Hayotimizda ko‘p bora fobiya tushunchasiga duch kelamiz. Fobiya (phobia) aslida ingliz tilidan olingan bo‘lib, "biror bir narsadan qo‘rqish" degan ma’noni anglatadi. Fobiyaning turlari ko‘p, masalan: gidrofobiya - suvdan qo‘rqish, ayerofobiya - samolyotdan qo‘rqish, spayderfobiya - o‘rgimchakdan qo‘rqish...
Ammo mana bir necha yildirki, fobiyalar qatorida islomofobiya ham tez-tez tilga olinmoqda. Islom so‘zi arab tilidan tarjima qilinganda "bo‘ysunish, taslim bo‘lish" degan ma’noni bildiradi. Agar Islom so‘zining yanada tub ma’nosiga nazar tashlasak, uning asli "tinchlik" degan ma’noni anglatishini bilamiz. Demak, Islom asli tinchlik ekan, u holda islomofobiya - "tinchlikdan qo‘rqish" bo‘ladimi?! Nahot insonlar asrlar davomida dunyo belanchagini o‘zining ezgu g‘oyalari ila tebratib kelgan haq dindan qo‘rqib, undan yuz o‘girsalar?! Nima sababdan avval Yevropa, asta-sekin Osiyo yoshlari orasida bu tushuncha tobora keng quloch solib bormoqda? Buning boisini bilishni istasak, ayni damda musulmonlar yashovchi mintaqalarida yuz berayotgan hodisalar bilan chuqur tanishimiz lozim.
XX asrning so‘nggi yillaridan buyon Arab diyorlaridagi notinchliklar jahon hamjamiyatining e’tiborini o‘ziga qaratdi. Avval Afg‘onistonda yuz bergan voqealar Misrdagi davlat to‘ntarishi bilan davom etdi. Yaman ham ichki urushlar oqibatida parchalanish holiga keldi. Liviya, Pokiston kabi davlatlarda ham ahvol havas qilinmaydigan darajaga yetdi. Uchinchi qo‘l kirdikorlari bilan yuzaga kelgan bu ziddiyatlardan aslida Islomni va musulmonlarni yomonotliq qilish, Islom ma’rifatini tarqalishiga to‘sqinlik qilish, omma nazdida musulmonlarni hamisha janjal chiqaradigan, hech tinchimaydigan xalq sifatida ko‘rsatish edi.
Aynan shu vaziyatda Iroq va Suriyada ISHID tashkil topdi. Islom dushmanlari uchun yangi bahona topildi. Uni yo‘q qilishga olib borilgan harakatlar natijasi muvaffaqiyatli yakun topdi.
Keyingi voqealar Myanma hududida sodir bo‘ldi. Butun dunyoga Myanmada istiqomat qiluvchi rohinja musulmonlarini terroristlikda ayblab, o‘zlarini jabrdiyda qilib ko‘rsatgan, ularning hujumlarini qurboni bo‘lganlarini jar solgan myanmalik buddaviylarning, alaloqibat yolg‘on ma’lumot tarqatganlari ma’lum bo‘ldi. Necha minglab musulmonlar begunoh halok bo‘lganlari oydinlashdi.
Voqe’likka teran nigoh ila nazar tashlaydigan bo‘lsak, asl aybdor etib musulmonlar ko‘rsatilganiga guvoh bo‘lamiz. Ammo urushlar natijasida jabr chekkan, halok bo‘lganlar ham musulmonlar ekanligini kim qanday izohlab bera oladi?
Aslida Islom tinchlik va omonlik dini. Islomning muqaddas manbalari hisoblangan – Qur’oni Karim va hadislarda ko‘p bora insonlar yer yuzida buzg‘unchilik qilmay, o‘zaro ahil va inoq yashashlari kerakligi ta’kidlangan. Jumladan, Baqara surasining 60-oyatida shunday deyiladi: “Alloh bergan rizqdan yeb-ichinglar va Yer yuzida buzg‘unchilik ustiga buzg‘unchilik qilmanglar”. Yoki shu suraning 208-oyatida: “Ey iymon keltirganlar! Tinchlikka to‘lig‘icha kiringlar”, deb marhamat qilingan.
Islomda tinchlik inson qalbining tinchligidan boshlanadi. Banda o‘z Parvardigori, borliq va Oxirat haqidagi sof va sog‘lom Islom e’tiqodi bilangina qalb tinchligiga erisha oladi. So‘ngra bu tinchlik oilaga, so‘ng qo‘ni-qo‘shnilar orasiga, yurt orasiga ko‘chib, nihoyat Islom ko‘zlagan tinchlikda butun dunyo tinchligiga erishiladi.
Hozirgi kunda Respublikamizda Islom ma’rifatini yosh avlod ongiga to‘g‘ri yetkazish borasida ko‘p ishlar amalga oshirilmoqda. O‘rta maxsus islom bilim yurtlari qoshida Qur’oni Karim va arab tilidan maxsus o‘quv kurslari ochilgani, islom bilim yurtlariga qabul qilish kvotalarini ko‘paygani, Yurtboshimiz Shavkat Miromonovichning “Qur’onni eshitish, eshita olish yuksak ma’naviyat, ma’rifat. Qur’on hech qachon yomonlikka da’vat qilmaydi. Agar Qur’onni eshita olsak, eshittira olsak, bu muvaffaqiyat bo‘ladi. Elimizga nur keladi” degan so‘zlarining amaldagi namunasi sifatida ilk bora O‘zbekiston Qur’on musobaqasi tashkil etilgani va shu kabi ishlar buning yaqqol misoli bo‘ladi.
Xulosa shuki, biz agar butun Yer kurrasi uzra tinchlik bo‘lishini istasak, avvalo o‘zimizning Islom borasidagi tushunchalarimiz, e’tiqodimizni poklashimiz, botil g‘oyalarga ergashmasligimiz lozim. Ana shunda Islomofobiya kabi mantiqsiz va zararli tushunchalar tarqalishiga to‘sqinlik qilgan bo‘lamiz.
Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta
maxsus islom bilim yurtining
4-kurs talabasi Yusufiy Rokiya
O‘MI Matbuot xizmati
MuslimShosh.uz