Barcha narsalarning asosi bo‘lgani kabi mehribonlik ham eng yuksak axloq va boshqa ko‘pgina xulqlarning asl manbasi hisoblanadi. Chunki, ota-onaga yaxshilik qilish, qarindosh-urug‘ bilan aloqa qilish, yetimni boshini silash, kambag‘al, beva-bechoralarga, kasallar, ishchilar, hojatmandlar, musibatdagilarga yordam berish, qo‘shnilar, oshna-og‘aynilar va barcha insonlarga yaxshi muomalada bo‘lish, gunohkorni aybidan o‘tish, rahbarlar bilan maslahatlashib ish tutish kabi bir necha fazilatlar mana shu mehribonlik tushunchasidan kelib chiqadi.
Mehribonlik so‘zining asli arab tilidagi “ar-rohmatu” so‘zidan olingan bo‘lib, rahmatga ulamolar: “Boshqa bir kishidagi musibatni his qilganda azob chekadigan yoki undagi hursandchilikni bilganida sevinadigan qalbdagi yumshoqlikdir”, deb ta’rif berishgan. Kishi o‘z birodariga yetgan qiyinchilik va hursandchiliklarda u bilan birga bo‘lishi shu rahmatdan bo‘ladi. Mehribon kishi rahm-shafqatga haqli odamni bilsa unga yordam berishga harakat qiladi. Agarda, yordam berish qo‘lidan kelmasa, yoki buning umuman iloji yo‘q bo‘lsa ich-ichidan qiynaladi. Bu huddi Payg‘ambarimiz aytganlariga o‘xshaydi: “Mo‘minlar bir-birlariga mehr-muhabbat, rahm-shafqat qilishlarida bir jismga o‘xshaydilar. Biron a’zo og‘risa qolgan a’zolar ham bedor va isitma bo‘lib birgalikda azob chekadi”.
Islom mehr-shafqat dinidir. Alloh taoloning eng ulug‘ sifatlaridan biri ham Rahmondir. Rahmon so‘zining ma’nosi barcha maxluqotlarga rahm qiluvchi, mo‘minga ham, kofirga ham ne’matlarni beruvchi degani. Ha, Alloh taoloning mehribonligi cheksiz. O‘ziga itoat qilmagan gunohkor bandalariga ham rizq beraveradi. U Zot oxirgi payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamni ham rahmat payg‘ambari qilib yuborgan. Qur’oni karimda: “(Ey, Muhammad!) Biz Sizni (butun) olamlarga ayni rahmat qilib yuborganmiz”, degan. (Anbiyo 107). Oyatdagi “rahmat” juda keng ma’noni anglatadi. Bu haqiqatni, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning axloq-odoblari, siyrat va shamoillari, shariatlarining bag‘rikengligi, hatto kufr va shirk ahliga ham zulmni ravo ko‘rmasliklari, mehr-oqibat, ezgulik kabi fazilatlar manbai ekanliklaridan xabardor bo‘lgan insonlargina tushuna oladi.
Muhammad sollallohu alayhi vasallam insonlarga nihoyatda mehribon edilar. Kunlarning birida sahobalari bilan masjidda o‘tirganlarida bir sahrolik a’robiy kelib o‘tiradi. Ikki rakat namoz o‘qigandan keyin masjidning bir tomoniga o‘tib bavl qila boshlaydi. Uni ko‘rgan sahobalar qattiq g‘azablanib, to‘xtatish uchun unga tashlanmoqchi bo‘lishganda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Uni tek qo‘yinglar. Bavlini ustiga bir chelak suv quyib yuboringlar. Sizlar osonlashtiruvchi bo‘linglar, qiyinlashtiruvchi bo‘lmanglar”, dedilar va a’robiyni chaqirib, yumshoqlik bilan: “Bu masjidlar bunday bavl, najosat narsalar uchun yaramaydi. Bu yerda Alloh zikr qilinadi, namoz o‘qiladi, Qur’on qiroat qilinadi”, dedilar. (Buxoriy rivoyati)
Bu ulug‘ hikmatni qarang. Agar sahobalarni to‘xtatmaganlarida najosat hamma yoqqa yoyilardi. A’robiyning salomatligiga qattiq zarar yetardi. Eng yomoni islomdan nafratlanishiga sabab bo‘lardi. Najosatni ishi esa yengil. Bir chelak suv quyilsa kifoya. Joy toza bo‘ladi.
Bunday misollarni juda ham ko‘plab keltirishimiz mumkin. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning bunchalik muloyim bo‘lishlarining sababi bor edi. Uni Alloh taolo quyidagicha bayon qiladi: Allohning rahmati sababli (Siz, ey, Muhammad,) ularga (sahobalarga) muloyimlik qildingiz. Agar dag‘al va toshbag‘ir bo‘lganingizda, albatta, (ular) atrofingizdan tarqalib ketgan bo‘lur edilar. Bas, ularni afv eting, (gunohlari uchun) kechirim so‘rang va ular bilan kengashib ish qiling! (Oli Imron 159). Imom Buxoriy Jarir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Odamlarga rahm qilmaydigan kishiga Alloh rahm qilmaydi”, deganlar. U zot hatto hayvonlarga ham mehr-shafqatli bo‘lishni ta’kidlaganlar. Jumladan, hayvon so‘ymoqchi bo‘lgan kishi pichog‘ini o‘tkirlab olishi, uning jonini og‘ritmasligi, sut sog‘adiganlar qo‘llarining tirnog‘ini olib sog‘ishlari, har bir ho‘l jigari bor narsada ajr borligi, ya’ni unga yem yoki don bersa savob bo‘lishini aytganlar.
O‘zini bilgan, Muhammad alayhissalom ummatiman degan har bir inson doimo aql bilan ish tutishi, insonlarga ham, hayvonlarga ham, hatto jonsiz narsalarga ham zarar yetkazmasligi, mehr-shafqatli bo‘lishi kerak. Ana shundagina olamda doimo tinchlik barqaror bo‘ladi.
Shermuhammad BOLTAYEV
Hazorasp tumani «Shayx Qosim bobo» masjidi imom-xatibi
O‘MI Matbuot xizmati
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam aytdilar: “Mo‘min va mo‘minaga o‘zi, farzandi va mol-dunyosi borasida doim musibat yetib turadi (bular gunohlarni o‘chirib turaverganidan) hatto Alloh taologa zimmasida biror gunohsiz holatda yo‘liqadi” (Imom Termiziy rivoyat qilgan).
Hadis sharhi: Alloh taolo bandalarini musibat va balolar bilan sinashni ularning gunohlariga kafforat va xatolari o‘chirilishi uchun joriy qildi. Buning sababi Alloh taolo bandasini yaxshi ko‘rar ekan, gunohlarini mag‘firat qilish uchun uni sinaydi. Natijada banda Alloh taologa zimmasida biror gunohsiz yo‘liqadi.
Bu hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Mo‘min va mo‘minaga doim musibat yetib turadi” ya’ni: mo‘min banda balolardan ajramasdan doim musibatda bo‘lib, unga sinovlar tushishi bardavom bo‘ladi, “o‘zida” ya’ni: ruhiy va jismoniy sog‘lig‘ida, “farzandida”, ya’ni: farzandlarining kasal bo‘lishi, vafoti, oq bo‘lishi va boshqalarda, “molu dunyosida”, ya’ni: kambag‘allik, tijoratini kasodga uchrashi va rizq-ro‘zg‘oridagi qiyinchiliklarda bo‘ladi, “hatto Alloh taologa zimmasida biror gunohsiz holatda yo‘liqadi” dedilar, ya’ni Alloh taolo bandadan bu sinovlar sababli barcha gunoh va xatolarini kechiradi va banda Alloh taologa qilgan barcha gunoh va xatolaridan pok holatda yo‘liqadi. Bunday bandalarga qiyomat kunida go‘zal mukofot bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Bu dunyodagi ofiyatda yashaganlar dunyoda musibatlar bilan sinalganlarga Qiyomat kuni musibatlari evaziga ko‘p ajr-savob berilganini ko‘rib o‘zlari ham dunyoda qaychilar bilan terilari qiyilishini va evaziga musibatdorlar qatorida bo‘lishni orzu qilinshadi”.
Tohirjon SOBIROV,
Hadis ilmi maktabi talabasi.