Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Fevral, 2025   |   10 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:06
Quyosh
07:26
Peshin
12:42
Asr
16:07
Shom
17:52
Xufton
19:07
Bismillah
09 Fevral, 2025, 10 Sha`bon, 1446

Qalbni qoraytirib, barakani ketkazadigan gunoh

18.04.2018   3396   2 min.
Qalbni qoraytirib, barakani ketkazadigan gunoh

Cudxo‘rlik katta gunohlardan sanaladi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ey imon keltirganlar! (Bergan qarzlaringizni) ikki baravar va undan ham ko‘paytirib, ustama shaklida yeb yubormanglar! Allohdan qo‘rqinglar! Zora, (shunda) tole topsalaring” (Oli Imron, 130).

“Ey imon keltirganlar! Allohdan qo‘rqinglar va (chinakam) mo‘min bo‘lsalaring, sudxo‘rlik sarqitidan voz kechinglar!” (Baqara, 278).

Alloh taoloning har bir amr va qaytarig‘ida biz uchun foydalar bor. Sudxo‘rlik qilishdan qaytarilishimiz ham bejiz emas. Chunki ribo ikki dunyoda faqat zarar keltiradi. Bunday zararlarning ayrimlarini olimlar quyidagicha ko‘rsatishgan:

  1. Ribo qalbni qoraytiradi. Ribo bilan shug‘ullangan kishi xasis bo‘ladi, mol-dunyoning quliga aylanadi. Mulki qancha ko‘paysa ham, ko‘zi to‘ymaydi. Bunday insonlar qalbida ezgulik, rahm-shafqat yo‘q. Payg‘ambarimiz ribo yeyuvchini, yediruvchini, uni yozuvchi, guvoh bo‘lganlarni ham la’natladilar va: “Ular tengdir”, dedilar.
  2. Ribo barakani ketkazadi. Payg‘ambarimiz: “Ribodan mol ko‘paysa ham, oqibati kamlik bo‘ladi”, deganlar. Aslida, sudxo‘rning boyligida yaxshilik yo‘q, topgan-tutgani ikki dunyoda ham zarariga xizmat qiladi. Abdulloh ibn Hanzaladan rivoyat qilingan ha­disda Payg‘ambarimiz :­ “Kishining bilaturib sudxo‘rlikdan bir dinor yemog‘i o‘ttiz olti zinodan og‘irroqdir”, deganlar (Imom Ahmad).
  3. Ribo odamlar orasiga nifoq soladi. Sudxo‘rlik qi­luvchi zoriqib huzuriga kelgan kishilarga yordam qo‘lini cho‘zish o‘rniga uning nochorligidan foydalanib qolishga urinadi. Hojatlarini bitirish uchun qarz olganlar undan oson qutulolmaydi. Shu bois ribo yeyuvchi odamlar orasiga adovat urug‘ini sepadi. Chunki u bergan qarziga har kuni foiz qo‘shadi. Ko‘pincha bechora qarzdor sudxo‘rdan xalos bo‘lmay bu dunyodan o‘tib ketadi. Keyin esa qarzini uzish uning farzandlari zimmasiga qoladi.
  4. Ribo odamni loqayd va dangasa qiladi. Sudxo‘rlik qiluvchi doim osongina mo‘may daromad topish ilinjida yuradi. Natijada u ko‘p gunohlarning boshi sanalgan dangasalik, loqaydlikka beriladi. Dinimiz halol mehnatda peshona teri bilan oila boquvchi mo‘minlarni ulug‘laydi.

Aslida mo‘min odam bir kishiga xolis niyat bilan bergan qarzi uchun ham  ajr oladi. Dinimizda g‘amgin kishining ko‘nglini shod etish ulug‘ ishlardan hisoblanadi. Payg‘ambarimiz  “Kim bir mo‘minning dunyo tashvishlaridan bir tashvishini ketkazsa, Alloh taolo uni qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini ketkazadi. Kim kambag‘alning og‘irini yengil qilsa, Alloh unga dunyo va oxiratda yengillik paydo qiladi”, deb marhamat qilganlar.

 

O‘MI Matbuot xizmati

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Tavbangizda 6 shart bormi?

7.02.2025   2955   3 min.
Tavbangizda 6 shart bormi?

Inson gunohdan xoli bo‘lmaydi. Ba’­zan bilib-bilmay gunoh ishga qo‘l urib qo‘yishi mumkin.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilin­gan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Har bir odam bolasi xato qi­luv­chidir. Xatokorlarning eng yaxshisi tavba qiluvchilardir”, deganlar (Imom Termi­ziy rivoyati).

Alloh taolo ko‘plab oyatlarda insonlarni tavba qilishga buyurgan. Jumla­dan, Tahrim surasida bunday marhamat qilinadi: “Ey iymon keltirganlar! Allohga chin tavba qilingiz, shoyadki, Robbingiz sizlarning gunohlaringizni o‘chirib, ostidan anhorlar oqib turadigan (jannatdagi) bog‘larga kiritsa” (8-oyat).

Boshqa oyati karimada «...Barchangiz Allohga tavba qilingiz, ey mo‘minlar! Shoyad, (shunda) najot topsangiz» (Nur surasi, 31-oyat), deyilgan.

Inson tavbani o‘ziga lozim tutishi kerak. Ammo uning tavbasi qabul bo‘lishi uchun e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan jihatlar bor. Xususan, tavba qilishda chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, Alloh taolodan yolvorib so‘rashi kerak. So‘ngra istig‘for uchun ma’lum bir duolar, ijobat bo‘ladigan onlar fazilatidan foyda­lanish zarur.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim quyosh mag‘ribdan chiqishidan oldin tavba qilsa, Alloh (uning) tavbasini qabul qiladi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Inson tavbaga shoshilishi lozim. Luq­mo­ni Hakim o‘g‘illariga: “Ey o‘g‘lim, tavbani kechiktirma! Chunki o‘lim to‘satdan keladi. Kim tavbani kechiktirib, najotga shoshilmas ekan, ikkita katta xatar ichida qoladi: 1) gunohlar zulmati to‘planib, qalb­ni qoplaydi, so‘ngra uni muhrlab tashlaydi. Gunoh muhrlangan qalbdan o‘chmaydi; 2) kasallik yoki o‘lim tavbadan ilgari kelib, xatolarni o‘ng­lash uchun vaqt qolmaydi”, degan.

Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Albatta, Allohning tavba qabul qi­lishi faqat yomonlik (gunoh)ni bilmasdan qilib qo‘yib, so‘ngra tezlik bilan tavba qilganlar uchun (muqarrar)dir. Alloh aynan o‘shalarning tavbasini qabul qilur. Alloh ilm va hikmat Egasidir” (Niso surasi, 17-oyat).

Ushbu oyatda Alloh taolo bilmay qo‘l uringan gunohga zudlik bilan qilingan tavbani qabul etishini bayon qilyapti.

Inson Alloh va uning Rasuliga itoat qil­magani, shaytonning hiylasiga ergashib, shu gunohni sodir qilgani uchun qattiq nadomat chekishi lozim. Chunki gunoh ishga pushaymon bo‘lish xolis tavbaning shartlaridan biridir. Shu bilan birga, nadomatning o‘zi ham tavbaga dalolat qilishi mumkin.

Bu haqda hadisi sharifda bunday de­yil­­gan: «Abdulloh ibn Ma’qildan ri­voyat qilinadi. U: “Men otam bilan bir­ga Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu­ning huzuriga kirdim. Otam unga: “Na­biy sollallohu alay­hi vasallamning: “Nadomat chekish tavbadir”, deganlarini eshitganmisiz?” deb aytdi. Abdulloh ibn Mas’ud: “Ha, u zotning: “Nadomat chekish tavbadir”, deganlarini eshitganman”, dedi» (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Demak, inson qilgan gunohiga qattiq pushaymon bo‘lib, afsuslansa, tavbasi xolis bo‘lishi uchun bir necha shartlar bor:

– gunoh qilishdan darhol to‘xtash;
– qilgan gunohiga qattiq pushaymon bo‘lish;
– bu gunohga aslo qaytmaslikni niyat qi­lish;
– tavbasini Alloh taolo qabul qilishiga ishonish;
– istig‘for aytish;
– gunohga qaytmaslikni barcha a’zolari bilan amalga oshirish;
– gunoh odamlarning haqqi bo‘ladigan bo‘l­sa, ulardan uzr so‘rab, rozi qilish.

Shokirjon MADAMINOV,
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi.