Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Aprel, 2025   |   23 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:09
Quyosh
05:35
Peshin
12:27
Asr
17:10
Shom
19:13
Xufton
20:32
Bismillah
21 Aprel, 2025, 23 Shavvol, 1446

Qur’onni xatm qilish qachon boshlangan?

12.04.2018   4344   3 min.
Qur’onni xatm qilish qachon boshlangan?

Qur’oni karimni xatm qilish bevosita ilohiy topshiriq asosida joriy qilingan bo‘lib, Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam davrida, u zotning shaxsiy amallari asosida yo‘lga qo‘yilgan. Vahiy farishtasi Jabroil alayhissalom har ramazon oyida Nabiy sollallohu alayhi vasallamga Qur’ondan ayni paytgacha nozil bo‘lgan suralarni to‘liq o‘tkazdirar edi. Imom Buxoriy «Qur’on fazilatlari kitobi»da Ibn Abbos roziyallohu anhumodan quydagicha rivoyat qiladi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam odamlarning eng saxiysi edilar. U zotning eng ko‘p saxiyliklari ramazon oyida bo‘lar edi, chunki Jabroil ramazon oyida to u chiqib ketgunicha har kecha Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan uchrashar, u zot unga Qur’onni o‘tkazar edilar. Jabroil alayhissalom u zot bilan uchrashganda, esgan shamoldan ham saxovatli bo‘lib ketar edilar».

Hadis tarjimasida «o‘tkazish» deb o‘girilgan jumla arab tilida «mu’aarodotun» deyiladi. Bu bir-biriga o‘qib berish, o‘qib o‘tkazish deganidir. Bunda ikki tarafning bir narsani navbatma-navbat to‘liq o‘qishi, biri o‘qiganda, ikkinchisi eshitib, kuzatib turishi tushuniladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etadigan yillari ramazon oyida Qur’on deyarli tugal bo‘lib qolgan edi va shu bois Jabroil alayhissalom Nabiy sollallohu alayhi vasallamga ikki marta xatm qildirgan edi. Ushbu so‘nggi xatmga ayrim sahobalar guvoh ham bo‘lishgan. Imom Buxoriy Fotima roziyallohu anhodan quyidagicha rivoyat qiladi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam menga: «Jabroil menga Qur’onni har yili bir marta o‘tkazdirar edi, bu yil ikki marta o‘tkazdirdi. Buni ajalim kelib qolganidan boshqa emas deb o‘ylayman», deb pichirladilar».

Demak, Qur’onni xatm qilish namoz, ro‘za, haj va boshqa diniy amallar kabi bevosita ilohiy ko‘rsatma asosida, namunasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shaxslarida ko‘rsatilgan holda shariatda joriy qilingan amal ekan. Alloh taolo Qur’onni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qalblarida jamlashni va tillarida qiroat qildirishni O‘z zimmasiga olgan bo‘lsag‘da, vahiy farishtasini yuborib, uning Rasuli akram alayhissalomga har ramazonda xatm qildirishi xatmi Qur’on qilishning ahamiyati qanchalar yuksak ekanini ko‘rsatadi. Qur’oni karimni ilk bor qabul qilib olib, uni butun vujudiga singdira bilgan dastlabki musulmon avlod – sahobai kiromlar ushbu haqiqatni yaxshi anglab yetdilar va ilohiy namuna bo‘lmish Qur’onni xatm qilish ishini ham juda go‘zal tarzda amalga oshirdilar. Hatto ayrimlari Qur’onni har kuni bir marta to‘liq o‘qishni odat qilib olgan edi. Ammo har ishda mo‘tadillikni shior qilib tutgan Rasulimiz alayhissalom bu borada ham me’yorni ushlashni buyurdilar.

 

Hasanxon Yahyo Abdulmajid

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Mehr-muruvvat va iliq taassurotlarga boy tadbir

18.04.2025   4651   3 min.
Mehr-muruvvat va iliq taassurotlarga boy tadbir

Shu yil 16-17 aprel kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosarlari Zayniddin domla Eshonqulov va Obidjon Kadirovlar Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida bo‘lishdi. 

Tashrif avvalida Qashqadaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Farhod Kushakov va  viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonovlar hamrohligida Shahrisabz “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar internat uyiga borib, zaruriy mahsulotlar xayriyalar qilindi. 

Shuningdek, Kitob tumanidagi “Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi ustoz va talabalari bilan uchrashuv o‘tkazildi.Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov ma’ruza qilib, yoshlikda ilm olishning fazilati, ilm nafaqat taraqqiyot, balki ma’naviy kamolotning ham asosi ekanligi borasida batafsil to‘xtalib o‘tdi. 

Shundan so‘ng Shahrisabz shahridagi “Sirojiddinxon Burhoniddinxon o‘g‘li” jome masjidida O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassislari, Qashqadaryo viloyati vakilligi rahbariyati, tuman bosh imom-xatiblari hamda otinoyilari, shuningdek, Shahrisabz shahridagi masjid imom-xatiblari, noiblari, otinoyilar, “Haj-2024” ziyoratchilari va mahalla raislari bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Shuningdek, Shahrisabz shahridagi muammoli xonadonlarga kirib, ulardan hol-ahvol so‘radilar. Yot g‘oyalar ta’siriga moyil bo‘lganlar va  ijtimoiy himoyaga muhtojlar bilan ma’naviy-ma’rifiy suhbatlar qilindi. Kelishmovchilik va janjallar sababli notinch bo‘lib turgan oilalar o‘rganilib, ularga nasihat qilindi. Notinchlik sabablarini bartaraf etish, arazlashganlarni yarashtirish choralari ko‘rildi. Muammolari o‘rganilib, taklif, fikr, mulohazalari tinglandi. Umumiy hisobda 150 ta oilaga kirib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot hamda amaliy yordam tadbirlarini olib borildi. 

Nogironligi bo‘lgan va kasalmand, ehtiyojmand fuqarolar, shuningdek, tabarruk yoshdagi qariyalar yashaydigan oilalarga kirilib, ulardan ko‘ngil so‘raldi, sovg‘a-salomlar berildi, davolanish va dori darmon uchun moddiy yordam ko‘rsatildi. Homiylarni jalb qilgan holda ehtiyojmandlarga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi. Ular orasidan o‘ta nochor bo‘lganlarining moddiy ta’minotidan xabardor bo‘lib turish rejalashtirildi.

Qashqadaryo viloyatining shahar va tuman bosh imom-xatiblari Shahrisabz shahridagi masjidlarda peshin namozini ado qilib,  yig‘ilgan qavmga “Yurtimizda bo‘layotgan islohotlar”, “Inson qadri ulug‘”, “Internetdagi xatarlardan ogoh bo‘laylik”, “Yot g‘oyalar ta’siridan saqlanaylik”, “Tinchlik oliy ne’mat”, “Shukronalik fazilati”, “Masjidlarni obod qilish”, “Islom - bag‘rikenglik dini”, “Farzand tarbiyasiga barchamiz mas’ulmiz”, “Yoshlar - kelajagimiz”, “Husni xulq”, “Qo‘ni-qo‘shnichilik odoblari” kabi dolzarb mavzularda ma’ruzalar qilishdi. 

Tadbirlar davomida “Yashil makon” umummilliy loyihasi amaliy targ‘ib qilindi. Shahrisabz shahridagi barcha masjidlar hududida mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazdilar. Zero, Islom dinida ham daraxt ekib bog‘ yaratish savobli amallardan hisoblanadi.  Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o‘z ummatlariga dehqonchilik, xususan ko‘chat ekishga targ‘ib qila turib shunday deganlar: “Agar qiyomat bo‘lib qolsa va birontangizning qo‘lida xurmo daraxti bo‘lsa, bas, uni ekib olsin” (Buxoriy va Ahmad rivoyati). 

Albatta, bu kabi tadbirlar  yurtimizda ahillik va hamjihatlikni yanada mustahkamlaydi. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi 
Matbuot xizmati

Mehr-muruvvat va iliq taassurotlarga boy tadbir Mehr-muruvvat va iliq taassurotlarga boy tadbir Mehr-muruvvat va iliq taassurotlarga boy tadbir Mehr-muruvvat va iliq taassurotlarga boy tadbir Mehr-muruvvat va iliq taassurotlarga boy tadbir Mehr-muruvvat va iliq taassurotlarga boy tadbir Mehr-muruvvat va iliq taassurotlarga boy tadbir Mehr-muruvvat va iliq taassurotlarga boy tadbir Mehr-muruvvat va iliq taassurotlarga boy tadbir Mehr-muruvvat va iliq taassurotlarga boy tadbir
O'zbekiston yangiliklari