Parij jome masjidi fransuzlar va Fransiyada yashovchi musulmonlar uchun ulkan ramziy ma’noga ega. Parijda qurilajak birinchi masjidning uzoq davom etgan muzokaralarida fransuzlarning Islomga oid noto‘g‘ri qarashlari singishi va musulmonlarni risoladagidek odamlar deb hisoblay boshlashi tarixi aks etgan.
Fransuzlarning musulmonlar bilan ilk munosabatlari VIII asr boshlarida boshlangan, o‘shanda Islom qo‘shinlari qo‘shni Ispaniyadan kela turib avval 717 yili Akvitaniyani, oradan ikki yil o‘tib Narbonnani egallab oldi.
Mamlakat ichkarisiga g‘olibona yurishlar 732 yil «Jafokashlar to‘dasi jangi» yoki «Puate jangi» nomi bilan mashhur muhoraba natijasida to‘xtatib qolindi. Ammo 888 yil musulmonlar Fransiyaning Provans viloyatida o‘zlarining jajji amirligini tashkil qilishga muvaffaq bo‘ldi, u Jalol al-Halol nomi bilan ataldi (Yevropa adabiyotlarida Fraksinet deb tilga olinadi), 80 yildan ortiq hukm surdi va Rekonkista davrida mahv etildi.
Musulmonlar bilan shunchalik uzoq tanishlikka qaramay, Fransiya musulmonlari uchun yirik ibodat majmuasini qurish g‘oyasi faqat XIX asr o‘rtalariga kelib tug‘ildi va faqat XX asrning birinchi choragida ro‘yobga chiqdi.
Masjid qurilishiga doir ilk loyihalar Marokashning Fransiyadagi elchixonasi tomonidan 1842 yildayoq tavsiya etilgan. Bunday takliflar 1878 va 1885 yillarda ham takrorlandi, lekin Fransiya hukumati tomonidan javobsiz qoldirildi. 1846 yil Sharqshunoslar jamiyati hukumatga avval Parijda, keyin Marselda masjid qurilishi loyihasini taqdim etdi. Bu taklif Jazoirni tinchlantirish uchun o‘rtaga tashlangan edi. Ammo taklif Adliya vazirligi tomonidan rad etildi va loyiha 10 yilga muzlatib qo‘yilgan.
1856 yili Usmonli imperiyasi iltimosiga ko‘ra 85-diviziyadan qurbon bo‘lgan musulmon askarlarini dafn qilish uchun Parij sharqidan 800 kv metrga teng kichik maydon ajratib berildi. O‘sha yerda kichik bir bino qurilib, masjid deb ataldi. Binoda asosan dafn anjomlari saqlanar va tilovatlar qilinardi. U Parijdagi ilk masjid edi. Xuddi shunga o‘xshash Marselda qurilgan bino esa Fransiyadagi birinchi masjid sanaladi. Afsuski, u inqilob payti vayron qilingan. Usmonli imperiyasi esa masjidni restavratsiya qilish va kengaytirish uchun mablag‘ ajratdi va 1914 yili gumbazli, minorali va zarur yondosh binolarga ega masjidning yangi loyihasini taqdim etdi. Lekin boshlanib ketgan Birinchi jahon urushi loyihaning amalga oshishiga to‘sqinlik qildi. Bu haqda "info.islom" nashri ma’lum qilgan.
Mazkur hodisalar bo‘lib turgan bir vaqtda fransuz tadqiqotchisi, publitsisti, jamoat arbobi va Fransiyaning Afrika jamiyati rahbari Pol Burdari Parijda masjid qurish g‘oyasini faol targ‘ib eta boshlaydi. Maqolalari va taniqli shaxslar bilan suhbatlarida u masjid qurilishini Fransiyani himoya qilaman deb jon bergan o‘n minglab musulmonlar ruhi oldidagi qarzni uzish bilan tenglashtirardi. U yigirma yildan ortiq davom etgan masjid qurilishi targ‘ibotiga qator fransuz siyosatchilari, din va jamoat arboblarini, shuningdek, hurmatli dvoryanlarni ham jalb qildi, ular masjidning loyihalashtirilishi va davlat strukturalariga olib kirilishi hamda qurilishiga katta hissa qo‘shadilar.
Va nihoyat, Burdarining harakatlari natija berdi, 1920 yilning avgustida Fransiya hukumati masjid, kutubxona va majlislar zalidan iborat majmua qurilishi uchun 500 ming frank mablag‘ ajratdi. Shuningdek, masjid qurilishi uchun eng munosib joy deya O‘simliklar bog‘i hududi belgilandi.
Bo‘lajak masjid poydevoriga birinchi tosh 1922 yili qo‘yildi, qurilish ishlari esa 1923 yili boshlandi. Loyiha muallifi – fransuz me’mori, rassomi va yozuvchisi Moris Transhat de Lyunel bo‘lib, u uzoq yillar Marokashda ishlagan va bu mamlakat madaniy yodgorliklarining saqlanib qolishiga katta hissa qo‘shgan shaxs edi. Qurilish ishlari esa Lyunelning loyihasi asosida Rober Furne, Moris Mantu va Sharl Yube tomonidan amalga oshirildi.
1923 yil musulmonlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiya 1914 yil Usmonli hukumati tomonidan taqdim etilgan loyihani ko‘rib chiqadi va O‘simliklar bog‘i yaqinida katta masjid qurilayotgani bois usmonlilar qabristonidagi eski masjidni tiklash maqsadga muvofiq emas degan qaror chiqaradi.
Shunday qilib, 1926 yil Parijning beshinchi okrugidagi Jarden-de-Plant (O‘simliklar bog‘i) hududida 33 metrlik minoraga ega Jome masjidi paydo bo‘ladi. Musulmon Andalusiyasiga xos «mudajjan» me’morchilik uslubida qurilgan bino darvozalari 1926 yilning 15 iyul kuni ochildi. Ochilish marosimida Fransiya prezidenti Gaston Dumerg va Marokash sultoni Mulay Yusuf ishtirok etgan.
Parij jome masjidi loyihasini yaratar ekan Lyunel musulmon me’morchiligining ikki durdonasidan ilhomlangandi. Birinchisi, Marokashda 859 yili Fotima al-Faxriy tomonidan asos solingan Al-Qarauyyin masjidi bo‘lib, u Islom dunyosining eng qadimiy diniy va ta’limiy muassasalaridan sanaladi. Ikkinchisi, Tunisdagi az-Zaytuna masjidi, uning viqoridan ilhomlanib keyinchalik Kordovadagi katta masjid ham qurilgan. Parijdagi masjidning ichki bezaklari ustida Shimoliy Afrikalik ustalar ishlashgan.
Binoning o‘zi 7500 kv metr hududni egallaydi. Masjiddan tashqari bu yerda kutubxona, madrasa, anjumanlar zali, restoran, choyxona, hammom va do‘kon ham bor. Hududning deyarli yarmi bog‘dir. Masjid bir vaqtning o‘zida bir ming kishini sig‘dira oladi, erkaklar va ayollar uchun alohida namozxonalar hamda tahoratxonalar, imkoniyati cheklangan insonlar uchun kirish yo‘llari bor. Masjid qoshida musulmon instituti faoliyat yuritadi, u «halol» sertifikati berish vakolatiga ega. 1983 yildan boshlab bino tarixiy yodgorlik sanaladi, shuningdek, «Yigirmanchi asr merosi» degan alohida maqomga ega.
Qiziqarli faktlar
- Ikkinchi jahon urushi payti Parij Jome masjidi musulmonlarning natsist istilochilarga qarshi kurashi markazi bo‘lgan. Fransiyalik rejissyor Ismoil Farruxiy (kelib chiqishi marokashlik) bu haqida «Ozod insonlar» nomli film suratga olgan.
- Turli ma’lumotlarga ko‘ra, urush payti 500 nafardan 1600 nafargacha yahudiy shu yerdan panoh topgan. Ularga boshpana va ovqatdan tashqari musulmon degan guvohnoma ham berilgan.
- Bugungi kungacha masjidda bor-yo‘g‘i 6 marta imom almashgan. Uchinchi imom Xamza Abubakrdan boshlab barcha imomlar rektor lavozimiga ega.
- Masjidga imomlarni tayinlashda yetakchi rol Jazoir hukumatiga tegishli, shuningdek, u masjid budjetining uchdan bir qismiga homiylik qiladi.
- Masjidning och eman rangli, bronza bilan ishlov berilgan kirish darvozasi namoz vaqtlari va juma namozidan tashqari har kuni nafaqat musulmonlar, balki sayyohlar uchun ham ochiq. Sayyohlar va arab ekzotikasi muxlislari masjid qoshidagi «Sharq darvozasi» nomli restoranda an’anaviy Jazoir va Marokash taomlaridan tatib ko‘rishlari mumkin.
O‘MI Matbuot xizmati
Kishining ma’rifati yuksalgani sari undagi farosat nuri ham kuchayib boraveradi. Farosat – kishida tez va to‘g‘ri fahmlay olish qobiliyati, zakovat, diddir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Mo‘minning farosatidan qo‘rqinglar. Chunki u Allohning nuri ila qaraydi”, deya marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Ulamolarimiz ushbu hadisni sharhlab: “Mo‘minning farosatidan qo‘rqing” ya’ni ma’siyatlarning oshkorasidan ham, maxfiysidan ham saqlaninglar. Ehtimol, mo‘min kishi qilayotgan gunohlaringizni basirat ko‘zi ila ko‘rib turar, natijada uning oldida izza bo‘lasizlar. Chunki komil mo‘min sizlar yashirayotgan narsaga Alloh taolo ato etgan qalb ko‘zi bilan nazar soladi va haqiqatni his etadi”, deyishgan.
“Tuhfatul oliy” kitobida farosat uch xil – iymoniy, riyoziy va xalqiy bo‘lishi ta’kidlangan.
Iymoniy farosat – banda qalbiga Alloh taolo solgan nuridir. Ushbu farosat iymon quvvatiga ko‘ra turlicha bo‘lib, iymon qanchalik kuchli bo‘lsa, farosat ham shuncha o‘tkir bo‘ladi. Ulamolar bunga misol qilib, Usmon roziyallohu anhuning hayotida sodir bo‘lgan voqeani keltiradilar.
Bir kishi hazrat Usmon roziyallohu anhuning huzuriga kelayotib, yo‘lda bir nomahram ayolga qarab qo‘ydi. Hazrat Usmon:
– Biringiz ko‘zlaridagi gunoh asorati bilan kirib kelmoqda, – dedi. Haligi kishi hayrat-la:
– Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan keyin ham vahiy bormi?! – deya g‘alati ahvolga tushib qoldi. Usmon roziyallohu anhu:
– Yo‘q, lekin sodiq farosat bor, – dedilar.
Riyoziy farosat – to‘yib taom yemaslik, bedorlik va aqliy mashg‘ulotlar bilan ko‘p shug‘ullanish orqali hosil bo‘lib, narsalarning haqiqatini anglash to‘g‘risidagi ma’lum bir tushuncha yuzaga keladi. Ushbu farosat faqat mo‘min kishiga xos emas, balki mazkur riyozatlarni chekkan boshqa insonlarda ham bo‘lishi mumkin. Chunki bu farosat iymonga ham, valiylikka ham dalolat qilmaydi. Shuningdek, faqat xaqiqatni ham, to‘g‘ri yo‘lni ham ko‘rsatib bermaydi.
Xalqiy farosat – Alloh taoloning hikmati taqozo qilgan narsalardan xulosa chiqarish iste’dodi.
Abdulxoliq G‘ijduvoniy hazratlari shogirdlariga dars berib turganida majlisga bir yigit kirib keladi-da, iltifotsizlik bilan: “Mo‘minning farosatidan qo‘rqing. Chunki u Allohning nuri bilan qaraydi”, degan hadisning mazmunini so‘raydi. Abdulxoliq G‘ijduvoniy hazratlari unga: “Bu hadisning ma’nosi shuki, bo‘yningdagi xochni yechgaysan”, deydi. U xochi borligini inkor qildi. Shunda ustozning ishorasi bilan shogirdlar uning to‘nini yechishganda, xochi ko‘rinib qoladi va siri fosh bo‘ladi. U mazkur hadisning isbotini ko‘rgani bois iymonga kelib, Islomni qabul qiladi.
Imom Shofe’iy va Imom Muhammad ibn Hasan rahimahumalloh Masjidi Haramda o‘tirishsa, bir notanish kishi masjidga kirib keldi. Shunda Imom Muhammad uning yurishi va o‘zini tutishiga qarab: “Bu odam duradgor bo‘lsa kerak”, dedi. Imom Shofe’iy esa: “Menimcha, bu odam temirchi-yov”, dedi. Shunda o‘sha odamni o‘zidan so‘ralgan edi: “Men avval temirchi edim, ayni paytda duradgorlik qilmoqdaman”, deb javob beradi (“Risolatul Qushayriya”). Ya’ni, har ikki olim ham farosatlarining o‘tkirligidan notanish kishining kasbini aniq topa olishgan.
Shuningdek, ulug‘larning maqomi va ehtiromini o‘z o‘rniga qo‘ya olish ham kishining farosatidan sanaladi. Masalan, bir kishi Abbos ibn Abdulmuttalib roziyallohu anhudan: “Siz kattamisiz yoki Rasulullohmi?” deb so‘radi. Shunda u zot: “U zot mendan kattalar, lekin men u zotdan avvalroq tug‘ilganman”, – deb javob bergan.
Kishi suhbatdoshiga malol kelmaydigan tarzda ta’lim berishi ham farosatdir. Masalan, bir kishi Abdulloh ibn Muborak rahimahullohning oldida aksa urdi va sunnatga muvofiq hamd aytmadi. Shunda Abdulloh ibn Muborak odob bilan o‘sha odamdan savol so‘rovchi talabadek: “Taqsir, kishi aksa urganda sunnatga ko‘ra nima deydi?” deb so‘radi. Haligi odam: “Alhamdulillah”, dedi. Shunda u zot: “Yarhamukalloh” deya javob qaytardi.
Farosatni ziyoda qilish uchun har ishda dinimizga amal qilish zarur. Ibn Shujo’ Kirmoniy rahimahulloh bunday deydi: “Kim zohirini sunnatga ergashish bilan, botinini Allohning muroqabasi (nazoratini yodda saqlashi) bilan obod qilsa, ko‘zini haromdan to‘ssa, nafsini ortiqcha istaklaridan tiysa, halol luqmaga odatlansa, farosati o‘tkirlashadi” (“Hilyatul avliyo”).
Bugungi kunda farzandlarimizning ta’lim-tarbiyasiga, ularning yuksak farosat sohiblari bo‘lib kamol topishlariga har qachongidan ko‘ra ko‘proq e’tibor qaratishimiz darkor. Buning uchun, avvalo, o‘zimiz ham, farzandlarimiz ham kitob mutolaasiga odatlanishimiz, ilm-ma’rifat egallash harakatida bo‘lishimiz lozim. Zero, Imom Abu Homid G‘azzoliy: “Ilmning ko‘payishi, ma’rifatning kengayishi – tafakkur mevasidir”, degan.
G‘ulomiddin XOLBOYEV,
O‘zMI Fatvo markazi direktor o‘rinbosari