Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Oktabr, 2025   |   11 Rabi`us soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:04
Quyosh
06:22
Peshin
12:17
Asr
16:16
Shom
18:06
Xufton
19:17
Bismillah
03 Oktabr, 2025, 11 Rabi`us soni, 1447

Samarqand viloyatida ziyorat turizmiga alohida e’tibor qaratilmoqda

06.04.2018   3873   7 min.
Samarqand viloyatida ziyorat turizmiga alohida e’tibor qaratilmoqda

Qadimiy va hamisha navqiron Samarqand ta’rifiga til ojiz. Azim shahar haqida yaxlit tasavvurga ega bo‘lish uchun bu yerga, albatta, tashrif buyurish lozim. Bejizga bu ko‘hna kent borib ko‘rish shart bo‘lgan dunyodagi 50 ta shahardan biri sifatida e’tirof etilgani yo‘q.
“Xalq so‘zi” nashri bildirishicha, Samarqandning Registon maydonida ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan “Sharq taronalari” musiqiy festivaliga tashrif buyurgan xorijlik mehmonlar nafaqat Samarqand shahri, balki viloyatning Pastdarg‘om, Payariq, Jomboy, Urgut, Toyloq, Samarqand kabi tumanlariga ham kelib, hududlarning o‘ziga xos jihatlari bilan tanishish baxtiga musharraf bo‘lmoqdalar.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan yil aprel oyida Samarqand viloyatiga tashrifi davomida takrorlanmas tarixiy, madaniy, me’moriy meros obyektlari bilan turistlarni keng tanishtirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, ziyorat turizmini jonlantirish, umuman, qadimiy zaminning turizm salohiyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha bir qator ko‘rsatmalar berilgan edi. Shundan kelib chiqib, ayni paytda muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Samarqand viloyatida ziyorat turizmini amalga oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olingan.
Hududda 1105 ta arxeologik, 670 ta me’moriy, 37 ta diqqatga sazovor joy, 18 ta monumental, 21 memorial toifaga kiruvchi jami 1851 moddiy-madaniy meros obyekti mavjudligi bu boradagi imkoniyatlar nechog‘lik yuqoriligi ko‘rsatadi. Ziyoratchi sayyohlarga Amir Temur maqbarasi, Registon ansambli (Sherdor, Tillakori, Mirzo Ulug‘bek madrasalari), Bibixonim va Xazrati Xizr masjidlari, Shohi Zinda yodgorligi, Xo‘ja Doniyor ziyoratgohi, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, Samarqand tumanidagi Nodir devonbegi kompleksi, Xo‘ja Ahror Valiy masjidi, Urgut tumanidagi G‘avsul A’zam, Xo‘ja Omon, Chor Chinor ziyoratgohlari, Payariq tumanidagi Imom Al Buxoriy majmuasi, Nurobod tumanidagi Xazrati Dovud ziyoratgohlari yo‘nalishlari bo‘yicha xizmat ko‘rsatiladi. Barcha ziyoratgohlarda o‘rnatilgan videokuzatuv moslamalari orqali jamoat tartibi nazoratga olingan, sayyohlar va mehmonlarning kirish chiqish jarayonlari bevosita turoperatorlar hamda ichki ishlar organlari vakillari ishtirokida amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, yangi marshrutlarga O‘zbekiston tarixi, Afrosiyob, O‘lkashunoslik muzeylari, Paxtachi tumanidagi Dobusiya shahristoni, Payariq tumanidagi Chelak-Ko‘ktepa tarixiy yodgorligi, Maxdumi A’zam ziyoratgohi va boshqa ziyoratgohlar kiritilgan. Samarqand viloyatidagi muzeylar faoliyatini yanada kengaytirish, ularning xorijiy mamlakatlar muzeylari bilan, jumladan, ilmiy-tadqiqot yo‘nalishida hamkorlikni kuchaytirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Yaponiya, Fransiya va Janubiy Koreyaning arxeologik institutilari va muzeylari mutaxassislari bilan aloqalar o‘rnatilgan. Xususan, Afrosiyob muzeyining “Elchilar xonasi”dagi devoriy suratlarni bosqichma-bosqich asl holatiga keltirish ishlari olib borilayotgan bo‘lsa, ko‘hna Afrosiyob tepaligida joylashgan So‘g‘diyona (qadimdagi Maroqand yoki Afrosiyob) shahrining eski ko‘rinishi aks ettirilgan 3D treki sayyohlarga namoyish etilmoqda. Samarqand davlat birlashgan tarixiy-me’moriy va badiiy muzey-qo‘riqxonasi hamda O‘zFA Arxeologiya instituti tomonidan Samarqanddagi madaniy-tarixiy obidalar to‘g‘risida tarixiy manba va ma’lumotlar joylashtirilgan broshyuralar va bukletlar tayyorlanayapti.
Bundan tashqari, viloyatdagi 37 ta diqqatga sazovor joy, 18 ta monumental maskanda 120 dan ortiq madaniyat xodimi faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, ular mehmonlarga tarixiy obyektlar haqida ma’lumotlar bilan yaqindan tanishtirishadi.
Mavsumda har kuni 100 dan ortiq mehmonxonalarda mahalliy va xorijiy sayyohlarlarga xizmat ko‘rsatilib, shahar markazi, shuningdek, tutash hududlardagi 30 dan ziyod restoranlarda milliy, koreys, rus va yevropa taomlari tayyorlanib, ko‘ngilochar tadbirlar tashkil qilinmoqda. Mehmonlarning ushbu maskanlarda bo‘lishi viloyat hokimligi huzuridagi Ommaviy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish, ularni o‘tkazishda fuqarolar xavfsizligini va jamoat tartibini saqlash chora-tadbirlarini kuchaytirish bo‘yicha mas’ul komissiyasi tomonidan muhofazalangan.

Samarqand shahrida turistik mavsumda ziyoratchilar va sayyohlar oqimining ko‘pliginini inobatga olib, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati hamda “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi tomonidan qo‘shimcha reyslarni tashkil etish yuzasidan takliflar kiritilgan. Bundan tashqari, shahar xalqaro aeroportida yengil konstruksiyali markaz loyihasi asosida turistlarga xizmat ko‘rsatuvchi Axborot markazlari tashkil etilgan. Bu yerda istagan kishi turistik obyektlar tushirilgan xaritalar, mamlakatimiz sayyohlik salohiyatini aks ettiruvchi turli tarqatma materiallar bilan tanishishi mumkin.
Turizm salohiyatini yanada kengaytirish, xorijiy sayyohlar va viloyat aholisi dam olishlari uchun qo‘shimcha infratuzilma obyektlari sonini ko‘paytirish maqsadida qabul qilingan Vazirlar Mahkamasi qaroriga binoan, 2017 — 2018 yillarda qiymati 26 milliard 150 million so‘mlik 14 ta yangi mehmonxona qurilishi belgilangan. Shundan 6 tasi Samarqand shahrida, Samarqand va Urgut tumanlarida 2 tadan, Jomboy, Nurobod, Bulung‘ur, Qo‘shrabot tumanlarida bittadan yangi mehmonxona bunyod etiladi. Umuman, 2021 yilga borib, hududda 40 ta yangi mehmonxona barpo etiladi.
Ta’kidlash kerakki, bu boradagi ishlarga allaqachon kirishilgan. Sobiq “Alpomish” AJga tegishli yerda “Samarqand siti” turistik kompleksi, Samarqand eshkak eshish kanali hududida Xalqaro sport-sog‘lomlashtirish va turistik-rekreatsion majmuasi, Universitet xiyobonidagi “Inturist” mehmonxonasi o‘rnida “Qorako‘l stroy servis” MCHJ tomonidan yangi mehmonxona qurish choralari ko‘rilayotgani, “Afrosiyob Palas” mehmonxona kompleksi rekonstruksiya qilish uchun Turkiyaning “ATA INSAAT” kompaniyasiga taqdim etilayotgani shunday sa’y-harakatlar samarasidir.
Samarqand tumani, Oqsoy fuqarolar yig‘inidagi “Hazrati Dovud” qadamjosiga boruvchi yo‘llar qayta ta’mirlandi, yo‘l bo‘yi infratuzilmasi qayta ko‘rib chiqilib, obodonlashtirildi. Hududdagi tadbirkorlarga maishiy xizmat va servis ko‘rsatish uchun yer maydonlari ajratib berildi. Pirovardida bu joyda tibbiy sog‘lomlashtirish, sport majmualari, 2 ta zamonaviy mehmonxona ishga tushirildi. Qadamjo hududidagi savdo, servis va umumiy ovqatlanish obyektlari zamonaviy ko‘rinishga keltirildi. Buning uchun tashabbuskorlarning 56 milliard so‘m va tijorat banklarining 4 milliard so‘m kreditlari jalb etildi.
Shu bilan birga, viloyatda qishloq xo‘jaligi, ekologik va sport turizmni rivojlantirish bo‘yicha tumanlar hokimliklari bilan birgalikda loyihalar tayyorlanib, ularning aksariyatida ishlar boshlab yuborildi. Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Ergash ota”, Oqdaryo tumanidagi “Ustoz” sihatgohlari sog‘lomlashtirish uchun mo‘ljallangani Jomboy tumanidagi “Chilmaryam-ota” dam olish maskani, Qo‘shrabot tumanidagi Pangat, Qizilbel, Qoratosh, Jonbuloq aholi punktlari ajoyib tabiati, xushhavosi bilan alohida ajralib turadi. Urgut tumanidagi “Omonqo‘ton” g‘ori, Tayloq tumanidagi “Qorasuv” oromgohi, Katta o‘zbek trakti bo‘yidagi Samarqand eshkak eshish kanali, Samarqand tumanidagi “Ohalik” va “Mironqul” aholi punktlari .... Hududda bunday e’tibor tortar manzillar juda ko‘p.
Xullas, Samarqand viloyatdagi turizm imkoniyatlari xususida ko‘p va xo‘p gapirish mumkin. Yaxshisi, o‘zingiz bir kelib keting, qadim Samarqandga!


O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

“Sizlar dunyongiz ishini biluvchiroqsiz”

02.10.2025   1433   8 min.
“Sizlar dunyongiz ishini biluvchiroqsiz”

G‘arb xalqlaridagi ayrim odamlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hokimiyatlari faqatgina aqidaga oid masalalar bilan chegaralanishi kerak degan da’voni qilishadi.

Ularning fikriga ko‘ra, Nabiy alayhissalomning boshqaruvlari iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy ishlarga tegishli bo‘lmasligi kerak. Bordiyu Nabiy alayhissalom bu yo‘nalishlarda biror ko‘rsatma bergan bo‘lsalar, buni Payg‘ambar sifatida emas, balki shaxsiy tavsiya o‘laroq aytganlar. Va ummat bunday ko‘rsatmalarga amal qilishi majburiy emas emish.

Ushbu buzuq da’volarini isbot qilish uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalarga Sizlar dunyongiz ishini biluvchiroqsiz deb aytgan hadislarini keltirishadi.

Avvalo, shuni unutmaslik kerakki, hadisni dalil qilib keltirishda uni to‘liq berish talab etiladi. Aks holda, noto‘g‘ri tushunishga, xato tasavvurga olib keladi.

Islom boshqa dinlar kabi ayrim ta’limot va ibodatlar bilangina chegaralanmaydi. Islom dini kishilar turmush tarzini ham tartibga soladi, har kim hayotini o‘zi istaganicha erkin qurib yashashiga izn berilmaydi. Shu bois, ayrimlar Payg‘ambar hokimiyatini faqat ba’zi ta’limot va ibodatlar bilan chegaralashga intiladi.

Bu zamonaviy qarash qattiq adashish (yanglishish)dan o‘zga narsa emas. Islom boshqa dinlardan farqli o‘laroq faqat ta’limot va ibodatlardan iborat emas. U ilohiy mavzularga to‘liq javob bera olganidek siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy yo‘nalishlardagi muammolarga ham aniq javob bera oladi. Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi:

يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ ٱسۡتَجِيبُواْ لِلَّهِ وَلِلرَّسُولِ إِذَا دَعَاكُمۡ لِمَا يُحۡيِيكُمۡ

Ey, iymon keltirganlar! Sizlarni tiriltiruvchi narsa (ilm olish) uchun chorlaganlarida, Allohga va Rasulga (labbay deb) javob qilingiz!(Anfol surasi, 24-oyat).

Alloh taolo va Uning Rasuli mo‘minlarni hayotga chaqirmoqda. Bundan kelib chiqib dunyoviy ishlarni Alloh va Rasuliga aloqadar emas degan da’voni qanday tushunish mumkin?

Kim Qur’oni karimni batafsil o‘rgansa unda oldi-sotdi, sherikchilik, meros, oilaviy masalalar, siyosiy mavzular, jang va sulhga oid muammolarning yechimiga mavjudligiga guvoh bo‘ladi.

Agar Islom faqat ibodat va ta’limotlar bilan chegaralanib qolganida, Qur’oni karimda yuqorida zikr qilingan mavzularning yechimi keltirilmagan bo‘lardi.

Qolaversa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarida iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy va huquqiy muammolar yechimi to‘liq qamrab olingan va bu mavzularga oid qator kitoblarda yozilgan.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dunyoviy ishlarda vakolatga ega bo‘lmagan bo‘lsalar, unda qanday qilib yuqoridagi kabi mavzular bilan puxta shug‘ullanganlar deyish mumkin? Qur’oni karim hamda sunnatning bu borada (dunyoviy ishlarda)gi ko‘rsatma va yechimlari shu qadar bexato, aniq va qat’iyki ularni shaxsiy tavsiyalar deb tasavvur qilish mumkin emas.

Alloh va Uning Rasuliga itoat qilish haqidagi ko‘plab oyatlarni yuqorida keltirib o‘tdik. Bu itoat aynan bir mavzu bilan chegaralanmagan. Balki bu itoat to‘liq taslim bo‘lishga, hech qanday istisnosiz bo‘yinsunishga dalolat qiladi.

Qur’on va Sunnat hamisha insoniyat tarixida tartibsizliklarning asosiy sababi bo‘lgan va odamlar uning ta’siri ostida doimo shaytoniy istaklarning qurboni bo‘lgan inson hayotining bu tirik tarmog‘iga munosbat bildirmay qolmaydi.

Qanday bo‘lmasin, Islom kishilar hayotining amaliy sohalariga aralashmasligi kerak degan fikr mutlaqo noto‘g‘ri ekani aniq. Keling bu xato qarashni da’vo qiluvchilar foydalanadigan Sizlar dunyongiz ishini biluvchiroqsiz hadisini tahlil qilaylik:

Madinalik musulmon arablar xurmo daraxtlari yaxshi hosil berishi uchun daraxtlarni changlashardi. Bu ish “ta’bir” deb atalardi. Bu ishlar Edvard Uilyam Leyn[1] (1801-1876) (E.W. Lane) tomonidan qo‘yidagicha izohlanadi: “Odamlar xurmo daraxtining ustiga chiqib, ma’lum harakatlarni bajarib, daraxt shoxlarini bir-biriga kiritib changlatishadi”.

Buni ko‘zingiz oldida turgandek tasavvur qiling va Imom Muslim “Sahih” hadislar to‘plamida kelgan ushbu hadisni o‘qing. Sahoba Tolha roziyallohu anhu bunday rivoyat qiladi.

وحدثنا إسحاق بن إبراهيم بن جبلة ، نا عبيد الله بن موسى ، أنا إسرائيل ، عن سماك ، أنه سمع موسى بن طلحة ، يحدث عن أبيه قال : مررت مع النبي صلى الله عليه وعلى آله وسلم في نخل ، فرأى قوما في رءوس النخل يلقحون النخل ، فقال : «ما يصنع هؤلاء ؟» قالوا : يجعلون الذكر في الأنثى قال : «ما أظن ذلك يغني شيئا» ، فبلغهم ذلك فتركوه ، فنزلوا عنها فبلغ ذلك النبي صلى الله عليه وعلى آله وسلم فقال : «إنما هو ظن ظننته ، إن كان يغني شيئا فاصنعوه ، فإنما أنا بشر مثلكم ، وإن الظن يخطئ ، ولكن ما قلت لكم : قال الله تعالى فلن أكذب على الله عز وجل».

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga xurmolar ustida turgan qavmning oldidan o‘tdim. Shunda, u zot: Anavilar nima qilishmoqda?” dedilar.

“U(xurmo)ni changlatishmoqda, erkagini urg‘ochisiga qo‘shsa, changlanadi”, deb aytishdi.

U zot sollallohu alayhi vasallam: “Menimcha, undoq qilish biror foyda bermas, deb gumon qilaman”, dedilar.

Haligi odamlarga buning xabari berildi. Shunda ular changlatishni to‘xtatdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bu haqda xabar berilganda: Agar o‘sha narsa ularga manfaat bersa, uni qilaversinlar. Albatta, men bir gumon qildim, xolos. Gumon ila meni tutmanglar. Lekin qachon sizlarga Allohdan gapirsam, uni olinglar. Chunki men zinhor Alloh azza va jallaga nisbatan yolg‘on demasman, dedilar»[2].

Anas roziyallohu anhuga ko‘ra, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu hodisada “Siz dunyoviy ishlaringizni yaxshiroq bilasiz”, deganlar.

Umuman olganda, ushbu hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam xurmo daraxtini changlash haqida hech qanday taqiqlovchi gap aytmaganlar. Payg‘ambarimizning qilgan ishlari na bir buyruq, na bir qaytariq yo na bir diniy taqiq va na bir axloqiy muhokama edi. Hattoki u jiddiy bir gap emas edi. Faqatgina tavsiya edi, xolos. Bu haqda u zot alayhissalom birozdan keyin bunday deganlar: “bu ishning biror bir foydasi bor deb hisoblamayman”. Hech kim bu so‘zlarni biror hukm sifatida qabul qilmaydi.

Shuning uchun, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam changlatayogan odamlarning oldiga borib tavsiyalarini aytmaganlar va bildirgan tavsiyalarini ularga yetkazilishini amr ham qilmaganlar. Ular faqatgina boshqa odamlar vositasida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bu mulohazalaridan xabardor bo‘lganlar.

Bu tavsiya garchi buyruq bo‘lmasada ammo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sahobalari u zotga bo‘lgan muhabbatlari sababli changlatishni to‘xtatganlar. Payg‘ambarimiz alayhissalom ularning changlatishni tark etishganlaridan xabar topganlarida aytgan gaplari xato tushunchaga sabab bo‘lmasligi uchun ham so‘zlarini sharhlaganlar.

Bundan shu ma’lum bo‘ladiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning biror ishga qat’iy aytgan so‘zlarigagina amal qilinishi shart sanaladi.

U zot alayhissalomning shaxsiy taxmin, tavsiyalari inobatga olinishi lozim, lekin shariatning bir qismi hisoblanmaydi.

Yuqorida aytib o‘tilganidek, shariatda ko‘zda tutilmagan oddiy kundalik ishlar borki, odamlar o‘z bilimlari va tajribalariga qarab qaror qabul qilishlari mumkin. Masalan, cho‘lda tuproqni o‘stirishda qanday asboblar kerak? Dalalarni qanday o‘g‘itlash kerak? O‘zini himoya qilish uchun qaysi qurolni ishlatish yaxshiroq?....


"Islom shariatida sunnatning o‘rni" kitobidan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi


[1] Ingliz, arab tarjiymoni, sharqshunos, sayyohatchi.
[2] Ibn Moja. Sunan; Imom Ahmad. Musnad; Bazzor. Musnad.