Islomning ilk davrida makkalik mushriklar musulmonlarning boshiga ko‘pdan ko‘p og‘ir savdolarni soldi. Ularning zulmi haddan oshib ketdi. Shundan keyin as'hoblar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan “Ey Allohning Rasuli, biz Allohning yo‘lida bo‘la turib boshimizga bunday og‘ir kunlarning kelishining biror hikmati bormi?” deb so‘rashdi.
Ularning bu savollariga javoban quyidagi oyati karimalar nozil bo‘ldi:
أَحَسِبَ النَّاسُ أَن يُتْرَكُوا أَن يَقُولُوا آمَنَّا وَهُمْ لَا يُفْتَنُونَ
“Odamlar “iymon keltirdik” deyishlari ila imtihon qilinmay, tark etilishlarini o‘yladilarmi? (Iymon kalimasini og‘izda aytish oson. Har kim ham iymon keltirdim, deb aytaverishi mumkin. Ammo til bilan aytilgan kalima dildan chiqqanmi yoki yo‘qmi, buni aniqlash uchun banda sinov-imtihondan o‘tishi kerak);
وَلَقَدْ فَتَنَّا الَّذِينَ مِن قَبْلِهِمْ فَلَيَعْلَمَنَّ اللَّهُ الَّذِينَ صَدَقُوا وَلَيَعْلَمَنَّ الْكَاذِبِينَ
Va, batahqiq, Biz ulardan oldingilarni ham imtihondan o‘tkazganmiz. Bas, Alloh, albatta, sodiq bo‘lganlarni ham bilajak, yolg‘onchilarni ham bilajak. (Ankabut, 2,3)
Ushbu oyati karimadagi “fatanna” imtihon etdik kalimasi ayni zamonda oltinni soflashtirmoq uchun bajarilgan sinov ishlaridir. Oltinni tozalab olish uchun u juda katta issiqlikda kuydiriladi. Issiqlik 1064 darajaga chiqqanidan so‘ng oltin eriy boshlaydi va uning ichidagi begona moddalar ko‘pirib yuqoriga chiqib qoladi. Ana o‘sha ko‘pik olib tashlanganidan so‘ng bag‘ri kuygan oltin sof bir jismga aylanadi. Ana shu oltin 99.9. nav (proba) oltindir.
Shiddatli imtihonning ma’nosi shu. Oltin ustidan bir-ikki suv qo‘yish yoki bir-ikki bolg‘a urish bilan tozalanmaydi. Chunki nopokliklar, begona moddalar uning ichkarisiga unnab ketgan. u qadar ichkariga esa oltinni juda katta issiqlikda eritmasdan yetishib bo‘lmaydi.
Ushbu oyati karimalar imon haqida bo‘lgani sababli imon ham insonning botinida ekani e’tiborga olinadi. Inson botinidagi eng muhim javharni shubhalardan, gumonlardan, vasvasalardan, poklab olish uchun esa uni eritish kerak. Buning uchun kuydiruvchi otash kerak bo‘ladi.
Ana shu otashning tafti 1064 darajaga yetgunga qadar qalbaki oltinlar erib ketadi, sof oltinning tarkibiga kirib olgan begona jismlar kuyib kulga aylanadi. faqat sof oltingina tobiga keladi. Ichimizga joylashib olib ko‘nglimizni rohatsiz etadigan, hatto o‘zimiz bilmagan narsalardan vasvasaga soladigan narsalardan biz qanday qutulib olamiz? Albatta, buning uchun oltin kabi katta issiqlikka, mashaqqatlarga sabr etsak, sinovlarga bardosh bera olsak, imonimizni poklab olishga erishamiz, ya’ni sof oltinga aylanamiz.
Damin JUMAQUL tayyorladi.
O‘MI Matbuot xizmati
Musibat gohida mudroq iymonni uyg‘otishi va insonni Allohga qaytarishi mumkin. Natijada kasallikni davoga, qiyinchilikni esa sovg‘aga aylantiradi.
Qiyinchiliklarga dosh berish Allohga bo‘lgan odob va Uning taqdirini mamnuniyat bilan qabul qilish belgisidir.
Hikmatlarda aytiladi: "Men yumshoqlikni ham, qilichni ham sinab ko‘rdim. Bildimki, yumshoq – muloyimlik keskirroq ekan".
Bardoshli mo‘min hodisalarga nisbatan zaif va munofiqlarcha emas, xuddi raqibiga jang taktikasini sezdirmaydigan pahlavon bahodir kabi harakat qiladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Mo‘min yangi ekilgan nihol daraxtiga o‘xshaydi. Qaysi tarafdan shamol essa, u ana shu tarafga og‘adi va shamol to‘xtagan paytda yana tik turib oladi. Xuddi shunday, musulmon ham har xil balo va qiyinchiliklarga duchor bo‘ladi (lekin u, Alloh uning qiyinchiliklarini ko‘targunicha, sabr qiladi). Va fosiq (yomon) odam esa qarag‘ay daraxtiga o‘xshab qattiq va tikka bo‘lib turaveradi, Alloh uni O‘zi xohlagan paytda uzib (sindirib) tashlagunicha" (Imom Muslim rivoyati).
Hayotning yoqimsiz voqealariga duch kelishda bardoshli bo‘lish gohida ularga nisbatan tabassum bilan boqishga va xotirjamlik bilan qabul qilishga imkon beradi. Siz shunday davom etishini xohlaganingiz uchun emas, ulardan bezovta bo‘lib, qayg‘uga tushishni yengillatish uchun shunday tabassum kerak bo‘ladi.
©️ Shayx Muhammad G‘azzoliy