Sayt test holatida ishlamoqda!
31 Yanvar, 2025   |   1 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:14
Quyosh
07:35
Peshin
12:41
Asr
15:56
Shom
17:41
Xufton
18:57
Bismillah
31 Yanvar, 2025, 1 Sha`bon, 1446

“Ahmad ibn Malik” masjidi sirdaryoliklarga bayram sovg‘asi bo‘ldi

20.03.2018   3318   1 min.
“Ahmad ibn Malik” masjidi sirdaryoliklarga bayram sovg‘asi bo‘ldi

Sirdaryo tumanida "Ahmad ibn Malik" masjidi ochildi. U viloyatda rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan 74-masjid bo‘ldi.

Masjidning tantanali ochilish marosimida Sirdaryo viloyati hokimi G‘afurjon Mirzayev, Adliya boshqarmasi boshlig‘i Shokir Saidov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Ibrohim Inomov va Sirdaryo viloyati bosh imom-xatibi Mo‘minjon Usmonov ishtirok etib, yurtdoshlarimizni masjid ochilishi bilan qutlashdi.

Masjid ochilgani shukronasiga jonliq so‘yilib, muhtoj oilalarga tarqatildi.

Yangi masjidning imom-xatibi vazifasiga tayinlangan Ulug‘bek Qobilovga Adliya boshqarmasining guvohnomasi topshirildi.

Namozxonlar masjidda ikki rakat shukrona namozini o‘qib, bunday xayrli ishlarning boshida turgan yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev va mutasaddilar haqiga duolar qildilar.

O‘MI Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Go‘zal nazmiy bayon

29.01.2025   3845   10 min.
Go‘zal nazmiy bayon

Bismillahir Rohmanir Rohiym

  62 لَقَدْ أَلْبَسْتُ لِلتَّوْحِيدِ نَظْمًا بَدِيعَ الشَّكْلِ كَالسِّحْرِ الْحَلاَلِ

Ma’nolar tarjimasi: Darhaqiqat, tavhidga halol sehr kabi go‘zal shaklli nazmni kiygazdim.
 

Nazmiy bayoni:

Kiygazdim tavhidga nazm naqshinkor,
Halol sehr kabi go‘zal betakror.


Lug‘atlar izohi:

لَ – ibtido va ta’kid harfi.

قَدْ – tahqiqiya ma’nosida kelgan.

اَلْبَسْتُ – ikki maf’ulli fe’l. Oxiridagi muttasil zamir foili.

لِ – mutaaddiy (o‘timli) fe’l bilan uning maf’uli orasiga ta’kidlash ma’nosida kiritilgan zoida jor harfi.

التَّوْحِيدِ – jor majrur اَلْبَسَ fe’lining birinchi maf’uli.

نَظْمًا – ikkinchi maf’ul.

بَدِيعَ – sifat bo‘lgani uchun nasb bo‘lib turibdi. بَدِيعَ kalimasi maxluqotlarga nisbatan ishlatilganda, uning o‘xshashi bo‘lmagan avval qilingan narsa tushuniladi. Bu so‘zdan ushbu manzumaga aynan o‘xshashi oldin yozilmagan, degan ma’no chiqadi.

الشَّكْلِ – muzofun ilayh. Shakl deganda ma’lum bir miqdor bilan ihota qilinishi sababli jismda hosil bo‘ladigan qiyofa tushuniladi.

كَ – "tashbeh" ma’nosidagi jor harfi.

السِّحْرِ – sehr deganda vujudga kelishi aslidan boshqacha xayol qilinadigan sababi maxfiy bo‘ladigan ishlar tushuniladi. Gohida ajoyib tarzda ado etilgan ishlarga nisbatan ham ishlatiladi.

الْحَلاَلِ – sifat. Halol lug‘atda “ ruxsat berilgan” ma’nosiga to‘g‘ri keladi. Istilohda “uni istemol qilish tufayli katta yo kichik biror jazoga tortish belgilanmagan narsalarning umumiy nomi halol deb ataladi”. Sehrgarlar qiladigan harom ishlarga xayol ketib qolmasligi uchun sehr halollik bilan sifatlab keltirilgan.

 

Matn sharhi:

O‘shiy rahmatullohi alayh ushbu qisqa va lo‘nda, lekin olam-olam ma’nolarni qamrab olgan so‘zlar bilan tavhid masalalari bayon etilganiga ishora qilgan. Ushbu nazmiy asar halol sehr kabi insonlarni o‘ziga jalb qilib oladigan go‘zal shaklda yozilganini aytgan.

Ba’zi o‘rinlarda sehr so‘zi maqtash ma’nosida xos holatda qo‘llaniladi. Masalan, hadisi sharifda go‘zal uslubda aytilgan so‘zlarda “sehr” borligi xabar berilgan:

عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمَا أَنَّهُ قَدِمَ رَجُلَانِ مِنْ الْمَشْرِقِ فَخَطَبَا فَعَجِبَ النَّاسُ لِبَيَانِهِمَا فَقَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِنَّ مِنْ الْبَيَانِ لَسِحْرًا أَوْ إِنَّ بَعْضَ الْبَيَانِ لَسِحْرٌ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Mashriqdan ikki kishi kelib xutba qilishdi, insonlar ularning bayonlaridan ajablanishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, bayonda sehr bor yoki (u zot sollallohu alayhi vasallam) ba’zi bayonda sehr bor”, –dedilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.

Ya’ni fasohat va balog‘at bilan go‘zal uslubda aytilgan so‘zlar odamlarni guyo sehrlagandek o‘ziga jalb qilib oladi.

O‘shiy rahmatullohi alayhning yozgan baytlari haqiqatdan ham o‘qigan insonni o‘ziga jalb qilib olishi bilan ajralib turadi. Ushbu “Bad’ul amoliy” asarining yana bir nomi “Qasidatul lomiya” bo‘lib, bu asar misralari lom harfi bilan tugallanib yozilgani uchun ham “Lomlik qasida” deb nomlangan. Aslini olganda, aqidaviy masalalarni yozib bayon qilish qancha mashaqqatli bo‘lsa, ularni she’riy tarzda bayon qilish undan-da mashaqqatliroqdir. She’riy tarzda bayon qilib ham har bir misrasini lom harfi bilan tugallab yozish esa yuqoridagi mashaqqatlardan tashqari yozuvchida alohida iqtidor bo‘lishini ham taqozo etadi. Ana shunday mashaqqatlar natijasida yuzaga kelgan asar esa O‘shiy rahmatullohi alayh aytganidek “halol sehr kabi go‘zal va betakror” asar bo‘ladi.

 

TASKIN BЕRUVCHI NAZM

  63 يُسَلِّي الْقَلْبَ كَالْبُشْرَى بِرَوْحٍ وَيُحْيِي الرُّوحَ كَالْمَاءِ الزُّلاَلِ

Ma’nolar tarjimasi: Sevinchli xushxabardek qalbga taskin beradi va zilol suv singari ruhni jonlantiradi.
 

Nazmiy bayoni:

Qalblarga zavq berar misli xushxabar,
Zilol suv yetgandek hayot jonlanar.

 

Lug‘atlar izohi:

يُسَلِّي – “taskin berish”, “ko‘nglini yozish” ma’nosidagi تَسْلِيةً masdaridan olingan muzori’ fe’li. Foili yashirin هُوَ zamir bo‘lib, oldingi baytdagi نَظْمًا ga qaytadi.

الْقَلْبَ – qalb chap ko‘ksdagi sanovbar[1] shaklli a’zo. Ba’zi ulamolar bu a’zo tez o‘zgarib turganidan shunday nomlangan deganlar. Chunki قَلْبٌ ning lug‘aviy ma’nosi “o‘zgartirish”dir.

الْبُشْرَى – jor majrur يُسَلِّي fe’liga mutaalliq. Xursandlik yo xafalik bilan yuzning o‘zgarishiga sabab bo‘ladigan xabar arab tilida “bushro” deyiladi. Ko‘pincha xursandchilik xabariga nisbatan ishlatiladi.

بِرَوْحٍ – jor majrur الْبُشْرَى ga mutaalliq. Lug‘atda “shodlik”, “xursandchilik” ma’nolarini anglatadi.

 يُحْيِي– muzori’ fe’li. Foili yashirin هُوَ bo‘lib nazmga qaytadi. يُسَلِّي fe’liga atf.

الرُّوحَ – maf’ul. Ruh barcha jonzotlardagi tiriklik asosidir. Bu kalima muzakkar va muannas jinsda qo‘llanadi.

كَالْمَاءِ– jor majrur يُحْيِي fe’liga mutaalliq.

الزُّلاَلِ – sifat. زَلَّ fe’li sirpanib ketishga nisbatan ishlatiladi. Shu ma’noda zilol suv deganda halqumdan to‘xtovsiz tez sirpanib o‘tib ketadigan musaffo chuchuk suv tushuniladi.

Matn sharhi:

Ushbu yozilgan misralar o‘quvchiga rohatbaxsh xushxabardek tasalli beradi va o‘ta chanqoq odamning zilol suv ichgandagi holatidek inson ruhiyatini jonlantiradi. Chunki bu misralarda musaffo e’tiqod bayon qilingan. Musaffo e’tiqod esa insonga zilol suv chanqoq odamga huzur bag‘ishlaganidek rohat baxsh etadi. Shu ma’noda ushbu bayon qilingan aqidaviy masalalar ham o‘qigan kishining qalbiga tasalli berib, unga rohat baxsh etadi, ruhiyatini oziqlantiradi. Ruh oziqlanganda esa butun tana rohatlanadi. Bu shunday rohatki, boshqa biror lazzat bu rohatga tenglasha olmaydi. Chunki tana ozuqalari orqali hosil bo‘ladigan lazzatlar ortida mashaqqatlar turadi. Bu rohatning ortida esa anglagan sayin xursand bo‘lish va ko‘ngil ko‘tarilish bo‘ladi.

Ha, kishi qanday ulug‘ Zotga banda ekanini anglasa, bu dunyodagi qiyinchiligu mashaqqatlarning barchasi tezda o‘tib ketishini tushunsa, qilayotgan ozgina harakatlariga qanchalar ulug‘ mukofotlar va’da qilinganini his etsa, o‘zining naqadar faxru iftixor qiladigan ulug‘ obro‘-martabada ekanini anglaydi. Tasavvuf olimlaridan biri Bishr rahmatullohi alayh quyidagi she’rni takrorlab yurishni yaxshi ko‘rar ekan:

كَفَى بِى عِزًّا أَنِّى لَكَ عَبْدٌ وَكَفَى بِى فَخْرًا أَنَّكَ لِى رَبٌّ

“Sening quling ekanim – azizlikka kifoya,
Mening Robbim ekaning – obro‘larga nihoya”[2].

Olimlardan biri: Dunyodagi eng totli narsani tatib ko‘rmasdan o‘tib ketgan kishilar dunyo ahlining eng bechorahollari hisoblanadi”, debdi. Shunda unga: “Eng totli narsa nima”, deyishibdi. U: “Alloh taoloni tanish dunyodagi eng totli narsadir”, deya javob bergan ekan.

Matnda bayon qilingan misralarning ruhni jonlantirishi bayon qilindi. Farro rahmatullohi alayh: “Insonning tirik bo‘lishiga sabab bo‘ladigan narsa ruh deb ataladi”,  degan.

Lug‘at olimlaridan Abu Bakr Anboriy rahmatullohi alayh: “Nafs va ruh kalimalari bitta ma’noni anglatadi”, degan.

Ba’zi ulamolar: “Tiriklikka sabab bo‘ladigan narsa ruhdir, aqlga sabab bo‘ladigan narsa nafsdir”, deganlar.

Ruh haqida Qur’oni karimda bunday xabar berilgan: Va sendan ruh haqida so‘raydilar. Sen: “Ruh Robbimning ishidir. Sizlarga juda oz ilm berilgandir”, deb ayt”[3].

Ya’ni ruhning nima ekani faqatgina Alloh taolo biladigan maxfiy narsalardan hisoblanadi. Insonlarga bu to‘g‘risida oz ilm berilgan, shunga ko‘ra, eshitdik, itoat qildik, deyishdan o‘zga chora yo‘qdir.

Imom Shoh Valiyulloh Dehlaviy[4] “Hujjatullohil Bolig‘a” asarida “Ruhning haqiqati” degan alohida bob ajratgan va o‘sha bobda qo‘yidagilarni yozgan: “Ruh to‘g‘risida idrok etiladigan narsalarining eng birinchisi shuki, u tirik jonzotlardagi hayotning asosidir. Jonzotlarga ruh puflanishi sababli tirilib, uning ajralishi sababli o‘ladilar”[5].
 

Keyingi mavzu:
Aqida bilmagan shaytona eldir.

 


[1] Sanovbar – yer kurrasining shimoliy qismidagi o‘rmonlarda o‘sadigan daraxt mevasi. Ko‘pincha bu o‘simlikdan ziynatlash uchun foydalaniladi.
[2] Hofiz ibn Rajab. Sharhu hadis Labbaykallohumma labbayk. “Maktabatush shomila”. – B. 67.
[3] Isro surasi, 85-oyat.
[4] Shoh Valiyulloh Dehlaviy nomi bilan mashhur bu zotning ismi sharifi Ahmad ibn abdur Rahim ibn Vajihiddin bo‘lgan. Hijriy 1114 yilda Dehli shahrida tug‘ilgan. Tafsir, hadis, aqoid,usulul fiqh, tasavvuf va lug‘at ilmlariga oid ko‘plabasarlar yozib qoldirgan. Hijriy 1176 yilda 62 yoshida Dehlida vafot etgan.
[5] Shoh Valiyulloh Dehlaviy. Hujjatullohil bolig‘a, birinchi juz. – Qohira: “Dorul jiyl”, 2005. – B. 52.