiga qo‘ydilar. Hamda ular Misr yerida, o‘zlari bosh vazir bo‘lib turgan yurtda omonlikda ekanliklarini e’lon qildilar. So‘ngra:

«Ota-onasini taxtga ko‘tardi. Ular unga sajda qilib yiqildilar. U: «Ey otajon, bu avval ko‘rgan tushimning ta’biridir, Robbim uni haqqa aylantirdi. Darhaqiqat, U menga yaxshilik qildi. Meni qamoqdan chiqardi. Shayton men bilan akalarimning orasini buzgandan so‘ng, sizlarni biyobondan olib keldi. Albatta, Robbim nimani xohlasa, o‘shanga latifdir. Albatta, Uning O‘zi bilguvchi va hikmatli zotdir», dedi». (Yusuf surasi 100-oyat).

Bu oyati Karimada uzoq ayriliqdan so‘ng diydor topishib, so‘rashib bo‘lganlaridan keyingi holatlarning tasviri keltirilmoqda. Yusuf alayhissalom: «Ota-onasini taxtga ko‘tardi». Ya’ni, baland o‘rindiqqa o‘tqazdi. Ana shundan so‘ng: «Ular unga sajda qilib yiqildilar».

3) Xizr alayhissalom o‘ldirib qo‘ygan bolaning qissasi.

فَانْطَلَقَا حَتَّى إِذَا لَقِيَا غُلَامًا فَقَتَلَهُ قَالَ أَقَتَلْتَ نَفْسًا زَكِيَّةً بِغَيْرِ نَفْسٍ لَقَدْ جِئْتَ شَيْئًا نُكْرًا

«So‘ngra yana yo‘lga tushdilar. Borib bir bolani uchratganlarida (Xizr) uni qatl etdi. (Buni ko‘rgan Muso) dedi: «Hech kimni o‘ldirmagan bir begunoh jonni o‘ldirding-a?! Haqiqatan, (sen) xunuk ish qilding!»» (Kahf surasi 74-oyat).

Oyati Karimada bayon qilinishicha, Muso (alayhissalom)ning Xizr (alayhissalom)ga e’tiroz tarzida bergan savoli o‘rinli edi. Chunki norasida go‘dakni o‘ldirish Muso (alayhissalom)ning shariatida ham man etilgan edi.

Tafsir kitoblarida keltirilishicha, bolaning ismi Jaysur bo‘lib, u ota-onasining yolg‘izgina suyukli arzandasi edi. Ota-onasi uni yeru ko‘kka ishonmas, unga nisbatan muhabbatlari haddan tashqari edi. Biroq uning taqdirida “kofir bo‘lishi” yozilgan edi. Bu haqda Alloh taolo Xizr (alayhissalom)ni ogoh etgan edi. Chunki, Xizr (alayhissalom)ga Alloh taolo kelajakda bo‘ladigan ishlarni ham ilmini bildirgan bo‘lib, Muso (alayhissalom) bunday ilmga ega emas edilar. Muso (alayhissalom) Xizr (alayhissalom)ga hamroh bo‘lgan vaqtlarida u kishining bir qancha g‘ayrioddiy ishlar sodir etganlariga guvoh bo‘ldilar, biroq ularning haqiqatini anglab yetishga ilmlari yetmasdi. Shuning uchun ham Xizr (alayhissalom) Muso (alayhissalom)ga norasida bolani o‘ldirishining sababini aytib berishiga to‘g‘ri keldi.

قَالَ هَذَا فِرَاقُ بَيْنِي وَبَيْنِكَ سَأُنَبِّئُكَ بِتَأْوِيلِ مَا لَمْ تَسْتَطِعْ عَلَيْهِ صَبْرًا

U (Xizr) aytdi: «Mana shu sen bilan mening ajrashimizdir. Endi men seni sabr qilishga toqating yetmagan narsalarning ta’vili (sharhi)dan ogoh qilurman» (Kahf surasi 78-oyat).

وَأَمَّا الْغُلَامُ فَكَانَ أَبَوَاهُ مُؤْمِنَيْنِ فَخَشِينَا أَنْ يُرْهِقَهُمَا طُغْيَانًا وَكُفْرًا

«Haligi bolaning esa, ota-onasi mo‘min kishilar edi. Bas, biz u (bola) tug‘yon va kufr bilan ularni qiynab qo‘yishidan qo‘rqdik» (Kahf surasi 80-oyat).

Bir begunoh jonni o‘ldirish barcha payg‘ambarlarning shariatida ham harom qilingan. Ammo bu yerda Xizr (alayhissalom) tomonidan bu bolaning o‘ldirilishiga sabab, uning mo‘min bo‘lgan ota-onasining imonini saqlab qolish edi. Chunki bola katta bo‘lgach, ota-onasini ham imondan voz kechib, uning diniga o‘tishga majbur qilar edi.

فَأَرَدْنَا أَنْ يُبْدِلَهُمَا رَبُّهُمَا خَيْرًا مِنْهُ زَكَاةً وَأَقْرَبَ رُحْمًا

ya’ni: «Shu sababdan, ularga Parvardigorlari u (bola)dan ko‘ra pokizaroq va undan ko‘ra mehribonroq (boshqa bir bolani) badal (evaz) qilib berishini istadik» (Kahf surasi 81-oyat).

Oyatning tafsirida bayon etilishicha, Xizr (alayhissalom) bolani o‘ldirgan vaqtda Alloh taolo uning onasiga homila ato etgan edi. Vaqti soati yetib qiz bola tug‘ildi. Voyaga yetgach, o‘sha davrning payg‘ambariga turmushga chiqdi va uning zurriyotidan yetmishta payg‘ambar chiqdi (Ruhul bayon tafsiri).

5) Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarida ham bunga yorqin misollar bor.

Ummu Salama roziyallohu anho aytadilar: «Bir kuni Abu Salama Payg‘ambarimiz alayhissalomning huzurlaridan keldi-da: «Payg‘ambar alayhissalomdan bir gap eshitib, juda xursand bo‘ldim, u zot alayhissalom: «Musulmonlardan biriga musibat yetganda istirjo’ (Biz Allohnikimz va Allohga qaytuvchimiz deyish) aytsa, so‘ng: «Allahumma, ajirni fi musiybati vaxluf li xoyron minha» («Ey Alloh, menga musibatimda ajr bergin va uning o‘rniga yaxshirog‘ini bergin») desa, aytgani bo‘ladi», – deganlarini aytib berdi. Bularni yodlab olgan edim. Abu Salama vafot etganida istirjo’ aytdim va o‘sha duoni o‘qidim.

So‘ng o‘zimcha, menga Abu Salamadan yaxshiroq jufti halol bormidi, deb o‘ylab qoldim. Iddam chiqqandan so‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldimga kirishga izn so‘radilar. Teri oshlab o‘tirgan edim, qo‘limni yuvib, kirishlariga izn berdim. O‘tirganlaridan so‘ng meni o‘z nikohlariga olmoqchi ekanliklarini aytdilar. U zot gaplarini tugatgach, men: «Ey Allohning Rasuli, sizga rag‘bat qilmasligim mumkin emas, lekin men juda rashkchi ayolman, sizga yoqmaydigan narsa mendan sodir bo‘lib, Allohning azobiga duchor bo‘lib qolishimdan qo‘rqaman. Keyin, yoshim ham katta bo‘lib qoldi, buning ustiga bolalarim bor», – dedim.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sen aytgan rashkni Alloh ketkazadi. Yosh to‘g‘rida gapirsang, men ham yosh emasman. Bolalaring mening ham bolalarimdir», – dedilar. Alloh menga Abu Salamaning o‘rniga undan yaxshi insonni – Rasululloh alayhissalomni berdi» (Imom Ahmad rivoyati).

Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, mo‘min doim Robbisiga tavakkul qilishi va barcha chora tadbirlarni qo‘llashi lozim. Shunda ham o‘zi istagan natijaga erisha olmasa, unda Parvardigorini ushbu oyatini yodga olsin!..

وَعَسَى أَنْ تَكْرَهُوا شَيْئًا وَهُوَ خَيْرٌ لَكُمْ وَعَسَى أَنْ تُحِبُّوا شَيْئًا وَهُوَ شَرٌّ لَكُمْ وَاللَّهُ يَعْلَمُ وَأَنْتُمْ لَا تَعْلَمُونَ

«Shoyadki yoqtirmagan narsangiz siz uchun yaxshi bo‘lsa. Va shoyadki yoqtirgan narsangiz siz uchun yomon bo‘lsa. Alloh biladi, siz bilmaysiz» (Baqara surasi 216-oyat).

 

Manbalar asosida

 Avazxo‘ja BAXROMOV

tayyorladi

O‘MI Matbuot xizmati

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Robbimizning va’dasi haq ekan

07.07.2025   5227   4 min.
Robbimizning va’dasi haq ekan

Yarmuk – musulmon va Rum qo‘shinlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jang. Unda asrlar o‘tsa-da, mangulikka yuz tutgan ajib lavhalar bor. Ularning ba’zilari quyidagilardir:

Urushning ayni qizigan pallasi. Bir kishi Abu Ubayda ibn Jarroh hazratlariga yaqinlashdi. Abu Ubayda roziyallohu anhu: “Men shahid bo‘lishga astoydil bel bog‘ladim”, dedi. Haligi kishi: “Biror-bir gapingiz bo‘lsa ayting, men Rasululloh bilan ko‘rishgan paytim  u zotga yetkazib qo‘yaman”, dedi. Abu Ubayda roziyallohu anhu: «Ha, u zotga buni yetkaz: “Rasululloh, bizlar Robbimizning va’dasi haq ekanini topdik”», dedilar.

Rum qo‘shinlarining hujumi kuchaygan paytda Ikrima ibn Abu Jahl roziyallohu anhu musulmonlarning orasida: “Alloh taolo meni  hidoyat qilmasidan avval men Rasulullohga qarshi jang qilardim, endi bugun Allohning dushmanlaridan qochib ketamanmi!” – deya jar solardi. Oradan ko‘p o‘tmay, Abu Jahl yana: “Kim o‘limga bay’at qiladi?”[1] – dedi.

Musulmonlarning bir jamoasi u zotga bay’at qilishdi va ularning barchasi birgalikda jang maydoniga kirishdi. Ularning maqsadlari g‘alaba va shahidlik edi. Alloh taolo ularning bay’atlarini qabul qildi va ularning bari Allohning inoyati ila shahidlikka erishdilar. 

Tarix zarvaraqlariga e’tibor qarating. Buyuk qo‘mondon Xolid ibn Valid 100 kishilik qo‘shini bilan to‘rt ming kishilik Rum qo‘shinlariga qarshi turdilar. Qarang-a! Yuz kishilik qo‘shin to‘rt mingta askarga qarshi chiqib, ularni yengsa-ya?! Bu ularning qalblari Allohga bo‘lgan iymonlari bilan to‘lib-toshgani ekanining belgisi emasmi?!

Urush biroz tinchib turgan paytda Xolid ibn Validning oldiga Jo‘rja ismli Rum qo‘mondoni keldi va: “Ey Xolid, nimaga da’vat qilyapsan? Ayni paytda Islomni qabul qilgan kishiga ham sizlarga berilgandagi kabi ajru savob nasib qiladimi?” – deb so‘radi.

Sahobiy: “Ha. Undan ko‘prog‘i ham nasib etishi mumkin”, dedi.

“Qanday qilib? Axir sizlar avvaldan musulmon bo‘lib, o‘zib ketgansizlar-ku?!” – dedi Rum qo‘mondoni. Xolid ibn Valid roziyallohu anhu: “Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga yashadik va u zotning mo‘jizalariga guvoh bo‘ldik.

Bizning ko‘rganlarimizni ko‘rib, biz eshitgan narsalarni eshitgan odam Islomni osonlikcha qabul qilishi haqiqat. Lekin sizlar u zotni ko‘rmagansizlar, u zotning gaplarini eshitmagansizlar, bunday holda g‘aybga iymon keltirgan bo‘lasizlar. Agar sizlar niyatingiz,  qalbingiz ila Allohga iymonda rostgo‘y bo‘lsalaringiz, sizlarning savoblaringiz buyukroq bo‘ladi”, dedilar. Bu gaplarni eshitgan Rum qo‘mondoni oh urdi va: “Ey Xolid, menga Islomni o‘rgat”, deya o‘zini Xolid roziyallohu anhu tarafga tashladi.

Shunday qilib Rum qo‘mondoni Islomni qabul qildi. Alloh taolo uchun ikki rakat namoz o‘qidi, haqiqatda ikki rakat, bundan boshqacha emas. Ikki taraf yana urushga kirishdi. Jo‘rja endi musulmon askarlar safida shahidlik maqomiga erishish ilinjida jang qilardi.

Ha! O‘sha ikki rakat namoz sababidan Allohning izni ila unga jannat nasib etdi, uning bundan boshqa amali yo‘q edi...


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Buning ma’nosi: “Men o‘lgunimcha shu jang maydonidan ortga chekinmayman, to so‘nggi nafasim qolgunicha musulmonlar safida Allohning dushmanlariga qarshi jang qilaman, meni faqatgina o‘lim to‘xtata oladi”  (Tarj.).