Albatta, Qur’onning qalblarga ta’sir etishi yuksak darajaga yetgan bo‘lib, undan oldin ham, keyin ham boshqa birorta so‘z va gapda bunday ta’sir bo‘lmagan. Zero, Qur’on – uni tinglovchilar qalbiga va qulog‘iga qo‘rquv, ajib tuyg‘u soladi. Tinglovchilarni Qur’onning haybati qamrab olib, dillarini uning ulug‘ligi o‘rab oladi. Qur’onning ta’siri uni inkor qiluvchilarga qanchalik yuksak ko‘rinishda bo‘lgani hech kimga sir emas. Qur’on ularni zalolatda yurganlari uchun aybladi, ustlaridan kuldi va ularga qarshi rad etib bo‘lmas dalillarni keltirdi. Natijada Qur’onni eshitish ularga og‘ir keldi, eshitmaslikka urinib, undan yuz o‘girib ketdilar. Bu haqida Alloh taolo quyidagicha xabar bergan:
وَلَقَدْ صَرَّفْنَا فِي هَـذَا الْقُرْآنِ لِيَذَّكَّرُواْ وَمَا يَزِيدُهُمْ إِلاَّ نُفُوراً
“Batahqiq, Biz bu Qur’onda eslashlari uchun bayon qildik. Lekin bu ularga nafratdan o‘zgani ziyoda qilmas” (Isro surasi, 41-oyat).
Yana bir oyatda bunday degan:
وَإِذَا ذَكَرْتَ رَبَّكَ فِي الْقُرْآنِ وَحْدَهُ وَلَّوْاْ عَلَى أَدْبَارِهِمْ نُفُوراً
“Qachon sen Qur’onda Robbingning yolg‘iz o‘zini zikr qilsang, ular ortlariga o‘girilib qochurlar” (Isro surasi, 46-oyat).
Mushriklarning ba’zi yetakchilari Qur’on qalblarini egallab olganini, qalblarining to‘rida qo‘rquv va hayajon uyg‘otganini his etishgan. Ular odamlardan berkinib, kechqurunlari yashirincha Qur’on tilovatiga quloq solar edilar. Ertayu kech bir-ikki oyat va bir-ikki suraning ta’siridan qalblari iymon halovatiga to‘lib borayotgan izdoshlarida Qur’onning ta’sirini yaqqol ko‘rar edilar. Mazkur suralar va oyatlarni Muhammad sollallohu alayhi vasallam va sahobai kiromlar o‘qir edilar. Butlarga bog‘lanib qolgan ko‘ngillar Qur’on oyatlariga bosh egar va butlardan butunlay voz kechar edi. Shu tariqa ular ilmiy-amaliy va axloqiy tarzda Qur’on hidoyati bilan bezanib bordilar. Buni ko‘rgan mushriklarning yetakchilari Qur’on ularning rahbarligiga va nufuziga qattiq zarba berishini anglab yetib, o‘z izdoshlariga Qur’onni eshitmaslikni tavsiya qilardilar. Alloh taolo bu haqida shunday marhamat qilgan:
وَقَالَ الَّذِينَ كَفَرُوا لَا تَسْمَعُوا لِهَذَا الْقُرْآنِ وَالْغَوْا فِيهِ لَعَلَّكُمْ تَغْلِبُونَ
“Kufr keltirganlar: “Bu Qur’onga quloq solmanglar, unga xalaqit bering, shoyadki g‘olib bo‘lsangiz”, dedilar” (Fussilat surasi, 26-oyat).
Hurmatli o‘quvchi! Siz Qur’oni Karim mushriklarning yetakchilaridan bo‘lgan Utba ibn Robiy’a va Valid ibn Mug‘iyraga qattiq ta’sir qilganini hamda Valid odamlarni Qur’ondan burish uchun qanday hiyla ishlatganini yaxshi eslaysiz. Alloh taolo uning gapini hikoya qilib keltiradi:
فَقَالَ إِنْ هَذَا إِلَّا سِحْرٌ يُؤْثَرُ
“Bas, bu asar qolgan sehrdan o‘zga hech narsa emas.
إِنْ هَذَا إِلَّا قَوْلُ الْبَشَرِ
Bu bashar so‘zidan o‘zga hech narsa emas”, dedi” (Muddassir surasi, 24-25-oyatlar).
Natija baribir mushriklar kutganidek bo‘lmadi. Aksincha, ular qo‘rqqan narsa sodir bo‘ldi. Umar ibn Xattob qilichini yalong‘ochlab, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni o‘ldirish maqsadida borayotgan edi. Singlisi Fotima bint Xattobning uyida Alloh taoloning:
طه
“Toho”
مَا أَنزَلْنَا عَلَيْكَ الْقُرْآنَ لِتَشْقَى
“Senga Qur’onni badbaxt bo‘lishing uchun nozil qilganimiz yo‘q”
إِلَّا تَذْكِرَةً لِّمَن يَخْشَى
“Magar qo‘rqqan kimsalarga eslatma bo‘lishi uchun”
تَنزِيلاً مِّمَّنْ خَلَقَ الْأَرْضَ وَالسَّمَاوَاتِ الْعُلَى
“U yerni va yuksak osmonlarni yaratgan zotdan nozil bo‘lgandir” (Toho surasi, 1-4-oyatlar).
Ushbu oyatlarni o‘qidiyu, “Bu kalom bunchalar go‘zal va karamli bo‘lmasa!” deb yubordi. Ko‘p o‘tmay Islomni qabul qildi.
Avs qabilasining ikki yetakchilari Sa’d ibn Muoz va Usayd ibn Xuzayrning musulmon bo‘lish qissalarini ham yaxshi eslaysiz.
Sahih hadisda Jubayr ibn Mut’im haqida qissa keltirilgan. Uning o‘zi aytadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam shom namozida Tur surasini o‘qiyotganlarini eshitdim. U zot quyidagi:
أَمْ خُلِقُوا مِنْ غَيْرِ شَيْءٍ أَمْ هُمُ الْخَالِقُونَ
“Balki, ular hech narsadan hech narsa yo‘q o‘zlari yaralgandirlar?! Yoki ular yaratuvchilarmi?”
أَمْ خَلَقُوا السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضَ بَل لَّا يُوقِنُونَ
“Balki, ular osmonlaru yerni yaratgandirlar?! Yo‘q, ular ishonmaslar” (Tur surasi, 35-36-oyatlar) oyatiga yetganlarida qalbim Islom tarafiga uchib ketay dedi”.
Boshqa rivoyatda: “Shu voqea qalbimga iymon o‘rnashishiga ilk sabab bo‘ldi” deganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Haj mavsumida Madinadan kelgan bir guruh kishilarga Qur’on o‘qib berganlarida, ular iymon keltirishdi. Keyin Madinaga qaytib, Islom dinini yoyishdi. Biroz muddat o‘tgach, Madinada Qur’on kirmagan birorta ansoriyning uyi qolmadi. Shu tariqa Madina qurolsiz, qon to‘kishlarsiz, faqatgina Qur’on bilan fath qilindi.
Mo‘minlarga kelsak, Qur’on ularning rag‘batlarini, muhabbatlarini oshiradi, xolos. Qalblari titrab, xotirjam bo‘lib, dillari yayrab, rohatlanadi. Alloh taolo bu haqida shunday marhamat qiladi:
اللَّهُ نَزَّلَ أَحْسَنَ الْحَدِيثِ كِتَاباً مُّتَشَابِهاً مَّثَانِيَ تَقْشَعِرُّ مِنْهُ جُلُودُ الَّذِينَ يَخْشَوْنَ رَبَّهُمْ ثُمَّ تَلِينُ جُلُودُهُمْ وَقُلُوبُهُمْ إِلَى ذِكْرِ اللَّهِ ذَلِكَ هُدَى اللَّهِ يَهْدِي بِهِ مَنْ يَشَاءُ وَمَن يُضْلِلْ اللَّهُ فَمَا لَهُ مِنْ هَادٍ
“Alloh eng go‘zal so‘zni o‘xshash va takrorlangan kitob etib tushirar. Undan Robbilaridan qo‘rqadiganlarning terilari titrar. So‘ngra ularning terilari va qalblari Allohning zikriga yumshar. Ana shu Allohning hidoyatidir. U ila Alloh xohlagan kimsani hidoyat qilur. Kimni Alloh zalolatiga ketkazsa, bas, uning uchun hidoyat qilguvchi yo‘q”. (Qur’oni Karim eng go‘zal so‘zdir. Uning oyatlari go‘zallikda, purma’nolikda, hikmatda, to‘g‘rilikda va hukmda bir-biriga o‘xshashdir. “Takrorlanadigan” bo‘lishi esa, hukmlari takror-takror keladi, hikmatlari takror-tarkor keladi, va’zlari, ogohlantirishlari, va’dayu tahdidlari ham takror-takror keladi. Shuningdek, suralari, oyatlari takror-takror o‘qiladi, yod olinadi, o‘rganiladi. Bu sifat Alloh taoloning abror bandalarining sifatidir. Ular Qur’on tilovatidan, undagi ma’nolardan juda qattiq ta’sirlanadilar. Ogohlantiruvchi, tahdid qiluvchi oyatlar kelganida xavfdan, qo‘rqinchdan badanlari titraydi, yaxshi va’da va rahmat oyatlari kelganida umidvorlikdan badanlari va qalblari yumshaydi, Allohning zikriga yana ham ko‘proq beriladilar. Bunday bo‘lishi yaxshilik alomatidir.) (Zumar surasi, 23-oyat).
Mo‘minlar Qur’onni tinglashlari bilan qo‘rquvlari, bo‘yinso‘nishlari ziyoda bo‘ladi. Alloh taolo yana bir oyatda bunday degan:
وَإِذَا سَمِعُواْ مَا أُنزِلَ إِلَى الرَّسُولِ تَرَى أَعْيُنَهُمْ تَفِيضُ مِنَ الدَّمْعِ مِمَّا عَرَفُواْ مِنَ الْحَقِّ يَقُولُونَ رَبَّنَا آمَنَّا فَاكْتُبْنَا مَعَ الشَّاهِدِينَ
“Ularni Payg‘ambarga nozil qilingan narsani tinglaganlarida, haqni bilganliklaridan, ko‘zlari yosh to‘kkanini ko‘rasan. Ular: “Ey Robbimiz, biz iymon keltirdik, bas, bizni shohidlar qatoriga yozgin” (Moida surasi, 83-oyat).
Mo‘minlar har gal Qur’on tinglaganlarida iymonlarining nuri ziyoda bo‘lib, kuchayib boradi. Alloh taolo marhamat qiladi:
إِنَّمَا الْمُؤْمِنُونَ الَّذِينَ إِذَا ذُكِرَ اللّهُ وَجِلَتْ قُلُوبُهُمْ وَإِذَا تُلِيَتْ عَلَيْهِمْ آيَاتُهُ زَادَتْهُمْ إِيمَاناً وَعَلَى رَبِّهِمْ يَتَوَكَّلُونَ
“Albatta, Alloh zikr qilinsa, qalblari titraguvchi, oyatlari tilovat etilsa,iymonlarini ziyoda qilguvchi va Robbilariga tavakkul qilguvchilargina mo‘minlardir” (Anfol surasi, 2-oyat).
Albatta, Qur’onning ta’siridan qalblar saqlana olmaydi. Bu amri mahol ishdir. Chunki, agar Qur’on tog‘larning ustiga nozil etilganda, parchalanib, sochilib ketgan bo‘lar edi. Alloh taolo bu haqida shunday marhamat qilgan:
لَوْ أَنزَلْنَا هَذَا الْقُرْآنَ عَلَى جَبَلٍ لَّرَأَيْتَهُ خَاشِعاً مُّتَصَدِّعاً مِّنْ خَشْيَةِ اللَّهِ وَتِلْكَ الْأَمْثَالُ نَضْرِبُهَا لِلنَّاسِ لَعَلَّهُمْ يَتَفَكَّرُونَ
“Agar ushbu Qu’onni tog‘ga tushirganimizda edi, uning Allohdan qo‘rqqanidan titrab-qaqshab va parchalanib ketganini ko‘rar eding. Ushbu misollarni odamlarga keltirurmiz, shoyadki ular fikr yuritsalar” (Hashr surasi, 21-oyat).
E’tibor bilan qarasak, Qur’onni tushunmaydigan, tafsirini o‘qimagan, arab tilini bilmaydigan oddiy kishilar ham Qur’onni tinglasalar, ularni qo‘rquv, sakinat, xotirjamlik o‘rab olib, iymonlarining nuri ziyoda bo‘lishi hech kimga sir emas. Bularning barchasi Qur’onning mo‘jilariga, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning payg‘ambarliklari chin ekaniga dalillardandir.
Fuzayl ibn Iyoz musulmon edi. Lekin yo‘lto‘sarlik qilib, odamlarning mollarini tortib olar, bosh tortganlarning qonini to‘kar edi. Bir kuni qorining:
أَلَمْ يَأْنِ لِلَّذِينَ آمَنُوا أَن تَخْشَعَ قُلُوبُهُمْ لِذِكْرِ اللَّهِ وَمَا نَزَلَ مِنَ الْحَقِّ وَلَا يَكُونُوا كَالَّذِينَ أُوتُوا الْكِتَابَ مِن قَبْلُ فَطَالَ عَلَيْهِمُ الْأَمَدُ فَقَسَتْ قُلُوبُهُمْ وَكَثِيرٌ مِّنْهُمْ فَاسِقُونَ
“Iymon keltirganlar uchun Allohning zikriga va nozil bo‘lgan haqqa qalblari yumshash, ayni choqda, oldin kitob berilgan, so‘ng muddat o‘tishi bilan qalblari qotib qolgan, ko‘plari fosiq bo‘lganlarga o‘xshamaslik vaqti kelmadimi?!” (Agar Alloh tez-tez eslab turilmasa, Qur’on va shariatdan, din ta’limotlaridan uzoqlashilsa, inson qalbini mog‘or bosadi, bag‘ri toshga aylanadi. Unga Allohning zikri ham, diniy ta’limotlar ham ta’sir qilmaydigan bo‘lib qoladi. Avval Tavrot va Injil kabi ilohiy kitoblar berilgan yahudiy va nasroniylarning vaqt o‘tishi bilan oyatda tasvirlanganidek qalblarini mog‘or bosib, qattiq bo‘lib qolgan.) (Hadid surasi, 16-oyat).
Ushbu oyatni eshitgan Fuzayl darhol tavba qildi, tavbasi go‘zal bo‘ldi. Biroz muddatdan keyin ergashishga munosib, buyuk solihlardan biriga aylandi.
Ummiy (o‘qish-yozishni o‘rganmagan), davlati, saltanati bo‘lmagan bir insonning Qur’on deb o‘qib berganini barcha zamonlar va makonlarda ehtirom bilan o‘qilayotgan, tinglanayotgan bo‘lsa, unga o‘xshashini so‘zga chechanlar ham, so‘zga no‘noqlar ham keltirolmasa, uni eshitgan barchaning qalbi erib, badani titrab, vujudini qo‘rquv va sokinlik qamrab olsa, ma’nosini tushunmaganlar ham uni eshitib, jim bo‘lib qolsa, bu Qur’on Olamlar Robbining Kalomi bo‘lmay, kimning kalomi bo‘lsin?!
Qur’onning qalblarga ta’sir qiladigan bunday nafsiy e’jozi haqida ba’zi olimlar bilmaydilar, g‘aflatdalar. Ba’zilar esa boshqalarga e’jozning ushbu turini eslatganlar.
Xattobiy rahimahulloh avvalgilardan bo‘lib Qur’onning nafsiy e’jozi haqida so‘z yuritgan. U jumladan shunday degan: “Qur’onning e’jozi to‘g‘risida gapirar ekanman, odamlar bilmagan yana bir turi haqida aytmoqchiman. Bu tur haqida kam sonli kishilargina bilishadi. Bu tur – Qur’onning qalblarni harakatga keltirishi, ko‘ngillarga ta’sir qilishidir. Sen Qur’ondan boshqa ham nazm, ham nasrda bayon qilingan, agar quloq solinsa, shu zahoti qalbga yetib borib, quloq bilan birga qalbga ham lazzat va halovatni tuydiradigan, boshqa tarafdan qo‘rquv va haybat bilan o‘rab qo‘yadigan, dillarni shodlikka to‘ldirib, qalblarni uyg‘otadigan, terilarni seskantirib, qalblarni titratadigan kalomni hech qachon eshitmaysan! Qanchadan-qancha arablar, pahlavonlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni o‘ldirish maqsadida harakat qilardilar. Qur’on oyatlarini eshitganlarida, oyatlar tilovati quloqlariga tushishi bilanoq avvalgi fikrlaridan qaytar, taslim bo‘lishga, musulmon bo‘lishga urinar, keyin u zot olib kelgan dinga kirar, qalblaridagi kuchli adovat do‘stlik va muhabbatga, kufrlari iymonga aylanar edi...”.
Doktor Hasan Ziyouddin Itrning “Al-Mu’jiza al-xolida”
nomli asaridan Nozimjon Iminjonov tarjimasi
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Arab o‘lkalarida jismoniy jihatdan muammoli shaxslarga nisbatan invalid yoki nogiron so‘zlari ishlatilmaydi. Shuningdek, aqliy rivojlanishdan ortda qolgan, autizmdan azob chekayotgan yoxud nutq yoki eshitish muammosiga ega bo‘lgan kishilar, Daun sindromiga chalingan va hokazolarga nisbatan ularni ranjitishi mumkin bo‘lgan so‘zlar qo‘llanmaydi. Balki, ular (jismoniy va aqliy nuqsoni borlar) "أصحاب الهمم" «himmatlilar» ,«irodali shaxslar» deb ataladi.
Ushbu istilohni ilk bora Dubay amiri shayx Muhammad bin Roshid Oli Maktum 2016 yili taklif qilgan va shundan beri barcha arab davlatlarida keng ko‘lamda qo‘llanib kelmoqda.
Unga qadar ham jismoniy, aqliy, hissiy, nutqiy, ijtimoiy, ta’limiy qobiliyatlarida to‘liq yoki juz’iy nuqsonga ega bo‘lgan shaxslarga nisbatan umumiy tarzda "ذوو الاحتياجات الخاصة" «maxsus ehtiyoj sohiblari» degan chiroyli atama qo‘llangan.
2016 dan beri esa bunday shaxslar umumiy tarzda «irodalilar», «himmatlilar» deb atalmoqda.
Ular autizmni ham «tavahhud», ya’ni «yolg‘izlanish» so‘zi bilan ifoda qiladilar, autizmga chalinganlarni esa «mutavahhid» deydilar.
Arablar qadimdan evfemizmga murojaat qilib keladilar, qo‘pol yoxud ruhiy jihatdan «yuki og‘ir» bo‘lgan so‘zlarni go‘zalrog‘iga almashtiradilar. Masalan, tilanchiga rad qilmoqchi bo‘lsalar "الله يفتح عليك" «Alloh sizga baraka eshiklarini ochsin!» degan duodan iborat go‘zal so‘z ishlatadilar, «bor, yo‘qol, ket!» demaydilar.
Qadimda biror kimsaning majnun va devona bo‘lib qolgani haqida gapirmoqchi bo‘lsalar "به لطف الله" ya’ni, «Alloh lutf qilgan odam» deganlar.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham yaxshi so‘zdan xushlanar, salbiy ma’noga ega bo‘lgan nomlarni ijobiysiga o‘zgartirar edilar. «Yasrib»ni «Toba»ga, o‘zgartirganlari, ba’zi kimsalarning salbiy ma’no tashigan ismini yaxshirog‘iga o‘zgartirishlari va boshqa shu kabi ko‘plab holatlar so‘zimizga dalildir. Siyratda bunga misollar ko‘p.
Qur’oni Karimda ham bunga misollar juda ko‘p. Masalan, jinsiy aloqa, jimo’, qo‘shilish kabi so‘zlarning o‘zi ham aslida evfemizm hisoblanadi. Lekin, Qur’oni Karim bu so‘zlardan ham qochib, mazkur tushunchani "الملامسة", "المباشرة" (tegmoq, teginmoq), "قرب" (yaqinlashmoq), "اتيان" (kelmoq) kabi so‘zlar bilan ifoda qiladi.
Sahobalar ham so‘zni go‘zal qilish va so‘zda odobga rioya qilganlar. Agar kimningdir kasalligi haqida xabar berilsa, xasta yoki kasal emas, solim ya’ni sog‘lom so‘zi ishlatilgan. Masalan, falonchi qanday deb so‘ralganda «solim (sog‘lom)» deb javob berilsa, bu uning xastaligini anglatgan.
Bir kuni hazrat Umar roziyallohu anhu huzurlarida bir inson boshqasiga falon narsa qo‘ltig‘ing tagida turibdi, deganda (ehtimol, chalqancha yotgan yoxud qo‘lini uzatib yotgan bo‘lib, mazkur a’zosi ostida nimadir bo‘lgan bo‘lishi mumkin), hazrati Umar roziyallohu anhu «so‘zlaringizni go‘zallashtiring «qo‘ltig‘ing tagida emas, qo‘ling tagida» deng!», deya so‘zlarni chiroyliroqlariga almashtirib, xunuklaridan kinoya qilishga buyurganlar.
Xulosa shuki, musulmon kishi imkon qadar qo‘pol so‘zlardan qochishi, kalomini go‘zallashtirishi matlub va bu islom odobi hamdir.
Ba’zilar, tilda borku deya o‘ta xunuk va qo‘pol so‘zlarni bemalol ishlatishlariga guvoh bo‘lamiz va buni xato deb bilamiz. Musulmon kishi imkon qadar xunuk va qo‘pol, fohish so‘zlarni ochiq gapirmasdan yengilrog‘i, chiroylirog‘i bilan o‘zgartirib, unga neytral so‘zlar vositasida ishora qilishi maqsadga muvofiq.
Alisher Sultonxodjayev