Savol: Ko‘rinishi va ovozidan huzurlanish uchun qushlarni qafasda saqlash joizmi?
Javob: Ba’zi qushlarning ko‘rinishi chiroyli, ovozi yoqimli bo‘ladi. Go‘zallikni barcha yaxshi ko‘radi. Go‘zallik Alloh taoloning ne’matlaridandir. Alloh taolo marhamat qiladi:
“Ayting: “Allohning bandalari uchun chiqargan ziynatini va pok rizqlarni kim haromga chiqardi?..” (A’rof, 32).
“U yana minishingiz uchun va ziynat sifatida otlar, xachirlar va eshaklarni (yaratdi)” (Nahl, 8).
Alloh taolo hayvonot, o‘simliklar va boshqa ziynatlarni bandalari uchun yaratgan. Ulardan zavqlanish, foydalanish mubohdir. Ziynat hisoblangan baliq va qushlarni dinimiz amrlaridan chiqmaslik sharti bilan boqish mumkin. Bu shartlar asosan quyidagilardir:
Ikki “Sahih”da vorid bo‘lgan hadisda Anas (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) insonlarning eng go‘zal xulqlisi edilar. Mening emikdosh ukam bo‘lib, uni Umayr – “Umarcha” deb chaqirishar edi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bizning uyga kelsalar: “Ey Abu Umayr, nug‘ayrni (tumshug‘i qizil, chumchuqsimon qush) nima qildik”, der edilar.
Alloma Abul Abbos Qurtubiy aytadilar: “Ulamolarning “qushlarni qafasda ushlab turish” joiz degan fatvolaridan ularga azob berish mumkin, degan xulosa chiqmaydi, chunki Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) hayvonlarga azob berishdan qaytarganlar”. Abu Dardo (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinishicha: “Qiyomat kuni qushlar, o‘zlarini qafasda saqlab, och qoldirib, qiynagan kishining bo‘yniga osilishadi va: “Ey Rabbim, mana bu meni dunyoda azoblagan”, deydi”.
“So‘ragan edingiz” kitobi asosida tayyorlandi.
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hazrati Muoviyaning davrlarida ikki odam janjallashib qoldi. Janjal asnosida biri boshqasining tishini urib sindirdi. U singan tishini olib, Muoviya roziyallohu anhuning huzurlariga bordi va: «Tishning qasosi tish bo‘ladi, shuning uchun qasos olib bering», dedi.
Hazrati Muoviya: «To‘g‘ri, sening haqqing bor, lekin nima foyda? Sening tishing-ku sinib bo‘ldi. Unikini ham sindiraylikmi? Uning o‘rniga tishingning xunini ol, xun evaziga murosa qil», dedilar.
U kishi: «Men aynan o‘sha tishini sindirib qasos olaman», dedi. Muoviya roziyallohu anhu unga yana qayta tushuntirdilar. Lekin u ko‘nmadi. Hazrati Muoviya keyin: «Undoq bo‘lsa yur, uning ham tishini sindiramiz», dedilar.
Yo‘lda mashhur sahoba Abu Dardo roziyallohu anhu o‘tirgan edilar. U zot shunday dedilar: «Birodar! Qara, sen-ku qasos olyapsan. Lekin bu gapni ham eshitib ket. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Kim birovga aziyat yetkazsa va aziyat yetgan kimsa uni kechirib yuborsa, Alloh taolo uni afvga eng ko‘p muhtoj bo‘ladigan kunda (ya’ni oxiratda) afv qiladi», deganlarini eshitganman».
Boyagina g‘azabga minib, xun haqi olishga hech rozi bo‘lmay turgan odam ushbu hadisni eshitgach: «Siz bu hadisni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitganmisiz?» deb so‘radi. Abu Dardo roziyallohu anhu: «Ha, eshitganman, mening mana shu quloqlarim eshitgan», dedilar.
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan