Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Dekabr, 2024   |   22 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:46
Peshin
12:27
Asr
15:17
Shom
17:01
Xufton
18:21
Bismillah
23 Dekabr, 2024, 22 Jumadul soni, 1446

Haqiqiy saodatga intilganlar

30.03.2018   6029   5 min.
Haqiqiy saodatga intilganlar

Inson o‘zi orzu qilgan haqiqiy saodatga erishish uchun intilib yashaydi. Lekin haqiqiy saodat haqida har kimning o‘z tushunchasi bor.

Kimdir haqiqiy baxtni mol-dunyoga erishish deb biladi. Umrini mol-dunyo jamlash uchun yelib-yugurib o‘tkazib yuboradi. Mol-dunyo “bir lahzalik saodat” ekanligidan, uning abadiy emasligidan xabari yo‘q. Qur’oni Karimda qiyomat kuni bandalar hisob qilinishi haqida hamda nomai a’moli chap tomondan berilgan bandaning quyidagicha hasrat chekishi zikr qilinadi:

مَا أَغْنَى عَنِّي مَالِيَهْ 

هَلَكَ عَنِّي سُلْطَانِيَهْ 

Menga molmulk ham asqotmadi. Saltanatim ham halok bo‘lib ketdi (Hoqqa surasi 28-29-oyatlar).

Kimdir haqiqiy baxtni hamma havas qiladigan, e’tiborli mansabga erishish deb biladi. O‘sha maqsadiga yetishish uchun barcha choratadbirlar, vositayu sabablarni ishga soladi. Yana kimdir uni sihat-salomatlik deb bilsa, boshqalar uni tinch-omonlikda hayot kechirish deb tushunadi. Ayrim insonlar esa, haqiqiy baxtsaodat bu Allohga iymon keltirish va Unga itoat etish, oxiratda Uning jannatiga noil bo‘lish deb biladilar.

Insonlarning baxt haqidagi tushunchalarining turli xil bo‘lishining sababi, o‘zlarida o‘sha narsaning bo‘lmasligi yoki uni yo‘qotganliklaridir.

Masalan,  moldunyosini yo‘qotgan kishi haqiqiy baxtni moldunyoda deb biladi.

Bir muddat ish topa olmay sarson bo‘lgan kishi, o‘zi istagan faoliyatga kirishgach, o‘zini baxtiyor his qiladi.

Uzoq vaqt shiftga termulib xastalikni boshdan kechirgan bemor uchun tani jonining sog‘ bo‘lishidan katta baxt yo‘q.

Demak, biror narsani yo‘qotgan kishi unga ega bo‘lgandagina haqiqiy saodatni his qilar ekan.

Aslida, qalbida hotirjamlikni, jismida farovon hayotni izlagan kishi, uni Robbisiga itoat etish, buyruqlariga bo‘ysunish va gunoh ma’siyatlardan yiroqlashish bilangina topadi. Chunki haqiqiy mo‘minning qalbi dunyo matolari ila huzurlanishdan ko‘ra Robbisiga ibodat qilishdan lazzat oladi. U iymoni, toati bilan Robbisiga yaqinlashgani sayin, qalbi unga bog‘lanaveradi. Hatto, Allohning muhabbati uning asosiy maqsadi bo‘lib qoladi.

وَالَّذِينَ آمَنُوا أَشَدُّ حُبًّا لِلَّهِ

Iymon keltirganlarning Allohga bo‘lgan muhabbatlari esa (ularnikidan) kuchliroqdir (Baqara surasi 165-oyat).

Albatta, Allohga ibodat qilish va Unga yaqinlashish oddiygina  quruq gaplar emas. Balki voqelikda o‘z isbotini topgan eng to‘g‘ri yo‘ldir. Ibodatning asari dunyo va oxiratda zohir bo‘ladi.  Banda uchun undan foydali yo‘l yo‘q. Faqat shu yo‘l bilangina u haqiqiy saodatga erishadi.

فَمَنِ اتَّبَعَ هُدَايَ فَلَا يَضِلُّ وَلَا يَشْقَى (123) وَمَنْ أَعْرَضَ عَنْ ذِكْرِي فَإِنَّ لَهُ مَعِيشَةً ضَنْكًا وَنَحْشُرُهُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ أَعْمَى (124) قَالَ رَبِّ لِمَ حَشَرْتَنِي أَعْمَى وَقَدْ كُنْتُ بَصِيرًا (125)

Bas, sizlarga (Men) tarafdan hidoyat kelganidakim Mening hidoyatimga ergashsa, yo‘ldan ozmas va baxtsiz bo‘lmas. Kim mening eslatmamdan yuz o‘girsa, uning uchun tang (baxtsiz) turmush bo‘lishi muqarrar va Biz uni qiyomat kunida ko‘r holda tiriltirurmiz. U “Rabbim! Nega meni ko‘r holda tiriltirding,axir (oldin) ko‘ruvchi edim-ku?!” – deydi (Toho surasi 123-125-oyatlar).

Mufassir ulamolar ushbu oyati karimadagi   فَلَا يَضِلُّ  “yo‘ldan ozmas” so‘zini “dunyoda yo‘ldan ozmas” deb, وَلَا يَشْقَى  “baxtsiz bo‘lmas” so‘zini “oxiratda baxtsiz bo‘lmas” deb tafsir qilganlar.

Shuningdek, doimiy tarzda Allohni zikr qilish qalbni qotib ketmasligiga sabab bo‘ladi. Qolaversa, qalb xotirjamlik va sakinat ila orom oladi.

الَّذِينَ آمَنُوا وَتَطْمَئِنُّ قُلُوبُهُمْ بِذِكْرِ اللَّهِ أَلَا بِذِكْرِ اللَّهِ تَطْمَئِنُّ الْقُلُوبُ

Ular imon keltirgan va qalblari Allohning zikri bilan orom oladigan zotlardir. Ogoh bo‘lingizki, Allohni zikr etish bilan qalblar orom olur. (Ra’d surasi 28-oyat).

Ulamolar zikr qilishning bir necha foydalarini bayon qiladilar:

1) Zikr qilish bilan banda Allohning roziligiga noil bo‘ladi.

2) Zikr shaytonni quvadi.

3) Mo‘minning qalbidan qayg‘u, g‘am-tashvishni ketkazadi.

4) Xursandchilik, shodlik va mamnunlikni olib keladi.

5) Sihat-salomatlikni mustahkamlaydi.

6) Yuz va qalbga nur baxsh etadi.

7) Rizqni ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

8) Alloh taologa va insonlarga muhabbatni paydo qiladi.

 

Avazxo‘ja BAXROMOV,

Toshkent tumani “Xolmuhammad ota”

 jome masjidi imom-xatibi  tayyorladi

O‘MI Matbuot xizmati

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Odamlarning qo‘lidagi ne’matlarga qarash

20.12.2024   2364   4 min.
Odamlarning qo‘lidagi ne’matlarga qarash

Bismillahir Rohmanir Rohiym

E’tibor bergan kishini mahzun qiladigan uchta narsa bor. Ularning har biri alohida jihat bo‘lib, ularga qaragan qiz albatta mahzun bo‘ladi. Mana shu uch narsaga qarashni bas qilsak, hayotimiz rozilik, saodat va sakinatga to‘ladi.

Mahzun qiluvchi birinchi narsa: Atrofdagi odamlarning qo‘lidagi ne’matlarga qarash.

Alloh taolo bunday marhamat qiladi: "Sinov uchun dunyo hayotining ko‘rki qilib, ayrimlarni bahramand qilgan narsalarimizga ko‘z tikma. Robbingning rizqi yaxshidir, boqiydir"(Toho surasi, 131-oyat).

Ko‘z tikish – birovlarning qo‘lidagi dunyo matohlariga hasad, tamagirlik bilan qarashdir.

Birovning qo‘lidagi narsalarga qarash ham ikki xil bo‘ladi:

Birinchisitabiiy, beixtiyor qarash. Bunda ataylab, qasd qilib qaralmaydi. Odamlarning qo‘lidagi narsalarga, ularga Alloh bergan ne’matlarga beixtiyor ko‘z tushib qoladi. Bunday paytda ko‘zini chetga olgan odamning qalbi tamagirlikdan uzilib, xotirjam bo‘ladi. Aslida bunaqangi paytlarda chin dildan havas qilish, bu ne’mat o‘sha kishiga buyursin, bardavom bo‘lsin deb duo qilish, bu kishiga ne’mat berilganiga xursand bo‘lish kerak. Lekin ko‘z tikib turaversa, «Nega shu narsa menda yo‘q? Nega nuqul uning omadi kelaveradiyu, mening hech ishim yurishmaydi?» deb, hasad qilsa, o‘sha kishidagi bu ne’mat yo‘q bo‘lishini istasa, bunday pastkash odam o‘ziga g‘am-g‘ussani tilab olgan bo‘ladi.

Ikkinchisiataylab ko‘z tikish. Bu – birovlarning mol-mulkiga, ularga berilgan ne’matlarga ataylab, biror yomon maqsad bilan qarash va bu ishni qayta-qayta qilishdir. Alloh taolo qalbimizni mahzunlikdan asrash uchun bizni bu narsadan qaytargan. Shunday ekan, qalbingiz xotirjam bo‘lib, qayg‘usiz yashashni istasangiz, boshqalarga berilgan ne’matlarga ko‘z tikmang!

Bir qiz aytadi: «Bir kuni onam meni hayron qoldirib, "Kel, qizim, bugun senga 37 yildan buyon qalbimning tub-tubida saqlanib kelayotgan bir sirni aytaman", deb qoldilar. Borib, yonlariga o‘tirgan edim, bunday dedilar:

«Yoshligimda birovlarning qo‘lidagi ne’matlarga ko‘p ko‘z tikardim. Alloh ularga bergan narsalarni ko‘rib, hasad qilardim. Ularni o‘zimdan ustun deb, o‘zimni esa juda nochor deb bilardim. Alloh menga bergan ne’matlar esa ko‘zimga ko‘rinmasdi. Shuning uchun biror kun rozilik degan narsani his qilmay yashadim, qayg‘u meni bir soniya ham tark etmadi. Oxiri borib, tushkunlikka – depressiyaga tushib qoldim.

Mahzunligimning siri mana shu edi. Lekin men sening bunday baxtsiz bo‘lishingni istamayman. Shuning uchun, boylikda ham, chiroyda ham doim o‘zingdan pastroqlarga qaragin, qizim. Shunda dunyoyu oxiratda baxtli bo‘lasan. Odamlarning qo‘lidagi ne’matlarga qarasang, qayg‘u-hasratdan boshing chiqmaydi, bundan o‘zingni himoya qilgin, bolam!»

 

Ikkinchi qiz aytadi:

«Yashirmayman, onam birovlarga ko‘p hasad qilardi. Gapining asosiy mavzusi kimningdir nimagadir erishgan bo‘lar edi. O‘zining ahvolidan esa faqat nolir edi. Yaxshiyam dadajonim donolik bilan ish tutdilar. Bo‘lmasa men ham onamning ahvoliga tushib qolishimga bir bahya qolgan edi. Otam onamning bu xunuk odatiga ajoyib uslubda yondasha boshladilar. Har gal onam: "Falonchining falon-falon narsalari bor, bizda esa hech narsa yo‘q" desa, otam: "Odamlarning qo‘lidagi narsalarni ko‘p gapirsang, obro‘ying tushib ketadi. Eng yomoni – Allohning adolatiga shubha qilgan, bergan rizqiga norozi bo‘lgan bo‘lib qolasan", der edi.

Onam o‘zining ahvolidan nolib, "Falonchixon boy-badavlat, men bechora esa…" deb qolsa, otam yana o‘sha hikmatli so‘zlarini takrorlar edi.

Otam bu so‘zlarni sokinlik bilan, tabassum bilan aytar edi. Otamning butun jismi-jonida, onamning aksi o‘laroq, har doim rozilik, xotirjamlik ufurib turardi, «Allohga hamdlar bo‘lsin, bizda ne’matlar juda ko‘p!» degan so‘zlarni bot-bot takrorlar, ortidan esa Alloh bizga bergan, boshqalarda yo‘q ne’matlarni sanab berardi.

Ko‘pincha otamning saodati bilan onamning mahzunligini taqqoslab ko‘rardim. Onamning odamlar qo‘lidagi narsalarga qarab, xursand bo‘lmasligi, otamning esa o‘ziga berilgan ne’matlarga shukr qilib, xotirjam yashashi haqida ko‘p o‘ylardim. Nihoyat, ikki tomonni solishtirib ko‘rib, otamga o‘xshashga ont ichdim, biror soniya ham onamga o‘xshab qolmaslikni Allohdan so‘ray boshladim. Chunki onam birovga berilgan mol-dunyoga qarab, o‘zining ahvolidan nolib, hayotini barbod qildi, obro‘sini tushirib, Robbining adolatiga shubha bilan qaraydigan bo‘lib qolgan edi».