Siz azizlarga o‘zim guvohi bo‘lgan bir voqeani so‘zlab bermoqni niyat qildim. Ushbu voqeadan har bir narsa niyatga bog‘liq ekanini anglasangiz ajab emas. Zero, maqsad ham shu – ibrat o‘laroq sizga bayon etish.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Farg‘ona viloyati vakilligi binosi Yormozor shaharchasidagi “Ummul Quro” jome masjidi hududida joylashgan edi. Ushbu jomega 80 yoshni qoralab qo‘ygan Abdullo ismli otaxon besh mahal namozga azon chaqiradilar. Ba’zan keksalik yoki boshqa sabab bilan azon vaqti biroz o‘tib qolib, boshqa odam azon chaqirsa, xafa bo‘lar va o‘zlarini koyir edilar. Shunda bizga qarab: “Bolam, axir men azon aytib, omonatni Egasiga topshirishni niyat qilganman-da”, der edilar.
Qahraton qish. Ko‘cha juda sovuq. Bunday sovuqda masofa bosib masjidga kelish – qari inson tugul, navqiron yigitga ham biroz mashaqqat tug‘diradi. Ana shunday sovuqda ham azon aytish uchun kechikmay tag‘in deb Abdulloh ota jomega kirib keldilar. O‘sha tun kamina vakillikda navbatchi edim. Otaxon mikrofonlarni sozlab azon chaqira boshladilar: “Allohu akbar, Allohu akbar. Allohu akbar, Allohu akbar. Ashhadu an laa ilaaha illallooh”. Azon chaqirig‘iga quloq solib turganim bois, kalimalarni birin-ketin takrorlab azon eshitayotgan edim. Oradan bir necha soniya o‘tsa hamki, “Ashhaduan laa ilaha illalloh”dan so‘ng hech qanday ovoz eshitilmay qoldi. Balki ovoz kuchaytirgich bilan bog‘liq muammo chiqib qolgandir, deb masjid xonaqosi tomon oshiqdim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, muazzin otaxonimiz, qiblaga yuzlanib, azon chaqirayotib, “Ashhadu an laa ilaaha illallooh (Kibriyosi, buyukligi va hech kimning ibodatiga muhtoj bo‘lmagani holda ibodat qilishga loyiq Zot Uning O‘zi ekaniga guvohlik beraman. U Zotning o‘xshashi, tengi yo‘qdir) deb, tahoratli holda, O‘zining baytida omonatni topshirgan edilar... Ko‘zlarimdan tirqirab yosh chiqib ketdi. Va beixtiyor otaxonning: “Bolam, axir men azon aytib, omonatni Egasiga topshirishni niyat qilganman-da” degan so‘zlari xayolimdan o‘tdi. Alloh barchamizga ana shunday go‘zal xotimani nasib qilsin, omin!
Buyuk Rabbimiz Abdulloh otaga jannati Firdavslardan joy bersin, omin!
Ilhomjon TOIROV
Farg‘ona viloyati vakilligi xodimi
O‘MI Matbuot xizmati
"Li iylafi quraysh" surasi, Quraysh qabilasiga berilgan ne’matlarga urg‘u beradi.
Bu suraning nozil bo‘lishi sababini o‘rganganda, Allohdan yanada qo‘rqish hissi paydo bo‘ladi. Bu sura hayotdagi muhim muammolardan biri - ne’matga odatlanib, uni qadrsizlantirish haqidadir.
Alloh qurayshliklarni ikki mavsum - qish va yozdagi savdo safarlari orqali tirikchiliklarining yaxshi ketishiga odatlanib qolganliklari, lekin ular bu ne’matlarning haqiqiy Egasini tan olib, shukr qilmaganlarini aytadi.
Johiliyat davrida Quraysh qabilasi faqirlik va ocharchilikda yashagan, hayotlari juda nochor va qiyin bo‘lgan. Hattoki, qashshoqlik kuchayganida, ba’zilar o‘z oilasini olib, “xubo” deb atalgan joyga borishar va o‘sha yerda ochlikdan hammasi halok bo‘lguniga qadar qolishardi. Bu odat johiliyat davrida “i’tifar” deb nomlanar edi.
Makkaning katta tojirlaridan bo‘lgan Hoshim ibn Abdumanofga bir kuni Bani Mahzum qabilasining barcha a’zolari juda qattiq ochlikda qolib, halok bo‘lish arafasida ekani haqidagi xabar yetadi. U Allohning bayti Ka’baning xizmatida turgan odamlarning shunday qashshoqlik va o‘ta johilona ahvolda ekanliklaridan o‘kindi va qattiq g‘azablandi.
Shu sababdan Hoshim ibn Abdumanof bu yomon odatni o‘zgartirishga qaror qildi va quyidagilarni amalga oshirdi:
– Sizlar Allohning baytini xizmatida bo‘laturib butun arablarga o‘zingizni sharmanda qiladigan yomon odatlarni joriy qilgansizlar, dedi va bir qabilani bir nechta urug‘larga bo‘lib tashladi. Har bir urug‘dagi boy kishilardan o‘z qarindoshlari bilan mol-mulkini teng bo‘lishishni talab qildi. Shunday qilib, kambag‘al ham boy bilan teng bo‘ldi.
Shundan keyin u Quraysh qabilasiga tijorat usullarini o‘rgatdi va ularni yilda ikki marta tijorat safariga chiqish yo‘llarini belgilab berdi. Yozda meva-sabzavotlar savdosi uchun Shomga, qishda esa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi uchun Yamanga safarlarini tashkil qildi.
Shunday qilib, Shom va Yamanning barakasi Makkaga olib kelindi va qurayshliklarning iqtisodiy holati yaxshilandi. Shu bilan birga, “i’tifar” odati ham yo‘q bo‘ldi. Biroq, vaqt o‘tishi bilan Quraysh qabilasi Allohning bu ne’matlariga shukr qilish o‘rniga, ularga odatlanib qoldi va ne’matni qadrlamay qo‘ydi. Ne’matga noshukurlik qilish – bu unga odatlanib, uni ne’mat deb bilmaslikdir.
Quraysh qabilasi Alloh tomonidan tushirilgan ne’matlarga odatlanib, uni qadrsizlantirgani uchun Alloh ularga bu surani tushirdi: "Mana shu Bayt (Ka’ba)ning Parvardigoriga (shukrona uchun) ibodat qilsinlar. Zero, U ularni ochlikdan (qutqarib) to‘ydirdi va xavfu xatardan omon qildi".
Homidjon domla ISHMATBЕKOV