Alloh taolo Qur’oni Karimda marhamat qilib aytadi:
وَمَنْ يَعْمَلْ مِنَ الصَّالِحَاتِ مِنْ ذَكَرٍ أَوْ أُنْثَى وَهُوَ مُؤْمِنٌ فَأُولَئِكَ يَدْخُلُونَ الْجَنَّةَ وَلَا يُظْلَمُونَ نَقِيرًا
“Kimki u xoh erkak bo‘lsin, xoh ayol – mo‘minlik holida savobli ishlar qilsa, aynan ular jannatga kirurlar va ularga xurmo danagining ipicha ham zulm qilinmagay” (Niso surasi, 124-oyat).
Naqiyr – xurmo mevasi danagining o‘rtasida bo‘ladigan nuqtaga aytiladi (yuqoridagi rasmda chap tarafda).
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan:
يُولِجُ اللَّيْلَ فِي النَّهَارِ وَيُولِجُ النَّهَارَ فِي اللَّيْلِ وَسَخَّرَ الشَّمْسَ وَالْقَمَرَ كُلٌّ يَجْرِي لِأَجَلٍ مُسَمًّى ذَلِكُمُ اللَّهُ رَبُّكُمْ لَهُ الْمُلْكُ وَالَّذِينَ تَدْعُونَ مِنْ دُونِهِ مَا يَمْلِكُونَ مِنْ قِطْمِيرٍ
“(Alloh) kechani kunduzga kiritur va kunduzni kechaga kiritur, U Quyosh va Oyni ham (sizlar uchun) bo‘yin sundirib qo‘ygandir – har biri muayyan muddatgacha sayrda bo‘lur. Ana shu sizlarning Rabbingiz – Allohdir, Podshohlik faqat Unikidir. (Ey, mushriklar!) Sizlar Uni qo‘yib iltijo qilayotgan narsa (soxta ma’buda)laringiz esa, xurmo danagining pardasicha narsaga ham ega emasdir” (Fotir surasi, 13-oyat).
Qitmiyr – xurmo mevasi danagining yupqa pardasiga aytiladi (yuqoridagi rasmda o‘ng tarafda).
Alloh taolo Qur’oni Karimda bunday deb marhamat qilgan:
أَلَمْ تَرَ إِلَى الَّذِينَ يُزَكُّونَ أَنْفُسَهُمْ بَلِ اللَّهُ يُزَكِّي مَنْ يَشَاءُ وَلَا يُظْلَمُونَ فَتِيلًا
“O‘zlarini “poklayotgan” kimsalarni ko‘rmaysizmi? Haqiqatan, Alloh kimni xohlasa (o‘shani) poklaydi, (Alloh tomonidan) xurmo danagining ipicha ham zulm qilinmaydi” (Niso surasi, 49-oyat).
Fatiyl – xurmo mevasi danagining o‘rtasidan ko‘tarilib turgan ingichka ipga aytiladi (yuqoridagi rasmda o‘rtada).
Internet materiallaridan
Nozimjon Iminjonov tarjimasi
O‘MI matbuot xizmati
Cavol: Til va labni ishlatmasdan Qur’oni karimni o‘qib chiqsa, xatm qilgan hisoblanadimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Qur’oni karimni xatm qilgan bo‘lishi uchun harflarni til bilan talaffuz qilib, kamida o‘zi eshitadigan darajada o‘qigan bo‘lishi kerak. Chunki nutqqa tegishli hukmlarda eng kamida o‘zi eshitishi shartdir. Shunga ko‘ra biror shaxs sajda oyatini ichida, o‘zi eshitmaydigan darajada o‘qisa, tilovat sajdasini qilishi vojib bo‘lmaydi. “Sharhul viqoya” va uning sharhi “Umdatur rivoya” kitobida quyidagilar aytilgan:
“Maxfiylikning eng kami o‘ziga eshittirishdir. Sahih gap ham shu. Bu Abu Ja’far Hinduvoniy roziyallohu anhuning so‘zidir. Chunki tilning o‘zini ovoz chiqarmasdan qimirlatish bu kishining nazdida qiroat hisoblanmaydi”.
Gapira olmaydigan odamlar, agar tilini qimirlata olsa, shunday o‘qiydi. Buni ham qila olmasa, ko‘zning o‘zi bilan, qalbi bilan o‘qiydi. Faqihlarimiz soqov insonning namozi, takbir aytishi, qiroat qilishini bayon qila turib, ularning til bilan takbiri tahrima aytishi shart emas deyishgan. Shunga ko‘ra gapira olmaydigan kimsalar Qur’oni karimni ko‘zi bilan o‘qib, xatm qilaveradilar.
“Soqov kabi gapira olmaydigan odamning tilini qimirlatishi vojib emas. Qiroat qilishidagi hukm ham mana shu va bu gap sahihdir. Chunki u vojib bo‘lgan amalni qila olmaydi”. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.