Sayt test holatida ishlamoqda!
05 Yanvar, 2025   |   5 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:33
Asr
15:27
Shom
17:11
Xufton
18:30
Bismillah
05 Yanvar, 2025, 5 Rajab, 1446

Qiyinchilik va sinovlarga duch kelyapsizmi? Unda...

27.03.2018   4802   6 min.
Qiyinchilik va sinovlarga duch kelyapsizmi? Unda...

Hayotimiz o‘zgaruvchan ekanligi, yutuq va mag‘lubiyatlardan, qiyinchilik va yengilliklardan iboratligi hammamizga ma’lum. Ular xuddi kun tunga, tun kunga almashgani kabi o‘zgarib turadi. Kecha quvonchdan boshimiz osmonga yetayozgan bo‘lishi mumkin, lekin bugun esa qayg‘udan ko‘zlarimiz oldi qorong‘ulikka burkanishi ehtimoldan holi emas. Hayotning ushbu charxpalagida qanday qilib oyoqda qola olamiz? Qanday qilib sinovli dunyoning girdobiga g‘arq bo‘lmaslik mumkin?

Sinovlarga dosh berish mushkul, inson tabiatiga ko‘ra zaif, shu sababli ham qiyinchiliklarni yengish unga imkonsizday tuyulaveradi. Har kim o‘zi uchun turlicha tirgak qidiradi, Yaratganni taniganlar esa Unga tayanadi, o‘ziga yuborilgan sinovlarni sabr bilan qabul qiladi. Imon egasi bu dunyoda hech narsa Allohning iznisiz sodir bo‘lmasligini biladi, shuning uchun barcha taqdir beqarorliklarini bosiqlik bilan qabul qiladi. Alloh taoloning marhamati har qanday musibatu qayg‘udan ustun ekanligini anglagan banda Yaratgandan taskin izlaydi va Ungagina umid qiladi. Alloh taolo har birimizga murojaat qilgan Muqaddas Qur’on oyatlarini o‘qir ekan inson xotirjamlikka erishadi va unda kelajakka ishonch paydo bo‘ladi.

Qur’oni Karim, so‘zsiz, insonlarga ko‘rsatma, nur, eslatma, saodat kaliti etib yuborilgan. Quyidagi oyatlar kishi hayotining mushkul pallalarida yordam beradi va sinovlarni sabot bilan yengishiga, chiroyli sabr qilishiga ko‘maklashadi:

 

1-oyat:

إِنَّ مَعَ الْعُسْرِ يُسْرًا

Ya’ni, “Albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir” (Sharh surasi 6-oyat).

2-oyat:

قَالَ لَا تَخَافَا إِنَّنِي مَعَكُمَا أَسْمَعُ وَأَرَى

Ya’ni, (Alloh) aytdi: «Qo‘rqmangiz! Albatta, Men sizlar bilan birgaman – eshitaman va ko‘raman” (Toho surasi 46-oyat).

3-oyat:

اللَّهُ وَلِيُّ الَّذِينَ آَمَنُوا يُخْرِجُهُمْ مِنَ الظُّلُمَاتِ إِلَى النُّورِ وَالَّذِينَ كَفَرُوا أَوْلِيَاؤُهُمُ الطَّاغُوتُ يُخْرِجُونَهُمْ مِنَ النُّورِ إِلَى الظُّلُمَاتِ أُولَئِكَ أَصْحَابُ النَّارِ هُمْ فِيهَا خَالِدُونَ

Ya’ni, “Alloh imon keltirganlarning do‘stidir. Ularni zulmatdan nur sari chiqaradi. Kofirlarning do‘stlari esa shaytonlar (butlar)dir. Ularni (kofirlarni) nurdan zulmat sari chiqaradilar. Ana o‘shalar do‘zax ahlidirlar va ular unda mangu qoluvchilardir” (Baqara surasi 257-oyat).

4-oyat:

أَحَسِبَ النَّاسُ أَنْ يُتْرَكُوا أَنْ يَقُولُوا آَمَنَّا وَهُمْ لَا يُفْتَنُونَ

Ya’ni, “Odamlar: “Imon keltirdik”, – deyishlari bilangina, sinalmagan hollarida qoldiriladilar, deb o‘yladilarmi?! (Ankabut surasi 2-oyat).

5-oyat:

الَّذِي خَلَقَ الْمَوْتَ وَالْحَيَاةَ لِيَبْلُوَكُمْ أَيُّكُمْ أَحْسَنُ عَمَلًا وَهُوَ الْعَزِيزُ الْغَفُورُ

«(U) sizlarning qaysi biringiz chiroyliroq (savobliroq) amal qiluvchi ekaningizni sinash uchun o‘lim va hayotni yaratgan zotdir. U Aziz (qudratli) va G‘afur (kechirimli)dir” (Mulk surasi 2-oyat).

6-oyat:

كُلُّ نَفْسٍ ذَائِقَةُ الْمَوْتِ وَنَبْلُوكُمْ بِالشَّرِّ وَالْخَيْرِ فِتْنَةً وَإِلَيْنَا تُرْجَعُونَ

Ya’ni, “Har bir jon o‘limning totuvchisidir. Biz sizlarni yomonlik bilan ham, yaxshilik bilan ham sinab, imtihon qilurmiz. (Keyin) Bizning huzurimizgagina qaytarilursiz» (Anbiyo surasi 35-oyat).

7-oyat:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا اصْبِرُوا وَصَابِرُوا وَرَابِطُوا وَاتَّقُوا اللَّهَ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ

Ya’ni, “Ey, imon keltirganlar! Sabr qilingiz, bag‘rikeng bo‘lingiz va (Alloh yo‘liga) taxt bo‘lib turingiz va Allohdan qo‘rqingiz, zora (oxiratda) najot topsangiz!” (Oli Imron surasi 200-oyat)

8-oyat:

سَلَامٌ عَلَيْكُمْ بِمَا صَبَرْتُمْ فَنِعْمَ عُقْبَى الدَّارِ

Ya’ni,(Alloh yo‘lida turli mashaqqatlarga) sabr qilib o‘tganlaringiz sababli (endi bu yerda) sizlarga tinchlik bo‘lgay. Dunyo oqibati (jannat) naqadar yaxshi!” (Ra’d surasi 24-oyat)

9-10-oyatlar:

اللَّهُ لَا إِلَهَ إِلَّا هُوَ الْحَيُّ الْقَيُّومُ لَا تَأْخُذُهُ سِنَةٌ وَلَا نَوْمٌ لَهُ مَا فِي السَّمَاوَاتِ وَمَا فِي الْأَرْضِ مَنْ ذَا الَّذِي يَشْفَعُ عِنْدَهُ إِلَّا بِإِذْنِهِ يَعْلَمُ مَا بَيْنَ أَيْدِيهِمْ وَمَا خَلْفَهُمْ وَلَا يُحِيطُونَ بِشَيْءٍ مِنْ عِلْمِهِ إِلَّا بِمَا شَاءَ وَسِعَ كُرْسِيُّهُ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضَ وَلَا يَئُودُهُ حِفْظُهُمَا وَهُوَ الْعَلِيُّ الْعَظِيمُ

لَا إِكْرَاهَ فِي الدِّينِ قَدْ تَبَيَّنَ الرُّشْدُ مِنَ الْغَيِّ فَمَنْ يَكْفُرْ بِالطَّاغُوتِ وَيُؤْمِنْ بِاللَّهِ فَقَدِ اسْتَمْسَكَ بِالْعُرْوَةِ الْوُثْقَى لَا انْفِصَامَ لَهَا وَاللَّهُ سَمِيعٌ عَلِيمٌ

Ya’ni, “Alloh – Undan o‘zga iloh yo‘qdir. (U) hamisha Barhayot va abadiy Turuvchidir. Uni na mudroq tutar va na uyqu. Osmonlar va Yerdagi (barcha) narsalar Unikidir. (Qiyomat kuni)  Uning huzurida  kim ham (gunohkorlarni) Uning ruxsatisiz shafoat qila olardi?! (U) ulardan (odamlardan) oldingi va keyingi  narsalarni bilur. (Odamlar) Uning ilmidan faqat (U) istagan miqdoricha o‘zlashtirurlar. Uning Kursiysi osmonlar va Yerni (ham) o‘z ichiga sig‘dira olur. U ikkisini muhofaza etish Uni toliqtirmas. U Oliy va Buyukdir”.

“Dinda zo‘rlash yo‘q, zero, to‘g‘ri yo‘l yanglish yo‘ldan ajrim bo‘ldi. Bas, kim shaytonni (yoxud butlarni) inkor etib, Allohga imon keltirsa, demak, u buzilmas, ishonchli halqani tutibdi. Alloh eshituvchi va biluvchidir” (Baqara surasi 255-256-oyatlar).

Alloh taolo barchamizni sinov va qiyinchiliklarni sabr bilan yenguvchi, har qanday holatda O‘zidan najot topguvchi va Kalomiga muhabbatli bandalaridan qilsin!

A.SAIDJAXONOV,

Bekobod tumani “Amirov Dadaxon” jome masjidi imom-xatibi tayyorladi

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Tirikchilik qilish ham kundalik jihoddir!

3.01.2025   2531   2 min.
Tirikchilik qilish ham kundalik jihoddir!

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Baquvvat va bo‘yi uzun bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilaridan o‘tib ketdi. U zot sahobalar bilan birga o‘tirgan edilar. Sahobalar uning kuch va quvvatidan hayron qolib deyishdi:

– Yo Allohning Rasuli! Qani endi uning mana shu kuchi Allohning yo‘lida ishlatilganida edi?! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga dedilar:

– Agar u go‘dak bolalari uchun ko‘chaga chiqqan bo‘lsa, Allohning yo‘lidadir. Agar u qari ota-onasi uchun ko‘chaga chiqqan bo‘lsa, Allohning yo‘lidadir. Agar u riyo va faxrlanish uchun ko‘chaga chiqqan bo‘lsa, shaytonning yo‘lidadir!

Insonlar faqatgina jangga qilich yalang‘ochlab chiqishni jihod deb o‘ylashadi. Qolgan narsalar ularning nazdida go‘yo bir maromdagi oddiy urf-odatlar. To‘g‘ri, jang qilish Alloh yo‘lidagi ishlar ro‘yxatining avvalida turadi. Ammo negadir «Allohning yo‘lida» deyilsa, eng avval miyaga jihod keladi. Holbuki, halol tirikchilik qilish ham Allohning yo‘lidagi ish!

Sahobalar insonning kuchi va quvvati faqat Allohning yo‘lidagi jihodda ishlatilishi kerak deb o‘ylashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning tushunchalarini to‘g‘rilab qo‘ydilar. Ularga kishi xotini va bola-chaqasining tashvishida ko‘chaga chiqsa, ota-onasining xizmati uchun ko‘chaga chiqsa, uylanish uchun mahrga yaroqli narsa topish ilinjida uchun ko‘chaga chiqsa, u ham Allohning yo‘lida yurganini anglatdilar!

Alloh yo‘lida qilgan har bir halol amalingizning ajrini tasavvur qilib ko‘ring! Farzand va ayolingiz yaxshi yeb, yaxshi kiyinishi uchun ko‘chada, uyingiz tartibli bo‘lishi uchun uyingizda ishlashingiz oddiygina odatiy ish emas, Alloh yo‘lidagi kundalik jihoddir!

Ota-onangizni shifoxonaga olib borishingiz oddiy ish emas. Bu yaxshilik Alloh yo‘lidagi amalingizdir!

Bir bemorni ko‘rgani borishingiz oddiy insoniy burch emas. Bu Alloh yo‘lidagi ko‘ngil olishdir!

Birovning otasi yoki onasi vafot qilganida borib ta’ziya bildirishingiz oddiygina ijtimoiy ko‘rinish emas. Bu Alloh yo‘lida bir-biriga qilinadigan rahm-shafqatdir!

Toat, yaxshilik va ma’ruf ishda hayot kechirish barchasi Alloh yo‘lida hayot kechirishdir. Bu ishlardagi ajrni tasavvur qilsak, Alloh yo‘lidagi kurash bizga yengil kechadi!

«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi