Moturidiy (Abu Mansur al-Moturidiy; Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud al-hanafiy al-Moturidiy as-Samarqandiy) (870 yil; Samarqand — 944 yil; Samarqand) — imom, fiqh olimi, kalom ilmining moturidiylik oqimi asoschisi. „Imom al-hudo», „Imom al-mutakallimin» („Hidoyat yo'li imomi», „Mutakallimlar imomi») nomlari bilan ulug'langan. Moturid qishlog'ida (hozirgi Jomboy tumanida) tavallud topib, to umrining oxirigacha shu erda yashagan, bu erda katta bog' ham barpo etgan.
Moturidiy Samarqanddagi al-Ayoziy madrasasida o'qidi, mahalliy hanafiy faqihlardan ta'lim oldi, Abu Bakr Ahmad al-Juzjoniy, Abu Nasr Ahmad ibn al-Husayn al-Iyodiy, Nusayr ibn Yahyo al-Balxiy, Muhammad ibn Muqotil ar-Roziy unga ustozlik qilishdi. Keyin o'zi fiqh va kalom ilmlaridan dars berdi. Abu Ahmad al-Iyodiy, Abul Hasan Ali ibn Sayyid ar-Rustug'faniy, Abu Bakr as-Samarqandiy, Makhul an-Nasafiy, Abul Mu'in an-Nasafiy, Abulyusr al-Pazdaviy kabi shogirdlar etishtirdi. Vasiyatiga ko'ra, Samarqanddagi Chokardiza qabristoniga dafn etildi.
Moturidiyning asosiy asarlari „Kitob at-tavhid» („Yakkaxudolik haqidagi kitob»), „Ta'vilat ahl as-sunna»dir („Sunniylik an'analari sharhi»). „Kitob at-Tavhid» bilish nazariyasi bayon qilingan musulmon ilohiyotshunosligining birinchi asari hisoblanadi. Kitobning kalom ilmi ta'rifi berilgan muqaddimasida bilimning 3 manbai: hissiy (sezgi) a'zolari vositasida, naql — rivoyatlar vositasida va aql-idrok vositasida axborotlar olish mumkinligi haqida gapiriladi. Moturidiy sof din doirasidan chiqmagan holda aql-idrokni ulug'laydi va mantiqan asoslangan bilimning ahamiyatini ta'kidlaydi. Kitobda o'sha davrdagi adashgan firqalar qarashlarining haqiqatdan yiroq ekanligi tahlil etilgan. Moturidiy „Din yo'lidagi barcha adashuvlarning sababi — riyokor kimsalarga ko'r-ko'rona ergashishdadir», deb ta'kidlagan edi.
Moturidiy ilohiyotchi olim sifatida muhim aqidaviy masalalar — juz'iy ixtiyor, e'tiqod, oxirat hayoti kabilarni qamrab oluvchi risolalar bitdi. „Ma'xaz ash Shari'a» („Shariat asoslari sarasi»), „Kitob al-usul» („Diniy ta'limot asoslari kitobi»), „Kitob al-jadal» („Dialektika haqidagi kitob») kabi asarlari shular jumlasidandir. Moturidiy Abu Hanifa qarashlarini tushuntirib berib, uni rivojlantirdi. Abul Hasan al-Ash'ariy (873—935) ishlab chiqqan Islom aqidasi asoslarini takomillashtirib, uni sunniylik e'tiqodiga kirib qolgan noto'g'ri, g'ayri sahih aqidalardan tozaladi. Moturidiy qarashlari o'z davrida mintaqaning madaniy va ilmiy ravnaqita sabab bo'lgan. Chunki Moturidiy din asoslarini mantiqan tushuntirgan, tanlov huquqi va ijtimoiy hamjihatlikni qaror topdirish g'oyalarini rivojlantirgan. Moturidiy jami 15 ga yaqin asar taklif etgan. Uning kalomga oid 7 ta va fiqhga oid 2 ta asari bo'lib, ular saqlanib qolmagan. Moturidiyning bizgacha etib kelgan asarlari qisman tadqiq qilingan. Uning Qur'on tafsiriga bag'ishlangan „Ta'vilot al-Qur'on» asari va uning uzviy davomi hisoblanmish „Irshad al-mubtadiyin fiy tajvidi Kalami Robbil 'alamin» („Qur'on o'qishga kirishganlar uchun qo'llanma») kitobi O'zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi.
BOBOQULOV SAYFIDDIN
Mir Arab oliy madrasasi 1-bosqich talabasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Fiqh ijtihod va fikrlar majmuasi bo‘lib, bu fikrlar nafsu havoga berilishdan kelib chiqmagan, balki Qur’on va Sunnatni anglashdan kelib chiqqan, Qur’on va Sunnatdan olingandir. Alloh azza va jalla bizga shu yo‘lni buyurgan. Agar Alloh fiqhga tegishli har bir masalaning hukmini bayon qilishni iroda qilganida, hozir millionlab oyatlar, millionlab hadislar turgan bo‘lardi. Lekin hammasi bo‘lib, olti mingdan sal ortiq oyat nozil bo‘lgan, muayyan adaddagi hadislar vorid bo‘lgan. Har bir masalaga oyat-hadis kelsa, shuncha oyatni, shuncha hadisni kim yod olardi? Nabiy sollallohu alayhi vasallamning o‘z zamonlarida avtomobillar haqida gapirishlarini tasavvur qiling! Unda u zotning so‘zlarini hech kim tasdiqlamagan bo‘lardi-ku!
Ijtihod qilish noto‘g‘ri desangiz, sahobalar ham ijtihod qilishgan. Keyin o‘sha o‘z ijtihodi bilan chiqargan hukmga amal qilishni odamlarga buyurishgan. Odamlar ularga taqlid qilishgan, ergashishgan. Mana shu yo‘sinda ularning yo‘llaridan yurib kelishgan.
Tahallul tarafdorlari orasida «Fiqh dinning bir qismi emas», «Mazhab egalarining aytganiga amal qilish shart emas», degan gaplar tarqalgan.
Tashaddud ahli ham mana shunga chaqiryapti. Ularning asl maqsadi fiqhiy mazhablarni yo‘q qilib, dinsizlikka yetaklash edi. Masalan, men dinni mahkam ushlasam-u, lekin na hanafiy, na shofe’iy, na molikiy va na hanbaliy mazhabini tutmasam, unda dindan nimani ushlayman? Menda fiqh degan narsa qolmaydi-ku! Fiqhni mana shu mazhablar tashkil qiladi-ku! Alloh bizga «Zikr ahlidan so‘rang» deb buyurib, ergashishimizga rozi bo‘lgan ilmlarni mujtahidlarning ijtihod va fikrlari tashkil qilmasa, nima tashkil qiladi?!
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan