Qalbni qoraytirib, barakani ketkazadigan gunoh
18.04.2018
3379
2 min.
Cudxo‘rlik katta gunohlardan sanaladi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ey imon keltirganlar! (Bergan qarzlaringizni) ikki baravar va undan ham ko‘paytirib, ustama shaklida yeb yubormanglar! Allohdan qo‘rqinglar! Zora, (shunda) tole topsalaring” (Oli Imron, 130).
“Ey imon keltirganlar! Allohdan qo‘rqinglar va (chinakam) mo‘min bo‘lsalaring, sudxo‘rlik sarqitidan voz kechinglar!” (Baqara, 278).
Alloh taoloning har bir amr va qaytarig‘ida biz uchun foydalar bor. Sudxo‘rlik qilishdan qaytarilishimiz ham bejiz emas. Chunki ribo ikki dunyoda faqat zarar keltiradi. Bunday zararlarning ayrimlarini olimlar quyidagicha ko‘rsatishgan:
- Ribo qalbni qoraytiradi. Ribo bilan shug‘ullangan kishi xasis bo‘ladi, mol-dunyoning quliga aylanadi. Mulki qancha ko‘paysa ham, ko‘zi to‘ymaydi. Bunday insonlar qalbida ezgulik, rahm-shafqat yo‘q. Payg‘ambarimiz ribo yeyuvchini, yediruvchini, uni yozuvchi, guvoh bo‘lganlarni ham la’natladilar va: “Ular tengdir”, dedilar.
- Ribo barakani ketkazadi. Payg‘ambarimiz: “Ribodan mol ko‘paysa ham, oqibati kamlik bo‘ladi”, deganlar. Aslida, sudxo‘rning boyligida yaxshilik yo‘q, topgan-tutgani ikki dunyoda ham zarariga xizmat qiladi. Abdulloh ibn Hanzaladan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz : “Kishining bilaturib sudxo‘rlikdan bir dinor yemog‘i o‘ttiz olti zinodan og‘irroqdir”, deganlar (Imom Ahmad).
- Ribo odamlar orasiga nifoq soladi. Sudxo‘rlik qiluvchi zoriqib huzuriga kelgan kishilarga yordam qo‘lini cho‘zish o‘rniga uning nochorligidan foydalanib qolishga urinadi. Hojatlarini bitirish uchun qarz olganlar undan oson qutulolmaydi. Shu bois ribo yeyuvchi odamlar orasiga adovat urug‘ini sepadi. Chunki u bergan qarziga har kuni foiz qo‘shadi. Ko‘pincha bechora qarzdor sudxo‘rdan xalos bo‘lmay bu dunyodan o‘tib ketadi. Keyin esa qarzini uzish uning farzandlari zimmasiga qoladi.
- Ribo odamni loqayd va dangasa qiladi. Sudxo‘rlik qiluvchi doim osongina mo‘may daromad topish ilinjida yuradi. Natijada u ko‘p gunohlarning boshi sanalgan dangasalik, loqaydlikka beriladi. Dinimiz halol mehnatda peshona teri bilan oila boquvchi mo‘minlarni ulug‘laydi.
Aslida mo‘min odam bir kishiga xolis niyat bilan bergan qarzi uchun ham ajr oladi. Dinimizda g‘amgin kishining ko‘nglini shod etish ulug‘ ishlardan hisoblanadi. Payg‘ambarimiz “Kim bir mo‘minning dunyo tashvishlaridan bir tashvishini ketkazsa, Alloh taolo uni qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini ketkazadi. Kim kambag‘alning og‘irini yengil qilsa, Alloh unga dunyo va oxiratda yengillik paydo qiladi”, deb marhamat qilganlar.
O‘MI Matbuot xizmati
MА`LUMOTNI IJTIMOIY TАRMOQLАRDА ULАSHING