Ja’far ibn Abu Tolib (roziyallohuanhu) xilqatda ham xulqda ham Nabiy (sollallohu alayhi va sallam)ga o‘xshardi. Bu haqda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Ey Ja’far sen xilqat va xulq jihatdan menga o‘xshaysan”, deganlar.
Abu Hurayra (roziyalllohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Ja’farni jannatda farishtalar bilan uchib yurganini ko‘rdim”, dedilar” Shuning uchun Ja’far (roziyallohu anhu) “Ja’farut tayyor (uchuvchi Ja’far)” laqabini olgan.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) aytadi: “Ja’far ibn Abu Tolib kambag‘al-bechoralarni va miskinlar juda yaxshi ko‘rardi. Ular bilan birga bo‘lib, ularga yaxshiliklar qilib, xizmatlarini bajarardi. Shu sabab Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Ja’far (roziyallohu anhu)ga “Miskinlar otasi” deb kunya berganlar”
O‘MI Matbuot xizmati
“Mazhab” so‘zi arabcha so‘z bo‘lib, “yo‘l”, “yo‘nalish” ma’nolarini bildiradi. Shar’iy istilohda esa, “biror diniy masala, muammo bo‘yicha muayyan mujtahid olimning fatvo chiqarish yo‘lidir”. Sahoba va tobe’inlar davrida mazhablar ko‘p bo‘lgan. Ammo vaqt o‘tishi bilan ular orasida to‘rt yirik: hanafiy, molikiy, shofeiy, hanbaliy mazhablari rivoj topgan. Mazkur to‘rt mazhab vujudga kelishining asosiy omili – bular qolgan mazhablarning ta’limotini ham tadqiq qilib, qamrab olganidir.
Bu haqda alloma Ibn Rajab o‘zining “To‘rt mazhabdan boshqaga ergashganga raddiya” asarida quyidagi so‘zni aytganlar: “Ko‘plab mazhablar orasidan aynan to‘rt mazhab saqlanib qolishi xuddi Qur’oni karimning yetti qiroatidan faqat bittasi qolganiga o‘xshaydi. Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallamga Qur’oni karim yetti xil lahjada nozil bo‘lgan. Keyinchalik islom dini atrofga keng yoyilib, musulmonlarning soni ortib bordi va qiroat borasida ular o‘rtasida ba’zi ixtiloflar kelib chiqqach, Usmon ibn Affon raziyallohu anhu mus'hafni yetti qiroatdan faqat bittasining lahjasida yozdirishga qaror qildi. Oqibatda bugun yer yuzi musulmonlari Qur’onni faqat bitta mus'hafdan ya’ni, Usmon mus'hafida yozilgan xatidan o‘qiydigan bo‘ldi. Demak, ko‘plab mazhablar orasidan faqat to‘rttasining saqlanib qolgani asrlar davomida insonlarni turli ziddiyatlar va ixtiloflardan himoya etishda asos bo‘lgan”.
Mazkur to‘rt mazhabning to‘g‘riligi va haq ekanligi haqida barcha musulmon ummati ijmo, ittifoq qilganlar.
Alloma Ibn Rajab rahmatullohi alayh yana shunday deydi: “Alloh taolo shariatni saqlash va dinni muhofaza qilish uchun o‘z hikmati bilan odamlar ichidan to‘rt zabardast imomlarni chiqarib berdi. Ularning ilmu ma’rifatda bir martabaga erishganlarini va chiqargan fatvo va hukmlarini haqiqatga o‘ta yaqinligini barcha ulamolar bir ovozdan e’tirof qilganlar. Barcha hukmlar o‘shalar orqali chiqariladigan bo‘ldi. Bu narsa mo‘min bandalar uchun Alloh taoloning lutfu karami va marhamati bo‘ldi”.
Ulamolarimiz fiqhiy mazhablar imomlarini va ularning ishlarini quyidagi misol bilan tushuntiradilar: “Allohning roziligiga erishib, jannatiy bo‘lish xuddi tog‘ning cho‘qqisiga chiqishdek bo‘lsa, mazhab imomlari – Qur’on, hadis va shularga asoslangan manbalardan foydalanib, cho‘qqiga chiqishning eng oson va bexatar yo‘lini topib, belgi qo‘yib, osonlashtirib qo‘ygan kishilardir. Cho‘qqiga chiquvchilar mazkur buyuk to‘rt imom ko‘rsatgan yo‘ldan birini tutsalar osongina, qiynalmasdan maqsadiga erishadi”.
Imom Badruddin Zarkashiy “Bahrul muhit” kitobida shunday yozadi: “Musulmonlarning e’tirof qilingan to‘rt mazhabi haqdir va undan boshqasiga amal qilish joiz emas”.
Imom Ali ibn Abdulloh Samhudiy o‘zlarining “Iqdul farid fi ahkomit-taqlid” nomli asarlarida shunday deganlar: “Bilingki, ushbu to‘rt mazhabdan birini ushlashda katta foyda bor. Undan yuz o‘girishda esa, katta muammo va ixtiloflar bor. Bir mazhabda yurishdagi foydalardan biri – sahoba va tobe’inlarning shariat ilmini o‘rganishdagi odatlariga ergashishdir. Chunki, tobe’inlar shariat ishida bir-birlariga yoki sahobalarga ergashar edi, sahobalar esa, bir-birlariga yoki Rasulullohga ergashganlar”.
U zot yana shunday deganlar: “Bir mazhabda yurishdagi foydalardan yana biri – Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam marhamat qilgan quyidagi hadisga amal qilish bor: ya’ni: “Agar ixtilofni ko‘rsangiz, o‘zingizga ko‘pchilik tomonini lozim tuting” (Imom Ibn Moja rivoyati).
To‘g‘ri mazhablardan faqat mana shu to‘rttasi qolgan ekan, ularga ergashish katta jamoaga ergashish hisoblanadi.
Shamsuddin Xapizov,
Namangan tumani "Halil hoji" jome masjidi imom-xatibi
Manba: @Softalimotlar