Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident Farmoni qabul qilindi.
Ushbu farmonga muvofiq Toshkent islom universiteti negizida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etilishi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining oliy diniy-ma’rifiy ta’lim muassasasi shaklidagi Hadis ilmi maktabi tashkil etilishi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzurida “Vaqf” xayriya jamoat fondi asosiy vazifalari belgilandi.
2018 yil 1 iyuldan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida ishlovchi:
o‘qituvchi, ilmiy xodim va mutaxassislarga yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lash razryadlariga ko‘ra tarif koeffitsiyentlari va bazaviy lavozim maoshlari 3 baravar (Markaz xodimlariga – 4 baravar) miqdorda qo‘llaniladi;
pensionerlarga ularning ushbu tashkilotlardagi faoliyati yagona bo‘lgan taqdirda pensiyalari to‘liq to‘lanadi.
Mazkur imtiyozlar barcha diniy-ma’rifiy tashkilotlar xodimlariga tatbiq etiladi.
Islom ilm-fani va madaniyatiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning ibratli hayoti va boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish, mamlakatimiz dovrug‘ini jahon miqyosida keng yoyish ishiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan shaxslarni rag‘batlantirish maqsadida “Imom Buxoriy” davlat mukofoti ta’sis etiladi.
Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda mazkur davlat mukofotini ta’sis etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini kiritish topshirildi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqi axborot” kanali xabar berdi.
O‘MI Matbuot xizmati
Muborak Ramazon kunlarida ehtiyojmand insonlarga yordam berish, ularni xursand etish Islom dinida buyuk fazilat sanaladi. Shu munosabat bilan Farg‘ona shahrida kam ta’minlangan, yordamga muhtoj insonlar uchun iftorlik dasturxoni yozildi.
Mehribonlik va saxovat muhiti hukm surgan tadbirda Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ham ishtirok etib, yig‘ilganlarni muborak oy bilan tabrikladi.
Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi ekani, bu oyda mo‘min-musulmonlar ibodatlarini ziyoda qilib, mustahkam birodarlik va bag‘rikenglik bilan yashashga da’vat etilgani, muhtojlarni qo‘llab-quvvatlash inson uchun ikki dunyo saodatiga eltadigan fazilat ekani ta’kidlandi.
Tadbir davomida mehmonlarga taom tortilib, duolar qilindi va xayrli amallarga targ‘ib etildi. Tadbir ishtirokchilari xayriya iftorligi tashkilotchilariga va saxovatli insonlarga o‘z minnatdorliklarini izhor qildilar. Mana shunday xayrli tadbirlar orqali yurtimizda mehr-muruvvat, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash fazilatlari yanada mustahkamlanishi qayd etildi.
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati