frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

“Salafiylar” kimlar?

25.05.2023   8877   6 min.
“Salafiylar” kimlar?

Hozirgi kunga kelib turli diniy oqim va firqalar “Ahli sunna val jamoa” musulmonlarini adashgan, kufr va shirkda ayblab, o'zlari haqligini iddao qilib, ularga qo'shilishni va haqiqiy Islomda bo'lishni iddao qilmoqdalar. Shulardan biri soxta “Salafiylik” oqimi a'zolaridir.

Bunday oqim va firqalar qanday nomlanmasin, ularning fikri va e'tiqodlari deyarli bir xil. O'zlariga ergashmaganlarni zalolatda, kufr diyorida istiqomat qiladi, hijrat qilish farz kabi botil da'volar bilan ba'zi bir savodi yo'q yoki dinga qiziqqan insonlarni miyasini zaharlab o'z saflariga qo'shishga harakat qilmoqdalar. Ular bu yo'lda har qanday yo'l bilan, hatto hozirgi kunda juda faollik bilan rivojlanayotgan aloqa vositalari, jumladan internet orqali ham keng targ'ibot ishlarini olib borishmoqda.

Avvalo, salafiylar kim va nima uchun ular o'zlarini “Salafiylar” deb nomlashmoqda?  Shu haqida ma'lumotga ega bo'lsak.

«Salaf» so'zi arab tilida «avvalda o'tganlar, o'tmishda yashaganlar»«Salafiy» – «o'tmishda o'tgan ajdodlar yo'lidan boruvchi» ma'nolarini beradi.

Istilohda esa «Salaf» Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalom taraflaridan maqtalgan, ilk hijriy uch asr avlodlari hisoblanadi. Shu davrda yashab o'tgan sahobalar, tobe'inlar va taba'a tobe'inlardan iborat olimlaru fozillar, mujtahid ulamolarini “salafi solihlar” deb ataladi. Abu Hanifa va boshqa o'rta asrlarda o'tgan mualliflar asarlarida bu so'z aynan mana shu ma'noda, ya'ni «as-salaf», «as-salaf as-solih» (o'tgan solih ajdodlar) shakllarida keladi.

Payg'ambarimiz alayhissalom o'zlarining muborak hadislarida: “Insonlarning eng yaxshisi mening asrdoshlarim. So'ngra ularga yaqin bo'lganlar (tobe'in)dir. So'ngra, ulardan yaqin bo'lganlar (taba'a tobe'in)dir. Ulardan keyin yolg'onchilik tarqab ketadi. Hatto biror kishiki, undan guvohlik so'ralmasada (yolg'ondan) guvohlik beraveradi, undan qasam ichishlik so'ralmasada (noo'rin) qasam ichaveradi” deganlar.

Shu hadisga binoan Islom olamida dastlabki uch asrda yashab o'tgan musulmon avlodlarini eng yaxshi solih insonlar deb e'tirof etiladi. Bugungi kunda mashhur to'rtala mazhab- Hanafiy, Molikiy, Shofi'iy va Hanbaliy mazhabi asoschilari va ularning ashoblari ayni yuqoridagi hadisda aytib o'tilgan avlod vakillari hisoblanadilar. Ulardan keyingi davr vakillarini. Olimlari, fozilu avliyolariga ham “salafi solih”, “salafiy” degan atama ishlatilmaydi.

So'nggi yillarda “salaf solihlarga ergashish” shiorini niqob qilib olgan, musulmon jamiyatlarini ilk islom davri holatiga qaytarishni targ'ib qiluvchi mutaassib, soxta salafiylar paydo bo'lganini alohida qayd etish lozim.

Ular islomiy ahkom va fatvolarni har bir zamon taqozosiga qarab emas, balki hijriy sananing dastlabki uch asriga muvofiq ravishda hayotga tatbiq etishni iddao qilgan oqimdir. Bu oqim arab va islom mamlakatlarida tarqalgan bo'lib, Makaziy Osiyoga ham kirib kelmoqda.

Bu oqim tarafdorlari islom dinining har bir zamon va har bir makonga moslasha olishini tan olmaydilar. O'n to'rt asrdan beri islomning zabardast  olimlari, faqihu mujtahidlari, mo''tbar to'rtta mazhab sohiblari qabul qilgan fatvolarni tan olmaydilar va ularga qarshi chiqadilar.

Soxta salafiylikning asoschisi sifatida  hijriy ettinchi asrning oxirlarida Suriyalik Ahmad ibn Taymiya boshchiligida, asosan ahli sunna imomi- Abu Muso al Ash'ariy (r.a) tomonidan talqin qilingan aqoidiy islohotlarni rad qilishlik bilan o'rtaga chiqganini ko'rishimiz mumkin. Ibn Taymiya umri davomida o'zining agressiv qarashlari tufayli to'rt marta qamoq jazosiga tortilgan va 1328 yilda qamoqxonada vafot etgan.

 

Soxta “salafiylar”ning fikricha, Rasulullohning muborak qabrlarini ziyorat qilish bid'at va zalolatdir (vaholanki ibn Taymiyagacha bo'lgan davr, ya'ni qarib sakkiz asrdan beri butun Islom olamida joriy bo'lgan eng ulug' ziyoratlardandir). Shuningdek Rasulullohning tug'ilgan kunlari, ya'ni mavlidi sharifni nishonlash ham bid'at va foydasizdir, yana Rasulullohdan qolgan asori atiqalarni saqlash, asrab avaylash esa go'yoki shirkdir. “Salafiylar”ning tasavvurida yuqoridagi kabi aziz va mo''tabar narsalar johiliyat davridagi bud-sanamlarga sig'inishdek tenglashtiriladi.

“Salafiylar”ning bu kabi qarashlari o'z davrida katta fitna va yangilik bo'lishiga qaramasdan, ularning tarafdorlari juda ko'p edi. Sababi, ibn Taymiyaning kuchli taqvo va ilm sohibi bo'lgan va hanbaliylik mazhabiga mansub oilada voyaga etgani bo'ldi. Shu sabab ham unga ergashganlar ko'p bo'ldi. Natijada uning adashuvini ko'pchilik payqamay qoldi. Uning fatvolari ko'pchilik muxlislari tomonidan qabul qilinardi. Oxiri esa uni “mujaddid”(dinni yangilovchi), “shayxul islom” degan laqablar bilan atay boshladilar. Aslida esa, Ibn Taymiya mujaddid ham, asl salafiy ham bo'lmagan. Uning keyingi paydo qilgan “salafiylik” mazhabi ham hech qanday salafi solihlarning yo'llariga to'g'ri kelmaydi. Balki, musulmonlar jamoasidan ajrab chiqgan adashgan bir kichik mutaassib oqim bo'lgan xolos.

 

Murodjon MIRSOATOV
Sirdaryo tuman “A. Yassaviy”
jome masjidi imom-xatibi

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“El Mundo Financiero”: Xavfsizlik reytingida O‘zbekiston dunyoning eng bexatar davlatlari qatoridan o‘rin oldi

03.08.2026   11030   1 min.
“El Mundo Financiero”: Xavfsizlik reytingida O‘zbekiston dunyoning eng bexatar davlatlari qatoridan o‘rin oldi

Ispaniyaning “El Mundo Financiero” nashrida O‘zbekistonning xalqaro turizm bozoridagi o‘rniga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Maqolada qayd etilishicha, “Global Terrorism Index 2026” reytingida O‘zbekiston yana dunyodagi eng xavfsiz davlatlar qatoriga kirgan. Iqtisodiyot va tinchlik instituti tomonidan tayyorlangan mazkur reyting 163 mamlakatni qamrab olgan bo‘lib, 2026 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston 0,014 ball bilan eng xavfsiz davlatlar guruhidan joy olgan.

Nashr bu natijani mamlakatda jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquq-tartibot tizimini takomillashtirish hamda huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar samarasi sifatida baholagan.

Materialda xorijlik sayyohlar O‘zbekiston bo‘ylab sayohat davomida o‘zini xavfsiz his qilishiga alohida e’tibor qaratilgan. Aeroportlar, temir yo‘l vokzallari, metro, turistik obyektlar, markaziy ko‘chalar va boshqa jamoat joylarida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha yaratilgan tizim mamlakatning ijobiy imijini mustahkamlashga xizmat qilayotgani ta’kidlangan.

Shuningdek, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi Buyuk Ipak yo‘li shaharlari, shuningdek, zamonaviy Toshkentning boy tarixiy-madaniy merosi hamda mehmondo‘stlik an’analari xorijlik sayyohlarni tobora ko‘proq o‘ziga jalb etayotgani alohida e’tirof etilgan.

“Global Terrorism Index 2026” natijalari O‘zbekistonning turizm, biznes va xalqaro almashinuvlar uchun ishonchli, barqaror hamda xavfsiz mamlakat sifatidagi imijini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi”, deya xulosa qilgan “El Mundo Financiero”.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari