Sayt test holatida ishlamoqda!
30 Yanvar, 2025   |   30 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:15
Quyosh
07:36
Peshin
12:41
Asr
15:55
Shom
17:40
Xufton
18:56
Bismillah
30 Yanvar, 2025, 30 Rajab, 1446

“Ahmad ibn Malik” masjidi sirdaryoliklarga bayram sovg‘asi bo‘ldi

20.03.2018   3297   1 min.
“Ahmad ibn Malik” masjidi sirdaryoliklarga bayram sovg‘asi bo‘ldi

Sirdaryo tumanida "Ahmad ibn Malik" masjidi ochildi. U viloyatda rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan 74-masjid bo‘ldi.

Masjidning tantanali ochilish marosimida Sirdaryo viloyati hokimi G‘afurjon Mirzayev, Adliya boshqarmasi boshlig‘i Shokir Saidov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Ibrohim Inomov va Sirdaryo viloyati bosh imom-xatibi Mo‘minjon Usmonov ishtirok etib, yurtdoshlarimizni masjid ochilishi bilan qutlashdi.

Masjid ochilgani shukronasiga jonliq so‘yilib, muhtoj oilalarga tarqatildi.

Yangi masjidning imom-xatibi vazifasiga tayinlangan Ulug‘bek Qobilovga Adliya boshqarmasining guvohnomasi topshirildi.

Namozxonlar masjidda ikki rakat shukrona namozini o‘qib, bunday xayrli ishlarning boshida turgan yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev va mutasaddilar haqiga duolar qildilar.

O‘MI Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Bir gunoh martabani ko‘tarsa, boshqasi uni tushiradi

29.01.2025   2458   4 min.
Bir gunoh martabani ko‘tarsa, boshqasi uni tushiradi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Ibn Ato: “Banda bir gunoh qiladi-yu, u sabab jannatga kirish baxtiga musharraf bo‘ladi... Va yana bir savob ishni qiladi-da, u tufayli jahannamga tushadi”, dedilar. Atrofidagilar: “Qanday qilib bunday bo‘lishi mumkin?!”– deyishdi. Ibn Ato bunga javoban shunday dedilar: “Banda gunoh qiladi-da, tinmay o‘z gunohini o‘ylab yuraveradi, oxir-oqibat unda o‘zini past olish, siniqlik va nadomat paydo bo‘ladi, ana o‘sha bu bandaning najotiga sabab bo‘ladi. Bir yaxshilik qilib, o‘sha ishi hech ko‘z oldidan ketmaydi. Har gal uni tilga olarkan, bu unda ujb, kibr va boshqalarga minnat qilish kabi tuyg‘ularning urug‘ini qadaydi, ayni shu hol uning halokatiga sabab bo‘ladi”.

Imom Molikdan rivoyat qilinadiki, u zot: “O‘zlaring xudodek odamlarning gunohlariga qarayvermanglar. Quldek bo‘lib o‘z gunohlaringizga e’tiborli bo‘linglar. Boshiga biron ko‘rgilik tushganlarga marhamatli bo‘linglar va boshingizdagi ofiyat uchun Allohga hamd aytinglar!” – deganlar.

“Bu do‘zaxiy, bu jannatiy” deyishdan saqlaning. Osiylarga manmanlik qilmang, Allohdan ular uchun hidoyat  va to‘g‘ri yo‘lga tushishlarini so‘rang.

Bir fojir kimsa Harami sharifda bo‘lsa-da, Allohning chegarasidan chiqib gunoh qilardi. Solih kishilardan biri  doim unga Allohni eslatib: “Birodar, Allohga taqvo qil! Allohdan qo‘rq! Sen kurrai zamindagi eng muborak joyda bo‘la turib gunohi kabiralar, fahsh ishlarni qilishga qanday botinasan?!” – der edi. Shunday kunlarning birida solih kishi yana fojirni Alloh tomon chorlab, unga nasihat qildi. U bo‘lsa bu gaplarga e’tibor ham qilmadi, aksincha, unga o‘ta xunuk tarzda javob qaytardi. Solih kishi esa taajjublangan holda shoshib: “Bunday tarzda davom etarkansan, Alloh seni kechirmaydi”, deb yubordi. Bu gap osiyning boshiga gurzi bilan urganday bo‘ldi va: “Alloh meni kechirmaydimi?! Alloh meni kechirmaydimi?! Yo‘q, Alloh, albatta, kechiradi!..” – dedi.

Oradan ancha vaqt o‘tdi. Voqelikka guvoh bo‘lgan kishi bunday deydi: “Vaqt o‘tib uning Tan’imdan umraga ehrom bog‘laganini ko‘rdik. U umra tavofini tugatmasidan turib hushidan ketib yiqildi va Baytullohning rukni va Maqomi Ibrohim orasida joni uzildi”.

Xabarlarda kelishicha, Alloh taolo Dovud alay­hissalomga quyidagicha xitob qilib: “Ey Dovud! Gunohkorlarga xushxabar bering. Siddiqlarni ogohlantiring”, dedi. Dovud alayhissalom hayron bo‘ldilar. Alloh taolo: “Menga hech qanday gunohni kechirish og‘ir kelmaydi (Men kechirmaydigan birorta gunoh yo‘q). Siddiqlarni ogoh etingki, ular amallari bilan taajjublanmasinlar. Chunki men biror kishini hisobga tortsam, halok bo‘lmay qolmaydi”.

“Ey Dovud! Agar sen Meni yaxshi ko‘rish da’vosida bo‘lsang, qalbingdan dunyo muhabbatini chiqarib yubor. Zero, menga bo‘lgan muhabbat va dunyo ishqi bir qalbda jam bo‘lmagay”.

“Ey Dovud! Menga muhabbat qilgan kishi odamlar uxlayotgan chog‘da huzurimda tahajjud o‘qigani holda hozir bo‘ladi. G‘ofillar meni zikr qilishdan loqayd bo‘lganlari payt xilvatda Meni zikr qiladi. Odamlar yodlaridan chiqarganlarida ne’matimga shukr qiladi...”

Robbiga osiy bo‘layotgan kishining nafsu havosini tag- tugi bilan sug‘urib tashlab, Mavlosi tomonga qaytish vaqti keldi...

Banda Alloh unga bergan in’omlarni esidan chiqardimi?!

Tunda qoim bo‘ling va Robbingizga munojot qilganingiz holda bunday deng: “Allohim! Sen G‘ofursan, men esa osiyman. Sen Rahimsan, men bo‘lsam jinoyatchi. Huzuringda itoat qilib turganim va xorligimga rahm qil!”.

Hasson Shamsiy Poshoning "Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar" nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.