Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Hotinlarga mahrlarini mamnunlik bilan beringiz! Agar sizlarga o'zlari undan biror narsani ixtiyoriy ravishda kechsa (bersa)lar, sizlar uni bemalol, ishtaha bilan tanovul qilaveringiz”(Niso surasi, 4-oyat).
Agar xotin bemor eriga o'z molidan edirsa, Allohning izni bilan shifo topadi.
Imom Suyutiy rahimahulloh “Durrul mansur” nomli tafsirida va Ibn Kasir rahimahulloh o'z tafsirida ayollarning mahri borasidagi yuqoridagi oyatni sharhlar ekanlar quyidagi rivoyatni keltiradilar: “Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, u kishi aytadilar: “Qachon birortangiz kasal bo'lsangiz ayolidan uch dirham berishini so'rasin. So'ngra, shu pulga asal sotib olib, unga yomg'ir suvini aralashtirsin va ichsin. Shunda ishtaha, shifo va baraka jam bo'ladi”.
Hazrati Ali roziyallohu anhu “ishtaha” deganda yuqoridagi oyatni, shifo va baraka deganda quyidagi oyatlarni ta'vil qilganlar: “Ularning qorinlaridan odamlar uchun shifo bo'lgan turli rangdagi sharbat (asal) chiqur”(Nahl surasi, 69-oyat).
“Biz osmondan barakotli suv (yomg'ir) yog'dirdik”(Qof surasi, 9-oyat).
Katta tobein Alqama rahimahulloh ayoliga: “Menga bemalol, ishtaha bilan tanovul qilinadigan molingdan edir”, der edilar.
Tafsiri Ulusiyda keladi: “Bir kishi Ali raziyallohu anhuning huzurlariga kelib: “Qornimda og'riq bo'lyapti”, deb shikoyat qildi. Ali roziyallohu anhu: “Ayoling bormi?”deb so'radilar. U: “Ha”, dedi. “Unday bo'lsa, borib ayolingdan molidan chin ko'ngildan biror narsa berishini so'ra. So'ngra o'sha pulga asal sotib ol va unga yomg'ir suvidan qo'shib ich. Chunki Alloh taolo ayolning moli haqida: “Agar sizlarga o'zlari undan biror narsani ixtiyoriy ravishda kechsa (bersa)lar, sizlar uni bemalol, ishtaha bilan tanovul qilaveringiz”, degan.
Asal haqida: “Ularning qorinlaridan odamlar uchun shifo bo'lgan turli rangdagi sharbat (asal) chiqur”, degan.
Yomg'ir haqida esa, “Biz osmondan barakotli suv (yomg'ir) yog'dirdik”, degan.
Qachon baraka, shifo va ishtaha birlashsa, inshaalloh shifo topasan, dedilar”. Shundan keyin kishi uyiga borib aytilgandek qildi va sog'ayib ketdi.
Homidjon qori IShMATBYeKOV
2024 yil haj mavsumida muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bilan telefon orqali muloqot qilib, hojilar holidan xabar olib, hojilar O‘zbekistonga qaytgach, jamiyatimizdagi mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yoshlar tarbiyasi va oilalar totuvligida ibrat bo‘lishlariga umid bildirgan edilar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari mazkur ko‘rsatmalardan kelib chiqib, muhtaram Yurtboshimizga hojilar bilan birga murojaat yo‘llagan edilar.
Murojaatda Vatanga qaytgach, har bir hoji ma’naviyat va ma’rifat targ‘ibotchisi bo‘lishi ta’kidlangan edi.
Hojilar imom-xatiblar bilan birga mahallalarga, oilalarga kirib, xalqimizning ma’naviyati, ma’rifati yuksalishiga xizmat qilyaptilar.
Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahor domla Yunusov poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi «Hazrati Ali» jome masjidiga tashrif buyurdilar.
Toshkent shahar tumanlari bosh imomlari, Uchtepadagi masjidlar imom-domlalari, mahalla faollari, hoji otalar, hoji onalar ham dastlab mazkur masjidda yig‘ildilar.
So‘ngra Abduqahhor domla boshchiligida imom-domlalar, mahalla faollari, hoji otalar, hoji onalar bo‘linib, tumandagi 22 ta mahallaga kirib bordilar.
Abduqahhor domla muayyan sababga ko‘ra jazo muddatini o‘tab qaytgan bir yigit bilan gaplashib, unga zarur tavsiya va yo‘l-yo‘riqlar berdilar.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari notinch xonadonlar, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan ham suhbatlar olib borib, ularga zarur ko‘mak bermoqdalar.
Bunday xayrli ishlar izchil davom ettirilib, poytaxtimizning har bir mahallasida o‘tkazilyapti.
Shu paytgacha imom-xatiblar, otinoyilar, mahalla faollari, hoji otalar, hoji onalar birgalikda 50 mingdan ortiq xonadonga kirishdi.
Tadbirlar tugagach, imomlar, mahalla faollari, hojilar yana «Hazrati Ali» masjidiga qaytib kelib, amalga oshirilgan ishlar yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar. Kelgusidagi ishlar rejasini belgilab oldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati