Sayt test holatida ishlamoqda!
24 May, 2025   |   26 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:18
Quyosh
04:57
Peshin
12:25
Asr
17:29
Shom
19:46
Xufton
21:19
Bismillah
24 May, 2025, 26 Zulqa`da, 1446

Erni rozi qilgan ayol...

10.04.2018   15667   15 min.
Erni rozi qilgan ayol...

Qizlar juvonlarga to‘la bu dunyo

Ammo xayrunniso Fotima qayda

“Xayrunniso”, ya’ni “ayollarning a’losi” degan daraja nafaqat Xadicha (r.a)ga, balki keyinchalik uning qiziga ham berilgan. Fotima (r.a) o‘ta sabru qanoatli, eriga itoatli ayol degan nom barchaga ibrat bo‘lgan va shu sifatlariga ko‘ra “Jannat sayyidasi” deb madh etilingandir. Ibn Moja «Sunan»larida va Ibn Hibbon «Sahih»larida keltirilgan rivoyatda Abdulloh ibn Avf aytadilar: Mu’oz (r.a) Shomdan kelganlarida Nabiy (s.a.v.)ga sajda-ta’zim qildilar. Shunda u zot: «Ey Mu’oz bu nimasi?» deb so‘radilar. Mu’oz: «Ey Rasululloh, Shomga borgan edim, ularni yepiskop va patriarxlariga, ya’ni, dindor va rohiblariga sajda qilishayotganing ustidan chiqib qoldim va o‘yladimki, bu narsani sizga qilinishi lozim va bunga siz haqlisiz, deb sizga sajda qilmoqlikni  iroda qildim», ya’ni siz insonlarning ichida ta’zim (sajda) qilishga loyiqroqsiz, degan edi, Rasululloh (s.a.v.): «Bunday qilma! Ey Muoz agar biror kishiga Allohdan o‘zgaga sajda qilishni buyurganimda, ayolni eriga sajda qilishga buyurgan bo‘lar edim. Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan zotga qasamki, ayol erining haqqini ado qilmagunicha, Rabbisining haqqini ado qilolmaydi. Hatto ulovning ustida bo‘lgan holida, eri u bilan qo‘shilishni talab qilsa, ayol tuyaning ustida bo‘lsa ham, uni rozi qilmoqlik uchun erining talabini bajarmoqligi lozim,  uni qaytarmasligi kerak» (Ibn Moja rivoyati).

Erning ayoli ustidagi haqqi shunchalar ulug‘ki hatto Rasululloh (s.a.v.) aytadilar: «Agar birortaga Allohdan boshqaga sajda qilishni buyurganimda, ayolni eriga sajda qilishga buyurgan bo‘lar edim».

Anas ibn Molik (r.a.)dan rivoyat qilingan hadisda Nabiy (s.a.v.) aytadilar: «Sizlarning ichingizdan jannatga kiradigan erkaklar haqida xabar beraymi dedilar?» «Ha, ey, Allohning Rasuli», dedik. Shunda: «Payg‘ambar (s.a.v) jannatdadir, siddiq jannatdadir, shahar ichidagi birodarlarini faqat Alloh uchun ziyorat qilsa, shu erkak jannatdadir. Sizlarga jannatga kiradigan ayollaringiz haqida xabar beraymi», dedilar. « ey, Allohning Rasuli», dedik. U kishi: «Mehribon va tug‘uvchi, ya’ni, eriga mehribon itoatkor va ko‘p farzand tug‘uvchi ayollardir. Agar ayol g‘azablanib yoki biror narsasi yoqmay erining jahlini chiqarsa: «Mana qo‘lim qo‘lingizda, rozi bo‘lmaguningizcha uyquga ko‘z yummayman», deb aytadi. (Tabaroniy rivoyati).

Ibn Moja «Sunan»larida Mu’oz bin Jabaldan rivoyat qilgan sahih hadislarida, Nabiy (s.a.v.) aytganlar: «Dunyoda biror bir ayol eriga aziyat yetkazsa, erkakning jannatdagi shaxloko‘z hurlaridan bo‘lgan zavjasi: «Unga aziyat yetkazma, Alloh seni o‘ldirur, bas u dunyoda begonadir. Ya’ni, o‘tkinchi mehmon sendan ajralib, yaqinda bizning oldimizga keladi». Ya’ni, seni dunyoda tark qilib, bizning oldimizga kelishiga yaqin qoldi va men uning jannatdagi zavjasiman: deb u ayolga nido qiladi: dedilar.

Yana erning ayoli ustidagi haqlaridan ayol uning mol-mulki va nomusini saqlashi va uyiga biror kishini erining ruxsatisiz kiritmasligi kerak. Bu haqda Nabiy (s.a.v.) aytganlar: «Sizlarga erkak jamlaydigan yaxshilik haqida xabar beraymi? U soliha ayoldirki, agar eri unga qarasa xursand bo‘ladi, buyursa itoat qiladi va biror joyga chiqsa, uning mol-mulkini muhofaza qiladi» (Abu Dovud rivoyati).

Erning ayoli ustidagi haqlaridan yana biri – eri uni to‘shagiga chaqirsa, borishdan bosh tortmasligi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning quyidagi so‘zlariga binoan: «Agar erkak ayolini to‘shagiga chaqirsayu, u kelishdan bosh tortsa, farishtalar uni tong otib bo‘lgunicha la’natlaydilar» («Fathul Boriy ala Sahihul Buxoriy»).

 Jobir (r.a.) rivoyat qilgan: «Uch xil insonning namozlari qabul bo‘lmaydi va ulardan osmonga yaxshilik ko‘tarilmaydi:

  1. Qochgan qul, to qaytib kelmaguncha;
  2. Mast odam, to o‘ziga kelmaguncha (kayfi tarqamaguncha);
  3. Erini g‘azablantirgan ayol to eri rozi bo‘lguncha (Ibn Hibbon rivoyati).

Nabiy (s.a.v.) vidolashuv hajlaridagi xutbalarida ushbu so‘zlarni aytdilar: «Ogoh bo‘linglarki, sizlar uchun ayollaringiz ustida haq bor va ayollaringiz uchun sizlarning ustingizda haq bor. Bas, sizlarning ular ustidagi haqqingiz – o‘rningizga siz yoqtirmaydiganlarni kirgizmasliklari va uyingizga siz yoqtirmaydiganga ruxsat bermasliklari. Ogoh bo‘lingki, ularning sizlar ustilaringizdagi haqqi ularga kiyinishlarida va taomlarida ehson qilishingizdir» dedilar. (Imom Muslim va Ibn Moja va Termiziylar rivoyatlari).

Islom ayolga eri yoqtirmaydigan birorta odamni uyiga kirishga ruxsat berishni harom qildi. Chunki bu narsa er xotin orasida adovat tug‘dirib, shubha gumonlarga  olib keladi.  Ba’zan er, xotinining amakisi yoki tog‘asining o‘g‘liga o‘xshash qarindoshlarining yurish turishidan gumonda bo‘lishi va shu sababli uyiga uning kirishini istamasligi mumkin. O‘zining yo ayolining ba’zi qarindoshlari turmushini buzishidan qo‘rqsa, undaylarga kirishni man’ qilishga haqqi bor. Shu paytda ayol eriga itoat qilishi lozim bo‘ladi. Agar uyda xotin eri yoqtirmaydigan dushmanini hurmat qilayotganini ko‘rsa, ko‘ngliga og‘ir botib g‘azabi qo‘zg‘aydi.

Erning ayoli ustidagi haqlaridan yana biri – uy ishlarini boshqarish, ya’ni ovqat pishirish, yuvish, tozalash kabilardir. Ular hamma davrda urf odat bo‘lib, u haqda ulug‘ ko‘rsatmalar kelgan, chunki hayot o‘zaro yordam va bardamliksiz davom etmaydi:

     وَلَا تَعَاوَنُوا عَلَى الْإِثْمِ وَالْعُدْوَانِ وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ شَدِيدُ الْعِقَابِ 

 (Ey mo‘minlar) Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir (Moida surasi, 2).

Erkak uydan tashqarida ayoli va farzandlarining saodati va ehtiyojlarini o‘ylab, oziq ovqat va kiyim kechak olib kelish uchun ishlaydi tirikchilik qiladi. Ayol esa uyda ovqat pishirish, idish tovoq, kir yuvish va umuman uyni saodat maskaniga aylantirish uchun uy ishlari bilan shug‘ullanadi. Erkak uydan tashqaridagi ishlarni, ayol kishi esa uy ichidagi ishlarni boshqaradi. Shu tariqa hayot o‘zaro bir-birini tushunish va o‘zaro yordam asosida tiklanadi. Ba’zi faqihlar nikoh aqdi faqatgina er-xotinlik turmushi, jasadiy rohat va jinsiy shahvatni qondirish uchun yoki uy xizmatini qildirish uchun emas, erkak uyga xodim tayinlab qo‘yishi shart, deb aytishadi. Ammo sahih xabarlarda kelishicha, Nabiyning (s.a.v) ayollari ham, qizlari ham uy xizmatida bo‘lishgan. Uyda qilinishi kerak bo‘lgan narsani barchasini o‘zlari qilishgan, Nabiy (s.a.v) ham, bu ishlarda ahli ayollariga ko‘maklashganlar.  Oishaning (r.a.) zikr qilganlaridek , ayollariga yordam berib turganlar. Oishadan (r.a.) Rasululloh (s.a.v.)ning uyda nima ish qilishlari haqida so‘raganlarida aytganlar: «Ahllarining xizmatida bo‘lib, qachon namoz vaqti bo‘lib qolsa, namozga chiqib ketardilar» (Buxoriy rivoyati).

Imom Ahmad Oisha (r.a.)dan rivoyat qilishlaricha, u kishidan: «Nabiy (s.a.v.) uylarida nima bilan mashg‘ul bo‘lar edilar?» deb so‘rashdi. Oisha (r.a.): «Kiyimlarini o‘zlari tikar, na’l (orqasi kesik, shippakkka o‘xshash oyoq kiyim)larini tuzatar, echkilarini o‘zlari sog‘ar va erkaklar uyda qiladigan ishlarni qilar edilar», deb javob berganlar (Imom Ahmad rivoyatlari).

Erining hayot qiyinchiliklarini ko‘tarishda yordam berish, er-xotin orasidagi saodatning davomiy bo‘lishni ta’minlashi va buning natijasida uy nizom va tartib asosida tiklanishiga asar va rivoyatlardan dalillar keltirib beramiz.

Buxoriy va Muslimlar Asmo binti Abu Bakr Siddiq (r.a.)dan rivoyat qilishgan, aytadilar: «Menga Zubayr uylandilar va u kishining birorta ham moli yoki quli yo‘q edi. Faqat bir dona oti bor edi xolos. Shu otlariga yemini berib, boqib yurardim. Uning oxuriga don ezib, xashak solib, yem berib, suv ichirardim. Chelagini teshib, un elab, xamir qorar edim, lekin hech chiroyli qilib non yopa olmas  edim. Shuning uchun menga ansorlarning qizlari non yopib berishardi. Ular sodiq, yaxshi ayollar edi. Yana Zubayrning – Rasululloh (s.a.v.) men uchun ajratib bergan yerlariga don ekardim, lekin shu xizmatlarimning hech qaysisi menga ot boqishchalik og‘ir emasdi… To otam Abu Bakr menga xizmatchi yubormagunlaricha ot boqishdan qutilmadim. Menga xizmatchi yuborib qullikdan ozod qilgandek bo‘ldilar». (Buxoriy va Muslim rivoyatlari).

Ali (r.a.) rivoyat qiladilar: «U kishi Ibn A’badga aytdilar: «Senga o‘zim va Fotima binti Rasululloh (s.a.v.) haqida so‘zlab beraymi? Fotima (r.a.) u zotning (s.a.v) ahllari ichida eng suyuklilari bo‘lib u men bilan yashardi». Ko‘pincha u kichik tegirmonchada un chiqarar edi, qo‘l tegirmon uning qo‘lini qadoq qilardi. Meshda suv tashirdi, mesh yelkasiga botib, izini qoldirardi. Uy supurib kiyimlari chang bo‘lib ketardi. Kunlardan bir kuni Nabiy (s.a.v)ning huzurlariga xizmatchilar kelib qolishdi. Unga: «Borib otangdan bitta xizmatchi so‘rab kelmaysanmi?» dedim. Otasi oldilariga borsa, suhbatlashayotgan odamlar bor ekan. Ertasiga o‘zlari kelib qoldilar va qizlariga: «Nima hojating bor edi?» dedilar. U jim turgan edi, men: «Ya Rasulalloh, men sizga aytib beraman, qo‘l tegirmonda un chiqargandi, qo‘li qadoq bo‘ldi, suv ko‘tarib mesh tashigandi, bo‘ynini iz qilib tashladi. Shunga xodimlar kelib qolganida, oldingizga borib, uni bu qiyinchiliklardan qutqarish uchun bir xodim so‘rab kelishga buyurgandim», deb aytdim. Shunda Rasululloh (s.a.v) aytdilar: «Allohga taqvo qil, ey Fotima! Rabbingning farzlarini ado et, ahli oilang ishlarini qil va to‘shagingga borganingda o‘ttiz uch marta tasbeh, o‘ttiz uch marta hamd va o‘ttiz to‘rt marta takbir ayt, shu bilan yuzta bo‘ladi. Mana shu narsalar senga xodimdan ko‘ra yaxshiroqdir» dedilar. Shunda Fotima (r.a): «Allohdan va Uning rasulidan roziman», dedi. Shunday qilib, Rasululloh (s.a.v) qizlariga xodim bermadilar» (Buni Buxoriy, Muslim, Abu Dovud va Termiziylar rivoyat qilganlar). Bu ishlari bilan  Rasululloh (s.a.v.) qizlariga mehribon bo‘lganmilar yo shafqatsiz? Axir Fotima onamiz ul zot ahllarining ichida suyuklirog‘i emasmidi?

Asmo, Fotima va Rasululloh (s.a.v.) ayollarining (Alloh ularning hammasidan rozi bo‘lsin)  Ular uy xizmatida o‘zlari o‘zlariga xizmatkor edilar va u ayollarning birortasida xizmatkor yo‘q edi. Uy xizmati – sharaf, u hech qaysi amir yoki vazir qizining qadrini pasaytirib qo‘ymaydi. Lekin erkakning rizqi keng bo‘lib zavjasiga xodim olib berishga qodir bo‘lsa, olib bersin. Bunday yordam qilishda hech qanday yomonlik yo‘q, ammo ayolning, uy ishidan birortasini xodim bajarishi shart emas. Erning unga xizmat qilib beradigan va ishlarini bajaradigan xizmatkor olib berishi kerak, deyishimiz ortiqcha hashamatdan bir ko‘rinish va u bo‘lmagan ishdir. Nahotki bizlarning ayollarimiz salaf solih ayollardan yaxshiroq bo‘lsa? Nahotki qizlarimiz Rasululloh (s.a.v.)ning qizlari Fotimai Zahrodan karamliroq bo‘lsa. Rasululloh (s.a.v.) ularga xodim olib bermay, balki qizlariga bu narsadan ko‘ra rabbisiga yaqinroq qiladigan, afzalroq narsani – tasbeh, tahmid va takbir aytishni maslahat berganlari biz uchun ulug‘ bir dars va ibrat emasmi?.

Imom G‘azzoliy «Ihyou ulumiddin» kitoblarida Asmo binti Xorija qizi turmush qurayotganida qilgan nasihatlarini hikoya qiladilar, Asmo qizlariga aytadilar: «Qizalog‘im, o‘sib ulg‘aygan uyingdan chiqding va o‘zing tanimaydigan va oldin yaqin bo‘lmagan kishining to‘shagiga ketding.

U uchun yer bo‘l, senga osmon bo‘ladi,

U uchun o‘rin bo‘l, senga ustun bo‘ladi.

U uchun cho‘ri bo‘l, senga u qul bo‘ladi,

Unga xiralik qilma, yoqtirmay qoladi.

Ya’ni, ha, deb undan har baloni talab qilaverma, bezor bo‘ladi.

Undan uzoqlashma, esdan chiqarib qo‘yadi,

Senga yaqin bo‘lsa, unga yaqin bo‘l.

Sendan uzoqlashsa, undan uzoq bo‘l,

Uning burni, qulog‘i va ko‘zini muhofaza qilki, sendan faqat shirin hidni hidlasin, faqat go‘zal so‘z tinglasin va sening chiroyingni ko‘rsin»

Allohga bo‘lgan muhabbat mo‘minning saodatidir. Alloh uchun sevmoq tubsiz saodatdir-ki, uning ta’mini faqatgina sodiq mo‘minlar biladilar va uning o‘rniga boshqa narsani istamaydilar.

Ummu Muosira turmushga chiqayotgan qiziga nasihat qildi. Uning tabassumi bilan ko‘z yoshlari aralashib ketgan edi: Qizim, sen endi yangi hayotga qadam qo‘ayapsan, u shunday hayotki, unda otang uchun ham, onang uchun ham, aka-uka, opa-singillaring uchun ham o‘rin yo‘qdir. Sen u hayotda eringning hamrohiga aylanasan, ering bu hayotda sen haqingda unga birov sherik bo‘lishini istamaydi, ya’ni seni o‘zingdan ham qizg‘onadi. Sen unga ham yor, ham ona bo‘lasan. Sen unga uning borlig‘i, bor hayoti, bor dunyosi ekaningni sezdir. Shuni bilginki, er kishi katta go‘dak kabidir. Ozgina shirin so‘z ham uni baxtiyor qiladi. Uning senga uylanishi seni o‘z ahli-oilangdan mahrum bo‘lishingga sabab bo‘ldi degan tuyg‘uni sezishiga ering uchun imkon berma, chunki bu tuyg‘u uni hijolat qiladi. Axir ering ham seni deb ota-onasining uyini, oilasini tashladi. Lekin u bilan sening orangdagi farq u erkak, sen ayol ekanligingdir. Sir emas, ayol kishi doimo oilasiga, tug‘ilib o‘sgan xonadoniga oshiqadi. Lekin baribir u o‘zini mana bu yangi hayotga o‘rgatmog‘i zarurdir. Unga er, boshliq, farzandlari uchun ota bo‘lgan kishi bilan hayotini birga o‘tkazmog‘i darkor. Bu sening yangi dunyoyingdir.Sen dunyoda eng bahtli ayolsan chunki,

Ayol barcha xazinalardan qimmat, barcha boyliklardan bebahodir.

Ayol bir o‘zi xonadoningni jahannamga aylantira olganidek, uni jannatlarga ham aylantirishga qodirdir. Demak sen oilangni jannatga aylantiraolsang Sen eng bahtli ayolsan…… barchamizni Robbim baxtlilarning baxtlisi bo‘lish baxtiga musharraf aylasin. Amin.

Poshshaxon ESHONXON KIZI

Xadichai- Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus islom

bilim yurti mudarrisasi 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Zamzam haqida nimalar bilamiz?

23.05.2025   3938   12 min.
Zamzam haqida nimalar bilamiz?

Alloh taoloning inson zotiga ko‘rsatgan cheksiz marhamatlaridan biri shubhasiz suv ne’matidir. Zamindagi biror tirik jon suvdan behojat bo‘lolmaydi. Ushbu hayotdagi barcha narsa suv bilan tirikdir. Lekin Yaratuvchi bu ulug‘ ne’matini maxsus bir suv bilan xosladi. Unga fazl va barakot ato etdi. Musulmonlar kurrai zaminning turli nuqtalaridan ushbu xos ne’matdan bahramand bo‘lish uchun keladilar. U ham bo‘lsa zamzam suvidir. Xo‘sh, zamzam suvi o‘zi nima va uning qanday mo‘jizakor xususiyatlari bor?

Zamzam suvi

Zamzam suvi bu - zamzam qudug‘idan chiqadigan suvdir. Bu quduq Makkai mukarramadagi Haram hududida joylashgan. Bu suv barcha musulmonlar nazdida muqaddas suv hisoblanadi. Zero, Alloh taolo uni o‘ziga xos mo‘'jizaviy xususiyatlar bilan boshqa suvlardan afzal qilgan. Dini Islom ta’limotlariga ko‘ra, zamzam bulog‘ini Alloh taolo Ismoil alayhissalom va uning onasi uchun chiqarib bergan.

Zamzam qudug‘i Makkiy Haram hududi o‘z ichiga olgan muhim tarixiy unsurlardan biri hisoblanadi. U yer sathidagi eng mashhur buloq bo‘lib, musulmonlar qalbida o‘ziga xos ruhiy o‘rni bor. Ayniqsa, hojilar va umra ziyoratchilari uchun bu suvning ahamiyati katta. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Yer yuzidagi eng yaxshi suv zamzam suvidir. U to‘yimli taom va kasallikdan shifodir" (Tabaroniy rivoyati, al-Mo‘jam al-Kabir, sahih hadis).

Jobir raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda esa bunday marhamat qilinadi: "Zamzam suvi nima niyatda ichilgan bo‘lsa, o‘sha niyatning ro‘yobga chiqishiga sabab bo‘ladi" (Imom Ahmad, ibn Moja va boshqalar rivoyati).



Zamzam suvining nomlari

Zamzam suvining ko‘p nomlari bo‘lib, quyida ularning ba’zilarini zikr qilamiz:

1. "Zamzam" va "Zumazim". Bu so‘z "zamma-yazimmu-zumuman" fe’lidan olingan bo‘lib, biror idishga suv lim-lim to‘lib yonlaridan oqib tushganda ishlatiladi. Zamzam bulog‘ining suvi ko‘p va barakali bo‘lganligi uchun shunday nomlangan. Boshqa bir rivoyatda kelishicha, zamzam bulog‘i otilib chiqqan paytda Hojar onamiz unga qarab "zam-zam!" ya’ni "ko‘pay va ziyoda bo‘l!", degan ekanlar. Yana bir qavlga ko‘ra esa zamzamning bunday nomlanishi Jabroil alayissalomning zamzamasidan ya’ni, farishtaning mazkur buloq ustida chiqargan tovushi va kalomi tufaylidir. Boshqa bir fikrga ko‘ra, mazkur buloq ilk marotaba otilib chiqqan vaqtda o‘zidan maxsus tovush chiqarib sharqirab turgan,  shu sababli zamzam deb nomlangan. Zero, zamzama so‘zi shovqin bermoq, muttasil tovush chiqarmoq ma’nosini anglatadi. Zamzama so‘zining yana bir ma’nosi biror narsaning yoyilib ketgan chetlarini to‘plash, tarqalib ketmasligi uchun jamlash ma’nosini anglatadi.

2. "Baraka" va "Muboraka". Baraka so‘zi o‘sish, ziyoda bo‘lish, ko‘p yaxshilik va saodat ma’nolarini anglatadi. Zero, ularning bari zamzamda mavjuddir.

3. "Barra". Bu so‘z yaxshilik, ezgulik va vafo ma’nolarini anglatuvchi "birrun" so‘zidan olingan. Chunki Alloh taolo bu suv bilan Ismoil alayhissalomga yaxshilik qilgan. Yana bir qavlda esa aytiladiki, chunki u abrorlar, ya’ni yaxshilar uchun oqib chiqqan, fojirlardan esa tiyilgan.

4. "Bushro". Bushro so‘zi lug‘atda yaxshilik va xursandchilik xabari, mujda ma’nosini anglatadi. Zamzamning bunday nom bilan atalishiga sabab o‘zi va o‘g‘lining hayotini saqlab qolish uchun jon holatda suv qidirayotgan paytda Hojar onamiz uchun xushxabar bo‘lganligidandir. Zero, Hojar onamiz Safo va Marvo orasida suv izlab umidlari uzilay degan paytda Alloh taolo tomonidan in’om qilingan zamzamni ko‘rib qolgach, benihoya xursand bo‘lib ketadilar va "menga xushxabar bo‘lsin, axir bu suv-ku!", deb yuboradilar.

5. "Maktuma" (yashirilgan). Jurhum qabilasidan so‘ng zamzam bulog‘i yerga ko‘milib, berkilib ketganligi uchun shunday atalgan edi. So‘ngra Abdul Muttolib uni qayta ochgan.

6. "Haramiyya". Zamzam qudug‘i Alloh taoloning Harami ichkarisida bo‘lganligi tufayli unga "Haramiyya", ya’ni Haram bulog‘i degan nom berildi.

7. "Rakzatu Jibriyl" (Jabroilning qanot qoqishi), "hazmatu Jibriyl" (Jabroil paydo qilgan quyilik, chuqircha), "vat’atu Jibriyl" (Jabroilning oyoq bosishi). Zamzam suvining bunday nomlar bilan nomlanishiga sabab uning Jabroil farishta o‘z qanoti bilan yerga urishi yoxud oyog‘i bilan yerga tepishi natijasida paydo bo‘lib, yerdan otilib chiqqanligidir.

8. "Solima" (sog‘lom va salomatli suv). Zamzamning bu ism bilan nomlanishiga sabab unda salomatlik va ofiyat borligidandir.

9. "Siqoyatul hoj" (Hojilarga suv berish). Zamzam suvi hojilarni suv bilan ta’minlaydi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hojilarni zamzam suvi bilan ta’minlash ishini Abbos roziyallohu anhu va oilasiga topshirdilar.

10. "Sayyida". Chunki zamzam suvi boshqa barcha suvlarning sayyidi, eng afzali, eng sharaflisi va eng qadri balandi hisoblanadi.

11. "Shabbo‘atul 'iyol" (kambag‘allarni to‘ydiruvchi) shuningdek, "shab’a" (to‘qlik, to‘yimlilik). Johiliyat davrida zamzam bulog‘i shu nom bilan ham nomlanardi. Sababi, u chanqaganni chanqog‘ini qondirardi, kambag‘allarning qornini to‘ydirardi.

12. "Sharobul abror" (yaxshilarning sharobi). Sababi hamma yaxshilar va solih kishilar zamzam suvidan ichishga haris bo‘ladilar.

13. "Shifau suqmin" (kasalliklar shifosi). Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qildilar: "Zamzam yer yuzidagi eng yaxshi suvdir. Unda ochiqqanlar uchun taom, kasalliklar uchun shifo bordir" (Tabaroniy {11167, 11/98}, Haysamiy {3/286}, Ibn Hibbon sahih deganlar). Unda Alloh taoloning izni bilan barcha kasalliklarga davo bordir. Kim shifo niyatida ichsa, Allohning irodasi bilan, albatta, tuzalib ketadi.

14. "Sofiya" (sof). Zamzam barcha zararli narsalardan pok va sof bo‘lgan suvdir.

15. "Tohira" (pok). Zamzam barcha aybu nuqsonlardan pok, ichuvchi kishi uchun foydali suvdir. Bundan tashqari, zamzam hurmati balandligi uchun iflos narsalarga iste’mol qilinmaydi.

16. "Toyyiba" (xush, shirin, mazali). Zamzam suvining bu nom bilan nomlanishi sabab, ichgan kishi lazzatlanadi, uni hamma yaxshi ko‘radi.  

17. "Zohira" (zohir, ochiq-oydin). Zamzam suvining manfaati doim zohir bo‘lib, ko‘rinib turadi.

18. "Ofiyat". Zamzam suvi uni ichgan inson uchun ofiyat va shifodir. Alloh taolo mutaxassis tabiblar ham davolay olmagan qancha-qancha kasalliklardan zamzam  tufayli shifo bergan.

19. "G‘iyos" (yordam, qutulish). Chunki u Hojar onamiz va u kishining farzandi Ismoil alayhissalom uchun yordam, qattiq qiyinchilikdan so‘ng qutulish manbai edi.

20. "Kofiya" (kifoya qiluvchi). Zamzam suvi uni ichayotgan kishining barcha hojatlariga kifoya qiluvchidir.

21. "La tunzofu vala tuzammu" (yo‘q bo‘lmaydi va kamaymaydi). Zamzam suvidan qancha ko‘p ichilmasin kamaymaydi ham, tugab ham qolmaydi.

22. "Ma’saratu Abbos" (Abbosning ulug‘ merosi). Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hojilarga zamzam suvini ichirishdek sharafli vazifani Abbos roziyallohu anhu va uning oilasi uchun ajratib beradilar. Bu esa Abbos roziyallohu anhu va uning oilasi uchun ulug‘likda tengsiz bo‘lgan meros edi.

23. "Mu’nisa" (do‘st, dildosh). Zamzam suvidan ichgan mo‘min unga o‘rganib, o‘zida unga nisbatan doimiy mayl his qiladi va uni yaxshi ko‘rib qoladi. Mudom zamzam suvidan ichgisi kelaveradi.

24. "Maymuna" (barakali). Zamzam suvi har tamonlama barakalidir.

25. "Nofi’a" (foydali). Zamzam suvi sanab tugatib bo‘lmaydigan manfaatlarga ega ekanligi tufayli shunday nomlangan.



Zamzam suvining foydalari

Zamzam suvi o‘zining ma’naviy foydalaridan tashqari salomatlik uchun ko‘plab foydali xususiyatlarga egadir. Ularning ba’zilarini quyida zikr qilamiz:

1. Erta qarishning oldini oladi.

2. Jismning himoya tizimini (immunitet) kuchaytiradi.

3. Ovqat hazm qilishga yordam beradi.

4. Saratonga qarshi samarali vositalardan biri hisoblanadi.

5. Jism uchun foydali bo‘lgan ozuqa moddalarini qonga so‘rilish jarayonini kuchaytiradi.

6. Jismga kuch-quvvat baxsh etadi. Ayniqsa, hojilar haj mavsimida bunday kuch-quvvat va energiya manbaiga muhtoj bo‘ladilar.

7. Ko‘plab kasalliklardan tuzalishga yordam beradi. Jumladan, ko‘rish qobiliyatining pasayishi, qizamiq, yurak-qon tomir kasalliklari, qon bosimi, qon aylanishi kasalliklari va boshqa bir qator xastaliklardan tuzalishda samarali yordam beradi.

8. Shuningdek, zamzam suvi qandli diabet kasaliga chalinganlar, buyrak xastalari uchun ham shifodir. Shu bilan birga suyak va bo‘g‘in kasalliklari, oshqozon-ichak kasalliklari, hazmdagi muammolar, yo‘g‘on ichak muammolari, qabziyat va yana bir qancha kasalliklarni davolashda samarali vosita hisoblanadi.

 


Zamzam suvini boshqa suvlarga aralashtirish haqida

Agar zamzam suvidan boshqa oddiy suvlarga aralashtirilsa mazkur oddiy suv unga qo‘shilgan aralashma miqdoricha barakot va fazilat kasb etadi. Qancha ko‘p aralashtirilsa, shunchalik barakoti ortadi. Kamroq aralashtirilgan bo‘lsa ham mazkur suv zamzam qo‘shilmagan suvdan afzalroq va barakotliroq bo‘ladi. Zero, zamzam aralashtirilgan suvdan ichgan kimsa zamzam suvining ma’lum miqdorini ichgan hisoblanadi. Shu tufayli, uning fayzidan bonasib bo‘ladi.

Imom Kosoniy (rahimahulloh) aytadilar: "Agar bir kimsa zamzam suvidan iborat bo‘lgan biror suvni ichmayman deb qasam ichgan bo‘lsa va o‘sha (zamzamdan iborat bo‘lgan) suvga boshqa suvlardan juda ko‘p miqdorda quyilib, natijada zamzam suvi o‘ziga quyilgan ko‘p miqdordagi suvga aralashib, boshqa suv uning ustidan g‘olib kelsa va shundan so‘ng, mazkur suvdan ichsa, qasamini buzgan hisoblanadi" ("Badoi’u-s-sanoi'": 3/63;).

Yuqoridagi matnda aytilmoqchi bo‘layotgan narsa shuki, zamzam suvini ichmayman deb qasam ichgan kishi o‘ziga juda ko‘p oddiy suv aralashtirilishi natijasida oddiy suvga aralashib ketgan zamzam suvidan ichsa, qasamiga rioya qilmagan va zamzamdan ichib qo‘ygan hisoblanar ekan. Bu esa oddiy suvga aralashtirilgan zamzam butkul yo‘qolib ketmasligini anglatadi. Balki, u aralashgan suviga barakot kirgazadi.

Shu ma’noda, zamzam aralashtirilgan suvga "zamzam" deyilsa ham u hukman zamzam maqomida bo‘ladi. Unda zamzamning barakoti va fazilati mavjud bo‘ladi. Oddiy suvlardan ortiq bo‘ladi. Unga har qancha ko‘p suv quyilsa ham baribir, ichida zamzam mavjud bo‘ladi. Ammo fazilatda musaffo zamzamchalik bo‘lmaydi.

Sahobai kiromlar nafaqat zamzam, balki Nabiy alayhissalom tahorat qilgan suvlardan ham tabarruklanganlar. Uzoqdan kelgan kishilar uylariga qaytishda U zotning (alayhissalom) tahoratdan qolgan suvlarini o‘zlari bilan olib ketib, uni ko‘p miqdordagi suvlarga qo‘shib ko‘paytirganliklari rivoyat qilinadi.

Bu ham bo‘lsa, tabarruk narsa boshqa oddiy (tohir va pok) narsaga aralashtirilganda, aralashtirilgan oddiy narsa ham barakot va fazilat kasb etishiga dalolat qiladi.

Rivoyat qilinishicha, Nabiy alayhissalom Makkaning hokimiga odam yuborib, undan Madinaga zamzam suvidan jo‘natishni talab qilar ekanlar. Bundan maqsad, Madinaliklar ham zamzamdan yuqorida aytilganidek, oddiy suvlarga aralashtirib, ko‘paytirish orqali bahramand bo‘lishlari uchun ekan.

Abdulloh Kamolov