To‘y nikohni e’lon qilish uchun, odamlar falon yigit falon qizga uylanganini bilishlari, shubha-gumon bartaraf bo‘lishi uchun yo‘lga qo‘yilgan. Payg‘ambarimiz alayhissalom nikohni e’lon qilishni, odamlar orasida yoyishni buyurganlar.
So‘nggi paytlarda to‘ylarda kamxarj, kamchiqim, ixcham tarzda o‘tkazish bo‘yicha ko‘p bahs-munozalar kechmoqda. Biroq ayrim hududlarda to‘ylarning o‘tkazilishi borasida chegaradan chiqish holatlari ko‘zga tashlanmoqda.
Andijon viloyatida, xususan Bo‘z tumanida muqaddam to‘ylarga ketadigan xarajatlar qanday edi?
Kelin va kuyov tomondan ketadigan xarajatlar:
— Kuyov tomonidan kelin tomon uchun o‘rtacha 15 turda sarpolar berilar edi. Ular asosan 8 ta turli material, uning ichida qimmatbaho atlas va adras, begoyim materiallari albatta bo‘lishi shart edi. Bitta material uchun 150 mingdan ketsa, jami 1 million so‘mdan oshardi.
— Kelin tomonidan kuyov uchun 4 turdagi mavsumiy kiyim-kechaklar, jumladan bazm kuni kiyiladigan kostyum-shim, toza oq ko‘ylak, tiniq tufli, to‘n va do‘ppi qilinar edi. Bunga ham o‘rtacha 1 million so‘m sarflanardi.
— Katta to‘ydan oldin bo‘ladigan maslahat kunida ikkala tomonning oila a’zolariga o‘zaro oddiy sarpolar almashinardi. Har bir tomondan 400 ming so‘mdan, jami 800 ming so‘m xarjlanardi.
— Kuyov tomonidan kelin tomoniga fotiha to‘yi uchun 1 ta qo‘y, 300 ta non, 1 qop un, 10 litr o‘simlik yog‘i, 1 qop piyoz, 1 qop kartoshka, 1 qop sabzi, sarxil mevalar, turli ichimliklar va shirinliklar berilar edi. Jami 1,7 million so‘mdan ketardi.
— Kelin tomonidan katta to‘ydan bir kun oldin bo‘ladigan “Kichik mazar” marosimi uchun kuyovga atab bosh-oyoq yengil sarpo — bitta ko‘ylak, bitta yaxshi shim taqdim qilinar edi. Bundan tashqari, oziq-ovqat mahsulotlari (somsa, qatlama, patir, shirinliklar, ichimliklar, meva-chevalar, tort), kuyovning 10-15 ta oshna-og‘aynilari uchun (ro‘molcha, tufli tozalash vositalari, shokolad) sovg‘a qilinar edi. Jami 600 ming so‘m ketadi.
— Kelin tomonidan to‘y kuni kelin-kuyov stoli bezatilar edi. Buni “Katta mazar” marosimi deyishadi. Unga 300 ming so‘m ketar edi.
— To‘ydan bir kun oldin yigit tomonda “Sabzi artdi” marosimi o‘tkazilar edi. Unda yaqin qarindosh-urug‘lari, mahalladoshlari ishtirok etishar edi. Ushbu marosimda shovla taomi tayyorlanib, mehmonlarga ulashiladi. Kamida 100 ming havoga uchardi.
— To‘y kuni nahorgi oshni (“Nonushta” marosimi) har ikki tomon ham berar edi. Kamida 100-150 ta odam qatnashar va 15-20 kilogramm osh damlanar edi. Marosimida mahalladagi yoshi ulug‘ keksa, nuroniy otaxonlar ishtirokida “Xatmi qur’on” ham o‘qitilardi. Bunga 300 ming ketiladi.
— To‘y kuni kuyov tomonidan 5 ta yengil avtomashinada kelin tomonga kuyov oshna-og‘aynilari kelar, ular sharafiga qiz tomoni yaxshi ziyofat berar edi. “Kuyov o‘tirmayapti” marosimi o‘tkazilardi. Shundan so‘ng diniy nikoh o‘qitish marosimi rasmiy imom ishtirokida o‘tkazilardi. Chiqim 200 ming bo‘lardi.
— Avtomobil va bitta avtobusda kelin, uning amma-xolalari, qarindosh-urug‘lari, dugonalari ishtirokida kuyov uyiga olib ketilardi. Bu kuyov tomoni hamyoniga 100 ming so‘mga tushardi.
— To‘y bazmida 15.00dan 18.00gacha davom etar, bazm bilan muqobil ravishda kelin tomonidan kelgan qudalarga alohida xonada ziyofat berilar edi va u to‘ydan keyingi “Yuz ochar” marosimiga ulanib ketardi. Bazm kuyov tomoniga 3 million so‘mga tushardi.
— To‘ydan keyin kichik chillasi chiqqunicha ya’ni 20 kun mobaynida birinchi haftada 3 marotadan, ikkinchi haftada 2 mahaldan, 3-haftada 1 bora kelin tomoni kuyov uyiga yegulik yetkazib berar edi. Ertalab nonushtaga qaymoq, issiq non, pishloq, tushlikda somsa, patir, kechki paytga osh, qovurma, go‘shtli va quvvatli ovqatlar keltirilardi. 20 kun davomida kelinning ota-onasiga kamida 700 ming so‘m sarflashga to‘g‘ri kelardi.
— Kelin tomon qizga mebel va gilam, parda, maishiy texnika vositalarini qilib beradi. Bunga o‘rtacha 5 million chiqib bo‘lardi.
Bu sarflarning barchasi eng kamida 2 ming dollarga tushardi. Bu Andijon viloyatining olis tumanlaridagi oddiy kishining xarajatlari. Andijon shahrida esa restoran va to‘yxonalarda o‘tadigan tadbirlar yanada ko‘proqqa tushadi Kimdir yanada qimmatbaho “importniy” mebel bersa, yana kimdir to‘yni ko‘p million ketqazib, koshona va restoranlarda o‘tkazmoqda. Ayrim qaynona va qaynotalar 40 kunlar kelin tomondan mazar ya’ni to‘yimli taomlar olishdan or qilmayapti. Taksiga o‘tirib qolib bir gapni eshitib ochig‘i lol qoldim. To‘yga ko‘p pul sarflab qo‘ygan yigitlar bir haftadan keyin Rossiyaga ishlashga ketishar ekan. Eng yomoni, u yerdan qaytgach, “kuni to‘lmay qolgan” mazarni to‘liq qilishlarini talab qilisharkan. Homilador kelin esa tug‘ruqxonadan qo‘lida chaqalog‘i bilan chiqqach, qaynona xonadoniga emas, o‘z otasi uyida 40 kunlik chillani chiqarib berishi noma’qul urfga aylanib bormoqda. Bu ham yetmaganday, chilladan keyin bosh oyoq sarpo, beshik, bolalar kiyimlari, to‘y vaqtida qila olmagan boshqa maishiy texnikalarni chaqaloq bilan birga olib kelishi shart ekan.
Xo‘sh, bu kabi ortiqcha marosimu keraksiz “urf”larga, kelin tomonga soliq solishlarga, qudalar o‘rtasida moddiy munosabatlarning kuchayib, turli tushunmovchiliklar tug‘dirishiga qachon barham beriladi?
Muqqadas dinimizda ushbu masalada quyidagilar aytib o‘tilgan.
Muoviya al-Qurayshiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Ey Allohning Rasuli, bizning birimizda xotinining nima haqi bor?” dedim.
“Qachon taomlansang, uni ham taomlantirasan. Qachon kiyim kiysang, uni ham kiyintirasan. Yuzga urmaysan. Qattiq so‘kmaysan va uydan boshqa joyda hijron qilmaysan”, dedilar u Zot”.
Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilishgan.
Sharh: Ushbu hadisda xotin kishining erdagi haqi haqida ochiq javob berilmoqda.
Ushbu ma’nolarni musulmon er-ayollar juda yaxshi bilib olmoqlari lozim. Ko‘plab erlar o‘z mas’uliyatlarini bilmay xotinlariga zulm o‘tkazadilar. Ko‘plab ayollar esa, o‘z haqlarini tanimay qiynaladilar. Hamma narsa shariatimizda ko‘rsatilganidek bo‘lsa, oila baxtli bo‘lishi turgan gap.
To‘yga asosan qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni, mahalla kambag‘allari chaqiriladi. Hozirgi ayrim boyvachchalarga o‘xshab yetti mahallaga jar solinmaydi, kimo‘zarga o‘ynalmaydi, isrofgarchilik qilinmaydi. Faqat boylar chaqirilib, haqdorlar e’tiborsiz qoldiriladigan marosimlar eng yomon yig‘in sanaladi. Zero, to‘ydan ko‘zlangan asosiy maqsad kambag‘allar qornini to‘ydirish, ularni xushnud etish, duolarini olish. Kambag‘allar qatorida boylar ham chaqirilsa, durust bo‘ladi. Ammo faqat boylar taklif etilsa, u to‘y haqiqiy to‘y emas, xo‘jako‘rsinga qilingan marosimga aylanib qoladi. Bunday to‘ylarda boylar: “Men falonchi boydan oshiraman”, deb dasturxonni turli noz-ne’matlar bilan to‘ldirib tashlaydi, isrofgarchilik qiladi.
Manba: xabar.uz
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Sport – tinchlik elchisi” shiori ostida “Imom Moturidiy kubogi” sport musobaqasi bo‘lib o‘tmoqda.
Ochilish marosimida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov, Sport vaziri Adham Ikramov, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov qatnashib, ishtirokchilarni tabriklash barobarida ulug‘ alloma bobomiz nomi ostida o‘tkazilayotgan musobaqaning ahamiyati, ta’lim-tarbiyaga berilayotgan e’tibor to‘g‘risida nutq so‘zlashdi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilariga haj safarida bo‘lib turgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Makka shahridan videotabrik yo‘llab, ishtirokchilarni qutlash barobarida dinimiz kishilarni sport bilan shug‘ullanishga buyurganini ta’kidlab, jumladan bunday dedilar:
– Dinimiz insonlarni har tomonlama kuchli, baquvvat, jismonan va ruhan sog‘lom bo‘lishga targ‘ib etadi. Quvvatli inson, avvalo, o‘zi uchun, qolaversa, atrofdagi, jamiyatdagi insonlar uchun manfaatlidir. Kuch-quvvatli, chiniqqan inson ibodatda mustahkam bo‘lish barobarida insonlarga yordam qo‘lini cho‘zishda, yurt rivojiga hissa qo‘shishda barchaga o‘rnak bo‘ladi. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Farzandlaringizga suzishni, kamondan o‘q otishni va ot minishni o‘rgatinglar”, deya marhamat qilganlar. Boshqa bir hadisi sharifda: “Yozishni, suzishni va kamondan o‘q otishni ta’lim berish farzandning ota-onada zimmasidagi haqqidir”, deganlar.
Ilk marotaba tashkil etilayotgan ushbu sport musobaqasida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Akademiya qoshidagi akademik litsey, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi va Termiz islom instituti talabalari mini-futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat-shashka kabi sport turlari bo‘yicha bellashish barobarida milliy o‘yinlar – kurash, arqon tortish, tosh ko‘tarish kabi bahslarda ham qatnashmoqda.
Mazkur tadbir Prezidentimiz tashabbusi, tegishli qaror va farmonlari ijrosi o‘laroq tashkil etilgan bo‘lib, undan ko‘zlangan maqsad talaba-yoshlar o‘rtasida sportni ommalashtirish, yoshlarni sog‘lom turmush tarziga va jismoniy faollikka jalb qilish, do‘stona aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirining tegishli buyrug‘iga muvofiq O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov "Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi" ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi o‘rtasida Hamkorlik kelishuvlari imzolandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati