Qozog‘iston Musulmonlar idorasi raisi, muftiy Serikbay Oraz O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida mamlakatimiz Musulmonlar idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov bilan uchrashdi.
Uchrashuvda diniy bayramlar sanalarini bir xillashtirish (unifikatsiya qilish) masalasi muhokama qilindi.
“Xalq so‘zi” nashri bildirishicha, yakunda ikkitomonlama memorandum imzolandi.
“Taraflar diniy sanalar (ro‘za, Qurbon Hayit va boshqalar)ni Hijra yili, ya’ni musulmonlar oy taqvimi bo‘yicha nishonlash, shuningdek, bugungi kun diniy masalalari bo‘yicha umumiy qarorlar, fatvolara chiqarish lozim deb hisoblaydi”, — deyiladi memorandum matnida.
“Bizda shu paytgacha diniy bayramlar sanasi bo‘yicha farqlanishlar bor edi. Mazkur kamchilikni to‘g‘rilash uchun biz o‘zaro hamkorlik bo‘yicha memorandum imzoladik. Memorandum doirasida umumiy fatvolar chiqaramiz va hozirgi davr dolzarb masalalari bo‘yicha birgalikda qarorlar qabul qilamiz”, — deydi muftiy Serikbay Oraz ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida.
“Kazinform”ning yozishicha, o‘zaro imzolangan mazkur hujjat doirasida ikki davlat fuqarolariga ushbu mamlakatlar hududida joylashgan muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish imkoniyati taqdim etiladi.
O‘zbekiston musulmonlar idorasi matbuot xizmati
Mirzaniyoz domla Rajabiy,
Toshkent shahri Olmazor tumani "Ab-u Bakr Qaffol Shoshiy" masjidi imom-xatibi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati