Sayt test holatida ishlamoqda!
30 Yanvar, 2025   |   30 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:15
Quyosh
07:36
Peshin
12:41
Asr
15:55
Shom
17:40
Xufton
18:56
Bismillah
30 Yanvar, 2025, 30 Rajab, 1446

Odamlar sizga mehr ko‘rsatishini xohlasangiz...

27.03.2018   3750   4 min.
Odamlar sizga mehr ko‘rsatishini xohlasangiz...

Barcha narsalarning asosi bo‘lgani kabi mehribonlik ham eng yuksak axloq va boshqa ko‘pgina xulqlarning asl manbasi hisoblanadi. Chunki, ota-onaga yaxshilik qilish, qarindosh-urug‘ bilan aloqa qilish, yetimni boshini silash, kambag‘al, beva-bechoralarga, kasallar, ishchilar, hojatmandlar, musibatdagilarga yordam berish, qo‘shnilar, oshna-og‘aynilar va barcha insonlarga yaxshi muomalada bo‘lish, gunohkorni aybidan o‘tish, rahbarlar bilan maslahatlashib ish tutish kabi bir necha fazilatlar mana shu mehribonlik tushunchasidan kelib chiqadi.

Mehribonlik so‘zining asli arab tilidagi “ar-rohmatu” so‘zidan olingan bo‘lib, rahmatga ulamolar: “Boshqa bir kishidagi musibatni his qilganda azob chekadigan yoki undagi hursandchilikni bilganida sevinadigan qalbdagi yumshoqlikdir”, deb ta’rif berishgan. Kishi o‘z birodariga yetgan qiyinchilik va hursandchiliklarda u bilan birga bo‘lishi shu rahmatdan bo‘ladi. Mehribon kishi rahm-shafqatga haqli odamni bilsa unga yordam berishga harakat qiladi. Agarda, yordam berish qo‘lidan kelmasa, yoki buning umuman iloji yo‘q bo‘lsa ich-ichidan qiynaladi. Bu huddi Payg‘ambarimiz aytganlariga o‘xshaydi: “Mo‘minlar bir-birlariga mehr-muhabbat, rahm-shafqat qilishlarida bir jismga o‘xshaydilar. Biron a’zo og‘risa qolgan a’zolar ham bedor va isitma bo‘lib birgalikda azob chekadi”.

Islom mehr-shafqat dinidir. Alloh taoloning eng ulug‘ sifatlaridan biri ham Rahmondir. Rahmon so‘zining ma’nosi barcha maxluqotlarga rahm qiluvchi, mo‘minga ham, kofirga ham ne’matlarni beruvchi degani. Ha, Alloh taoloning mehribonligi cheksiz. O‘ziga itoat qilmagan gunohkor bandalariga ham rizq beraveradi. U Zot oxirgi payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamni ham rahmat payg‘ambari qilib yuborgan. Qur’oni karimda: “(Ey, Muhammad!) Biz Sizni (butun) olamlarga ayni rahmat qilib yuborganmiz”, degan. (Anbiyo 107). Oyatdagi “rahmat” juda keng ma’noni anglatadi. Bu haqiqatni, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning axloq-odoblari, siyrat va shamoillari, shariatlarining bag‘rikengligi, hatto kufr va shirk ahliga ham zulmni ravo ko‘rmasliklari, mehr-oqibat, ezgulik kabi fazilatlar manbai ekanliklaridan xabardor bo‘lgan insonlargina tushuna oladi.

Muhammad sollallohu alayhi vasallam insonlarga nihoyatda mehribon edilar. Kunlarning birida sahobalari bilan masjidda o‘tirganlarida bir sahrolik a’robiy kelib o‘tiradi. Ikki rakat namoz o‘qigandan keyin masjidning bir tomoniga o‘tib bavl qila boshlaydi. Uni ko‘rgan sahobalar qattiq g‘azablanib, to‘xtatish uchun unga tashlanmoqchi bo‘lishganda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Uni tek qo‘yinglar. Bavlini ustiga bir chelak suv quyib yuboringlar. Sizlar osonlashtiruvchi bo‘linglar, qiyinlashtiruvchi bo‘lmanglar”, dedilar va a’robiyni chaqirib, yumshoqlik bilan: “Bu masjidlar bunday bavl, najosat narsalar uchun yaramaydi. Bu yerda Alloh zikr qilinadi, namoz o‘qiladi, Qur’on qiroat qilinadi”, dedilar. (Buxoriy rivoyati)

Bu ulug‘ hikmatni qarang. Agar sahobalarni to‘xtatmaganlarida najosat hamma yoqqa yoyilardi. A’robiyning salomatligiga qattiq zarar yetardi. Eng yomoni islomdan nafratlanishiga sabab bo‘lardi. Najosatni ishi esa yengil. Bir chelak suv quyilsa kifoya. Joy toza bo‘ladi.

Bunday misollarni juda ham ko‘plab keltirishimiz mumkin. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning bunchalik muloyim bo‘lishlarining sababi bor edi. Uni  Alloh taolo quyidagicha bayon qiladi: Allohning rahmati sababli (Siz, ey, Muhammad,) ularga (sahobalarga) muloyimlik qildingiz. Agar dag‘al va toshbag‘ir bo‘lganingizda, albatta, (ular) atrofingizdan tarqalib ketgan bo‘lur edilar. Bas, ularni afv eting, (gunohlari uchun) kechirim so‘rang va ular bilan kengashib ish qiling! (Oli Imron 159). Imom Buxoriy Jarir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Odamlarga rahm qilmaydigan kishiga Alloh rahm qilmaydi”, deganlar. U zot hatto hayvonlarga ham mehr-shafqatli bo‘lishni ta’kidlaganlar. Jumladan, hayvon so‘ymoqchi bo‘lgan kishi pichog‘ini o‘tkirlab olishi, uning jonini og‘ritmasligi, sut sog‘adiganlar qo‘llarining tirnog‘ini olib sog‘ishlari, har bir ho‘l jigari bor narsada ajr borligi, ya’ni unga yem yoki don bersa savob bo‘lishini aytganlar.

O‘zini bilgan, Muhammad alayhissalom ummatiman degan har bir inson doimo aql bilan ish tutishi, insonlarga ham, hayvonlarga ham, hatto jonsiz narsalarga ham zarar yetkazmasligi, mehr-shafqatli bo‘lishi kerak. Ana shundagina olamda doimo tinchlik barqaror bo‘ladi.

Shermuhammad BOLTAYEV

Hazorasp tumani «Shayx Qosim bobo» masjidi imom-xatibi

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Nimaga buncha ko‘p yig‘laysiz?

30.01.2025   70   2 min.
Nimaga buncha ko‘p yig‘laysiz?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Farqad Sabaxiy rahimahulloh aytadilar: “Amallarning barchasi tortilar ekan, faqatgina bandaning Allohga bo‘lgan qo‘rquvidan chiqqan ko‘z yoshi bundan mustasno. Chunki uni o‘lchaydigan o‘lchovning o‘zi yo‘q, uning barakasi sababidan olovli dengizlar so‘nadi”.

Siz qorong‘u tun qa’rida Allohga munojot qilib yoki Uni zikr qilgan holingizda to‘kkan yoshingizning azamatini ko‘ring!

Allohdan qo‘rqib ko‘zlaringizdan oqqan bu yoshlarni ko‘ringki, ular  jahannam dengizlarini-da o‘chirishga qodir...

Qiyomat kunida olovli dengizlarni-da so‘ndira oladigan bu ko‘z yoshlarning insonlar nazdida qadri yo‘q. Biroq bu Allohning huzurida buyuk bir amaldir!

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ikki ko‘z borki, uni abadiy jahannam tutmaydi. Biri Allohdan qo‘rqib yig‘lagan ko‘z, boshqasi Allohning yo‘lida qo‘riqchilik qilgan ko‘zdir”[1], deganlar.

Mu’zil ibn Muhalhil: «Menga ma’lum bo‘ldiki, agar banda Allohdan qo‘rqib yig‘lasa, uning ko‘ksi nurga to‘ladi, ko‘z yoshi sababli unga yaxshilik xabari beriladi. Farishtalar bir-birlaridan: “Bu qanaqa nur?”– deya so‘ray boshlashadi. Ularning bu so‘rovlariga javoban: “Bu ko‘z yoshning nuridan nasibangiz”, deb aytiladi», dedi.

Biz olamlar Robbisiga bo‘lgan muhabbatimiz va shavqimizning yoshlarini to‘kayotgan onimizda ruhimizni qurshab oladigan bu tuyg‘uni hech his qilganmizmi?!

Ato as-Sulamiy  Allohga bo‘lgan qo‘rquvlari tufayli ko‘p yig‘lar edilar. Bir gal u kishiga savol berib: “Nimaga buncha ko‘p yig‘laysiz?” – deya so‘rashdi. U zot: “Axir bo‘ynimda o‘lim arqoni bo‘lsa, qabr manzilim, qiyomat mavqifim, atrofimdagi xusumatchilar “yo jannatga, yo do‘zaxga” deb turgan bo‘lsalar, nechuk yig‘lamayin?! – dedilar.

Boshi berk ko‘chaga kirib qolib yo‘ldan adashganingizni his qilsangiz yer va samoni yaratgan Zotga tazarru’ qilib, ho‘ngrab yig‘lasangiz, yodingizda bo‘lsinki, Alloh tavbangizni qabul qilishi,  garchi gunohlaringiz bulutlar qadar toshib ketgan bo‘lsa-da, ularni mag‘firat qilish uchun siz tomonga intiladi.

Alloh taolo aytadi: «Sizdan (ey Muhammad!) bandalarim Mening haqimda so‘rasalar, (ayting) Men ularga yaqinman. Menga iltijo qiluvchining duosini ijobat eturman...»[2].

Hasson Shamsiy Poshoning "Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar" nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.

 


[1] Sahihu Jome’is sag‘ir.
[2] Baqara surasi, 186-oyat.

 

 

Maqolalar