Kuvaytning Adliya va din ishlari vaziri Doktor Fahad Al-Afasi mamlakatning 9-xalqaro Qur’on musobaqasi 10 aprel kuni boshlanishini e’lon qildi.
“KUNA” agentligining xabar berishicha, xalqaro musobaqa Amir Shayx Saboh Al-Ahmad Al-Jabir Al-Saboh homiyligida o‘tkaziladi.
Musobaqadan ko‘zlangan maqsad arab va musulmon davlatlarida yashovchi Qur’oni Karimni yod olish bilan shug‘ullanganlar orasida g‘oliblarni aniqlash, yosh avlodga Qur’on tilovati va ilmlarini o‘rgatishda imomlar roliga e’tiborni qaratish, shuningdek, Qur’oni Karimni yod oluvchilarni rag‘batlantirishdan iborat ekanini aytib o‘tgan.
Vazir Al-Afasi joriy yilgi musobaqadan ko‘proq odam manfaat ko‘rsin, degan maqsadda xorij davlatlardan imkon qadar Qur’onni yod olgan ko‘p vakil ishtirok etishini ta’minlashga harakat qilinayotganini so‘ziga qo‘shimcha qilgan.
O‘MI Matbuot xizmati
Kecha «Hilol Nashr» nashriyotining majlislar zalida yangi chop etilgan taroveh mus'hafining (https://hilolnashr.uz/taroveh-musxafi-27-29) taqdimoti o‘tkazildi. Tadbirda kitobni nashrga tayyorlagan ustoz Hasanxon Yahyo Abdulmajid qori, Abdulhakim qori Matqulov va bir qancha qorilar mehmon bo‘ldilar.
Suhbat avvalida ustoz Erkin Malik Hasanxon Yahyo Abdulmajidni yangi kitob bilan tabriklab, tadbirni ochib berdilar. Keyin esa Hasanxon qori Qur’oni Karimning mus'haf holiga keltirilishi, juz, hizb kabi qismlarga bo‘linishi, taroveh mus'hafining tayyorlanish jarayoni va unda ishlatilgan belgilar haqida so‘zlab berdilar.
So‘ng an’anaga ko‘ra, kitobxonlar bilan savol-javob o‘tkazilib, to‘g‘ri javob topganlarga taqdimoti bo‘layotgan kitob − taroveh mus'hafi hadya qilindi.
Keyin Hasanxon Yahyo Abdulmajid navbatdagi xushxabar − quran.uz sahifasidagi o‘n qiroat bo‘yicha yangilik bilan o‘rtoqlashdilar. Endilikda ushbu sahifa orqali Qur’oni karimni 10 xil qiroat va 20 xil rivoyatda o‘qish va tinglash mumkinligini taqdimot yordamida tushuntirib berdilar.
So‘ng ustoz qorilardan Abdulhakim Matqulov Hasanxon Yahyo Abdulmajidni mus'hafning yangi nashri bilan qutlab, kelgusi ilmiy faoliyatlariga baraka tiladilar.
Kelgan mehmonlarga nashriyotning esdalik sovg‘alari ulashildi.
Ahmad Rizo qori va Abdulbosit qori Qobilovning tilovatlari hamda Abdulhakim qori Matqulovning xayrli duolari bilan tadbir nihoyasiga yetdi.
@hilolnashr