Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Yanvar, 2025   |   21 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:43
Peshin
12:39
Asr
15:44
Shom
17:29
Xufton
18:46
Bismillah
21 Yanvar, 2025, 21 Rajab, 1446

27.04.2018 y. Qabriston-oxirat manzilgohi

17.04.2018   6151   8 min.
27.04.2018 y. Qabriston-oxirat manzilgohi

بسم الله الرحمن الرحيم

QABRISTON -  OXIRAT MANZILGOHI

Muhtaram jamoat! Ma’lumki, inson umri tugagach uning dunyodagi so‘ngi manzilgohi qabr hisoblanadi. Qabr o‘z navbatida dafn etilgan inson uchun qiyomat kuni qayta tirilgunigacha yo jannat bog‘laridan bir bog‘cha, yoki do‘zax chohlaridan bir choh bo‘lishi mumkinligi muborak hadislarda aytib o‘tilgan. Qabrning bu ikki holatdan biri bo‘lishi esa insonning hayotlik vaqtida qilgan ishlari va bajargan amallarining yaxshi yoki yomonligiga qarab bo‘ladi. Shuning uchun har bir inson tiriklik vaqtida o‘zi boradigan qabrini jannat bog‘chalaridan biriga aylanishiga sabab bo‘ladigan amallarni qilib yashamog‘i lozim bo‘ladi.

Alloh taolo Qur’oni karimda shunday  marhamat qiladi:

كُلُّ نَفْسٍ ذَائِقَةُ الْمَوْتِ وَإِنَّمَا تُوَفَّوْنَ أُجُورَكُمْ يَوْمَ الْقِيَامَةِ فَمَنْ زُحْزِحَ عَنِ النَّارِ وَأُدْخِلَ الْجَنَّةَ فَقَدْ فَازَ وَمَا الْحَيَاةُ الدُّنْيَا إِلَّا مَتَاعُ الْغُرُورِ

(سورة آل عمران/185) 

ya’ni: “Har bir jon o‘lim (achchig‘i)ni totuvchidir. Qiyomat kunida, albatta, mukofotlaringiz sizlarga to‘la-to‘kis berilur. Bas, (o‘sha kuni) kim do‘zaxdan uzoqlashtirilib, jannatga kiritilsa, demak, u (katta) yutuqqa ega bo‘libdi. Bu dunyo hayoti esa, faqat g‘urur (aldov) matohidir(Oli Imron surasi, 185-oyat).

Dinimizda qabristonni ziyorat qilishga targ‘ib qilingan. Zero bunda ziyorat qiluvchi insonlar uchun ko‘plab manfaatlar mavjud. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarining birida shunday deb marhamat qilganlar:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي اللَّهُ عنهُ، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : " زُورُوا الْقُبُورَ فَإِنَّهَا تُذَكِّرُكُمُ الْآخِرَةَ

(رواه الامام ابن ماجة)

ya’ni: “Qabrlarni  ziyorat qilinglar, chunki u oxiratni eslatadi” (Imom Ibn Moja rivoyati).

Demak, dinimizda qabrlarni ziyorat qilishga targ‘ib etilishidan ko‘zlangan maqsad, do‘nyoning o‘tkinchiligi, o‘lim va oxiratning haq ekanligini eslatish, bir kun kelib ziyorat qilayotgan kishi ham shu manzilgohdan o‘z joyini olishi va qilmishlariga yarasha munosabat ko‘rishini eslatishdir.

Qabristonga imkon qadar tahoratli, pok holda kirgan afzal, dabdaba bilan, yasan-tusan qilib kirish makruh, chunki bu joy oxiratni eslash, xoksorlik izhor etish o‘rnidir. Kirishda ushbu hadisda kelgan duo o‘qiladi:

عن بُرَيْدَةَ رضي اللَّهُ عنه، قال: كَانَ النَّبِيُّ صَلّى اللهُ عَلَيْهِ وسَلَّم يُعَلِّمُهُمْ إِذا خَرَجُوا إِلى المَقابِرِ أَنْ يَقُولَ قَائِلُهُم: "السَّلامُ عَلَيكُمْ أَهْلَ الدِّيارِ مِنَ المُؤْمِنِينَ والمُسْلِمِينَ وَإِنَّا إِنْ شَاءَ اللَّهُ بِكُمْ لاَحِقُونَ، نَسْأَلُ اللَّهَ لَنَا وَلَكُمُ العَافِيَةَ"

(رواه الامام مسلم)

ya’ni: Burayda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, u zot aytadilar: Sahobai kiromlar qabristonga chiqayotgan paytlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam quyidagi duoni o‘rgatar edilar: Assalomu alaykum ushbu diyordagi mo‘min musulmonlar ahli! Biz ham, inshaalloh, sizlarning ortingizdan borguchimiz. Allohdan bizga ham, sizga ham ofiyat so‘raymiz” (Imom Muslim rivoyati).

Ziyoratchi qabr tepasiga kelganda unga yuzlanib, qiblaga orqa o‘girgan holda qabr egasiga salom beradi va tilovat qiladi.

Hadislarda Ixlos surasini 11 marta o‘qish ham tavsiya etilgan. Imkoniyati bo‘lsa, Fotiha, Oyatul Kursiy va Baqara surasini avvali va oxiridan o‘qisa ham bo‘ladi.

Ziyorat asnosida qabrlarni ustini bosmasdan, belgilangan yo‘laklarda yurishi lozim, chunki qabrni ustini bosib yurish gunoh hisoblanib, hadisda qaytarilgandir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

عن عُقبةَ بنِ عامرٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ، قَالَ: قَالَ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: لَأَنْ أَمْشِيَ عَلَى جَمْرَةٍ أَوْ سَيْفٍ أَوْ أخْصِفَ نَعْلِيْ بِرِجْلِيْ أَحَبُّ إِلَيَّ مِنْ أَنْ أَمْشِيَ عَلَى قَبْرٍ

(رواه الامام ابن ماجة)

ya’ni: “Biror cho‘g‘ yoki qilich ustida yurishim yohud kovushimni kiyib turgan holatimda yamashim men uchun bir musulmonning qabri ustida yurganimdan yaxshiroqdir” (Imom Ibn Moja rivoyati).

Qabristonlarga mevali, qimmatbaho va noyob daraxt va o‘simliklarni ekish joiz emas. Zero bu pulni behuda isrof qilish sanaladi. Qolaversa, qimmatbaho va noyob daraxt va o‘simliklar insonlar dam olib xordiq chiqaradigan oromgoh va hiyobonlarga yarashadi. Qabristonlarni oromgoh va saylgohlardek holatga keltirib qo‘yish joiz emas. Aks holda, ziyoratga kelgan insonlarni ko‘zlangan maqsaddan chalg‘itib qo‘yadi. Shu bilan birga qabr ustiga qimmatbaho tosh va marmarlar o‘rnatish, ularga marhumning surati va har xil bitiklarni yozish mumkin emas. Xususan, Qur’oni karim oyatlarini yozish mutlaqo joiz emas. Zero, bu Allohning oyatini tahqirlash sanaladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday ishlardan qaytarganlar:

عَنْ جَابِرٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: نَهَى رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَنْ يُجَصِّصَ الْقَبْرَ، وَأَنْ يَقْعُدَ عَلَيْهِ، وَأَنْ يَبْنِىَ عَلَيْهِ

(رواه الامام مسلم)

ya’ni: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam qabrlarning gips bilan suvalishidan, ularning ustiga o‘tirishdan va bino qurishdan qaytarganlar” (Imom Muslim rivoyati).

Qabr ustidagi ko‘karib turgan o‘simlik, dov daraxt va maysalarga tegilmaydi, chunki ularning tasbehidan mayyitga manfaat bor. Quriganlarini yig‘ishtirish mumkin. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislarida aytilishicha, o‘simliklarning sharofatidan qabrdagi kishilarga yengillik yetib turadi.

Fiqhiy kitoblarimizda qabr yerdan bir qarich miqdorida ko‘tarilib bir tekisda bo‘lishi aytilgan. Chunki, bu tekislik qabrda shoh ham, gado ham birdek ekanligiga ishoradir.  Qabr ustini vaqti-vaqti bilan somon aralashtirilgan loy bilan suvab turishning zarari yo‘q. Qabrni aniqlash maqsadida hozirgi kunda joriy qilingan dafnni ro‘yxatdan o‘tkazish raqami yozilgan maxsus beton ustunchani o‘rnatishning o‘zi kifoya qiladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam emikdosh birodarlari Usmon ibn Maz’unning bosh tomoniga bir tosh qo‘yib:

عَنِ الْمُطَّلِبِ بْنِ عَبْدِ اللهِ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ وَضَعَ صَخْرَةً عِنْدَ رَأْسِ عُثْمَانَ بْنِ مَظْعُونٍ وَقَالَ: أَتَعَلَّمُ بِهَا قَبْرَ أَخِي وَأَدْفِنُ إِلَيْهِ مَنْ مَاتَ مِنْ أَهْلِي

(رواه الامام أبو داود)

ya’ni: “Bu bilan akamning qabrini belgilayman va vafot etgan yaqinlarimni uning yoniga dafn qilaman”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).

Qabriston va ziyoratgohlar mas’ul mutasaddilar tomonidan muhofaza qilinishi lozim. Ya’ni, qabriston hududini panjara yoki devor bilan o‘rash, unga kirish uchun alohida yo‘lak ochish va darvoza o‘rnatish, chorva yoki yovvoyi hayvonlarni kirishidan saqlash, ziyoratga kelganlar qabrlarni bosmay o‘tishlari uchun qulay yo‘laklar o‘tkazish, tilovat va duo qilish uchun maxsus o‘rindiqlar o‘rnatish, ziyoratga kelgan kishilarga ziyorat odoblarini eslatib, nojoiz, hurofiy amallarni qilishlaridan qaytarib turish va hokazolar qabriston mas’ullarining vazifasi sanaladi. Demak, qabristonlarning mas’ullari qabriston ziyoratiga oid bo‘lgan dinimiz ta’limotlaridan ham yetarli darajada ma’lumotga ega bo‘lishlari lozim.

Qabr ziyoratining  ba’zi odoblari quyidagilardan iborat:

  • Qabristonga salom berib kirish;
  • Qabristonda vazminlik va sokinlik bilan yurish;
  • Qabrlarni bosmaslik, ularning ustiga o‘tirmaslik;
  • Marhumlarning yaxshi sifatlarini esga olish;
  • O‘zini sarhisob qilish, o‘limga qanchalar tayyor ekanini o‘ylash;
  • Ziyoratdan qaytishda ohistalik, oxiratni tafakkuri bilan qaytish.

Qabristonda quyidagi ishlarni qilish dinimizga ziddir:

  • Qabrga chiroq, sham va olov yoqish;
  • Bola kokilini atash;
  • Qabr toshi va temirlarini o‘pish;
  • Latta bog‘lash;
  • Qabrni aylanib tavof qilish;
  • Qabrga atab jonliq so‘yish;
  • Qabr yonida suratga tushish;
  • Baland ovozda gaplashish;
  • Qabr boshida taom qoldirib ketish;
  • Ovoz chiqarib, uvvos solib yig‘lash;
  • Qabristonda kulish.

Alloh taolo barchamizga g‘animat umrimizning qadriga yetib, O‘zi rozi bo‘ladigan amallar bilan yashamoqlik baxtini nasib  etsin! Omin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Masjidda tahoratni 2 narsa ketkazadi

15.01.2025   4525   3 min.
Masjidda tahoratni 2 narsa ketkazadi

Dinimizda poklikka alohida e’tibor qaratilgan. Ibodatlarning ulug‘laridan biri namoz amalini durust bo‘lishi tahoratga bog‘liq. Namozda tahorat to‘liq va mukammal bo‘lishi kerak. Tahorat masalasi haqida Qur’oni karim va hadislarda ko‘plab hukmlar kelgan.

Xususan ajdodimiz, buyuk muhaddis Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy rahimahulloh ham o‘zlarining «Al-Jome’ as-Sahih» asarida alohida bo‘lim ochib unga «Tahorat kitobi» deb nom bergan. Va eng avval bobni tahorat haqida kelgan Moida surasining Ey iymon keltirganlar! Namozga turmoqchi bo‘lsangiz, yuzlaringizni va qo‘llaringizni chig‘anoqlari ila yuvinglar. Boshlaringizga mas'h tortinglar. Va oyoqlaringizni to‘piqlari ila yuvinglar” degan 6-oyatini keltirgan. Va davomida “Nabiy alayhissalom tahoratni bir marta, ikki marta va uch marta qilinishini bayon qildilar”, degan.

Keyin esa “Tahoratsiz namoz qabul bo‘lmaydi” deb ikkinchi bobga nom berdi va unda Abu Hurayra roziyallohu anhuning hadisini keltirdi. U hadisni Imom Buxoriyga ustozi Is'hoq ibn Ibrohim Hanzaliy aytdi, unga Abdurrazzoq, unga Ma’mar, unga Hammom ibn Munabbih aytdi, u Abu Hurayradan eshitgan. Abu Hurayra aytadi: “Rasululloh sollalllohu alayhi vasallam marhamat qilib, betahorat kishi tahorat qilmagunicha namozi qabul qilinmaydi, dedilar. Bir kishi shu vaqtda “Ey Abu Hurayra, tahoratni nima sindiradi?" dedi. U zot, ovozli va ovozsiz yel", dedilar.

Hadisda “qabul bo‘lmaydi” deyildi. Alloma Ibn Hajar rahimahulloh, bu yerdagi namoz qabul qilinmasiligi “qabuli isobat” topilmagani uchundir, deganlar. Ya’ni, namoz fiqhiy qoidalar asosida ado qilinmagan, sababi namozni sharti bo‘lgan tahorat bo‘lmagani uchun ibodat qabul bo‘lmaydi.

Aslida “qabul” so‘zi Alloh taolo qabul qilgan amalga ishlatiladi. Namozxon ibodatni “qabuli isobat” bilan, ya’ni fiqhiy qoidalar asosida ado qilgan bo‘lsa-da, unga riyo aralashtirsa, Alloh qabul qilmagan bo‘ladi, bunda “qabuli ijobat” topilmagan hisoblanadi.

Matndagi “la tuqbalu – qabul qilinmaydi” degan jumlani “qabuli isobat” yoki “qabuli ijobat” deb taqsimlashga hojat yo‘q. Chunki “la tuqbalu” “mardud” ma’nosida, ya’ni namoz tahoratsiz rad qilinadi, deganidir.

Hadisda Abu Hurayra tahoratni buzadigan ikki  narsani sanadi, u zotning nazdida shu ikkovigina tahoratni buzadimi, deyilsa, bunga ulamolar javob berishadi:

Birinchi ehtimol: Ha, faqat shu ikkisi bo‘lishi mumkin;

Ikkinchi ehtimol: Alomma Kashmiriy aytadi, bu savol-javob masjidda bo‘lgan. Masjidda esa tahorat sinishi shu ikkisi bilan bo‘ladi. Va yana odamlarni nazdida bu ikkisi tahorat sindiradigan narsa emas, deb o‘ylagan bo‘lishlari mumkin. Shu ikkinchi ehtimol ulamolar nazdida birinchi ehtimoldan rojih – afzalroq.

Demak, tahorat namozni durust yo nodurust bo‘lishiga sabab bo‘lib, har bir namozxon tahoratga katta e’tibor qaratish lozim.

Abdulbosit Meliboyev,
Toshkent Islom instituti talabasi.