Shu yil 3 fevral kuni Malayziya islomni anglash instituti tasarrufidagi IKIT-TV telekanalida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan tub islohotlar, buyuk mutafakkir allomalarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish yuzasidan olib borilayotgan ishlar va Yangi O‘zbekistonda tashkil qilingan xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari faoliyati hamda yutuqlari haqida hikoya qilinuvchi hujjatli film namoyish etiladi.
Ushbu munosabat bilan Malayziya islomni anglash instituti raisi Muhammad Nur Manuti Imom Termiziy, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaz rahbarlaridan iborat delegatsiyasini qabul qildi.
Uchrashuvda seminar va konferensiyalar tashkil etish, hamda hamkorlikda allomalarning ilmiy merosi va qo‘lyozmalarni o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlar olib borish kabi o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishildi.
Imom Termiziy
xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
matbuot xizmati
O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari, Turizm qo‘mitasi vakillari va mamlakatimizning Pokistondagi ziyorat turizmi elchisi Shayx Muhammad Hassan Hasib ur-Rehman o‘rtasida videokonferensiya shaklida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Unda O‘zbekistonning boy madaniy-ma’rifiy va tarixiy merosi, muqaddas qadamjolari hamda ziyorat turizmi imkoniyatlarini Pokistonda keng targ‘ib qilish, ushbu yo‘nalishda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
O‘zbekistonning ziyorat turizmi sohasidagi ulkan salohiyatini Pokiston jamoatchiligi orasida keng targ‘ib etish, pokistonlik sayyohlar va ziyoratchilarning yurtimizdagi muqaddas qadamjolar, tarixiy obidalar va diqqatga sazovor turistik maskanlar haqidagi xabardorligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
– O‘zbekiston asrlar davomida islom sivilizatsiyasining muhim markazlaridan biri sifatida e’tirof etilib kelgan, – dedi Shayx Muhammad Hassan Hasib ur-Rehman. – Mamlakatingiz hududida joylashgan buyuk allomalar, aziz-avliyolar va islom olamida yuksak hurmatga sazovor mutafakkirlar nomi bilan bog‘liq qadamjolar xorijlik ziyoratchilar, shu jumladan pokistonliklar uchun katta ma’naviy va tarixiy ahamiyatga ega. Ayniqsa, Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarining boy diniy-ma’rifiy merosi O‘zbekistonning xalqaro ziyorat turizmidagi o‘rnini yanada mustahkamlash uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Uchrashuvda Pokiston ulamolari delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi. Mazkur tashrif ikki mamlakat diniy-ma’rifiy doiralari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish va O‘zbekiston ziyorat turizmi imkoniyatlarini Pokistonda yanada keng tanitishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, tashrif doirasida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazish, Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlariga safarlarni tashkil qilish bo‘yicha kelgusidagi rejalar ko‘rib chiqildi.
Pokiston tomoni O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi va g‘oyasi asosida Toshkent shahrida bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi va qayta rekonstruksiya qilingan Imom Buxoriy majmuasini pokistonlik ulamolar ko‘rishga katta qiziqish bildirayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, mazkur noyob majmualar to‘g‘risidagi maxsus videomateriallarni tayyorlash va ularni Pokistonda tarqatishga qizish bildirildi.
Ta’kidlanishicha, mazkur tashabbuslar O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlab, xalqlarimiz o‘rtasidagi ma’naviy-madaniy aloqalarni yanada rivojlantirish, shuningdek, mamlakatimizga tashrif buyuruvchi pokistonlik ziyoratchilar oqimini oshirishga xizmat qiladi.
Bo‘lib o‘tgan onlayn uchrashuv yakunida ishtirokchilar ushbu yo‘nalishdagi muloqotni diplomatik kanallar orqali davom ettirishga kelishib oldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati