Bir kishi ayolini bolalarining ko‘z o‘ngida urdi va ularning qalbiga qo‘rquv va xavf soldi. Ayoli xafa bo‘lib turganda, eri uning yuziga tarsaki tushirdi.
Shunda ayoli:
– Hozir borib sizning ustingizdan arz qilaman, – dedi.
Er:
– Senga kim aytdi, meni seni ko‘chaga chiqishinga izn beradi deb?! – deb dag‘dag‘a qildi.
Ayol:
– Eshik va derazalarni berkitib quysam, qayoqqa ham borardi, deb o‘ylayapsizmi? Siz baribir meni arz qilishimdan to‘xtatib qola olmaysiz, – dedi.
Er uning qat’iyatidan hayratlanib:
– Nima qilmoqchisan o‘zi? – deb so‘radi.
Ayol:
– U bilan bog‘lanaman, – dedi.
Er:
– Qo‘l telefoning menda, xohlaganingni qil! – deb javob qildi.
Ayol hammomga qarab yura boshladi. Buni ko‘rgan er, ayolim hammomning derazasidan oshib qochmoqchi bo‘lsa kerak deb uyladi-yu, tashqari tomondan deraza ro‘parasiga qarab yurdi. Derazadan qochib ketadi degan gumon bilan bir oz muddat u yerda turdi. U yerdan chiqmaganini ko‘rgandan keyin, hammom eshigi oldiga keldi. U yerda yuzlaridan suv tomib turgan va tabassum ila chiqib kelayotgan xotiniga duch keldi.
Ayoli unga:
– Men faqat Uning nomi bilan qasam ichiladigan Zotgagina shikoyat qilaman. Siz bekitib qo‘ygan eshik va derazangiz hamda qo‘limdan olib qo‘ygan telefoningiz ham meni unga arz qilishimdan to‘sa olmaydi. Zero, Alloh taoloning eshiklari hech qachon yopilmaydi, – dedi.
Bu so‘zni eshitgan kursiga cho‘kib fikr yurita boshladi. Ayoli esa xotirjam namoz o‘qiy boshladi va sajdada uzoq muddat qolib ketdi. Er bu holatni zimdan kuzatib turardi. Ayol namozni tugatib, qo‘llarini osmonga ko‘tarib uzoq duo qila boshladi. Buni ko‘rib turgan er ayoliga:
– Sajdada mening zararimga qilgan duoingning o‘zi kifoya qilmaydimi? – dedi.
Ayol unga mayin ovozda:
– Menga qilgan salbiy muomalangizga kifoya qiladimi? – dedi.
Er:
– Allohga qasamki, men bu so‘zim bilan g‘azablangan vaqtimni nazarda tutmadim, – dedi.
Ayol:
– Shuning uchun men ham duodan to‘xtamadim. Aslida duoni sizga emas, balki shaytonning zarariga qildim. Men ahmoq emasmanki, ko‘zimning oqu qorasi bo‘lgan jufti halolimning zarariga duo qilsam, – dedi.
Bu so‘zni eshitib, er o‘zini tutib tura olmasdan yig‘lab yubordi va ayolining duo qilib turgan qo‘lidan o‘pib,
– Allohga qasamki, bundan keyin senga hech qachon ozor bermayman, – dedi.
Xulosa: ushbu ayol Alloh taolo va uning Rasuli bizga amr qilgan soliha ayolning aynan o‘zidir.
Abdushukur Murodov
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Namangan viloyati vakilligi rahbariyati Davlatobod tumanida aholi vakillari bilan muloqot uyushtirdi.
Unda bir jamiyatda yashayotgan insonlar o‘zaro tinch-totuv, hamjihatlikda yashashga buyurilgani, oxirgi vaqtlarda ana shu mehr-oqibat va o‘zaro hurmat rishtalarini paydo qiladigan, ularni yanada mustahkam bo‘lishiga sabab bo‘ladigan fazilatlarni keng yoyish juda ham zarur bo‘layotgani hayotiy misollar asosida aytildi.
Qur’oni karim va hadisi shariflarda ilmga, kasb-hunarga targ‘ib qiluvchi ko‘rsatmalar keltirilib, ota-ona farzandiga elu yurt uchun kerakli bo‘ladigan hunar va foydali ilmlarni ham o‘rgatishi lozimligi eslatildi. Bu osoyishta hayotni qadrlab, shukronalik tuyg‘ulari bilan yashashga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, viloyat bosh imom-xatibi Musoxon domla Abbosiddinov dinimiz ta’limotlarida ota-onaga hurmat, komil inson fazilati, har bir ishda mo‘tadillik, isrofdan saqlanish, riyokorlik, kibr illatidan yiroq bo‘lish, ko‘r-ko‘rona taqlid, zulm kabi gunohlardan saqlanishga chaqirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati