Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Dekabr, 2024   |   24 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:47
Peshin
12:28
Asr
15:18
Shom
17:02
Xufton
18:22
Bismillah
25 Dekabr, 2024, 24 Jumadul soni, 1446

Nasihat qiling, sharmanda qilmang!

17.04.2018   4080   3 min.
Nasihat qiling, sharmanda qilmang!

«Kim o‘z do‘stiga maxfiy va’z qilsa, unga nasihat qilgan va uni ziynatlagan bo‘ladi. Kim o‘z do‘stiga oshkora va’z qilsa, uni sharmanda qilgan va ayblagan bo‘ladi».

Imomi Shofe’iy rahimahulloh ushbu so‘zlari bilan nasihat bilan sharmanda qilishning va samimiy munosabat bilan dashnom berishning orasidagi farqni bayon qilib berdilar.

Darhaqiqat, din nasihatdir (samimiyatdir). Lekin uning rioya qilish kerak bo‘lgan odoblari va bilish lozim bo‘lgan hududlari bor.

Eng avvalo, nasihat qilmoqchi bo‘lgan kishi ko‘rsatma berishda niyatini xolis qilmog‘i lozim. Zero, har bir nasihat bir xil emas. Har bir nasihatgo‘y ham samimiy va omonatdor emas. Shuningdek, har bir nasihat qilingan kishi o‘ziga yo‘naltirilgan ko‘rsatmani to‘g‘ri qabul qilib muvaffaqiyat qozonavermaydi.

Qanchadan-qancha oxirini o‘ylamay noto‘g‘ri shaklda berilgan nasihatlar aloqalarning uzilishiga, noittifoqlikka, hatto o‘zaro yovlashishga sabab bo‘lgan. Shuning uchun har bir musulmon nasihat qilishda samimiylik, xolislik va omonatdorlikka rioya qilishi, uni yo‘naltirayotgan birodariga maxfiylikni ta’minlashi, aytadigan so‘zlarini muloyimlik bilan gapirishi, nasihat qilish uchun munosib vaqt va joyni topishi lozim.

Nasihat qilishning turli uslublari, har xil yo‘nalishlari, shuningdek, turli maqsad va belgilab qo‘yilgan qonun-qoidalari bor. Eng muhimi shuki, nasihat qilishda har qanday g‘arazli maqsadlardan voz kechish, uning odoblari va qonun-qoilalariga rioya qilish, xususan, uning maxfiy bo‘lishini ta’minlash lozim.

Musa’ir rahmatullohi alayhga:

«Senga ayblaring haqida xabar bergan odamni yaxshi ko‘rasanmi?» – deyildi.

«Agar u bilan o‘zim yolg‘iz bo‘lsak, yaxshi ko‘raman. Agar odamlar orasida bo‘lsa, yo‘q», – dedi.

Alloh taolo ham qiyomat kuni bandaning ayblarini uning o‘ziga alohida aytadi.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Albatta, Alloh qiyomat kuni bandani O‘ziga yaqinlashtiradi. Hattoki, yelkasini uning ustiga qo‘yadi va: «Bu gunohni bilasanmi, bu gunohni bilasanmi», deb gunohlarini sanaydi. U: «Ha, Robbim», deydi. Toki uni gunohlariga iqror qildirib bo‘lganidan so‘ng unga: «Ana o‘shalarni u dunyoda satr qildim, bugun esa seni mag‘firat qilaman», deydi», deganlar.

Agar nasihatni ko‘pchilik ichida qilishga to‘g‘ri kelib qolsa, bu borada ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan go‘zal namuna bor.

Rasululloh alayhissalom qavm ichida biron yomon ish yoki kamchilikni ko‘rsalar, buni dab-durustdan o‘sha odamning yuziga solmasdan, umumiy tarzda, falonchiga nima bo‘ldi, emas, balki odamlarga nima bo‘ldiki, shunday-shunday ishlarni qilmoqdalar, deb hammaga taalluqli qilib gapirardilar.

 «Qavmlarga nima bo‘ldiki, bunday deydilar yoki qiladilar» (Imom Abu Dovud).

Shuningdek, ota o‘g‘liga, rahbar ko‘l ostidagi odamga, ustoz shogirdiga, tabib bemoriga, hamkasaba o‘zining kasbdoshiga, do‘st o‘zining do‘stiga nasihat qilishida farq bor.

Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, nasihat – bu bir insonni yaxshilikka yo‘llab qo‘yish, haqqa yetaklashdir. Kamchiliklarini go‘zal uslubda samimiylik bilan tuzatishdir. Toki uning qalbi nurlansin, xatolarini ko‘rsin va ularni ildizi bilan sug‘urib tashlasin. Shuningdek, har bir nasihat qiluvchida o‘ta ziyraklik, kuchli farosat va nihoyat, yuqori darajada zakiy bo‘lishi talab etiladi.

Alloh barcha mo‘minlarni o‘zi suygan va o‘zi rozi bo‘ladigan amallarga muvaffaq aylasin!

 

Avazxo‘ja BAHROMOV

“Xolmuhammad ota” jome masjidi
imom-xatibi 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Masiyh Dajjolning sifatlari (ikkinchi maqola)

24.12.2024   1094   6 min.
Masiyh Dajjolning sifatlari (ikkinchi maqola)

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

عَنْ أَبِي عُبَيْدَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: وَصَفَ لَنَا رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ الدَّجَّالَ ثُمَّ قَالَ: «لَعَلَّهُ سَيُدْرِكُهُ مَنْ قَدْ رَآنِي أَوْ سَمِعَ كَلَامِي»، قَالُوا: يَا رَسُولَ اللهِ، كَيْفَ قُلُوبُنَا يَوْمَئِذٍ أَمِثْلَهَا الْيَوْمَ؟ قَالَ: «أَوْ خَيْرٌ». رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ.

Abu Ubayda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh alayhissalom bizga Dajjolni sifatlab berdilar. So‘ngra: «Ehtimol, kelajakda meni ko‘rgan yoki gapimni eshitgan kishi ham unga yetishar», dedilar. «Ey Allohning Rasuli, o‘sha kunda qalblarimiz qay holda bo‘ladi, bugungiga o‘xshashmi?» deyishdi. U zot: «Yo‘q, bundan yaxshiroq bo‘ladi», dedilar».

Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar.

Sharh: Chunki ular iymoni komil zotlardir.

وَلِلتِّرْمِذِيِّ وَمُسْلِمٍ: «تَعْلَمُونَ أَنَّهُ لَنْ يَرَى أَحَدٌ مِنْكُمْ رَبَّهُ حَتَّى يَمُوتَ وَإِنَّ الدَّجَّالَ مَكْتُوبٌ بَيْنَ عَيْنَيْهِ كَافِرٌ يَقْرَؤُهُ مَنْ كَرِهَ عَمَلَهُ».

Termiziy va Muslimning rivoyatida:

«…Bilasizlarki, birortangiz o‘lmagunicha Robbini ko‘rmaydi. Dajjolning ikki ko‘zi orasiga «kofir» deb yozilgan bo‘ladi. Uning amalini yoqtirmagan har bir inson uni o‘qiydi», deyilgan.

وَلِأَبِي دَاوُدَ: «مَنْ سَمِعَ بِالدَّجَّالِ فَلْيَنْأَ عَنْهُ فَوَاللهِ إِنَّ الرَّجُلَ لَيَأْتِيهِ وَهُوَ يَحْسِبُ أَنَّهُ مُؤْمِنٌ فَيَتَّبِعُهُ مِمَّا يُبْعَثُ بِهِ مِنَ الشُّبُهَاتِ أَوْ لِمَا يَبْعَثُ بِهِ مِنَ الشُّبُهَاتِ».

Abu Dovudning rivoyatida:

«Kim Dajjol haqida eshitsa, undan uzoqlashsin. Allohga qasamki, uning oldiga borgan odam uni mo‘min deb o‘ylab qoladi va undagi shubhalarga qaramay, unga ergashadi. Yoki unga berilgan shubhalar sababidan unga ergashadi», deyilgan.

Sharh: Dajjolga berilgan sehr mo‘jizasi, ba’zi odamlarni o‘ldirib, boshqalarini tiriltirish kabi mo‘jizalar odamlarni aldab qo‘yishi mumkin. Shuning uchun uning chiqqanini eshitgan har bir mo‘min unga yo‘liqmaslikka harakat qilmog‘i kerak.

عَنْ أَبِي الدَّهْمَاءِ وَأَبِي قَتَادَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالُوا: كُنَّا نَمُرُّ عَلَى هِشَامِ بْنِ عَامِرٍ فَنَأْتِي عِمْرَانَ بْنَ حُصَيْنٍ فَقَالَ ذَاتَ يَوْمٍ: إِنَّكُمْ لَتُجَاوِزُونِي إِلَى رِجَالٍ مَا كَانُوا بِأَحْضَرَ لِرَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مِنِّي وَلَا أَعْلَمَ بِحَدِيثِهِ مِنِّي سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: «مَا بَيْنَ خَلْقِ آدَمَ إِلَى قِيَامِ السَّاعَةِ أَمْرٌ أَكْبَرُ مِنَ الدَّجَّالِ». رَوَاهُ مُسْلِمٌ.

Abu Dahmo va Qatoda roziyallohu anhumolardan rivoyat qilinadi:

«Hishom ibn Omirning oldidan o‘tib, so‘ng Imron ibn Husoynning oldiga borardik. Bir kuni u shunday dedi: «Sizlar mening oldimdan o‘tib, shunday kishilar oldiga borasizlarki, ular Rasululloh alayhissalomning huzurlarida mendan ko‘p bo‘lishmagan, u zotning hadislarini mendan yaxshi bilishmaydi. Men Rasululloh alayhissalomning «Odamning yaratilishidan tortib to Qiyomat qoyim bo‘lguncha Dajjoldan kattaroq fitna yo‘q» deganlarini eshitganman».

Muslim rivoyat qilgan.

عَنْ أَبِي بَكْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «يَمْكُثُ أَبُو الدَّجَّالِ وَأُمُّهُ ثَلَاثِينَ عَامًا لَا يُولَدُ لَهُمَا وَلَدٌ، ثُمَّ يُولَدُ لَهُمَا غُلَامٌ أَعْوَرُ، أَضَرُّ شَيْءٍ، وَأَقَلُّهُ مَنْفَعَةً، تَنَامُ عَيْنَاهُ، وَلَا يَنَامُ قَلْبُهُ»، ثُمَّ نَعَتَ لَنَا رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَبَوَيْهِ، فَقَالَ: «أَبُوهُ طِوَالٌ ضَرْبُ اللَّحْمِ كَأَنَّ أَنْفَهُ مِنْقَارٌ، وَأُمُّهُ فِرْضَاحِيَّةٌ طَوِيلَةُ الْيَدَيْنِ»، فَقَالَ أَبُو بَكْرَةَ: فَسَمِعْنَا بِمَوْلُودٍ فِي الْيَهُودِ بِالْمَدِينَةِ، فَذَهَبْتُ أَنَا وَالزُّبَيْرُ بْنُ الْعَوَّامِ حَتَّى دَخَلْنَا عَلَى أَبَوَيْهِ، فَإِذَا نَعْتُ رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فِيهِمَا فَقُلْنَا: هَلْ لَكُمَا وَلَدٌ فَقَالَا: مَكَثْنَا ثَلَاثِينَ عَامًا لَا يُولَدُ لَنَا وَلَدٌ، ثُمَّ وُلِدَ لَنَا غُلَامٌ، أَضَرُّ شَيْءٍ، وَأَقَلُّهُ مَنْفَعَةً، تَنَامُ عَيْنَاهُ، وَلَا يَنَامُ قَلْبُهُ، قَالَ: فَخَرَجْنَا مِنْ عِنْدِهِمَا، فَإِذَا هُوَ مُنْجَدِلٌ فِي الشَّمْسِ فِي قَطِيفَةٍ لَهُ وَلَهُ هَمْهَمَةٌ، فَكَشَفَ عَنْ رَأْسِهِ، فَقَالَ: مَا قُلْتُمَا؟ قُلْنَا: وَهَلْ سَمِعْتَ مَا قُلْنَا؟ قَالَ: نَعَمْ، تَنَامُ عَيْنَايَ، وَلَا يَنَامُ قَلْبِي. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ.

Abu Bakra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh alayhissalom: «Dajjolning ota-onasi o‘ttiz yil farzandsiz yashaydi. So‘ng ulardan bir o‘g‘il tug‘iladi. Uning bir ko‘zi yo‘q, zarari ko‘p, manfaati yo‘q bo‘ladi. Uning ko‘zi uxlaydi, lekin qalbi uxlamaydi», dedilar. Keyin Rasululloh alayhissalom bizga uning ota-onasini sifatlab, «Uning otasi novcha, sergo‘sht, burni qushning tumshug‘iga o‘xshashdir. Onasi bo‘lsa beso‘naqay, qo‘llari uzun», dedilar.

Keyin Madinada yahudiylardan bir bola tug‘ilganini eshitdik. Zubayr ibn Avvom bilan u yerga borib, ota-onasining oldiga kirdik. Qarasak, ikkovida ham Rasululloh alayhissalom aytgan sifatlar bor. «Bolangiz bormi?» dedik. «O‘ttiz yil farzand ko‘rmay o‘tdik, nihoyat, bir o‘g‘il tug‘ildi. Uning zarari ko‘p, manfaati yo‘q. Ko‘zi uxlaydiyu, qalbi uxlamaydi», deyishdi. Ularning oldidan chiqsak, uni bir qatiyfaga o‘rab, oftobga tashlab qo‘yishgan ekan. Undan tushunib bo‘lmaydigan ovoz chiqmoqda edi. U boshini ochdi-da, «Nima dedilaring?» dedi. «Biz aytgan gapni eshitdingmi?» dedik. «Ha. Mening ko‘zim uxlaydi, qalbim uxlamaydi», dedi».

Termiziy rivoyat qilgan.

 

«Fitnalar va Qiyomat alomatlari» kitobidan

Maqolalar