Muhammad Javed Chaudri, Pokistondagi “Express News” telekanalida siyosiy tok-shoular boshlovchisi va muallifi:
– Biz Afg‘onistonda tinchlik hukm surishidan, qo‘shnichilik munosabalari o‘rnatishdan juda manfaatdormiz. Vaholanki, Afg‘oniston mahsulot aylanmasining 80 foizdan ortig‘i Afg‘oniston-Pokiston tranzit yo‘li orqali amalga oshiriladi. Dengizga to‘g‘ri chiqish yo‘li bo‘lmagan Afg‘oniston keng turdagi mahsulotlarni Pokiston orqali oladi. Bu yurtdagi siyosiy muammolar bizga ham albatta o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi.
O‘z yurtimning, xalqimning bir vakilli sifatida aytishim mumkinki, Islomobod va Qobul munosabatlarining yaxshilanishi ikki davlat fuqarolarining chegaradan o‘tib yurishi yuzasidan vaqti-vaqti bilan yuzaga kelib turadigan shikoyatlarni bartaraf etishga ham asos bo‘ladi.
Shu o‘rinda Afg‘onistonga tinchlik o‘rnatish uchun ko‘mak berayotgan O‘zbekiston hukumatiga ham minnatdorchilik bildiramiz. Pokiston aholisining aksariyati o‘zbek tilini yaxshi biladi va mamlakatingizdagi islohotlarni kuzatib boradi. Ular O‘zbekistonga sayyohat qilishni juda hohlaydilar. Biz urf-odatlari, an’analari, hayot tarzi bir-biriga o‘xshash xalqlarmiz. Kelgusida Pokiston-O‘zbekiston aloqalarini yanada kengayishi va sayyohlik yo‘nalishi rivojiga o‘z hissamni qo‘shish niyatidaman.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Pokiston Islom Respublikasida buungi kunda 70 ming nafardan ortiq o‘zbek millatiga mansub kishilar yashaydilar.Ularning asosiy qismini 20 asrning boshida Markaziy Osiyodan Afg‘oniston orqali Pokistonga ko‘chganlar tashkil etadi.
O‘MI Matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 yanvar kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Bu majmua tariximizda ilgari bo‘lmagan ulkan va noyob loyihadir. Bugungi kunda muhtasham bino qad rostlab, qurilish yakuniy bosqichga kirgan.
Ushbu markaz Prezidentimizning 2017 yil 23 iyundagi qaroriga binoan boshlanib, 2018 yilgi Ramazon hayiti kuni davlatimiz rahbari uning poydevoriga tamal toshi qo‘ygan edi.
Bag‘oyat ulug‘vor markaz binosi uch qavatni tashkil etib, qadimgi me’moriy obidalarimiz shaklida bunyod etilmoqda. Milliy gumbaz va peshtoqlar, naqshlarning ajoyib uyg‘unligi unga alohida ko‘rk va salobat bag‘ishlagan. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan.
Markazning eng asosiy qismida Qur’oni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda musulmon dunyosining ma’naviy durdonasi – qadimiy Usmon Mus'hafi joylashtiriladi. Shuningdek, somoniylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar, O‘zbekxon, temuriylar va boshqa tarixiy sulolalar davrida bitilgan muqaddas kitobimiz nusxalari va ularning eski o‘zbek tilidagi tarjimalari qo‘yiladi. Jahondagi eng nodir qo‘lyozma Qur’onlardan namunalar ham o‘rin oladi.
– Xalqimizning boy va betakror merosiga oid ko‘p kitoblar, turli o‘lkalarga sochilib ketgan qo‘lyozmalar, noyob ma’lumotlar, san’at asarlari, afsuski, bizga noma’lum edi. Mana shu markaz sabab bo‘lib tarixni o‘rganishda katta qadamlar qo‘ydik, yangi manbalar yuzaga chiqdi. Endi bularning ta’siri, natijasi qanday bo‘ladi? Ularni faqat yodgorlik sifatida saqlamasdan, faol ilmiy iste’molga kiritish, aholimiz, yoshlarimizga tushunarli tilda yetkazish, jahon jamoatchiligiga keng targ‘ib qilish kerak. Bu dargoh nafaqat o‘tmish haqida hikoya qiladigan, balki tarix, bugun va kelajakni bog‘laydigan, taraqqiyotimizning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradigan aql-tafakkur markazi bo‘lishi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Majmuada “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans davri”, “Ikkinchi Renessans davri”, “O‘zbekiston XX asrda”, “Yangi O‘zbekiston – yangi Renessans” kabi bo‘limlar tashkil etiladi. Prezidentimiz ularning ilmiy konsepsiyasi, yaratilgan sharoitlarga alohida e’tibor qaratdi.
Mazkur davrlar tarixi turli ashyolar, qo‘lyozma manbalar, suratlar va multimedia vositalari orqali namoyish etilgan. Xorazmiy, Farg‘oniy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Burhoniddin Marg‘inoniy, Mahmud Zamahshariy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo, Ali Qushchi kabi alloma va mutafakkirlarning serqirra faoliyati haqida ma’lumot berilgan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Qaffol Shoshiy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Najmiddin Kubro, Bahouddin Naqshband, Xo‘ja Ahror Valiy kabi ulamolarning islom ma’rifatiga qo‘shgan hissasi atroflicha yoritilgan.
Ayni vaqtda majmuada Bibixonim, Xonzodabegim, Gavharshodbegim, Gulbadan, Nodirabegim, Uvaysiy, Anbar Otin kabi tariximizda chuqur iz qoldirgan mashhur ayollarning ilm-ma’rifat homiysi sifatidagi faoliyati ham o‘z ifodasini topgan. Bu ekspozitsiya bugungi qizlar uchun ibrat namunasi bo‘lib xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari markazning faoliyati va ahamiyati haqida to‘xtaldi.
– Islom sivilizatsiyasining, islom ta’limotining zamini – aslida ilm-fan, madaniyat, ta’lim va tarbiyadir. Biz barpo etayotgan markazning bosh g‘oyasi, asosi ham shu. Eng muhim tomoni – yurtimizdagi islom madaniyati bilan bog‘liq bir necha ming yillik qadimiy o‘tmish bir joyda – mana shu majmuada mujassam bo‘ladi. Markaz bilan tanishgan odam ana shu tarixni yaqqol ko‘rib, islom dini, bu avvalo, tinchlik, taraqqiyot va bag‘rikenglik dini ekanini, o‘zbek xalqining dunyo tamadduniga qo‘shgan buyuk hissasini anglaydi, – dedi Prezident.
Ana shu vazifadan kelib chiqqan holda, markazda ulug‘ ajdodlarimiz merosini chuqur tadqiq qilish, uni bugungi kunning o‘tkir muammolariga javob bera oladigan hayotbaxsh kuchga aylantirish zarurligi ta’kidlandi. Buning uchun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy nomidagi va boshqa xalqaro ilmiy-ma’rifiy tashkilotlar faoliyatini ilmiy-uslubiy jihatdan muvofiqlashtirish, birgalikda zamonaviy tahdidlarga munosib ilmiy javoblar topish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish kerak.
– Nasib etsa, bu majmua o‘zimizning me’moriy tajribamiz, Yangi O‘zbekistonning bunyodkorlik maktabi, ilmiy-ma’naviy salohiyatimiz ramzi sifatida tarixga kiradi. Har bir bo‘limning mazmun-mohiyati ayni shu maqsadga qaratilishi lozim. Chet eldagi mashhur muzey va kutubxonalar, nufuzli mutaxassislar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani, kitoblar, maqolalar nashr etilayotgani e’tiborga loyiq. Bu ishlar doimiy va ilmiy asosga ega bo‘lishi uchun ishni rejali tashkil qilish kerak. Bosh maqsadimiz – milliy o‘zligimizni anglash va anglatish, – dedi davlatimiz rahbari.
Markaz tomonidan bir qator xalqaro ilmiy muassasa va tashkilotlar, jumladan, YUNЕSKO, AYSЕSKO bilan yaqin hamkorlik o‘rnatildi. 2024 yil avgustda Toshkent va Samarqand shaharlarida “Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi Renessans asosi” mavzusidagi VIII xalqaro kongress o‘tkazildi. Unda 35 ta davlatdan 200 ga yaqin xorijiy olimlar qatnashib, markaz bo‘yicha qimmatli taklif va tavsiyalar bildirdi.
Qurilish ishlari va ekspozitsiya bilan tanishish jarayonida Shavkat Mirziyoyev markaz faoliyatini tashkil etish, uning ma’no-mazmunini yanada boyitish va takomillashtirish yuzasidan zarur ko‘rsatmalar berdi.
Davlatimiz rahbari shu yerda Toshkentning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot bilan ham tanishdi.
Bunday loyihalar ko‘p joylarda boshlangan. Bektemir, Mirzo Ulug‘bek, Mirobod, Yunusobod, Yakkasaroy, Yangihayot tumanlarida 7/24 tartibida ishlaydigan o‘nlab sayyohlik manzillari tashkil etilgan.
Toshkentning eski shahar hududi o‘ziga xos tarixiy ahamiyatga ega. Bu yerga yilning barcha mavsumida xorijiy sayyohlar ko‘p keladi. Shu bois hudud turizm xizmatlariga ixtisoslashtirilmoqda. Jumladan, o‘tgan yili Chorsu bozori yonidagi Gulbozor mahallasida shunday ko‘cha tashkil etilgandi. Abdulla Qodiriy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i ham obodonlashtirilmoqda.
Endi bularga uyg‘un ravishda gastronomik va turizm ko‘chalarini tashkil etish rejalashtirilgan. Buning uchun 17 ta ko‘cha va 32 ta berk ko‘cha tanlab olingan. Ularda Eski shaharning o‘ziga xos me’moriy qiyofasini saqlab qolgan holda, qo‘shimcha infratuzilmalar yaratiladi.
Buning natijasida hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar soni 250 taga ko‘payadi, 1 ming 500 ta ish o‘rni ochiladi. Muhimi, kunlik sayyohlar soni hozirgi 4 mingtadan 11 mingtaga ko‘payishi kutilmoqda.
Mutasaddilarga tadbirkor va hunarmandlar uchun qulayliklarni ko‘paytirish, sayohatlarni mazmunli va qiziqarli tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
https://president.uz/uz/lists/view/7843