Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Dekabr, 2024   |   25 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:48
Peshin
12:29
Asr
15:19
Shom
17:03
Xufton
18:23
Bismillah
26 Dekabr, 2024, 25 Jumadul soni, 1446

Gunohlarni o‘chirish yo‘li

11.04.2018   4448   4 min.
Gunohlarni o‘chirish yo‘li

Bu dunyoda Allohning hukmi bilan insonlar moddiy imkoniyatlariga ko‘ra turli toifalarga bo‘linadi. Albatta, Alloh barchani boy qilishga qodir bo‘la turib, ularni boy va kambag‘al qilib qo‘yishida hikmat bor. Alloh ba’zilarga rizqni keng va ba’zilarga esa tor qilib berganidagi asosiy hikmatlardan birini bayon qilib shunday deydi: «Agar Alloh bandalarining rizqlarini keng-mo‘l qilib yuborsa, albatta, ular yer yuzida tajovuzkorlikka o‘tib ketgan bo‘lur edilar. Lekin U o‘zi xohlaganicha o‘lchov bilan (rizq) tushirur. Albatta, U bandalaridan xabardor va (hamma narsani) ko‘rib turuvchidir» (Sho‘ro surasi 27 oyat).

Sadaqa va ehsonning barcha ko‘rinishlari, xoh u nafl bo‘lsin xoh farz bo‘lsin, barchasi gunohlarning o‘chirilishiga sabab bo‘ladi. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «…Suv olovni o‘chirganidek, sadaqa gunohlarni o‘chiradi», dedilar» (Termiziy rivoyati).

Alloh yo‘lida qilinadigan sadaqa va ehsonlarning fazilati to‘g‘risida Qur’onda shunday deyilgan: «Sadaqalaringizni agar oshkora bersangiz, juda yaxshi. Bordi-yu, kambag‘allarga pinhona bersangiz – o‘zingiz uchun yanada yaxshiroqdir va (U) gunohlaringizdan o‘tar. Alloh qilayotgan (barcha) ishlaringizdan xabardordir» (Baqara surasi, 271 oyat). Demak, sadaqani xoh oshkora xoh yashirincha bersin, niyati xolis bo‘lsa, sadaqaga va’da qilingan mukofotga ya’ni gunohlarining kechirilishiga erishadi. Ulamolar sadaqani insonning imoni borligini tasdiqlovchi amal deyishgan. Chunki xayri ehson qiluvchi kishi o‘ziga begona bo‘lgan va hech ham manfa’at kelmaydigan odamga imkonidan kelib chiqib bir narsani beradi.

Abu Molik Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sadaqa hujjat va dalildir (ya’ni imoni borligiga)», dedilar» (Imom Termiziy rivoyati). Demak, xayri ehson qilish orqali imonimiz borligini tasdiqlovchi hujjatni qo‘lga kiritgan bo‘lar ekanmiz. Abu Kabsha al-Anmoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. «Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Uch narsaga qasam ichaman: «Bandaning moli sadaqa ila nuqsonga uchramas. Banda bir zulmga uchrasa-yu, unga sabr qilsa, albatta, Alloh uning izzatini ziyoda qilur. Banda tilanchilik eshigini ochsa, albatta, Alloh unga faqirlik eshigini ochar», dedilar.

Adiy ibn Hotam roziyallohu anhudan rivoyat qilingan yana bir hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Qaysingiz yarimta xurmoni sadaqa qilib bo‘lsa ham, yuzini do‘zax olovidan asrashga qodir bo‘lsa, shu ishni qilsin», dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Ehson qilish eng oldin sizni avaylab-ardoqlab katta qilgan, yedirib-ichirgan, kiyintirgan, chiroyli ta’lim, xulqu odob o‘rgatgan, kamolga yetkazib uyli-joyli qilgan ota-onadan boshlanadi. Shundan keyin qarindosh-urug‘lar, o‘zgalar mehr-muruvvatiga muhtoj bo‘lib qolgan yetimlar, kambag‘al-faqirlar, safarda aziyat chekayotgan musofirlarga ehson qilinadi.

Ehson-sadaqa qilinishi lozim bo‘lgan toifalar haqida Payg‘ambarimiz alayhissalomdan bir necha hadisi shariflar vorid bo‘lgan: «Miskinga qilingan sadaqaga bitta savob, qarindoshga qilingan sadaqaga ikkita savob: biri sadaqa, ikkinchisi silai rahm uchundir»; «Rasuli akram alayhissalom: ya’ni: «Yetimni qaramog‘iga olgan kishi bilan men jannatda mana bunday yonma-yon turamiz», dedilar hamda ko‘rsatkich va o‘rta barmoqlarini juftlab ko‘rsatdilar». Boshqa hadisda esa, ya’ni: «Beva va miskinga ehson qilish uchun harakat qilgan kishi Alloh yo‘lida jang qilgan, tuni bilan namoz o‘qigan va kun bo‘yi ro‘za tutib yurgan kishi kabidir» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

Yuqorida keltirilgan oyat va hadislarga binoan har bir musulmon atrofidagi kishilarga mehribon, himmatli, saxovatpesha va sadoqatli bo‘lishi lozim. Bu imtihon dunyoda bizlarga berilgan ma’naviy va moddiy boyliklarini Alloh va uning Rosulining ko‘rsatmalariga monand sarf qilib, Qiyomat kunida “Saxiy boylar” qatorida turmoqlikni nasib aylasin.

 Ulug‘bek NAZIROV

Andijon shahar

“Xoliqberdiboy” jome masjidi imom xatibi

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Nega nuringizni ortingizda qoldirasiz?

25.12.2024   1879   4 min.
Nega nuringizni ortingizda qoldirasiz?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakatuhu

Bugun siz azizlarga so‘zlab beradigan hikoyam Makka shahrida bundan bir necha yuz yillar oldin sodir bo‘lgan hayotiy voqea haqidadir. Bu voqea bilan Saudiyada nashr etiladigan gazetalardan birida tanishganman.

Umra ibodatini ado etish uchun Makka shahriga borganimda gazetadagi “Nima uchun nuringni ortingda qoldirding?” degan maqolaga ko‘zim tushdi. Bu qiziqarli sarlavha meni o‘ziga jalb qildi. Bu nima degani ekan deb qiziqdim. Hikoyani o‘qib, uning mazmunini angladim.

Qadim zamonda o‘ta badavlat odam yashagan ekan. U paytlar qullik davri edi. Bu boyning ham barcha shaxsiy ishlarida unga xizmat qiladigan quli bor edi.

Bomdod namoziga azon aytilganda, xizmatkor tahorat uchun suv tayyorlar va xo‘jayinini uyg‘otardi. Tahoratga yordamlashib bo‘lgach, miltillab yonadigan fonusi bilan yo‘lini yoritib masjidga olib borardi. Bu davrlarda hali elektr tok, chiroqlar yo‘q, yo‘llar zimiston, chang, ko‘chalarda tosh va chuqurlar ko‘p edi.

Shu zaylda qul 20 yildan ortiq xo‘jayiniga xizmat qildi. Kunlarning birida odatdagidek bomdod namoziga ketishayotganida boy yurishdan to‘xtab, joyida biroz jim turib qoldi-da, keyin: “Gaplarimni eshit ey Said”, dedi. Qulning ismi Said edi.

Boy: “Ey Said, men vasiyatnomamda vafot etganimdan keyin merosxo‘rlarim seni ozod qilishlarini yozdim. Bu senga 20 yildan beri menga qilgan sodiq xizmatlaring uchun mukofot bo‘ladi”, deb aytdi.

Lekin bu gapdan Said xursand bo‘lmadi, xo‘jayiniga tashakkur ham izhor etmadi, hatto bir og‘iz so‘z ham aytmadi.

Ertasi kuni yana odatdagidek masjid tomon fonusni yoqib yo‘lga tushishdi. Ammo bu safar har gal xo‘jayinning yo‘llarini yoritib ketadigan xizmatchi orqa tomonga o‘tib olgandi. Xo‘jayin nega bunday qilayotganini tushunmay: “Nega orqamdan ketayapsan? Said senga nima bo‘ldi? Nega oldinda yo‘lni yoritib ketmayapsan?” deb so‘radi.

“Chunki siz nuringizni ortda qoldirdingiz. Hayotlik vaqtingizda emas, balki vafot etganingizdan keyin meni ozod qilishingiz ham xuddi shunga o‘xshaydi. Tiriklik vaqtingizda meni ozod qilishni o‘ylamadingiz. Endi vafot etganingizdan keyin meni ozod qilishga va’da beryapsizmi? Siz qachon vafot etarkansiz, men shunda tezroq ozod bo‘laman deb o‘ylab yurishimni istaysizmi? Men uchun sizning umringiz uzoq bo‘lsa-yu, sizning xizmatingizni qilsam. Men shundoq ham umrbod sizga sodiq xizmat qilmoqchi edim. 20 yildan beri xizmatingizda bo‘layotgan bo‘lsam, biror marta meni ozod qilishingiz haqida aytmagansiz. Lekin endi aytishingiz go‘yoki sizning vafotingizni kutayotgandek bo‘laman. Nega nuringizni oldingizda emas, ortingizda qoldirdingiz?”.

Bu gaplarni eshitib boy odam qattiq ta’sirlandi. Unga: “Ey Said shu daqiqadan e’tiboran sen ozodsan”, dedi. Said uning bu taklifini rad etib: “Men sizning itoatkor xizmatkoringizman”, dedi.

Ushbu qissadan qanday ibrat olinadi. Ko‘pchilik o‘z nurini oldida emas, balki ortida qoldiradi. Bu nima degani? Ayrimlar: “Boy bo‘lsam falon-falon ishlarni qilaman”, “Vafot etsam kambag‘allarga to‘plagan boyliklarimni tarqatishadi”, “10 yildan keyin falon ishlarni qilaman” deyishadi. Nega o‘sha ishlarni hayotlik vaqtingizda, imkoningiz borida qilmaysiz? Nega nuringizni ortingizda qoldirasiz, oldingizda emas. Nega yaxshiliklar qilishni uzoq yillarga suramiz. Imkon borida darhol yaxshilik qilish haqida o‘ylamaymiz? Biror yaxshilik qilishni imkoningiz bormi, uni hozir qiling, shunda nuringiz oldinda bo‘ladi. Nuringizni aslo orqada qoldirmang!

Maqolaning videolavha shakli

Davron NURMUHAMMAD

 

 

 

Maqolalar