Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Dekabr, 2024   |   25 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:48
Peshin
12:29
Asr
15:19
Shom
17:03
Xufton
18:23
Bismillah
26 Dekabr, 2024, 25 Jumadul soni, 1446

Payg‘ambarimiz aytgan haqiqat, bugun isbotini topdi

26.03.2018   4921   3 min.
Payg‘ambarimiz aytgan haqiqat, bugun isbotini topdi

Islom dini o‘zining mo‘jizalari bilan insonlarni hayratga solishda davom etmoqda. Bu din nafaqat insoniyatning ma’naviy olamini shakllantirib tarbiyalaydi, balki, ilm – fan taraqqiyotiga ham katta hissa qo‘shadi.

“Novosti Uzbekistana” internet-nashri bildirishicha, Islom dinining yana bir ilmiy mo‘jizasi yaqindagina kashf qilindi. Xususan, ushbu kashfiyot bizga ma’lum bo‘lgan ilm-fan yo‘nalishlari ojiz bo‘lgan sohada namoyon bo‘ldi.

“Komsomolskaya pravda” gazetasida shunday yoziladi: “Nyu-York universitetining Langon Tibbiyot markazi (NYU Langone School of Medicine) olimlarining o‘tkazgan tadqiqotlaridan ma’lum bo‘ldiki, insonning joni uzilishi jarayoni shu kungacha odamlar tasavvur qilib kelgandek sodir bo‘lmaydi.

Ma’lum bo‘lishicha, inson o‘limidan so‘ng, ya’ni tibbiy jihatdan o‘lim rasmiy qayd qilinganidan so‘ng ham bir necha muddat xushida bo‘ladi. Ya’ni, kishi o‘lganini sezadi va shu bilan birga atrofidagilarning qilayotgan harakatlarini ham his qilib turadi.

Ushbu fakt professor Sem Parnia boshchiligidagi tadqiqot guruhi tomonidan aniqlandi. Ko‘p yillar davomida professor va uning guruhi joni uzilayotgan bemorlarning va klinik o‘lim holatini boshidan o‘tkazganlarning holatlari bilan yaqindan tanishib, bu haqda materiallar yig‘ib kelishdi. Uzoq muddat davomida to‘plangan dalillarni bir yerga to‘plab, ulardan hulosa chiqargan olimlar shunday fikrni ilgari surdilar:

O‘lim holati rasman qayd qilinganidan so‘ng, ya’ni yurak urishdan to‘xtaganidan keyin ham mayitning miyasi ma’lum muddat ishlashda davom etadi. Demak, inson joni uzilganini sezadi. Shu bilan birga uning tanasi tashqi muhitga ta’sirchanligini yo‘qotganini ham his qiladi. Inson o‘zining huddi jasadga qamalgan mahbusdek his qiladi. Atrofidagi tovushlarni eshitadi, kishilarni ko‘radi, lekin ularga javob qaytara olmaydi, harakat qilolmaydi.

Klinik o‘lim holatini boshidan o‘tkazgan bemorlarning ta’kidlashicha, “vaqtinchalik o‘lim” paytida ular atrofdagi shifokorlarning ovozlarini eshitib turganlar va hattoki, ularning suhbatlarini takrorlab berganlar.

Islom aqidasiga ko‘ra, bu foniy dunyo – inson uchun vaqtinchalik qo‘noqdir. Bu dunyoda ozmi-ko‘pmi umr kechirgan inson, kuni kelib abadiy va muqim qo‘nog‘iga rihlat qiladi. Janobimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasallam)ning hadislarida kishining vafotidan so‘ng ham atrofidagilarni his qilishi haqida ko‘p bora takrorlangan.

Abu Sa’id al-Xudriy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (sallollohu alayhi va sallam) shunday dedilar: “Mayit uni yuvayotganlarini, kafanlayotganlarini va qabrga olib ketayotganlarini biladi”.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan bir hadisda esa Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: “Albatta, agar banda qabrga qo‘yilsa va as'hoblari ortga qaytishsa, (holbuki) bu ularning poyabzallari tovushini eshitib turganda ikki farishta keladi...”, deyilgan (Buxoriy rivoyati).

Yuqorida keltirilgan isbot va dallillar Islom dining naqadar buyuk va hikmatli ekanini, inson zotining aqlu-zakovati ham ba’zan ushbu hikmatlar mag‘zini chaqishga ojizlik qilishini ko‘rsatadi.

Lekin, afsuski, ba’zi kishilar ushbu haqiqat va ilohiy mo‘jizalarni tasodifga yo‘yib Allohning hikmatidan yuz o‘giradilar.

Alloh barchamizning qalblarimizni ilohiy hikmatlarni anglash va ularni ongu-shuurimizga jo qilishda qalb ko‘zimizni ochiq qilishini so‘raymiz. Omin!

O‘zbekiston musulmonlar idorasi

Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Yahudiy va Avf ibn Molik qissasi

26.12.2024   1494   4 min.
Yahudiy va Avf ibn Molik qissasi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Imom Bayhaqiy, Abu Ubayd va Ibn Asokirlar Suvayd ibn G‘afla roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:

«Umar roziyallohu anhu Shomga kelganida ahli kitoblardan biri: «Ey mo‘minlarning amiri! Mo‘minlardan biri meni o‘zing ko‘rib turgan holga soldi», dedi. U kaltaklangan, boshi yorilgan holda edi. Umar roziyallohu anhu qattiq g‘azablandi va Suhayb roziyallohu anhuga:

«Bor, qara-chi, buning sohibi kim ekan?» dedi.

Suhayb roziyallohu anhu borib qarasa, u Avf ibn Molik roziyallohu anhu ekan.

Suhayb unga: «Mo‘minlarning amiri sendan qattiq g‘azablandi. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuning oldiga bor, u zot bilan gaplashsin. Umar shoshilib, seni bir narsa qilib qo‘yadimi, degan xavfdaman», dedi.

Umar roziyallohu anhu namozni o‘qib bo‘lib:

«Suhayb qani?! U odamni keltirdingmi?!» dedi.

«Ha», dedi Suhayb.

Avf Muozning oldiga borib, bo‘lgan voqeani aytib bergan edi, bas, Muoz o‘rnidan turib:

«Ey mo‘minlarning amiri! U Avf ibn Molik ekan. Uning gapini eshitib ko‘ring. Shoshilib, uni bir narsa qilib qo‘ymang», dedi. Umar unga:

«Sening bu bilan nima ishing bor?!» dedi.

«Ey mo‘minlarning amiri, qarasam, bu bir muslima ayolning eshagini yetaklab ketayotgan ekan. Eshak sakrab, ayolni yiqitib yuboray debdi. Lekin ayol yiqilmabdi. Manavi bo‘lsa, uni turtib yiqitib, o‘zini ayolning ustiga otdi», dedi Avf.

Umar unga: «Menga ayolni olib kel, aytganingni tasdiqlasin», dedi.

Avf ayolning oldiga bordi. Ayolning otasi bilan eri: «Nima qilib qo‘yding?! Bizning sohibamizni sharmanda qilding-ku!» dedilar.

Biroq ayol: «Allohga qasamki, u bilan boraman!» dedi.

Otasi bilan eri: «Biz borib, sening nomingdan gapiramiz», dedilar va Umar roziyallohu anhuning huzuriga kelib, Avf aytgan gaplarga o‘xshash gap aytdilar.

Bas, Umar amr qildi. Yahudiy osildi.

So‘ngra Umar: «Biz sizlar bilan bunga sulh qilganimiz yo‘q. Ey odamlar! Muhammadning zimmasi haqida Allohdan qo‘rqinglar! Ulardan kim bu ishni qilsa, unga zimma yo‘q!» dedi.

Suvayd: «O‘sha men ko‘rgan yahudiy Islomda birinchi osilgan odam edi», dedi».

Bu hodisada Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning siyosat yoki tashviqot uchun emas, balki adolat uchun ish olib borishlari yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Mazkur yahudiy qilar ishni qilib qo‘yib, makkorligini ishga solgan edi. U: «Musulmonlarning xalifasi kelib turibdi, hozir siyosat nozik paytda unga arz qilsam, siyosat uchun mening tarafimni oladi», deb o‘ylagan edi.

Darhaqiqat, ish avvaliga, sirtdan qaraganda yahudiy o‘ylaganicha boshlandi. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu katta sahobiy Avf ibn Molik roziyallohu anhuning obro‘siga e’tibor qilmay, ishning haqiqatini surishtira boshladilar. U kishidan boshqa odam bo‘lganida bir yahudiyni deb, o‘zimizning obro‘li odamni xijolat qilmaylik, degan mulohazaga borishi mumkin edi. Ammo hazrati Umar roziyallohu anhuning tabiatlarida va u kishi ko‘rgan tarbiyada bunday mulohaza bo‘lishi mumkin emas edi.

U kishidan boshqa odam bo‘lganida siyosat uchun, nohaqdan bo‘lsa ham ularning yonini olishi mumkin edi. Ammo hazrati Umar roziyallohu anhu bunday qilishlari mumkin emas edi. U kishi ayb­dor kim bo‘lishidan qat’i nazar, uning aybiga yarasha jazosini berish tarbiyasini olganlar. Va shunday qildilar ham.

«Hadis va hayot» kitobining 23-juzidan olindi

Maqolalar