Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Indoneziyaning «Net TV» telekanali bilan hamkorlikdagi loyihasi «Muslim traveler» ko‘rsatuvi ijodkorlari yurtimizning eng go‘zal manzillarini kashf etishda davom etmoqda.
Ijodkorlar dastlabki kunni ziyoratgohlarga sayrdan boshlagan bo‘lsa, keyingi kun erta tongdan tabiat qo‘yniga sayohat zavqi bilan Chimyon tog‘lariga yo‘l olishdi. Indonez sayyohlariga jonu dili bo‘lgan qor va chang‘i uchish majmuasi mehmonlarni bir necha soat e’tibori va fotokameralarini band etdi. Tasvirga olish ishlarida Toshkent viloyati hokimining turizm masalalari bo‘yicha o‘rinbosari yaqindan ko‘mak berdi.
Kunning ikkinchi yarmida shaharga qaytib, indoneziyalik mehmonlar ta’rifi bilan aytganda, «juda keng va ozoda ko‘chalar» bo‘ylab sayr uchun Toshkentning ko‘zga ko‘ringan saylgoh va madaniy hordiq markazlariga yo‘l olishdi. Sayyohlarning eng sevimli saylgohlaridan biri sanalgan Amir Temur hiyoboni va Sohibqiron haykali orqali yurtimizning tarixiga nazar tashlandi, shaharsozlikning yuksak na’munalarini yaratgan bobomiz davomchilari yangi avlodlar bunyod etayotgan ko‘rkam binolar namoyish etildi.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Matbuot xizmati bildirishicha, saylgohda boshlovchi Shaza Belladona mahalliy badiiy san’at ustalari ishlarini kuzatib, o‘zining portretini chizdirishga jazm qildi. Natijadan ko‘ngli to‘lib, Indoneziya sayyohlariga albatta ushbu manzilda bir to‘xtab, mahalliy musavvirlar xizmatidan foydalanishga tavsiya berishini aytib o‘tdi.
Yurtimizda sayyohlarga gid xizmatlari ko‘rsatish sohasida ham katta ishlar qilinayotgani, yoshlarning turli xorijiy tillarni mukammal egallayotgani haqida gapirib, boshlovchi Toshkent davlat Sharqshunoslik instituti o‘qituvchisi Sanjar Turdiyevni suhbatga tortdi. Aynan Sanjar bilan suhbat orqali yurtimizda 2004 yildan beri indonez tiliga bo‘lgan qiziqish, sayyohlar uchun yurtimizda yaratilayotgan qator sharoitlar haqida indonez tilida ma’lumotga ega bo‘lishdi. Keyingi manzil esa, poytaxtimiz mehmonlarini befarq qoldirmaydigan Alisher Navoiy nomidagi Opera va balet teatri bo‘ldi. U yerda yurtimizda opera va balet san’atiga bo‘lgan qiziqish ham yuqori darajada ekanligini va san’atsevar o‘zbek xalqini yana bir karra kashf etishdi.
«Net TV» telekanalining yurtimizga tashrifi va tasvirga olish ishlarining qizg‘in jarayoni haqida «Dunyo bo‘ylab» telekanalida maxsus ko‘rsatuv tayyorlanmoqda. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va «Dunyo bo‘ylab» telekanali ijodiy jamoasi bilan birgalikda amalga oshiriladigan bu singari loyihalar yurtimizda tashqi va ichki turizmni rivojlantirishga ham hissa qo‘shadi.
O‘zbekiston musulmonlar idorasi matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamkorligida o‘tkazib kelinayotgan namunaviy-amaliy tadbirlarning navbatdagisi 4 fevral kuni Buxoro shahrida o‘tkazildi.
Tadbirlar O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosarlari Zayniddin domla Eshonqulov va Obidjon domla Qodirov boshchiligida bo‘lib o‘tmoqda.
Dastlab, “Mir Arab” oliy madrasasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassislari, viloyat vakilligi xodimlari, shuningdek, “Haj-2024” hojilari va mahalla raislari ishtirokida yig‘ilish tashkil etildi.
Tadbir davomida ishchi guruh a’zolari hamda imom-xatiblar, shu bilan birga otinoyilar o‘zlariga biriktirilgan mahalla hududidan “Haj-2024” ziyoratchisini ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etishdi. Muammoli xonadonlarga kirilib, hol-ahvol so‘raldi. Imom-xatiblar 7 toifaga mansub 160 ta oilaga, otinoyilar 4 toifaga mansub 16 ta oilaga, umumiy hisobda 176 ta oilaga ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot hamda amaliy yordam qilindi.
***
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining Buxoroga tashrifi doirasida muftiy o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov Mir Arab oliy madrasasi talabalari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Unda talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar borasida ham so‘z borib, yuksak darajada ekani va buning shukri faqat ilm olish bilan ado etilishi haqida so‘z ketdi.
***
Mir Arab oliy madrasasining ustoz va talabalari tomonidan chiqarilayotgan videochiqishlar sifatini yanada oshirish maqsadida ovoz yozish va tasvirga olish studiyasi zaruriy texnik jihozlar bilan ta’minlandi.
Zayniddin domla Eshonqulov madrasasidagi tasvirga olish xonasi bilan ham tanishib, mediamarkaz faoliyatiga xayr tilab duo qildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati